Donate

Shaharga huquq

Tarjima va Tanqid26/10/26 16:0452

Tarjimondan

2019-yil fevralida Toshkent hokimi yangi biznes-qurilish loyihalari taqdimotidan so‘ng jurnalistlarga shunday degan edi: «Uylar buzilganda kimgadir yomonroq uy-joy berilganini eslay olmayman. Hatto odamlarga 10–20 foiz yaxshiroq imkoniyatlar berildi. Balki boshqa, noqulay tumandadir, lekin odamlarning turmush darajasi yomonlashmadi». Bu gapda butun bir shaharsozlik falsafasi mujassam. Kvartira chindan ham kengroq va yangiroq bo‘lishi mumkin. Ammo «boshqa, noqulay tuman» degani — odam markazdan, o‘zi o‘rgangan mahalladan, qo‘ni-qo‘shnilardan, ish va bozorga yaqinlikdan, qisqasi, shahardan ajratiladi degani. Uy-joy beriladi, shahar esa tortib olinadi.

So‘nggi o‘n yilda Toshkent shu mantiq bilan qayta qurildi. 2017-yil dekabrida Tashkent City uchun Kino uyi buzildi, u bilan birga O‘qchi va Olmazor mahallalari ham yo‘q bo‘ldi. 2019-yilda The Guardian poytaxtda kamida 10 ming kishi uyidan ko‘chirilgani, yana 30 ming kishi shu xavf ostida ekanini yozgan edi. BMTning uy-joy huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi 2024-yilgi tashrifidan so‘ng qonun bilan amaliyot o‘rtasida katta tafovut borligini, aholi bilan maslahatlashilmasligini, sudlar esa ko‘pincha quruvchilar tomonida turishini qayd etdi. Gap faqat uylar haqida emas: ko‘p qavatli uylar orasidagi hovlilar, bolalar va sport maydonchalari ham qurilishga berildi. 2025-yil iyunida Prezidentning o‘zi hokimlarning yagona maqsadi qolgan yerni tadbirkorlarga sotish bo‘lib qolganini aytib, prokuraturaga bu hovlilarni qaytarishni topshirdi.

Shahar yashilligi ham shu yo‘l bilan qisqardi. 2017–2022-yillarda jadal qurilish natijasida ko‘kalamzorlik Olmazor tumanida 33, Shayxontohurda 26, Yakkasaroyda 23, Mirzo Ulug‘bekda 18 foizga kamaydi — yirik qurilish loyihalari aynan shu tumanlarda to‘plangan. Bugun har bir toshkentlikka taxminan 3 kvadrat metr ko‘kalamzor to‘g‘ri keladi. Chekkada ekilayotgan ko‘chatlar markazdagi keksa daraxtlarning o‘rnini bosmaydi: 2021-yilda ekilgan 75 ming daraxtdan 52 mingdan ortig‘i qurib qoldi. Bog‘lar esa savdo obyektiga aylandi: «Bog‘ishamol» bog‘i ko‘ngilochar park qurish sharti bilan sotuvga qo‘yildi, «Quyoshcha nuri» bog‘ining yeri OLXda 5,8 million dollarga e’lon qilindi, 2026-yilda esa «Navro‘z» bog‘i obyektlari kim oshdi savdosiga chiqarildi. Lefevr uchun eng oliy ijtimoiy shakl bayram ekanini hisobga olsak, bayram nomini olgan bog‘ning sotuvga qo‘yilishi o‘ziga xos ramzga aylanadi.

Havo ham shu manzaraning bir qismi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda PM2.5 zarrachalarining o‘rtacha yillik konsentratsiyasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan me’yordan olti barobardan ko‘proq yuqori, aholining 83 foizi havo kuchli ifloslangan hududlarda yashaydi, ifloslanish esa har yili taxminan 3 ming kishining bevaqt o‘limiga sabab bo‘ladi. 2024–2025-yillar qishida va 2025-yil kuzida Toshkent bir necha bor havosi eng iflos shaharlar reytingida dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi.

Jamoatchilik bosimi natija ham berdi: daraxt kesishga muddatsiz moratoriy, bog‘larni xususiylashtirishni taqiqlovchi qonun, nuqtali qurilishdan voz kechish, havo uchun milliy loyiha. Shahar bugun mamlakatdagi eng qizg‘in ommaviy bahs mavzularidan biriga aylandi. Ammo bu bahs qaysi tilda olib borilmoqda? Kompensatsiya bozor narxida to‘landimi? Har bir aholiga necha kvadrat metr ko‘kalamzor to‘g‘ri keladi? Havoni kuzatuvchi stansiyalar nechta? Bu savollar muhim, lekin ularning barchasi shaharni o‘lchanadigan, sotiladigan va o‘rnini boshqa narsa bilan to‘ldirsa bo‘ladigan narsa sifatida ko‘radi: buzilgan uy o‘rniga — pul, markazdagi keksa chinor o‘rniga — chekkadagi ko‘chat. Shaharda kim yashash va markazda qolish huquqiga ega, shahar haqidagi qarorlarni kim qabul qiladi, degan savollar esa deyarli berilmaydi.

Anri Lefevr aynan shu savollarni bergan. U «Shaharga huquq» kitobini 1967-yilda, Marks «Kapital»ining nashriga yuz yil to‘lganda yozgan; kitob 1968-yil may voqealari arafasida chiqqan. Lefevrning asosiy fikri oddiy: shahar — mahsulot emas, asar. U savdo va foyda uchun emas, odamlar uchrashishi, birga bo‘lishi, o‘ynashi va bayram qilishi uchun yaratilgan jamoaviy ijoddir. Bozor esa shaharni tovarga aylantiradi: markaz iste’mol va turistik tomosha joyiga, oddiy odamlar esa chekkaga, «uy — ish — uy» yo‘lagiga surib chiqariladi. Shuning uchun shaharga huquq eski shaharni tomosha qilish yoki unga qaytish huquqi emas, balki yangilangan shahar hayotiga — markazga, uchrashuvga, o‘z makonini o‘zlashtirishga bo‘lgan huquqdir.

Keyinchalik bu tushuncha dunyo bo‘ylab tarqaldi: shahar harakatlari uni shiorga aylantirdi, Braziliya va Ekvador esa qonunchiligiga kiritdi. Uni qayta jonlantirganlardan biri — loyihamizda muhokama qilingan Devid Xarvi. Uning «tortib olish orqali jamg‘arish» tushunchasi Toshkentda ro‘y berayotgan jarayonni yaxshi tasvirlaydi: mahallalar, hovlilar va bog‘lar kabi amalda umumiy bo‘lgan makonlar bozor orqali emas, ma’muriy qaror orqali muomalaga chiqariladi. Lefevr esa bundan oldingi savolni beradi: bunda aslida nima tortib olinmoqda — faqat yer va mulkmi yoki shaharning o‘zimi? Uning javobi ancha keskin. U adolatli kompensatsiya yoki «jamoatchilik ishtiroki»ni emas, shahar haqidagi qarorlarni kim qabul qilishini o‘zgartirishni talab qiladi. Lefevrning fikricha, «ishtirok» ko‘pincha odamlarning roziligini arzon narxda sotib olish vositasi; haqiqiy ishtirokning esa boshqa nomi bor — o‘zini o‘zi boshqarish.

Biz kitobning markaziy bobi — «Shaharga huquq»ni tarjima qildik. Unda Lefevr savdo orqali qondirib bo‘lmaydigan ehtiyojlar — uchrashuv, o‘yin, ijod, bayram — haqida yozadi, shahar haqidagi fan zarur, ammo yetarli emasligini ko‘rsatadi, «eksperimental utopiya»ni va ikki turdagi takliflarni — shahar islohotining siyosiy dasturi va dadil shaharsozlik loyihalarini — ilgari suradi. Bob har kuni uyidan vokzalga, u yerdan ishga va kechqurun yana uyiga qatnaydigan oddiy odamning «fojiasiz qashshoqligi» tasviri bilan tugaydi. Lefevr 1960-yillar Fransiyasi haqida yozgan va uning ba’zi tezislari, masalan, ishchilar sinfining tarixiy roli haqidagisi, bugun bahsli tuyulishi mumkin. Lekin rasman 3,2 million aholi yashaydigan, ammo har kuni 5,2 million kishi bo‘ladigan, shulardan bir yarim millioni har kuni tashqaridan qatnaydigan Toshkent, «Yangi Toshkent» va Tashkent City haqida o‘ylasak, bu sahifalar ajablanarli darajada tanish. Batafsil — matnda, o‘qing.

Tarjimon: Javohir Nematov

Asl manba: Lefebvre, H. (1996). The right to the city. In E. Kofman & E. Lebas (Eds. & Trans.), Writings on cities (pp. 147–159). Blackwell. Asl nashr: Lefebvre, H. (1968). Le Droit à la ville. Anthropos. Tarjima uchun foydalanilgan matn: The Anarchist Library, https://theanarchistlibrary.org/library/henri-lefebvre-right-to-the-city

https://kun.uz/ru/news/2019/07/03/zdes-jivut-lyudi-jiteli-rishtana-doma-kotoryx-popali-pod-snos-vynujdeny-razveshivat-predupreditelnyye-nadpisi
https://kun.uz/ru/news/2019/07/03/zdes-jivut-lyudi-jiteli-rishtana-doma-kotoryx-popali-pod-snos-vynujdeny-razveshivat-predupreditelnyye-nadpisi

 

* * *

Nazariy tafakkur shaharlarning shakllari, vazifalari va tuzilmalarini — iqtisodiy, siyosiy, madaniy va boshqa jihatlarini — qayta belgilash zarurati oldida turibdi. Shahar jamiyatiga xos ijtimoiy ehtiyojlarni ham yangicha anglash lozim.

