Donate
Philosophy and Humanities

Tadqiqotga asoslangan ta’lim kuchi: zamonaviy darsxonada qiziquvchanlik, ijodkorlik va aniq maqsad sari o‘qitish hamda o‘rganish

Skeptic02/09/26 12:2218

Original source: The power of inquiry: teaching and learning with curiosity, creativity and purpose in the contemporary classroom
Author: Kath Murdoch

O’rganish jarayonini izlanishsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Izlanish — o’sishimiz va bilim olishimizning poydevoridir. Biz tug’ilganimizdan boshlab atrof-muhitni o’rganish, sinab ko’rish va xulosa chiqarish orqali olamni anglaymiz. O’z tajribalarimiz va ulardan ma’no izlash istagimiz orqali ta’lim olamiz. Atrofdagilarga ham, o’zimizga ham tinimsiz savollar beramiz.
Izlanishning naqadar kuchli ekanligini ko’rish uchun to’rt yoshli bola bilan biroz vaqt o’tkazish kifoya — xoh u o’yinga sho’ng’igan bolakay bo’lsin, xoh mashinaning orqa o’rindig’idan turib savollar yomg’irini yog’dirayotgan qizaloq bo’lsin! Ulg’aygan sari ham barchamizda shu qonuniyat saqlanib qoladi: biror narsaga qiziqsak, hayratlansak yoki uni bilishga haqiqiy ehtiyoj sezsak, o’rganishga ishtiyoqimiz baland bo’ladi.
Rasmiy ta’lim sohasidagi mutaxassislar ham izlanishga bo’lgan ushbu tabiiy moyilligimizdan unumli foydalanish muhimligini yaxshi tushunishadi. Olimlar azaldan o’quvchilarda faol va mustaqil izlanishni shakllantirish zarurligini ta’kidlab kelishadi. Jon Dyui aytganidek, sivilizatsiyamizning kelajagi "izlanuvchan aqlning keng tarqalishi va chuqur ildiz otishiga" bog’liq. Yaqinda esa Noam Xomskiy "haqiqiy bilimli" bo’lish — mohir izlanuvchi bo’lishni anglatishini ta’kidladi:

"Bu shunchaki ko’p narsani bilish emas. Ongingizda qancha ma’lumot saqlanayotganidan ko’ra muhimrog’i — qayerdan va qanday qidirishni, qanday savol berishni, shubha qilishni, mustaqil harakat qilishni hamda dunyo taqdim etayotgan qiyinchiliklarni boshqalar bilan hamjihatlik va o’zaro hurmatda yengib o’tishni bilishdir".

O’ttiz yildan ortiq vaqt davomida men aynan shu izlanish jarayonining o’zini tadqiq qilib kelaman. Bu yo’ldagi asosiy ilhom manbayim — maktablarda ustozlar va bolalar bilan birga ishlashga bo’lgan ishtiyoqim. Bu ajoyib tajriba menga bir narsani qayta-qayta isbotlaydi: biz aynan izlanish jarayonida — xoh u murakkab, o’yin tarzida, yakkako’d yoki jamoaviy, yo’naltirilgan yoki butunlay mustaqil bo’lsin — eng yaxshi natijalarga erishamiz. Shuningdek, o’qitishning o’zi ham izlanishdir. Eng yaxshi ustozlar o’z ishlariga doimo ochiq fikr va izlanuvchanlik bilan yondashadilar.
Izlanish o’quv jarayonini qanday qilib "jonlantirishi"ni tushunish o’qituvchi sifatidagi faoliyatimizni butunlay o’zgartiradi. Bu bizning o’quvchilar bilan qanday muloqot qilishimizga, qanday vazifalar tuzishimizga, vaqtimizni qay tarzda taqsimlashimizga, sinfdagi muhitni qanday yaratishimiz va hamkasblar bilan qay tarzda hamkorlik qilishimizga chuqur ta’sir ko’rsatadi.
Izlanishga haftada bir-ikki marta "bajariladigan" vazifa emas, balki doimiy hayot tarzi va odob-axloqning bir qismi sifatida qarash meni ushbu kitobni yozishga undadi. Maqsadim — oldingi qimmatli tajribalarni qadrlagan holda, o’qitishdagi muhim o’zgarishlar va sifatli amaliyot bo’yicha yangi g’oyalar bilan o’rtoqlashishdir. Bu kitob birinchi navbatda amaliy qo’llanmadir… Har bir bob izlanishning asosiy savollaridan biriga bag’ishlangan. Ularni alohida o’qish ham mumkin, lekin birgalikda ular zamonaviy sinfxonadagi izlanishning naqadar mashaqqatli, murakkab, biroq to’g'ri boshqarilsa, nihoyatda samarali ekanligini ko’rsatib beradi.