Hozirgacha faqat «iste’mol jamiyati» deb ataladigan jamiyat — boshqariladigan iste’molning byurokratik jamiyati — yuzaga keltirgan individual ehtiyojlar o‘rganildi. Ular chinakamiga o‘rganilib, tan olinishi o‘rniga, manipulyatsiya qilindi. Holbuki, ijtimoiy ehtiyojlarning antropologik asosi bor.

Bu ehtiyojlar bir-biriga qarama-qarshi va ayni paytda bir-birini to‘ldiradi. Ular xavfsizlik va ochiqlik, aniqlik va sarguzasht, mehnatni tashkil etish va o‘yin, oldindan bilish mumkin bo‘lgan va kutilmagan hodisalar, o‘xshashlik va farqlilik, yakkalanish va uchrashuv, almashinuv va (bu yerda moliyaviy sarmoya emas, balki kuch va his-tuyg‘uni biror narsaga baxshida etish nazarda tutiladi — Tarj.) «sarmoya», mustaqillik — hatto yolg‘iz qolish — hamda muloqotga bo‘lgan ehtiyojlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, yaqin va uzoq istiqbollarni ko‘zlash ehtiyoji ham mavjud. Inson kuch-g‘ayratini to‘plashga ham, uni sarflashga, hatto o‘yinda isrof qilishga ham muhtoj. U ko‘rish, eshitish, teginish, ta’m bilish va bu sezgilarni bir butun «dunyo»ga jamlash ehtiyojini ham his qiladi.

Ijtimoiy jihatdan shakllanadigan bu antropologik ehtiyojlarga — ular ba’zan ajratilgan, ba’zan birlashtirilgan, bir joyda siqib qo‘yilgan, boshqa joyda esa haddan tashqari bo‘rttirilgan bo‘ladi — o‘ziga xos ehtiyojlar ham qo‘shiladi. Bular tijorat va madaniyat infratuzilmalari qondira olmaydigan ehtiyojlardir. Rejalashtiruvchilar esa bunday infratuzilmalarning imkoniyatlarini ancha cheklangan doirada hisobga oladilar.

Gap, avvalo, ijodiy faoliyatga, (asar, fransuzcha oeuvre — Lefevrning asosiy tushunchalaridan biri. Asar tayyor mahsulot yoki iste’mol tovari emas, balki ijod mevasi, inson yaratgan narsadir. Lefevr uchun shahar ham, jamiyat ham, inson ham mahsulot emas, asar bo‘lishi mumkin — Tarj.) asar (oeuvre) yaratishga bo‘lgan ehtiyoj haqida bormoqda. Bu ehtiyoj faqat mahsulotlar yoki iste’mol tovarlarini yaratish bilan cheklanmaydi. Inson axborotga, ramzlar orqali ifodalashga, tasavvur va o‘yinga ham muhtoj. Bu ehtiyojlar zamirida tub bir istak yashaydi. O‘yin, jinsiy hayot, sport kabi jismoniy mashg‘ulotlar, ijod, san’at va bilim — shu istakning alohida ko‘rinishlari va lahzalaridir. Ular vazifalarning parchalangan taqsimotini ozmi-ko‘pmi yengib o‘ta oladi.

Nihoyat, shahar va shahar hayotiga bo‘lgan ehtiyoj ham mavjud. Bu ehtiyoj faqat shu matnda o‘zini yanada ravshanroq ifodalashga va ufqni ochishga urinayotgan istiqbol doirasidagina erkin namoyon bo‘la oladi.

Shaharga xos ehtiyojlar — o‘ziga xos sifatga ega joylarga, bir vaqtdalik va uchrashuv maskanlariga, odamlar o‘rtasidagi almashinuv savdo, foyda va (iste’mol qiymati — narsa yoki makonning inson ehtiyojlarini qondirishdagi ahamiyati; almashuv qiymati — uning bozordagi, sotish va foyda keltirish bilan bog‘liq qiymati. Lefevr shahar hayotida iste’mol qiymatining ustuvorligini talab qiladi — Tarj.) almashuv qiymati orqali kechmaydigan joylarga bo‘lgan ehtiyoj emasmi? Shu uchrashuvlar va almashuvlar uchun vaqtga ham ehtiyoj yo‘qmi?

Shahar haqidagi analitik fan zarur, biroq hozircha u faqat dastlabki chizgilar holida. Ishlab chiqilishining boshida tushuncha va nazariyalar faqat shakllanib kelayotgan shahar voqeligi bilan, shahar jamiyatining praksisi (ijtimoiy amaliyoti) bilan birga ilgarilay oladi. Endi, oson bo‘lmasa-da, ufqni to‘sib, bilim va harakat yo‘lida tiqin bo‘lib kelgan mafkura va amaliyotlar yengib o‘tilmoqda.

Shahar haqidagi fan shaharni o‘z tadqiqot obyekti sifatida ko‘radi. Bu fan o‘z usullari, yondashuvlari va tushunchalarini (parcha fanlar — shaharni iqtisodiyot, sotsiologiya, demografiya, arxitektura kabi alohida yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rganadigan ixtisoslashgan fanlar. Lefevr ularning ahamiyatini inkor etmaydi, ammo hech biri shahar voqeligini yolg‘iz o‘zi tushuntira olmasligini ta’kidlaydi — Tarj.) parcha fanlardan oladi. Biroq sintez unga ikki jihatdan qo‘l bermaydi.

Birinchidan, tahlildan boshlanib, o‘zini yaxlit deb biluvchi sintez faqat strategik tizimlashtirish va dasturlash bo‘la oladi, xolos.

Ikkinchidan, obyektning o‘zi — tugal voqelik sifatidagi shahar — parchalanib bormoqda. Bilim qarshisida allaqachon o‘zgarib ketgan tarixiy shahar turibdi va bilim uni bo‘laklarga bo‘lib, parchalardan qayta yig‘ishga majbur.

(Lefevr shaharni o‘ziga xos hayot grammatikasiga ega kitob yoki matn singari o‘qiydi — Tarj.) Ijtimoiy matn sifatida tarixiy shahar endi ramzlar va uslub bilan bog‘langan izchil ko‘rsatmalar hamda vaqt tartibiga ega emas. Bu matn uzoqlashib bormoqda. U hujjat, ko‘rgazma yoki muzey shaklini olmoqda. Tarixan bunyod etilgan shahar endi boshdan kechirilmaydi va amalda anglanmaydi. U endi faqat sayyohlar uchun, tomosha va manzaralilikka o‘ch estetizm uchun madaniy iste’mol obyekti. Hatto uni mehr va samimiyat bilan tushunishga intilayotganlar uchun ham u endi yo‘q. Biroq (shaharlik, fransuzcha l’urbain — Lefevr bu tushuncha bilan shahar hududi yoki binolarini emas, balki uchrashuvlar, bir vaqtdalik, ijtimoiy aloqalar va imkoniyatlar orqali shakllanadigan shahar hayotini nazarda tutadi. Shu sababli shaharlik qishloq hududlariga ham kirib borishi mumkin — Tarj.) shaharlik (l’urbain) tarqoq va begonalashgan voqelik holatida — yadro va imkoniyat (virtuallik) sifatida — saqlanib qolmoqda. Ko‘z va tahlil joyda ilg‘ayotgan narsa, nari borsa, ko‘tarilayotgan quyosh nurida kelajakdagi obyektning soyasi bo‘lib ko‘rinishi mumkin.

Eski shaharni qayta tiklashni tasavvur qilib bo‘lmaydi; faqat yangi asoslar ustida, boshqa miqyosda, boshqa sharoitlarda, boshqa jamiyatda yangi shahar qurish mumkin. Qoida shunday: ortga — an’anaviy shaharga — qaytish ham, ulkan va shaklsiz aglomeratsiya tomon bosh olib qochish ham bo‘lmaydi. Boshqacha aytganda, shahar haqidagi fanning o‘rganish obyekti tayyor holda mavjud emas. O‘tmish, hozirgi kun va mumkin bo‘lgan narsani bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. O‘rganilayotgan narsa — (virtual obyekt — hali ro‘yobga chiqmagan, ammo mavjud ijtimoiy munosabatlar va imkoniyatlar ichida shakllanayotgan obyekt. Lefevr uchun kelajakdagi shahar tayyor texnik loyiha emas, balki ijtimoiy praksis jarayonida yaratiladigan voqelikdir — Tarj.) virtual obyekt. Bunday obyektni fikran o‘rganish yangi yondashuvlarni talab qiladi.

Eski mumtoz gumanizmning davri allaqachon va ayanchli tarzda yakunlangan. U o‘lgan. Uning mumiyolangan, balzamlangan jasadi og‘ir botadi va yoqimsiz hid taratadi. U ochiq va yopiq jamoat makonlarini egallab olgan. Shu tariqa, «inson» niqobi ostida bu makonlar madaniy qabristonlarga aylanmoqda: muzeylar, universitetlar, turli nashrlar, yangi shaharchalar va rejalashtirish tartib-qoidalari shular jumlasidan. «Inson miqyosi» deganlari ostiga siyqa gaplar va jo‘n haqiqatlar o‘ralgan. Vaholanki, biz haddan oshishlarni o‘z zimmamizga olishimiz va koinot miqyosidagi «nimadir»ni yaratishimiz kerak.