YANGI NIGOH: ZAMONAVIY SINFXONALARDA NIMA UCHUN VA QANDAY QILIB IZLANISHDAN FOYDALANAMIZ?

Tarixan olib qarasak, izlanishga asoslangan ta’limning obro’si biroz bahsli bo’lib kelgan. Ayrimlar uchun bu atama o’quvchilarni shunchaki "o’zing top" deb o’z holiga tashlab qo’yadigan, ularga hohlagan narsasini qilishga ruxsat beradigan mas’uliyatsiz o’qituvchilarni eslatadi. Vaqt o’tishi bilan izlanish tizimsiz, sayoz va noaniq yondashuv sifatida ayblanib, o’qituvchini shunchaki "chetdan kuzatuvchi" roliga tushirib qo’ygani uchun tanqid qilindi. Eng qizig’i shundaki, izlanish mazmundan ko’ra jarayonga ko’proq e’tibor qaratadi, degan fikr ham ko’p yangradi.
Bugungi kunda men dunyo bo’ylab ko’rayotgan izlanish sinflari o’sha tartibsiz, mazmunsiz va o’qituvchi chetda qoladigan eski qoliplardan umuman farq qilishini ishonch bilan ayta olaman. Sifatli izlanish darslari — bu maqsad sari intiluvchan o’qituvchilar har bir o’quvchining salohiyatini oshirish uchun tinimsiz mehnat qiladigan muhitdir. Bu ustozlar o’quvchilarga nimadir tushunarsiz bo’lganda nima qilish kerakligini o’rgatish, dunyo qanday ishlashi haqida chuqurroq tushuncha berish va butun umr davom etadigan bilim olish ko’nikmalarini shakllantirish uchun sidqidildan ishlaydilar. Sifatli izlanish o’quvchilarni olamni chuqur va konseptual tushunishga chorlashi kerak. Izlanishda "mazmun" juda muhim. Shunchaki nimadir haqida emas, balki fanlar doirasidagi eng muhim va asosiy g’oyalar haqida izlanish olib borish kerak.
Balki, o’quvchilarni mustaqilroq qilishga bo’lgan intilishimizda, biz o’qituvchining rolini biroz pasaytirib yuborgandirmiz. Mashhur tadqiqotchi Jon Hetti bu borada juda to’g'ri fikr bildirgan: biz ba’zan o’quvchilarni izlanuvchan qilish maqsadi bilan, o’qituvchini haqiqiy ta’sir ko’rsatish mas’uliyatidan ozod qiladigan ta’lim usullarini adashtirib yuboramiz.

"Yoki" emas, "Va"

Ta’limda ko’plab samarali usullar ba’zan noto’g'ri talqin qilinishi mumkin. Ta’lim tizimi "soxta qarama-qarshiliklar"ga to’la. Masalan, siz yo tizimli testlarni qo’llab-quvvatlaysiz yoki unga butunlay qarshisiz; jarayonni qadrlaysiz yoki mazmunni. Izlanish haqida gap ketganda ham xuddi shunday: "Yo o’quvchilarga o’zlari topishga ruxsat berasiz, yoki hamma narsani o’zingiz aytib berasiz", degan tushuncha bor. Agar izlanishni shunday soddalashtirib, an’anaviy o’qitish usuliga qarshi qo’ysak, uni samarasiz deb tanqid qilish juda oson bo’ladi.
Men bu o’rinda "yoki" emas, balki "va" so’zidan foydalanishni taklif qilgan bo’lardim. Izlanuvchan o’quvchilarni tarbiyalash o’qituvchidan turli usul va amaliyotlarni bilishni talab qiladi. Kerak bo’lganda ma’lumotni to’g'ridan-to’g'ri o’quvchiga tushuntirib berish ham biz tez-tez foydalanadigan usullardan biridir. O’quvchini biror narsani o’zi mustaqil izlab topishiga undash ham xuddi shunday usul. Biz o’quvchini faol va mustaqil ravishda izlashga, saralashga va xulosa qilishga undovchi amaliyotlarga ko’proq e’tibor qaratsak-da, bu kundalik darslarimizda aniq va tushunarli tushuntirishlardan butunlay voz kechish kerakligini anglatmaydi.

Xo’sh, u o’zi nima?

Izlanish haqidagi sayoz va bir yoqlama qarashlar kishini xafa qiladi va jiddiy tushunmovchiliklarga olib kelishi mumkin. Shunday ekan, keling, zamonaviy maktablarda izlanishga asoslangan yondashuv aslida nima ekanligini ko’rib chiqaylik.
O’qitish va o’rganish usuli sifatida izlanish juda uzoq va boy tarixga ega. Jon Dyui, Bruner va Vygotskiy kabi olimlarning asarlari uning poydevori hisoblanadi. Tadqiqotchilar azaldan ta’limda induktiv yondashuvlardan foydalanishni yoqlab kelishadi. Bu yondashuvda o’quvchiga ma’lumot to’plash va tahlil qilish, uni mavjud bilimlari bilan solishtirish, bog’liqliklarni izlash, qonuniyatlarni ko’ra bilish va asta-sekin muayyan tushunchani o’zi anglab yetishi vazifasi yuklatiladi.
Qisqa qilib aytganda, bu olimlarning fikricha, darsdagi "asosiy aqliy mehnatni" o’qituvchi emas, o’quvchining o’zi bajarishi kerak. An’anaviy o’qitish usullarida ma’lumotlar misollar bilan birga tayyor holda beriladi va o’quvchilardan aytilgan narsani yodlab takrorlash so’raladi. Izlanishga yordam beruvchi ustozlar esa o’quvchilarni muammolarni hal qilish, misollar o’rtasidagi bog’liqliklarni izlash yoki o’zlari to’plagan ma’lumotlarni tahlil qilish orqali xulosaga kelishga yo’naltiradilar. Izlanish orqali o’quvchilar bu tamoyillarni o’zlari uchun asta-sekinlik bilan kashf etadilar va chuqurroq anglaydilar.
Izlanish faqatgina o’qish jarayoni emas, balki ustozning kasbiy dunyoqarashidir ham. Bunday usulda ishlaydigan o’qituvchilar o’quvchini ta’lim jarayonining faol ishtirokchisi deb bilishadi. "Faol" deyilganda faqat jismoniy harakatda bo’lish yoxud amaliy mashg’ulotlar bilangina cheklanmay, aqliy faollik ham tushunilishi o’ta muhim. Izlanishga asoslangan ta’lim — bu yuqori darajadagi fikrlashni talab qiluvchi yondashuvdir. O’qituvchi doimiy ravishda o’quvchining fikrlashini rag’batlantirib boradi. Vazifalar shunday tuziladiki, ular o’quvchini savol berishga, taxmin qilishga, ma’lumot to’plash, tahlil qilish va dars xulosalarini hayotga tadbiq etishga undaydi.
Sinfxonaning tuzilishi, resurslardan foydalanish, darsdagi muloqot, rejalashtirish va baholash usullari — bularning barchasi o’quvchiga "asosiy aqliy mehnatni" bajarish imkonini berishga qaratilgan. Qisqasi, Izlanish — o’qituvchining har bir fikri, so’zi va amali markaziga aynan o’quvchini va uning kamolotini qo’yadigan yondashuvdir.

XO’SH, NIMA UCHUN AYNAN IZLANISH?

"Odamlar sizning nima qilayotganingizga emas, nima uchun shunday qilayotganingizga e’tibor berishadi." (Saymon Sinek, 2009)

Chinakam mahoratli o’qituvchilar nima sababdan aynan shu usulni tanlaganliklarini yaxshi bilishadi. Izlanishga asoslangan ta’limni (inquiry) tushunmovchilik bilan tanqid qiladiganlarga eng yaxshi javob — bu usulning asl maqsadi va foydasini aniq bilishdir. Buni bugungi kun maktablari talablaridan kelib chiqib, aniq dalillar bilan tushuntira olish muhim. Hatto bu usulda o’zini suvda baliqdek erkin his qiladigan tajribali ustozlar ham o’z-o’zlariga tez-tez "Nima uchun aynan shu usulda dars o’tyapman?" degan savolni berib turishlari kerak. Maqsadimiz aniq bo’lsa, darsda nima qilishimiz va uni qanday amalga oshirishimiz ham o’z-o’zidan mustahkamlanib boradi.

NIMA UCHUN IZLANISH (INQUIRY)?

O’quvchi mavzuga chinakam qiziqsa yoki yechimi topilishi kerak bo’lgan haqiqiy muammoga duch kelsa, uning o’qishga ishtiyoqi qanchalik baland bo’lishini barchamiz yaxshi bilamiz.