Bu eski gumanizm jahon urushlari davrida, ulkan qirg‘inlar bilan birga kechgan demografik o‘sish jarayonida, iqtisodiy o‘sish va raqobatning shafqatsiz talablari hamda yomon nazorat qilinadigan texnikaning bosimi ostida halok bo‘ldi. U hatto mafkura ham emas — nari borsa rasmiy nutqlar uchun mavzu, xolos.

So‘nggi paytlarda (bu yerda Lefevr 1960-yillarda keng tarqalgan strukturalistik qarashlar bilan bahslashmoqda. Xususan, Mishel Fukoning 1966-yilda chop etilgan «So‘zlar va narsalar» kitobida ilgari surilgan «insonning yo‘qolishi» haqidagi g‘oyaga ishora bor. Quyidagi «til yoki tilshunoslik» haqidagi kinoya ham shu intellektual muhit bilan bog‘liq — Tarj.) «Xudo o‘ldi, inson ham» degan shiorlar ko‘p yangramoqda. Go‘yo mumtoz gumanizmning o‘limi insonning o‘limini ham anglatadigandek. Ommabop kitoblarda tarqalgan va mas’uliyatsiz reklama ilib ketgan bu iboralar yangilik emas. Nitsshening mulohazalari, Yevropa madaniyati va tamadduni haqidagi mash’um bashorati bundan yuz yil avval, 1870–1871-yillardagi Fransiya–Prussiya urushi davrida boshlangan edi.

Nitsshe Xudoning va insonning o‘limini e’lon qilganida, ortida ochiq bo‘shliq qoldirmadi va uni yasama narsalar, til yoki tilshunoslik bilan ham to‘ldirmadi. U kelajakda paydo bo‘lishiga ishongan (Oliy inson, nemischa Übermensch — Fridrix Nitsshe falsafasidagi tushuncha: mavjud qadriyatlarni yengib o‘tib, yangi qadriyatlar yaratadigan inson ideali — Tarj.) Oliy inson (Übermensch) haqida ham xabar berdi. Nitsshe o‘zi aniqlagan nigilizmni yengib o‘tayotgan edi.

Bu nazariy va she’riy boyliklarni bir asr kechikib savdoga solayotgan mualliflar esa bizni yana nigilizmga botirmoqda. Nitsshedan keyin Oliy inson g‘oyasining xavfli jihatlari shafqatsiz ravishda ayon bo‘ldi. Bundan tashqari, sanoat ishlab chiqarishi va rejalashtirish ratsionalligidan yuzaga chiqayotgan bu «yangi inson» ham tobora ko‘proq umidsizlik uyg‘otmoqda.

Biroq boshqa yo‘l ham bor: shahar jamiyati va bu jamiyatdagi inson — asar (oeuvre) sifatida; jamiyatning o‘zi ham mahsulot emas, asar bo‘ladi.

Bu, ayni paytda, qadimgi shaharning («ijtimoiy hayvon» — Aristotelning insonni tabiatan ijtimoiy-siyosiy mavjudot deb ta’riflovchi zoon politikon tushunchasiga ishora — Tarj.) «ijtimoiy hayvoni» va insonini, ya’ni «shahar hayvoni»ni yengib o‘tish demakdir. Uning o‘rnida ko‘p qirrali, ko‘p sezgili, dunyo bilan — atrof-muhit va o‘zi bilan — murakkab hamda shaffof munosabatlar o‘rnata oladigan shahar odami paydo bo‘ladi.

Yoki nigilizm. Agar inson o‘lgan bo‘lsa, kim uchun quramiz? Qanday qilib quramiz? Shahar yo‘qolganmi-yo‘qmi, uni qaytadan o‘ylash, yangi poydevorlarda qayta qurish yoki yengib o‘tish kerakmi — ahamiyati yo‘q. Terror hukm surishi, atom bombasi tashlanishi yoki Yer sayyorasi portlashi ham ahamiyatsiz. Nima muhim? Kim o‘ylaydi? Kim harakat qiladi? Kim hali ham gapiradi va kim uchun? Agar ma’no va maqsad yo‘qolgan bo‘lsa va biz ularni praksis — ijtimoiy amaliyot — orqali ham belgilay olmasak, hech narsaning ahamiyati qolmaydi.

Agar «inson mavjudligi»ning imkoniyatlari, texnologiya, ilm-fan, tasavvur va san’at — yoki ularning yo‘qligi — mustaqil kuchlar sifatida namoyon bo‘lsa va reflektiv tafakkur bu xulosa — «subyekt»ning yo‘qligi — bilan qanoatlansa, nima deb javob beramiz? Nima qilish kerak?

Eski gumanizm chekinmoqda va yo‘qolib bormoqda. Unga bo‘lgan sog‘inch susaymoqda, biz uning yo‘l ko‘ndalangida yotgan qiyofasiga ortga o‘girilib tobora kamroq qaraymiz. Bu liberal burjuaziyaning mafkurasi edi: uning yunon va lotin tillaridan olingan iqtiboslari yahudiy-xristian an’analari bilan qorishib ketgan edi. Bu mafkura xalq va insoniy azob-uqubatlar ustiga homiylarcha egilib, olijanob tuyg‘ular va nozik qalb egalarining pok vijdoni haqidagi balandparvoz gaplarni niqoblagan va qo‘llab-quvvatlagan. Bu jirkanch qorishma, odamni behuzur qiladigan aralashma edi. Endi faqat ayrim ziyolilargina bu g‘amgin qorishmani hali ham xush ko‘radi. Ular asosan «so‘l» ziyolilar (ammo «o‘ng» ziyolilar hamon bormi?). Ular na inqilobchi, na ochiq reaksioner, na (Dionis va Apollon — qadimgi yunon mifologiyasidagi ikki iloh. Nitsshe falsafasida Dionis hayotiy jo‘shqinlik va ehtirosni, Apollon esa shakl, me’yor va tartibni ifodalaydi. Lefevr bu qarama-qarshilik orqali ziyolilarning mavqeyini kinoya bilan tasvirlaydi — Tarj.) Dionis tarafdori, na Apollon tarafdori.

Biz yangi gumanizmga, yangi praksisga, yangi insonga — shahar jamiyatining insoniga — intilish uchun bor kuchimizni safarbar etishimiz kerak. Bu irodaga tahdid soladigan afsonalardan qochishimiz, loyihamizga to‘sqinlik qiladigan mafkuralarni va bizni yo‘ldan chalg‘itadigan strategiyalarni yo‘q qilishimiz zarur. Shahar hayoti hali endi boshlanishi kerak. Hozir biz qilayotgan ish — ming yillik jamiyat qoldiqlarini ro‘yxatga olishni yakunlash, xolos. Bu jamiyatda qishloq shahar ustidan hukmron edi. Uning g‘oyalari, qadriyatlari, taqiqlari va qoidalari asosan agrar xususiyatga ega bo‘lib, qishloq va «tabiiy» hayot ustunligiga asoslangan edi. Siyrak, sanoqli shaharlar qishloq ummonidan zo‘rg‘a bosh ko‘targan edi. Qishloq jamiyati tanqislik va muhtojlik, qabul qilingan yoki rad etilgan ehtiyojlar, mahrumliklarni boshqaradigan va tartibga soladigan taqiqlar jamiyati edi — hozir ham shunday. Shu bilan birga, u (fête — bayram, tantana. Lefevr uchun bu oddiy dam olish emas, balki odamlarning birgalikdagi hayoti, uchrashuvlari va foyda olishga bo‘ysunmagan faoliyatini ifodalovchi tushuncha — Tarj.) bayramlar va tantanalar (fête) jamiyati ham edi. Ammo uning aynan shu jihati — eng yaxshisi — yo‘qotildi. Afsonalar va cheklovlarni emas, aynan shuni qayta jonlantirish kerak! Hal qiluvchi mulohaza: an’anaviy shahar inqirozi dunyodagi agrar tamaddun inqirozi bilan birga kechmoqda. Bu ikki inqirozni hal qilish bizning zimmamizda. Buning uchun yangi shaharni, shahardagi yangi hayotni yaratishimiz kerak. Inqilobiy jamiyatlar, jumladan, (bu yerda, ehtimol, 1920-yillar va 1930-yillar boshida Sovet Ittifoqida olib borilgan shaharsozlik tajribalari, yangi turmush shakllari va sanoat jamiyatini qurish haqidagi munozaralar, xususan, «urbanistlar» va «dezurbanistlar» bahsi nazarda tutilmoqda — Tarj.) Oktyabr inqilobidan keyingi o‘n-o‘n besh yildagi SSSR sanoatga asoslangan jamiyatning rivojlanishiga ishora qilgan edi. Ammo ular faqat ishora qildi, xolos.