  • Hayotiy ko’nikmalar: Izlanish orqali bolalarda butun hayoti davomida asqotadigan muhim ko’nikmalar: tanqidiy fikrlash, rejalashtirish, o’z-o’zini boshqarish va muloqot qilish malakalari shakllanadi.
  • O’quvchiga yo’naltirilganlik: Izlanishga chorlovchi ustozlar bor e’tiborini o’quvchining o’zlashtirishiga qaratadilar. Rejalar doim o’zgaruvchan bo’lgani uchun, ular doim o’quvchilarni kuzatib, "Bu bola menga nimalarni ko’rsatyapti? Keyingi qadamda nima qilishim kerak?" deb o’ylashadi. Dars jarayoni o’quvchining haqiqiy ehtiyojlari va qiziqishlariga moslashadi.
  • Zamonaviy talablar: Hozirgi raqamli va globallashgan davrda bizni cheksiz ma’lumotlar dengizi o’rab turibdi. Bu biz o’sib-ulg’aygan davrdan umuman farq qiladi va butunlay boshqacha yondashuvni talab etadi. O’quvchilarimiz shu ulkan ma’lumotlar bazasidan keraklisini topish, baholash va undan xavfsiz foydalanishni o’rganishlari shart. Izlanishning maqsadi ham aynan shu. O’quv dasturlari haddan tashqari tig’iz ekanligidan noliydigan bugungi kunda, fanlarni bir-biriga yaxlit bog’lab o’qitish nihoyatda muhim.
  • Raqamli savodxonlik: Izlanish jarayonida o’quvchilar turli raqamli vositalar orqali ma’lumot qidirib, ularni tanqidiy tahlil qilishadi. Bu esa ularning raqamli savodxonligini tabiiy ravishda oshiradi.
  • Haqiqiy muammolar: Zamonaviy izlanish amaliyotlari o’quvchilarni mahalliy va global miqyosdagi haqiqiy hayotiy muammolarni hal qilishga undaydi. Bu orqali ularda odob-axloq, hurmat va atrofdagilarga g’amxo’rlik kabi muhim xususiyatlar ham singdirib boriladi.
  • Mustaqillik (Student Agency): Sifatli savollar berish va ma’lumotlarni tahlil qilishga jalb etish orqali, izlanish o’quvchilarda o’ziga ishonch va mustaqillikni o’stiradi. O’qituvchi asta-sekin mas’uliyatni o’quvchiga topshirib, uni chuqur fikrlashga va o’z bilimi uchun o’zi javobgar bo’lishga o’rgatadi. Ular shunchaki yodlashni emas, "o’rganishni o’rganishadi".
  • Hayotiy zarurat: Va nihoyat, izlanishning o’zi hozirgi kunda oddiy hayot tarzimizga aylanib ulgurgan. O’ylab ko’ring, hozir hammamiz sayohatni rejalashtirishdan tortib, qanday mashina xarid qilishgacha internetdan o’zimiz mustaqil qidirib topamiz, to’g'rimi? Shunday ekan, bolalarimizni ham hayotda zarur bo’ladigan ayni shu ko’nikmalar bilan qurollantirish bizning burchimizdir.

XO’SH, IZLANISH SHUNCHALIK FOYDALI EKAN, NEGA HAMMA HAM UNDAN FOYDALANMAYDI?

Ko’p ustozlar bu usulning qadrini tushunishsa-da, uni amalda qo’llash biroz murakkab tuyulishi mumkin. Buning bir nechta sabablari bor:
Izlanish biroz "tartibsiz" ko’rinishi mumkin. O’quvchilarning fikri va harakatlariga qarab yo’l tutganda, o’qituvchi hammasini boshidan oxirigacha qattiq nazorat qila olmaydi. Hamma narsa daqiqasigacha rejalashtirilgan qat’iy dars ishlanmalariga o’rganib qolgan ustozlar uchun bu biroz noqulaylik tug’diradi. Aslida esa, izlanish o’qituvchidan dars maqsadini chuqur his qilishni va jarayonni o’quvchilar bilan bo’lishishni talab qiladi. Biz darsni avtoritar boshqarishdan ko’ra, hamkorlikda ishlashga o’tamiz.
Afsuski, izlanish ba’zan "tizimsiz, bo’sh qo’yib yuborilgan dars" degan yomon nom ham orttirib olgan. O’qituvchiga shunchaki "chetdagi kuzatuvchi" sifatida qaralishi dars sifatiga salbiy ta’sir qiladi. Agar ushbu kitob orqali sizga bitta muhim fikrni yetkaza olsam, u ham bo’lsa izlanish jarayonida o’qituvchining o’rni naqadar muhimligidir. Mustaqil, bilimga chanqoq shaxslarni tarbiyalash oson emas. Izlanish asosida dars o’tish ancha murakkab, sabr va mahorat talab qiladigan ish! Bu bo’shashgan ustozlar uchun emas.
Buning ustiga, ta’limdagi mavhum va murakkab terminlar izlanishni tushunishni yanada qiyinlashtiradi. Aslida esa, gap o’quvchida qiziqish uyg’otish va ularning "qidirib topishga" bo’lgan ishtiyoqini yoqa bilishdadir. Izlanish — shunchaki biror dars uslubi yoki qolip emas. Bu o’qituvchining qalb amri, ta’limga va bolalarga bo’lgan munosabati, o’z kasbiga yondashuvidir.

IZLANISH ORQALI O’QITISH

Men izlanishga asoslanib dars o’tadigan ustozman. Sinfga kirganimda, ko’proq savol berishga, bolalarni kuzatishga, ularni yo’naltirishga harakat qilaman. Quruq tushuntirish, nazorat qilish yoki "tomosha ko’rsatish"dan ko’ra ko’proq eshitishga intilaman. Darsda ana shu haqiqiy kashfiyot onlari yuz berganda, ich-ichimdan quvonaman. Bu tuyg’uni o’z kasbini sevadigan har bir ustoz yaxshi biladi. O’zimni shunchaki fanni emas, balki "insonni" o’qitayotgandek his qilaman. Ma’lumotlarni shunchaki uqtirish o’rniga, bolalarni yo’naltira olayotganim menga kuch beradi. Jarayon qanday davom etishini oxirigacha bilmasam ham, maqsadim aniq ekanligini his qilish va bolalar bilan kutilgan va kutilmagan ixtirolar sodir bo’layotganini ko’rish — shunchaki ajoyib.
Izlanish orqali o’qitish ko’pincha maroqli sayohatga o’xshatiladi. Men sayohatchilarga yo’l ko’rsatuvchi faol gidman; manzilni — masalan, daraxtlar uchini yoki uzoqdagi minoralarni — oldindan ko’rib turaman. Vaqt o’tishi bilan bu manzara sayohatchilarimga ham namoyon bo’la boshlaydi. Ular hammasini men kabi yoki bir-birlari kabi bir xil ko’rmasliklari mumkin, lekin yo’l davomida biz umumiy tushunchaga ega bo’lamiz, farqlarimiz orqali bir-birimizni boyitamiz. O’rganishlarimiz ham shu yo’l davomida sodir bo’ladi.
Buni bolalar bilan tabiat qo’ynida aylanib yurishga qiyoslash mumkin. Kutilmaganda qandaydir ajoyib narsani payqab qolasiz. Shunda ularning kashfiyot qilish zavqini buzmaslik uchun biroz kutasiz… ularni sekin yo’naltirasiz va birdaniga bolalar: "Voh! Buni qarang!" deb yuborishadi. O’z kashfiyotlaridan quvonayotgan bolalarni kuzatish qanday maroqli! Xuddi shunday, izlanish jarayonida men ham yangi yo’llarga ochiq bo’lishim kerak. Ba’zan o’zim belgilagan yo’nalish ham o’quvchilarimning xohishiga ko’ra o’zgarishi mumkin. Izlanishga chorlovchi ustoz sifatida men yo’l ko’rsatishga qanchalik tayyor bo’lsam, o’quvchilarim ortidan ergashishga ham shunchalik tayyor turishim kerak.

O’QITISHNING O’ZI HAM BIR IZLANISHDIR

Ushbu kitobni yozish jarayonida Tim Kostelloning ajoyib bir nutqiga ko’zim tushdi. U ko’pchiligimizning butun hayotimizni belgilab beradigan yashirin bir savolimiz (yoki savollarimiz) bo’lishini aytib o’tdi. Yozuvchi Emi Tan ham o’zining ijodiy jarayonini tasvirlar ekan, miyasida aylanayotgan savollar bilan doim "dunyoni kezishi" haqida yozadi. Fikrimcha, izlanish ruhiyati bilan yashaydigan ustoz ham xuddi shunday — miyasida doim qandaydir savollar bilan yuradi. Biz doim o’rganishga tashna bo’lamiz, atrofga qiziqish va ehtiros bilan qaraymiz.
Izlanuvchan ustozlar o’quvchilar uchun haqiqiy o’rnakdir. Ular o’quvchilari, ularning qanday o’zlashtirayotgani va o’zlarining qanday dars o’tayotgani haqida tinimsiz izlanadilar. O’zlariga doim shunday savol berishadi: "Mening harakatlarim shu bolaning o’rganishiga qanday ta’sir qilyapti? Men unga qanday yordam bera olyapman?" Biz uchun o’quv jarayoni hech qachon tugamaydigan, doim yangi qirralari ochilib boradigan shirin bir muammodir.
O’z kasbimizga qiziqish bilan yondashish, o’quvchilarimizga nima deyayotganimiz va nima qilayotganimiz ustida chuqurroq o’ylashga undaydi. "O’quvchilarim menga nimalarni ko’rsatishmoqda?" deb o’zimizga savol berar ekanmiz, harakatlarimizni ham shunga moslaymiz. O’qitamiz, izlanamiz, yana reja tuzamiz. Bolalar bilan ishlash jarayonining o’zi biz uchun ularni yaxshiroq tushunishga, orzu-umidlari va ehtiyojlarini to’laroq qondirishga berilgan ajoyib imkoniyatdir.