Yuqoridagi jumlalarda ishlatilgan «biz» so‘zi metafora bo‘lib, bu masalaga daxldor bo‘lganlarni anglatadi. Me’mor, rejalashtiruvchi, sotsiolog, iqtisodchi, faylasuf yoki siyosatchi yo‘q joydan yangi shakllar va munosabatlar yarata olmaydi. Aniqroq aytganda, me’mor ham sotsiolog singari mo‘jiza yaratuvchi emas. Ularning hech biri ijtimoiy munosabatlarni yarata olmaydi, garchi ma’lum qulay sharoitlarda ular tendensiyalarning ifoda topishiga (shakl olishiga) yordam bersa ham. Bunday kuchga faqat butun imkoniyatlari bilan namoyon bo‘ladigan ijtimoiy hayotning o‘zi — praksis — ega bo‘ladi yoki ega bo‘lmaydi. Yuqorida tilga olingan mutaxassislar yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib yo‘l ko‘rsatishi mumkin. Ular taklif qilishi, ovoz ko‘tarishi va shakllar tayyorlashi mumkin. Shuningdek, ayniqsa ilm-fan bilan oziqlangan (mayevtika — Suqrot falsafasidagi «doyalik san’ati», ya’ni savollar va muloqot orqali insonning o‘zida mavjud bilimni yuzaga chiqarishga yordam beradigan usul. Lefevr bu obraz orqali mutaxassisning vazifasi yangi ijtimoiy voqelikni tayyor holda yaratish emas, balki mumkin bo‘lgan narsaning dunyoga kelishiga ko‘maklashish ekanini ta’kidlaydi — Tarj.) mayevtika orqali ular to‘plangan tajribani baholashi, muvaffaqiyatsizliklardan saboq chiqarishi va mumkin bo‘lganni dunyoga keltirishi mumkin.

Biz yetib kelgan nuqtada intellektual yondashuvlar va vositalarni o‘zgartirishga shoshilinch ehtiyoj bor. Buning uchun boshqa sohalarda ishlab chiqilgan, ammo bizga hali yaxshi tanish bo‘lmagan g‘oya va yondashuvlarni ham o‘zlashtirish zarur.

(transduksiya — mavjud voqelik va undagi ziddiyatlardan kelib chiqib, hali ro‘yobga chiqmagan imkoniyatlarni nazariy jihatdan ishlab chiqish usuli — Tarj.) Transduksiya (transduction). Bu muayyan uslub asosida amalga oshiriladigan intellektual jarayondir. U klassik induksiya va deduksiyadan, «modellar» yaratishdan, simulyatsiyadan, shuningdek, oddiy farazlarni ilgari surishdan farq qiladi. Transduksiya voqelikka oid ma’lumotlar va shu voqelik yuzaga keltirgan muammolarga tayangan holda nazariy obyektni — mumkin bo‘lgan obyektni — ishlab chiqadi va shakllantiradi. Transduksiya qo‘llanilayotgan tushunchalar tizimi bilan empirik kuzatuvlar o‘rtasida uzluksiz qayta aloqa bo‘lishini talab qiladi. Uning nazariyasi (metodologiyasi) rejalashtiruvchi, me’mor, sotsiolog, siyosatchi va faylasufning o‘z-o‘zidan kechadigan aqliy amallariga shakl beradi. U ixtiroga qat’iylik, utopiyaga esa bilim olib kiradi.

(eksperimental utopiya — mavhum orzu emas, balki yangi ijtimoiy imkoniyatlarni amaliy tajriba, kuzatish va tanqidiy tahlil bilan bog‘lab o‘rganish yondashuvi — Tarj.) Eksperimental utopiya. Bugun kim utopist emas? Buyurtma asosida, belgilangan me’yor va cheklovlarni zarracha tanqidiy tekshirmasdan ishlaydigan tor ixtisoslashgan amaliyotchilar — faqat shu unchalik qiziq bo‘lmagan odamlargina utopizmdan chetda qoladi. Barcha odamlar utopistdir: (bu ibora, ehtimol, 1965-yilda qabul qilingan va 2000-yilgacha mo‘ljallangan Parij mintaqasini rivojlantirish bosh rejasiga ishora — Tarj.) 2000-yildagi Parijni loyihalashtirayotgan futuristlar va rejalashtiruvchilar ham, (Braziliya, Brasília — Braziliyaning maxsus loyiha asosida bunyod etilgan va 1960-yilda ochilgan yangi poytaxti. Lefevr uni zamonaviy shaharsozlikdagi utopik yondashuvlarga misol sifatida keltiradi — Tarj.) Braziliya shahrini bunyod etgan muhandislar ham! Ammo utopizmning turli ko‘rinishlari bor. Ularning eng yomoni o‘z nomini yashirib, (pozitivizm — bilimni kuzatish, tajriba va tekshiriladigan faktlar asosida qurishga intiladigan falsafiy yondashuv. Lefevr bu yerda o‘zini ilmiy va obyektiv deb ko‘rsatib, amalda qat’iy cheklovlar o‘rnatadigan rejalashtirishni tanqid qiladi — Tarj.) pozitivizm niqobiga o‘ranadigan va shu asosda eng qattiq cheklovlarni hamda texnikaning kulgili darajada yo‘qligini majburan joriy etadigan utopizm emasmi?

Utopiyani tajriba orqali, uning real hayotdagi oqibatlari va natijalarini o‘rganish asosida ko‘rib chiqish kerak. Bu natijalar kutilmagan bo‘lishi mumkin. Qaysi joylar eng muvaffaqiyatli bo‘lgan va qaysilari kelajakda shunday bo‘lishi mumkin? Buni qanday aniqlash mumkin? Qaysi mezonlar asosida? «Muvaffaqiyatli» deb hisoblangan, baxtli hayot uchun qulay bo‘lgan bu joylarda kundalik hayotning qanday vaqt va ritmlari yozilgan va buyurilgan? Bu qiziq.

Yana boshqa zarur intellektual yondashuvlar ham bor. Ular uchta asosiy nazariy tushunchani — (tuzilma shaharning tashkil topishini, funksiya uning bajaradigan vazifasini, shakl esa bu munosabatlarning namoyon bo‘lishini anglatadi — Tarj.) tuzilma, funksiya va shaklni — bir-biridan ajratmagan holda farqlashga, ularning ahamiyatini, qaysi doirada amal qilishini, chegaralarini va o‘zaro munosabatlarini tushunishga yordam beradi. Muhimi, bu uch tushuncha bir butunlikni tashkil etishini, ammo shu butunlik ichida har biri muayyan mustaqillik va nisbiy avtonomiyaga ega ekanini anglashdir. Ulardan birini boshqalaridan ustun qo‘yish mumkin emas. Aks holda, bu mafkuraga, ya’ni yopiq va dogmatik ma’nolar tizimiga olib keladi: strukturalizm, formalizm yoki funksionalizm shunday yuzaga keladi. Bu tushunchalarning barchasidan real voqelikni tahlil qilishda birdek va navbatma-navbat foydalanish kerak. Biroq bunday tahlil hech qachon to‘liq tugallanmaydi va hech qachon mutlaq yakuniy natijaga erishmaydi. Xuddi shu talab «transduksiya» deb ataladigan jarayonga ham taalluqli. Bir funksiya turli tuzilmalar orqali amalga oshirilishi mumkinligini, bu ikki tushuncha o‘rtasida yagona va qat’iy bog‘liqlik yo‘qligini tushunish muhim. Demak, funksiyalar va tuzilmalar shakllar orqali namoyon bo‘ladi, ayni paytda ularni ochib beradi ham, yashiradi ham. Bu uch jihatning birligi ularning har biridan, alohida unsurlari va qismlaridan ko‘ra kengroq butunlikni hosil qiladi.

Bizning intellektual vositalarimiz orasida yana bir tushuncha bor. U na mensimaslikka, na mutlaq imtiyoz berishga loyiq: bu (ma’nolar tizimi — insonlarning yashash joyiga, uyiga va kundalik makoniga beradigan ijtimoiy hamda madaniy ma’nolar majmuasi. Masalan, me’mor uchun turarjoy funksional birlik bo‘lsa, unda yashovchi uchun u xotiralar, munosabatlar va kundalik hayot makonidir — Tarj.) ma’nolar tizimi (yoki, aniqrog‘i, ma’nolarning quyi tizimi) haqidagi tushunchadir.

Siyosiy kuchlarning o‘z ma’nolar tizimlari — mafkuralari — bor. Ular shu mafkuralar yordamida o‘z strategiyalariga ijtimoiy harakatlar va hodisalarni bo‘ysundirishga intiladi. Bu hodisalarga ular ham ta’sir ko‘rsatadi. (ekologik daraja — bu yerda tabiatni muhofaza qilish yoki atrof-muhit ekologiyasi emas, balki turarjoy va shaxsiy kundalik hayot darajasi nazarda tutiladi. Lefevr shahar voqeligini davlat, shahar va turarjoy kabi o‘zaro bog‘liq darajalarda ko‘rib chiqadi — Tarj.) Ekologik darajada esa oddiy shahar aholisi ham o‘z ma’nolar tizimiga, aniqrog‘i, ma’nolarning quyi tizimiga ega. Muayyan joyda yashashning o‘zi ana shunday tizimni qabul qilish, o‘zlashtirish va boshqalarga yetkazish bilan bog‘liq. Masalan, (o‘z uyiga egalik qilish nafaqat mulkiy munosabat, balki mustaqillik, xavfsizlik va ijtimoiy mavqe haqidagi tasavvurlar bilan ham bog‘liq — Tarj.) o‘z uyiga egalik qilib yashash tizimi shunday ma’nolar tizimidir. Aholining ma’nolar tizimi uning passivligi va faolligini ifodalaydi: bu tizim qabul qilinadi, ammo amaliyotda o‘zgaradi. U idrok etiladi, his qilinadi.

Me’morlar esa ma’nolar majmuasini allaqachon shakllantirib, uni dogmaga aylantirib qo‘yganga o‘xshaydi. Bu majmua yetarlicha rivojlanmagan bo‘lsa-da, unga «funksiya», «shakl», «tuzilma» yoki, aniqrog‘i, funksionalizm, formalizm va strukturalizm kabi turli nomlar berilgan. Ular ishlab chiqqan ma’nolar bu makonlarda yashovchi odamlar idrok etadigan va boshdan kechiradigan ma’nolardan emas, balki me’morlarning (yashash, fransuzcha habiter — oddiy turarjoyda istiqomat qilishdan kengroq tushuncha. U insonning makonni o‘zlashtirishi, unda kundalik hayot kechirishi va ijtimoiy munosabatlar yaratishini anglatadi — Tarj.) yashashni (habiter) qanday talqin qilishidan kelib chiqadi. Bu tizim grafik tasvir va ko‘rgazmalilikka asoslanadi, (metatil — boshqa bir til yoki belgilar tizimini tasvirlaydigan til. Me’morlarning chizmalari yashashning o‘zini emas, balki ular yashash haqida yaratgan tushunchalar tizimini ifodalaydi — Tarj.) metatilga intiladi. U chizmalarda ifodalanadi va ko‘zga ko‘rinadigan obrazlar orqali namoyon bo‘ladi. Me’morlar kasbiy korpusni tashkil etgani sababli muassasalarga bog‘lanib qoladi. Ularning ma’nolar tizimi esa o‘zini boshqalardan ajratishga, o‘zini majburan qabul qildirishga va har qanday tanqiddan qochishga intiladi. Boshqa hech qanday tartib-qoida va ehtiyotkorliksiz ilgari suriladigan bu tizimni (ekstrapolyatsiya yo‘li bilan rejalashtirish — mavjud model va tasavvurlarni kengroq voqelikka ko‘chirish orqali rejalashtirish. Lefevr me’morlarning o‘z kasbiy belgilar va ma’nolar tizimini butun shahar hayotiga tatbiq etishini tanqid qiladi — Tarj.) ekstrapolyatsiya yo‘li bilan rejalashtirish sifatida ochiq ifodalash lozim.

Chinakam ma’noda rejalashtirish deb atash mumkin bo‘lgan nazariya — «yashash» (habiter) degan qadimiy amaliyot, ya’ni insoniylik ma’nolariga yaqin turadigan, bu qisman faktlarga shahar makon-vaqtlarining umumiy nazariyasini qo‘shadigan va shu ishlanmadan tug‘iladigan yangi praksisni ochib beradigan nazariya — faqat shahar va shaharlik haqidagi keng qamrovli nazariyaning amaliy tatbiqi sifatidagina tasavvur qilinishi mumkin. Bunday nazariya hozirgi ajralishlar va bo‘linishlardan, ayniqsa falsafa bilan shahar haqidagi fanlar, global va qisman o‘rtasidagi tafovutlardan tashqariga chiqishi kerak. Hozirgi rejalashtirish loyihalari bu rivojlanish jarayonida o‘z o‘rnini topishi mumkin, ammo faqat ularning mafkuraviy va strategik oqibatlari og‘ishmas tanqid doirasida ko‘rib chiqilgandagina. Biz belgilay oladigan darajada, bizning obyektimiz — shaharlik (l’urbain) — bugungi tafakkurimizda hech qachon to‘liq namoyon bo‘la olmaydi. U boshqa har qanday obyektdan ko‘ra murakkabroq bo‘lib, amalda ham, imkoniyat sifatida ham yaxlitlik xususiyatiga ega. Tadqiqot jarayonida bu obyekt asta-sekin ochilib boradi va u asta-sekin o‘rganib tugatilishi yoki hech qachon to‘liq o‘rganib bo‘linmasligi mumkin. Bu obyektni tayyor va o‘zgarmas haqiqat deb qabul qilish — afsonalashtiruvchi mafkura bilan ish ko‘rish demakdir. Bilim bu obyektni anglash uchun ko‘plab usullarni qo‘llashi kerak, ammo ularning hech biriga biryoqlama bog‘lanib qolmasligi lozim. Tahliliy yondashuvlar imkon qadar bu (Lefevr shahar voqeligini tayyor, chegaralari aniq va to‘liq o‘rganib bo‘ladigan obyekt sifatida ko‘rmaydi: u ijtimoiy munosabatlar, jarayonlar va hali ro‘yobga chiqmagan imkoniyatlardan tarkib topadi — Tarj.) «narsa bo‘lmagan narsa»ning ichki bog‘lanishlariga mos ravishda shakllanishi kerak. Ularga qayta qurish urinishlari hamroh bo‘ladi, ammo bu qayta qurishlar hech qachon ro‘yobga chiqmaydi. Tavsiflar, tahlillar va sintezga urinishlar hech qachon tugallangan yoki yakuniy deb qabul qilinmaydi. Bu tushunchalarning barchasi, bu tushunchalar arsenali — shakl, tuzilma, funksiya, daraja, o‘lcham, bog‘liq va mustaqil o‘zgaruvchilar, o‘zaro bog‘lanishlar, yaxlitlik, majmua, tizim va boshqalar — o‘zaro harakatga kirishadi. Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi, ammo bu yerda yanada yaqqolroq, (qoldiq, fransuzcha résidu — Lefevr falsafasida mavjud tushunchalar, tasniflar va tizimlarga to‘liq sig‘maydigan jihatlar. Qoldiq ahamiyatsiz narsa emas: unda qarshilik ko‘rsatish, yangilik yaratish va hali ro‘yobga chiqmagan imkoniyatlar yashaydi — Tarj.) qoldiq (résidu) o‘zini eng qimmatli narsa sifatida namoyon qiladi. Shu tariqa yaratilgan har bir «obyekt» o‘z navbatida tanqidiy tekshiruvdan o‘tadi. Imkoniyatlar doirasida bu tajriba orqali tekshiriladi. Shahar haqidagi fan o‘zini shakllantirishi va ijtimoiy amaliyotga yo‘nalish berishi uchun muayyan tarixiy davrga muhtoj.

Bu fan zarur, ammo yetarli emas. Biz bir vaqtning o‘zida uning chegaralarini ham, zarurligini ham anglay olamiz. Rejalashtirish tafakkuri o‘zaro aloqalari va ziddiyatlari orqali ichki murakkab tartibga, o‘z iyerarxiyasi va moslashuvchan tuzilmasiga ega shahar yaxlitligini qayta tiklaydigan yoki yangidan barpo etadigan, aniq bir joyga bog‘langan, o‘ziga xos xususiyatlarga ega va markazlashgan ijtimoiy birliklarni yaratishni taklif qiladi. Aniqroq aytganda, sotsiologik tafakkur (birlashtiruvchi imkoniyatlar, ya’ni integratsiya — turli odamlar, faoliyatlar va ijtimoiy guruhlarning shahar hayotida birlashish imkoniyati. Biroq Lefevr «integratsiya» va «ishtirok» tushunchalariga tanqidiy qaraydi: ular nomi ostida mavjud tengsizliklar va ajralishlar davom etishi, ular mavjud tartibga moslashtirish vositasiga aylanishi mumkin. Haqiqiy ishtirok uning qarashlarida o‘zini o‘zi boshqarish bilan chambarchas bog‘liq — Tarj.) shaharlikning birlashtiruvchi imkoniyatlarini, shuningdek, amaliy ishtirok etish sharoitlarini tushunishga va qayta tiklashga intiladi. Nega endi bunday bo‘lmasin? Ammo faqat bir shart bilan: bu parchalangan va shu sababli qisman bo‘lgan urinishlarni tanqiddan, amaliy baholashdan va umumiy muammolarni hisobga olishdan aslo himoya qilmaslik kerak.