ALOHIDA FAN EMAS, KUN DAVOMIDAGI YONDASHUV

Izlanishga (inquiry) shunchaki haftaning qaysidir kunida, masalan, payshanba tushdan keyin "bajariladigan" alohida bir mashg’ulotdek qarash unchalik to’g'ri emas. O’qituvchilarga yaxshi tanish bo’lgan "izlanish sikli" yoki qolipi bor — u ko’pincha bir necha hafta davom etadigan o’quv jarayonini rejalashtirishga yordam beradi. Bu jarayonda vazifalar ma’lum bosqichlarga bo’linib, o’quvchini boshlang’ich bilimlaridan tortib, izlanish, tahlil va xulosa qilish orqali mavzuni chuqurroq anglashgacha yetaklaydi. Ushbu sikl qisqa yoki uzoq muddatli tadqiqotlar uchun juda samarali rejalashtirish vositasi bo’la oladi. Biroq, agar biz izlanishga faqat shu nuqtai nazardan qarasak, uni o’quv dasturidagi qandaydir "alohida fan" sifatida qabul qilib qo’yish xavfi tug’iladi.
Aslida, izlanish — bu darsning qaysidir qismida yoki alohida bir mavzuda qilinadigan ish emas, balki umumiy o’qitish va o’rganish yondashuvidir. Izlanishga asoslanib dars o’tadigan ustozning o’ziga xos dunyoqarashi bo’ladi va bu sinfxonada aytiladigan har bir so’zga, har bir harakatga o’z ta’sirini ko’rsatadi. O’qituvchining fikrlash tarzi (mindset) har qanday o’quv rejasi, uslub yoki dasturdan ko’ra muhimroqdir. Bu bizning o’qitish jarayoniga qanday yondashishimizni belgilab beradi.
Izlanuvchan ustozlar o’rganishni ikki tomonlama jarayon deb bilishadi va o’quvchilarga iqtidorli, qiziqishlarga boy shaxs sifatida qarashadi. Biz o’quvchilarimiz har qanday muammo va savollarni o’zlari faol o’rganib chiqishlariga, kutilgan va hatto kutilmagan xulosalarga kela olishlariga ishonamiz. Kasbdoshlarim tez-tez ta’kidlashadi: qachonki biz jarayonga shunday ochiq fikr bilan yondashsak, darslarimiz kutilganidan ham qiziqarliroq va mazmunliroq o’tadi. Bu degani, asosiy maqsadni esdan chiqarmagan holda, ozroq kutilmagan vaziyatlarga ham tayyor turishimiz, ularni boshqara olishimiz kerak. Boshlang’ich sinf o’qituvchilari o’qishga o’rgatishda "mas’uliyatni asta-sekin o’quvchiga o’tkazish" usulini azaldan qo’llab kelishadi. Izlanishga yo’naltirilgan ustoz ham aynan shu tamoyilni butun kun davomida qo’llaydi. Mariya Montessorining hikmatli so’zlari bilan aytganda, bizning vazifamiz — bolalarga "buni o’zlari bajarishlariga" yordam berishdir. Oradan deyarli bir asr o’tib, Sugata Mitra o’zining mashhur "devordagi teshik" tajribasi orqali bolalarga yetarli vaqt va makon berilsa, qiziqish ustun kelib, ular bir-birlarini qanchalik zo’r o’rgata olishlarini isbotlagani juda hayratlanarli. Qilayotgan ishlarimiz bizning qanday o’ylashimizni ko’rsatadi, lekin ba’zida dars o’tish usullarimizni biroz o’zgartirish orqali, o’zimizning ham fikrlash tarzimizni yangilashimiz mumkin.
Izlanuvchan ustoz bo’lish — shunchaki bolalarga savol berishni yoki ma’lum bir qolipda dars o’tishni bilishdan kattaroq narsa. Izlanish amaliyoti butun umr o’rganishga va jarayonni qadrlashga bo’lgan chuqur sadoqatdan kelib chiqadi. Izlanuvchi (ustoz ham, o’quvchi ham) o’zini va bilimini doimiy o’sishda deb biladi. Maqsad shunchaki ko’p ma’lumot yig’ish emas, balki biz yashayotgan va kundan kunga o’zgarib borayotgan dunyoni teranroq anglashdir.