Demak, bilim modellarni yaratishi va taklif qilishi mumkin. Shu ma’noda har bir obyekt shahar voqeligining bir modeli, xolos. Biroq bunday voqelik hech qachon boshqariladigan oddiy bir «narsa»ga aylanmaydi va hatto eng amaliy bilim uchun ham shunchaki vosita bo‘lib qolmaydi. Kim shahar yana avvalgidek bo‘lishini — murakkab tafakkurning harakati va asari (oeuvre)ga aylanishini — istamaydi? Ammo u istak va intilishlar darajasida qolib ketolmaydi, shahar strategiyasi esa hali aniqlanmagan. Shahar strategiyasi mavjud strategiyalarni va to‘plangan bilimlarni, jumladan, o‘sishni rejalashtirish va rivojlanishni nazorat qilishga moyil bo‘lgan shahar fanini hisobga olmasdan shakllana olmaydi. Kim «strategiyalar» haqida gapirsa, e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan (strategik va taktik o‘zgaruvchilar — shaharni o‘zgartirish jarayonida turli omillarning ahamiyati bir xil emas: strategik omillar umumiy yo‘nalishni belgilaydi, taktik omillar esa muayyan vaziyat va harakatlarga taalluqli bo‘ladi — Tarj.) «o‘zgaruvchilar» iyerarxiyasini ham tan oladi. Ularning ayrimlari strategik ahamiyatga ega, boshqalari esa taktik darajada qoladi. Shuningdek, bu strategiyalarni amalda ro‘yobga chiqarish kuchi haqida ham gapirishga to‘g‘ri keladi. Shahar muammolarining yechimini faqat inqilobiy tashabbusga qodir guruhlar, ijtimoiy sinflar va sinflarning ayrim qatlamlarigina o‘z qo‘liga olib, amalda ro‘yobga chiqara oladi. Aynan shu ijtimoiy va siyosiy kuchlar orqali yangilangan shahar asar (oeuvre)ga aylanadi. Birinchi navbatda hozir hukmron bo‘lgan strategiyalar va mafkuralarni yengish kerak. Bugungi jamiyatda turli guruhlar va strategiyalarning ko‘pligi (masalan, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi) vaziyatni o‘zgartirmaydi. Yerga egalik masalalaridan tortib, ajratib qo‘yish — (segregatsiya — ijtimoiy guruhlarning shahar makonida ajratilishi yoki chetlashtirilishi; u turarjoy, daromad, xizmatlardan foydalanish va siyosiy imkoniyatlar bo‘yicha tengsizliklar bilan bog‘liq — Tarj.) segregatsiya — muammolarigacha, shaharni isloh qilishga qaratilgan har bir loyiha jamiyatning tuzilmalarini, bevosita (individual) va kundalik munosabatlarini, shuningdek, shahar voqeligidan qolgan qismlarga majburlovchi va institutsional vositalar orqali singdirilayotgan munosabatlarni ham shubha ostiga qo‘yadi. O‘z-o‘zicha islohotchi bo‘lsa-da, shaharni yangilash strategiyasi «muqarrar ravishda» inqilobiy tus oladi — vaziyat taqozosi bilan emas, balki o‘rnatilgan tartibga qarshi bo‘lgani uchun. Shahar haqidagi fanga tayangan shahar strategiyasi samarali bo‘lishi uchun ijtimoiy tayanch va siyosiy kuchlarga muhtoj. U o‘z-o‘zidan harakat qila olmaydi. U (ishchilar sinfi Lefevrning marksistik tahlilida shaharni o‘zgartirishning hal qiluvchi siyosiy kuchi. Biroq muallif ishchilar sinfi shahar jamiyatini yolg‘iz o‘zi yaratadi demaydi; uning fikricha, bu sinfsiz shahar jamiyatini qurish mumkin emas — Tarj.) ishchilar sinfining mavjudligi va harakatiga tayanishi kerak. Chunki faqat shu sinf asosan o‘ziga qarshi qaratilgan segregatsiyani tugatishga qodir. Faqat shu sinf, sinf sifatida, segregatsiya strategiyasi vayron qilgan va endi qaror qabul qilish markazlarining tahdidli shaklida qayta paydo bo‘lgan (markaziylik — Lefevr uchun shunchaki shaharning geografik markazi emas, balki uchrashuvlar, ijtimoiy aloqalar va jamoaviy hayot jamlanadigan makon. U ikki xil markaziylikni qarama-qarshi qo‘yadi: odamlarning uchrashuvi va birgalikdagi hayotiga xizmat qiladigan markaziylik hamda hokimiyat egallab olgan, qaror qabul qilish markazlari shaklidagi markaziylik. Ishchilar sinfining vazifasi ikkinchisini takrorlash emas, balki birinchisini tiklashdir — Tarj.) markaziylikni tiklashga hal qiluvchi hissa qo‘sha oladi. Bu, ishchilar sinfi shahar jamiyatini yolg‘iz o‘zi yaratadi degani emas, ammo usiz hech narsa mumkin emas. Busiz integratsiya hech qanday ma’noga ega bo‘lmaydi, parchalanish esa sog‘inch va integratsiya niqobi ostida davom etaveradi. Bu yerda nafaqat tanlov, balki ochiladigan yoki yopiladigan ufq bor. Ishchilar sinfi sukut saqlasa, harakatsiz qolsa va nazariya uning «tarixiy vazifasi» deb belgilagan ishni bajara olmasa, unda «subyekt» ham, «obyekt» ham yo‘q bo‘ladi. Tafakkur ularning yo‘qligini tasdiqlaydi. Demak, ikki turdagi takliflarni ko‘rib chiqish o‘rinlidir.

1. Shahar islohotining siyosiy dasturi. Bu dastur mavjud jamiyat doirasi va imkoniyatlari bilan belgilanmaydi va («realizm» — bu yerda siyosiy pragmatizm, ya’ni mavjud sharoitda amalga oshirish mumkin deb hisoblangan narsalar bilangina cheklanish talabi. Lefevr ilmiy tahlilni rad etmaydi, ammo siyosiy dasturni mavjud tartibning imkoniyatlariga bo‘ysundirishga qarshi chiqadi — Tarj.) «realizm»ga bo‘ysundirilmaydi, garchi voqelikni o‘rganishga asoslansa ham. Boshqacha aytganda, bu ma’noda tushunilgan islohot oddiy islohotchilik bilan cheklanmaydi. Shuning uchun ham bu dastur o‘ziga xos, hatto paradoksal xususiyatga ega bo‘ladi. U siyosiy kuchlar va partiyalarga taklif etish uchun ishlab chiqiladi. Hatto uni, avvalo, «so‘l» partiyalarga, ishchilar sinfini ifodalovchi yoki uning vakili bo‘lishga intiluvchi siyosiy tashkilotlarga taqdim etish kerakligini ham aytish mumkin. Biroq dastur bu kuchlar va tashkilotlarning manfaatlariga qarab tuzilmaydi. U bilimdan, ilmiy yondashuvdan kelib chiqadigan o‘ziga xos mazmunga ega bo‘ladi. Dastur uni o‘z zimmasiga olganlar tomonidan taklif etiladi va uni o‘zgartirish ham mumkin. Siyosiy kuchlar o‘z mas’uliyatini zimmasiga olsin. Aynan shu sohada zamonaviy jamiyatning kelajagi ham, ishlab chiqaruvchilarning kelajagi ham hal bo‘ladi. Buni bilmaslik yoki noto‘g‘ri tushunish tarix oldida javobgarlikka sabab bo‘ladi.

2. (yetuk rejalashtirish loyihalari — faqat texnik qurilish chizmalari emas, balki shahar makoni, vaqt tartibi va kundalik hayotning yangi shakllarini taklif etadigan loyihalar — Tarj.) Yetuk rejalashtirish loyihalari. Bular makon shakllari va shahar hayotining vaqt tartiblarini aks ettiruvchi modellardan iborat bo‘ladi. Bunday loyihalar hozir ularni amalga oshirish mumkinmi-yo‘qmi yoki ular qanchalik utopik ekaniga qarab cheklanmasligi kerak. Mavjud shaharlar va shahar tipologiyalarini oddiy o‘rganish yoki ularning ayrim unsurlarini birlashtirish orqali bunday modellarni yaratib bo‘lmaydi. Aksincha, tajribaga zid ravishda, makon va vaqtning yangi shakllarini o‘ylab topish va ularni praksisga taklif etish kerak. Tasavvur ishga solinsin! Ammo bu qochish va voqelikdan yuz o‘girishga xizmat qiladigan, mafkuralarni tashuvchi tasavvur emas. Gap vaqt, makon, jismoniy hayot va istaklarni (o‘zlashtirish, fransuzcha appropriation — insonlarning makon va vaqtni o‘z ehtiyojlari, ijodiy faoliyati va kundalik hayoti orqali o‘ziniki qilishi. Bu huquqiy mulkchilik yoki xususiylashtirish bilan bir xil emas — Tarj.) o‘zlashtirish (appropriation) jarayonida namoyon bo‘ladigan ijodiy tasavvur haqida bormoqda. Nega («abadiy shahar» iborasi Rimga ham ishora qiladi. Lefevr doimiy, barqaror shahar modeliga vaqtinchalik va o‘zgaruvchan shahar shakllarini qarama-qarshi qo‘yadi. Keyingi boblarda u vaqtinchalik shaharga misol sifatida 1967-yildagi Monreal Butunjahon ko‘rgazmasini keltiradi — Tarj.) abadiy shaharga o‘tkinchi shaharlarni, barqaror markazlarga harakatchan markaziylikni qarama-qarshi qo‘ymaslik kerak? Har qanday dadil g‘oyaga yo‘l ochiq. Nega bunday takliflarni faqat vaqt va makonning tashqi shakllari bilan cheklash kerak? Ular shaharda yashash tarzini, shaharlikning rivojlanishini ham qamrab olishi mumkin.

Bu ikki turkum doirasida uzoq, o‘rta va qisqa muddatli takliflar ham ishlab chiqiladi. Ular birgalikda shu ma’noda tushunilgan shahar strategiyasini tashkil etadi.

Biz yashayotgan jamiyat to‘kinlikka, hech bo‘lmaganda mo‘l-ko‘llikka intilayotgandek ko‘rinadi. Bu uzoq xizmat qiladigan mahsulotlar va buyumlar, miqdor, ehtiyojlarni qondirish hamda oqilona tashkil etish orqali namoyon bo‘ladi. Aslida esa bu jamiyat ulkan jarlik qazilishiga yo‘l qo‘yadi. Bu jarlik ichida mafkuralar tinimsiz harakat qiladi, balandparvoz gaplar esa tumandek yoyiladi. Spekulyatsiya va mushohadani, to‘liq bo‘lmagan bilim va parcha-parcha bo‘linishlarni ortda qoldirgach, faol tafakkur o‘z oldiga qo‘yishi mumkin bo‘lgan eng ulkan vazifalardan biri — shu bo‘shliqni to‘ldirishdir, va faqat so‘zlar bilan emas.

Mafkurachilar tuzilmalar haqida tinimsiz gapirayotgan bir davrda shaharning (tuzilmasizlanish — bu yerda strukturalizmga nisbatan kinoya bor: mafkurachilar «tuzilmalar» haqida bahs yuritayotgan bir paytda shahar hayotining amaldagi tuzilmalari yemirilmoqda — Tarj.) tuzilmasizlanishi hodisalarning, ijtimoiy va madaniy parchalanishning naqadar chuqur ekanini namoyon qilmoqda. Yaxlit holda qaralganda, jamiyat o‘zining to‘liq emasligini ko‘rsatmoqda. Turli vositalar — majburlash, terror va mafkuraviy ishontirish — yordamida mustahkamlangan quyi tizimlar bilan tuzilmalar o‘rtasida bo‘shliqlar va uzilishlar mavjud. Bu bo‘shliqlar tasodifan paydo bo‘lmagan. Ular (mumkin bo‘lgan narsaning makonlari — mavjud ijtimoiy tuzilmalar orasidagi bo‘shliqlarda yashiringan, hali ro‘yobga chiqmagan o‘zgarish imkoniyatlari. Lefevr uchun bu bo‘shliqlar faqat inqiroz belgisi emas, balki yangi ijtimoiy munosabatlar paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylardir — Tarj.) mumkin bo‘lgan narsaning makonlaridir. Ularda imkoniyatning tarqoq va bir-biridan ajralgan unsurlari mavjud, ammo ularni birlashtira oladigan kuch yo‘q. Bundan tashqari, tuzilmalovchi harakatlar va ijtimoiy bo‘shliqning kuchi harakatni ham, bunday kuchning paydo bo‘lishini ham taqiqlashga intiladi. Mumkin bo‘lgan narsaning shart-sharoitlari faqat tub o‘zgarish — (radikal metamorfoza — mavjud tartibni qisman isloh qilish emas, balki ijtimoiy munosabatlar va shahar hayotining tubdan o‘zgarishi — Tarj.) radikal metamorfoza — jarayonidagina ro‘yobga chiqishi mumkin.

Bunday vaziyatda mafkura (ilmiylik, inglizcha scientificity — bilimning ilmiy asoslanganlik xususiyati. Lefevr ilm-fanning o‘zini emas, balki ilmiylikni mutlaq mezonga aylantirib, voqelikdagi yangi imkoniyatlarni cheklaydigan yondashuvni tanqid qiladi — Tarj.) «ilmiylik»ka mutlaq maqom berishga da’vo qiladi. Real voqelik bilan shug‘ullanuvchi fan esa uni bo‘laklarga ajratadi, qayta birlashtiradi va shu orqali uni mumkin bo‘lgan narsadan ajratib, unga eltuvchi yo‘lni to‘sib qo‘yadi. Bunday vaziyatda parcha fanlar ko‘rinishidagi ilm-fan faqat dasturiy ta’sir ko‘rsata oladi. U dasturga unsurlar olib kiradi. Agar bu unsurlar allaqachon yaxlitlikni tashkil etadi deb hisoblasak va dasturni aynan shu holicha amalga oshirishga urinsak, virtual obyektga go‘yo oldindan mavjud bo‘lgan texnik obyekt sifatida munosabatda bo‘lamiz. Natijada loyiha tanqidsiz amalga oshiriladi va shu tariqa texnokratlarning mafkurasi — loyihani real voqelikka ko‘chirish orqali o‘zini ro‘yobga chiqaradigan mafkura — yuzaga keladi. Siyosat zarur, ammo yetarli emas. U amalga oshirilish jarayonida o‘zgaradi. Shaharlikka (l’urbain) uzoq muddatli siyosiy tajriba davomida o‘zini baxshida eta oladigan ijtimoiy kuchgina shahar jamiyatiga oid dasturni ro‘yobga chiqarishni o‘z zimmasiga olishi mumkin. O‘z navbatida, shahar haqidagi fan bu istiqbolga nazariy va tanqidiy asos, ijobiy tayanch yaratadi. (dialektik aql — hodisalarni ularning ichki ziddiyatlari, o‘zgarishi va o‘zaro munosabatlari orqali anglash usuli. Bu yerda u utopiyani tanqidiy tekshirish va uni tayyor texnokratik loyihaga aylantirib yubormaslik vositasi sifatida ko‘riladi — Tarj.) Dialektik aql nazoratidagi utopiya go‘yoki ilmiy deb ko‘rsatiladigan uydirmalar va yo‘ldan ozgan tasavvurlardan himoya qiladi. Bundan tashqari, ana shu asos va tayanch tafakkurning sof siyosat ichida yo‘qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu yerda dialektik harakat fan bilan siyosiy hokimiyat o‘rtasidagi munosabat sifatida, «nazariya–amaliyot» va «tanqidiy–ijobiy–salbiy» munosabatlarini ro‘yobga chiqaradigan muloqot sifatida namoyon bo‘ladi.

Ilm-fan kabi zarur, ammo yetarli bo‘lmagan san’at shahar jamiyatini ro‘yobga chiqarishga hayotni drama va zavq sifatida uzoq vaqt davomida mushohada qilish tajribasini olib kiradi. Bundan tashqari, ayniqsa, san’at asar (oeuvre) tushunchasining mazmunini qayta tiklaydi, unga o‘zlashtirilgan (appropriation) vaqt va makonning ko‘p qirrali xususiyatlarini qaytaradi. Bunday vaqt va makon passiv itoatkorlik bilan boshdan kechirilmaydi yoki qabul qilinmaydi, balki asarga aylantiriladi. Musiqa vaqtni o‘zlashtirish qanday kechishini, rassomlik va haykaltaroshlik esa makonni o‘zlashtirishni namoyon etadi. Fanlar qisman determinizmlarni aniqlasa, san’at va falsafa ana shu qisman determinizmlardan qanday qilib yaxlitlik o‘sib chiqishini ko‘rsatadi. Shahar jamiyatini yaratishga qodir ijtimoiy kuch san’at, texnika va bilimning birligini samarali va ta’sirchan qilishi kerak. Shahar haqidagi fan kabi, san’at va san’at tarixi ham shaharlikni e’lon qiluvchi obrazlarni samarali qilmoqchi bo‘lgan mushohadaning bir qismidir. Ana shu qarama-qarshilikni yengib o‘tish orqali harakatga intiluvchi bunday mushohada bir vaqtning o‘zida ham utopik, ham realistik bo‘ladi. Hatto shuni aytish mumkinki, utopizmning eng yuqori darajasi realizmning eng maqbul darajasi bilan birlashishi mumkin.

Bizning davrimizga xos ziddiyatlar orasida jamiyat voqeliklari bilan tamaddun faktlari o‘rtasidagi ziddiyatlar ham bor. Ularni hal qilish ayniqsa qiyin. Bir tomondan, genotsid, boshqa tomondan esa bolani qutqarib qolish yoki insonning azob-uqubatini uzaytirish imkonini beradigan tibbiy va boshqa aralashuvlar mavjud. Eng so‘nggi, ammo ahamiyati kam bo‘lmagan ziddiyatlardan biri — (bir tomondan, odamlar va faoliyatlarning o‘zaro bog‘liqligi kuchayadi; boshqa tomondan, jamiyat turli guruhlarga ajratilib, ularning shahar hayotidagi ishtiroki cheklanadi — Tarj.) jamiyatning ijtimoiylashuvi bilan umumiy segregatsiya o‘rtasidagi ziddiyat — shu asarda ko‘rsatib berildi. Boshqa ziddiyatlar ham ko‘p. Masalan, «inqilobiy» yorlig‘i bilan eskirgan (ishlab chiqarishparast ratsionalizm — jamiyat taraqqiyotini, avvalo, ishlab chiqarishning o‘sishi, samaradorlik va texnik tashkil etish bilan o‘lchaydigan yondashuv. Lefevr bunday qarash «inqilobiy» deb atalgan siyosiy loyihalarda ham saqlanib qolganini tanqid qiladi — Tarj.) ishlab chiqarishparast ratsionalizmga sodiqlik o‘rtasidagi ziddiyat. Ommaviy bosim ostida ijtimoiy kuchlar markazida turgan shaxs o‘zini namoyon qiladi va o‘lmaydi. Huquqlar paydo bo‘ladi va odatga yoki ko‘rsatmalarga aylanadi. Odatda ularga qonunlar orqali mustahkam maqom beriladi. Endi biz bilamizki, ulkan vayronagarchiliklar, jahon urushlari va yadroviy tahdidlar dahshati orqali bu aniq huquqlar inqilobiy davrlarning boshida (1789-yildagi Fransiya Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasiga hamda Fransiya Respublikasining jamoat binolari peshtoqida yozilgan «Erkinlik, tenglik, birodarlik» shioriga ishora. Lefevr mavhum e’lon qilingan huquqlar bilan ijtimoiy kurash orqali qo‘lga kiritilgan aniq huquqlar o‘rtasidagi farqni ko‘rsatadi — Tarj.) binolar peshtoqiga demokratiya nomidan yozib qo‘yilgan inson va fuqaroning mavhum huquqlarini to‘ldirish uchun yuzaga kelgan. Bular turli yosh va jins vakillarining (ayollar, bolalar va keksalarning), turli ijtimoiy mavqedagi insonlarning (proletarlar va dehqonlarning) huquqlari, shuningdek, kasbiy tayyorgarlik va ta’lim olish, mehnat qilish, madaniyatdan bahramand bo‘lish, dam olish, sog‘liqni saqlash va turarjoyga ega bo‘lish huquqlaridir. Ishchilar sinfining bosimi bu huquqlarning tan olinishi, urf-odatlarga singishi va hali ham to‘liq bo‘lmagan qonunlar majmuasiga kiritilishi uchun zarur bo‘lgan va hozir ham zarur, ammo uning o‘zi yetarli emas.