QADRIYATLARGA ASOSLANGAN YONDASHUV

"Buyuk ustozlarning qalbida va ongida ularni boshqaradigan, ta’lim berishda yo’l ko’rsatadigan mustahkam tamoyillar mavjud bo’ladi. Bu qoidalar bizga tashqi manbalarning qadrini o’lchashga va barchamiz intilayotgan yuksak maqsadlarni ko’rishga yordam beradi." (Dalton va Boyd, 1992)

O’ttiz yildan beri aynan shu sohada ustozlar va bolalar bilan ishlab kelaman. Men o’zimga har kuni beradigan savollardan biri bu: "Haqiqiy izlanuvchan ustozni nima ajratib turadi?". Nima uchun ba’zi ustozlar osongina orqaga bir qadam tashlab, bolalarga o’quv jarayonini boshqarishga ruxsat berishadi-yu, boshqalari esa darsni qattiq nazorat qilishdan voz kecha olishmaydi? Nega ayrim ustozlar bemalol kutilmagan savollar berishadi, nimadir bilmasligini tan olishdan tortinmay, bolalar bilan birga izlanishdan zavq olishadi? Boshqalar esa faqat "o’zlari bilgan" narsalarga yopishib olib, savollarni yoki bilmaslikni o’zlarining zaifligi deb bilishadi? Ta’limdagi bu savol faoliyatimning oxirigacha men bilan qolsa kerak, deb o’ylayman.
Ammo bitta narsani aniq bilaman: muvaffaqiyatli izlanish darslarini o’tadigan ustozlar aniq va mustahkam tamoyillarga tayanadilar. Bu tamoyillar harakatlarimizni saralaydigan elakka aylanadi. Ular shunchaki shaxsiy fikr emas, balki nima ish qilayotganimizni yoritib turuvchi, puxta isbotlangan qoidalardir. Ayniqsa, butun maktab jamoasi bu tamoyillarni birgalikda qabul qilsa, izlanish madaniyati ancha kuchliroq bo’ladi.
Keling, amaliyotimizga yo’l ko’rsatuvchi o’sha asosiy tamoyillarni ko’rib chiqamiz. Bu qoidalar mening ham shaxsiy tajribamga va izlanuvchan fikrlash tarzimga asos bo’ladi:

IZLANUVCHAN USTOZNI BOSHQARADIGAN 13 TA OLTIN QOIDA

  1. EGALIK HISSI: O’rganish — bu shunchaki quruq yodlash emas, balki o’zlashtirish jarayonidir. O’quvchi darsda o’z fikrini erkin bildira olsa va o’zi tanlov qila olsa, ta’lim samarasi sezilarli darajada oshadi.
  2. QIZIQISH: Bolalarga o’z qiziqishlari, ishonchlari va savollarini o’rganishga imkon berish, ularni darsga chuqurroq jalb qiladi.
  3. MUKOHAZA (REFLEKSIYA): O’rganish jarayonida doimiy ravishda ortga boqib, xulosa chiqarish o’quvchiga katta foyda beradi. O’z-o’zini anglash bolada o’ziga bo’lgan ishonchni orttiradi.
  4. MAQSAD: Ta’lim doimo hayotiy maqsadlarga va haqiqiy muhitga (authentic contexts) bog’langan bo’lishi kerak.
  5. OLDINGI BILIMLAR: Yangi mavzuni bolaning avvalgi tajribasi bilan bog’lasakkina, u haqiqiy kuchga ega bo’ladi.
  6. BOG’LIQLIK (TRANSFER): O’rganganlarimizni hayotdagi boshqa vaziyatlarga ham qo’llay olsakgina, u haqiqiy foyda keltiradi. Kichik mavzuning katta dunyoga qanday bog’lanishini bilish juda muhim.
  7. HAMKORLIK: O’zaro hamjihatlik, faollik va bir-biriga bo’lgan hurmat o’rganish imkoniyatlarini kengaytiradi. Biz faqat o’qituvchidan emas, bir-birimizdan ham o’rganamiz.
  8. RUHIY BARDOSHLILIK (RESILIENCE): Ijobiy o’zini o’zi baholash va "o’sishga intilish" (growth mindset) o’quvchiga qiyin maqsadlarni qo’yishga va xatolaridan saboq olishga yordam beradi.
  9. VAQT: Chuqurroq o’rganish, tahlil qilish va ma’lumotni yetkazish uchun yetarli vaqt kerak. Izlanish darslarida ozroq, lekin sifatliroq ishlagan ma’qul.
  10. QAYTA ALOQA (FEEDBACK): O’quvchi o’z ko’nikmalarini oshirishi uchun unga muntazam, aniq yordam, yo’l-yo’riq va konstruktiv fikr-mulohaza berilishi kerak.
  11. MUHIT: Sinfdagi muhit (ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan) o’zaro g’amxo’rlik, qiziqish va mustaqillikni qo’llab-quvvatlashi lozim. Bu orqali biz o’quvchilarda yuqori odob-axloq qoidalarini ham shakllantiramiz.
  12. OCHIQLIK: O’rganish jarayoniga har doim ochiqlik, moslashuvchanlik va qiziqish bilan yondashish kerak.
  13. ZAVQ: O’quv jarayoni hatto eng murakkab va qiyin paytlarda ham bolaga zavq berishi, unda yanada ko’proq bilishga ishtiyoq uyg’otishi shart.

QOIDALARDAN AMALIYOTGA

Agar biz shu tamoyillarga rioya qilsak, darsda qilinadigan ba’zi amaliyotlar o’z-o’zidan o’rinsiz bo’lib qoladi. Masalan, "Maqsad" tamoyilini olsak — o’rganish hayotiy va haqiqiy vaziyatlarga bog’langan bo’lishi kerak. Agar bunga ishonsak, bolalarga shunchaki vaqt o’tkazish uchun beriladigan mantiqsiz krossvordlar yoki bo’sh joylarni to’ldirish kabi mashqlardan voz kechishimiz kerak bo’ladi. Bunday "ko’zbo’yamachi" ishlar izlanish tamoyillariga to’g'ri kelmaydi va chinakam izlanuvchan ustozning dars rejasidan joy olmaydi.

FIKRLASH TARZI QOTIB QOLGAN QOLIP EMAS

Men o’zimning izlanuvchan dunyoqarashimga darsdagi har bir harakatim va qarorimni saralab beruvchi elak sifatida qarayman. Lekin shuni ham yaxshi tushunamanki, eng yaxshi dars — o’qituvchining qilayotgan ishi bilan o’quvchining ehtiyoji aynan mos kelgan paytda yuz beradi. Donald Geyts aytganidek, "Ortodoksallik (bir qolipga yopishib olish) — bizning dushmanimizdir". Agar uslubimiz ko’r-ko’rona qoidaga aylansa, demak biz xato yo’ldamiz.
Har kuni darsimda shunday paytlar bo’ladiki, bolalarga nimanidir o’zlari qidirib topishlarini aytish o’rniga, ma’lumotni to’g'ridan-to’g'ri o’zim tushuntirib beraman. Yoki ularga tanlov huquqini bermasligim ham mumkin. Bu mening izlanuvchan ustozlikdan voz kechganimni anglatmaydi. Mutlaqo yo’q! Devid Perkins (2006) aytganidek, bizga boy amaliyotlar to’plami kerak. O’quvchilarga qanday qilib izlanishni o’rgatish bilan birga, kerakli paytda, ayni shu bola uchun ayni shu daqiqada "an’anaviy" tushuntirish usuli foydaliroq ekanini ham seza olishimiz kerak. Perkins buni "pragmatik konstruktivizm" deb ataydi va menga bu atama juda yoqadi.
IZLANUVCHAN USTOZ BO’LISHNING O’ZI HAM BIR IZLANISHDIR
Yaqinda jang san’atiga qiziqadigan bir do’stim menga mashg’ulot bosqichlarini tushuntiruvchi yaponcha "shuhari" tushunchasi haqida so’zlab berdi: Shu — bu qoidaga rioya qilish, uni asrash. Ha — qoidalarga kamroq qaram bo’lib, yangilik kiritish. Ri — bu qoidalardan butunlay ozod bo’lish holati; qoidalarning asl mohiyati odamning vujudiga shu qadar singib ketadiki, u endi ularga suyanishga muhtoj bo’lmaydi. U mutlaqo yangi, erkin va yuqori darajada ijod qiladi.
Bu fikr menga juda ta’sir qildi, chunki ustozlarning ham izlanishga asoslangan ta’lim sari yo’li xuddi shunday. Boshida biz barcha "qoidalarni" bilishni xohlaymiz. Tayyor dars ishlanmalari, qadam-ba-qadam ko’rsatmalar kerak bo’ladi. Lekin tushunchamiz chuqurlashib borgan sari, qoidalarga qaramligimiz ham kamayib, yangilik yaratishga o’zimizda ishonch paydo bo’ladi. Toki biz ham o’sha "oqimga" tushmagunimizcha. Ustoz shunchaki "izlanish darsini o’tuvchi" emas, balki "izlanuvchan ustoz" ga aylanadi.
Izlanuvchan ustoz bo’lish yo’li to’g'ri chiziqdan iborat emas va u sizning necha yillik tajribangiz borligiga ham bog’liq emas. Eng muhim jihatlardan biri — hamma narsaga go’yoki birinchi marta ko’rayotgandek yangi nigoh bilan qaray olishdir. Ustoz o’z o’quvchilari bilan kerak bo’lsa "g’ildirakni qaytadan ixtiro qilishga" tayyor bo’lishi kerak. Har bir insonning o’qish va o’rganishga bo’lgan yo’li o’ziga xos va noyobdir. Ustoz va o’quvchi bu yo’lni doimo birgalikda kashf etib boradilar.

Author

Skeptic
Skeptic
Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About