So‘nggi bir necha yil ichida, g‘alati bir tarzda, (tabiatga bo‘lgan huquq — sanoatlashgan shahar hayotidagi shovqin, charchoq va zichlikdan qochish, tabiat bilan aloqa qilish istagidan kelib chiqadigan talab. Lefevr tabiatning o‘zini emas, balki bu talabning dam olish sanoati tomonidan o‘zlashtirilishini, ya’ni tabiatning sotiladigan tovarga aylanishini tanqid qiladi — Tarj.) tabiatga bo‘lgan huquq ijtimoiy amaliyotga kirib keldi. Bunga bo‘sh vaqt va dam olish sanoati sabab bo‘ldi. Bu huquq shovqin-suron, charchoq va shaharlarning («konslager olami», fransuzcha l’univers concentrationnaire — fransuz yozuvchisi David Russe 1946-yilda natsistlar konslagerlari tizimini tasvirlash uchun qo‘llagan ibora. Lefevr bu keskin obrazni zamonaviy shaharning total tashkil etilgan, insonni siquvchi hayotiga nisbatan qo‘llaydi; shahar tom ma’noda konslagerga tenglashtirilmaydi — Tarj.) konslagerga o‘xshash dunyosiga qarshi noroziliklar orqali o‘z yo‘lini topdi. Axir shaharlar chirib yoki «portlab», yoyilib bormoqda! Naqadar g‘alati yo‘l! Tabiat almashuv qiymati va tovarlar dunyosiga kirib kelmoqda, sotib olinadigan va sotiladigan tovarga aylanmoqda. Savdo predmetiga aylantirilgan va soxtalashtirilgan bu «tabiiylik» tijoratlashgan, sanoatlashtirilgan va muassasalar tomonidan tashkil etilgan dam olish faoliyati natijasida yo‘q qilinmoqda. «Tabiat» yoki uning o‘rnini bosadigan narsa, undan omon qolgan qoldiqlar bilan birga, (hordiq chiqarish gettosi — dam olish uchun maxsus ajratilgan va tijoratlashtirilgan makon. U tabiat bilan erkin munosabatni tiklash o‘rniga, uni kundalik hayotdan ajratilgan iste’mol faoliyatiga aylantiradi — Tarj.) hordiq chiqarish gettosiga, zavqlanish va «ijodkorlik» panoh topadigan alohida joyga aylanmoqda. Shahar aholisi qayerga bormasin, shaharlikni (l’urbain) o‘zi bilan olib yuradi, hatto shaharsozlik rejalarini olib bormasa ham! Shahar aholisi tomonidan mustamlakaga aylantirilgan qishloq o‘zining avvalgi sifatlarini, o‘ziga xos belgilarini va dehqon hayotining jozibasini yo‘qotdi. Shaharlik qishloqni vayron qilmoqda: shaharlashgan qishloq mulkidan mahrum etilgan qishloqlikka qarama-qarshi turadi — bu (Lefevr uch tushunchani farqlaydi: yashovchi — makonda hayot kechiradigan inson; habitat — turarjoy va yashashning moddiy sharoitlari; habiter — makonni o‘zlashtirish, unda munosabatlar yaratish va hayotni faol boshdan kechirish. Shuning uchun turarjoyga ega bo‘lish hali chinakam yashash degani emas — Tarj.) yashovchi, yashash joyi (habitat) va yashash (habiter) chuqur qashshoqligining eng chekka holatidir. Tabiatga va qishloqqa bo‘lgan huquqlar o‘z-o‘zini yo‘q qilmayaptimi?

Ana shu soxta huquq qarshisida shaharga huquq («hayqiriq» mavjud shahar hayotidagi begonalashuv va qashshoqlikka qarshi norozilikni, «talab» esa shaharni o‘zgartirish va uning hayotida faol ishtirok etish istagini ifodalaydi — Tarj.) hayqiriq va talab sifatida yangraydi. Bu huquq sog‘inch va turizmning kutilmagan aylanma yo‘llari, an’anaviy shaharning yuragiga qaytish, mavjud yoki yaqinda shakllangan markaziyliklarga intilish orqali asta-sekin o‘z yo‘lini topmoqda. Tabiatga intilish va undan zavqlanish istagi shaharga huquqni siqib chiqarmoqda. Bu talab bilvosita namoyon bo‘ladi: yemirilgan va yangilanmagan shahardan qochish, nihoyat, «haqiqiy» hayot kechirish uchun begonalashgan shahar hayotini ortda qoldirish istagi orqali. Tabiatga bo‘lgan ehtiyoj va «huquq» shaharga huquqqa zid keladi, ammo undan qochib qutula olmaydi. (Bu, albatta, keng «tabiiy» makonlarni saqlash zarur emas degani emas.)

Shaharga huquqni shaharga shunchaki tashrif buyurish yoki an’anaviy shaharlarga qaytish huquqi sifatida tushunib bo‘lmaydi. Uni faqat o‘zgargan va yangilangan shahar hayotiga bo‘lgan huquq sifatida ifodalash mumkin. Shahar to‘qimasi qishloq hududlarini va dehqon hayotidan qolgan unsurlarni o‘z ichiga oladimi-yo‘qmi, buning ahamiyati yo‘q. Muhimi, shaharlik (l’urbain) — uchrashuv makoni, iste’mol qiymatining ustuvorligi, vaqtning oliy ne’mat darajasiga ko‘tarilib, makonga yozilishi — o‘zining (morfologik asos — shahar hayotining moddiy va makoniy shakllari: ko‘chalar, maydonlar, binolar, markazlar. Shaharga huquq mavhum g‘oya bo‘lib qolmasligi, real makonda ham ro‘yobga chiqishi kerak — Tarj.) morfologik asosiga va amaliy-moddiy ro‘yobiga ega bo‘lishidir. Buning uchun shahar va shahar jamiyatining yaxlit nazariyasi zarur. Bu nazariya ilm-fan va san’at imkoniyatlaridan foydalanishi kerak. Faqat ishchilar sinfigina bu ro‘yobning agenti, ijtimoiy tashuvchisi yoki tayanchi bo‘la oladi. Bu yerda ham, («yuz yil avval» iborasini 1871-yildagi Parij kommunasiga ishora sifatida o‘qish mumkin. Kommunada ishchilar va boshqa shahar aholisi siyosiy hokimiyatni qo‘lga olishga uringan. Bu Lefevrning Parijni qayta qurish, ishchilarni markazdan siqib chiqarish va markaziylik uchun kurash haqidagi tahlili bilan bog‘liq — Tarj.) yuz yil avvalgidek, u o‘zining mavjudligi bilan o‘ziga qarshi qaratilgan sinfiy strategiyani inkor etadi va unga qarshi chiqadi. Yangi sharoitlarda u bevosita va yuzaki manfaatlardan yuqori ko‘tarilib, butun jamiyatning, eng avvalo, shu jamiyatda yashovchilarning manfaatlarini birlashtiradi. Kim yangi burjua aristokratiyasining (Olimp xudolariga kinoyali ishora. Lefevr hukmron qatlamlarning kundalik hayotdan ajralgan, imtiyozli makonlar o‘rtasida harakatlanadigan turmushini oddiy shahar aholisining hayotiga qarama-qarshi qo‘yadi — Tarj.) olimpsimon vakillari endi hech qayerda chinakam yashamayotganini (habiter) inkor eta oladi? Ular hashamatli mehmonxonadan boshqasiga, qasrdan qasrga ko‘chib yuradi, yaxtadan turib flotga yoki mamlakatga buyruq beradi. Ular hamma joyda va hech qayerda. Kundalik hayot ichiga sho‘ng‘igan odamlarni aynan shu tarzda hayratga soladi. Ular kundalik hayotdan yuqoriga ko‘tarilib, tabiatga egalik qiladi, madaniyatni uydirishni esa politsiyachilarga qoldiradi. Yoshlar, talabalar va ziyolilarning ahvolidan tashqari, (oq yoqalilar — idora xodimlari, ma’muriy va boshqa ofis mehnati bilan shug‘ullanuvchilar; «oq yoqali yoki yoqasiz» iborasi jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchilarni ham qamrab oladi — Tarj.) oq yoqali yoki yoqasiz ishchilar qo‘shinlari, viloyatlardan kelgan odamlar, turli toifadagi mustamlakaga aylantirilgan va yarim mustamlaka holatidagi kishilar, yaxshi tashkil etilgan kundalik hayotga chidashga majbur bo‘lganlar, shahar chekkasida yashovchilar, eski shaharlarning chirib borayotgan markazlarida va ulardan narida yo‘qolib ketgan, tartibsiz o‘sib chiqqan mavzelarda yashovchilarning arzimas va fojiasiz qashshoqligini batafsil tasvirlash shartmi? Buni tushunish uchun ko‘zni ochishning o‘zi kifoya: uyidan vokzalga, yaqin yoki uzoq masofaga, odam bilan liq to‘lgan metroga, idora yoki fabrikaga shoshilayotgan, kechqurun esa ertangi kunga kuch yig‘ish va keyingi kuni yana shu hayotni boshlash uchun aynan o‘sha yo‘ldan uyiga qaytayotgan insonning kundalik hayotiga qarash kerak. Bu (umumlashgan qashshoqlik faqat moddiy yetishmovchilik emas: u vaqt, makon, ijodiy faoliyat va kundalik hayotni boshqarish imkoniyatlarining cheklanishini ham anglatadi. «Qoniqishlar» esa iste’mol jamiyati taklif qiladigan, ana shu yetishmovchiliklarni yashiradigan zavq va qulayliklardir — Tarj.) umumlashgan qashshoqlik manzarasi uni yashirib turadigan va undan qochishga, undan xalos bo‘lishga xizmat qiladigan «qoniqishlar» manzarasisiz to‘liq bo‘lmaydi.

 

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About