Donate

Hayotning bozorlashuvi: postsovet Oʻzbekistonda ayollar mehnati misolida ijtimoiy takror ishlab chiqarish nazariyasi va patriarxat rejimlari

Tarjima va Tanqid01/09/26 16:5931

Tarjimon nomidan kirish so’zi

Agar tanish fermerdan: «Xotiningiz ishlaydimi?» deb soʻrasangiz, koʻpincha bitta javobni eshitasiz: «Yoʻq, uyda oʻtiribdi». Agar savolni boshqacharoq bersangiz: «Xoʻjalikda yordam beradimi?» — shu zahoti: «Ha, hammasi uning zimmasida», degan javobni olasiz. Bitta ayol: oʻsha chopiq, oʻsha mol-hol, avgust boʻyi qaynatib solingan oʻsha qirq banka murabbo… Birinchi javobda bu mehnat hisoblanmaydi, ikkinchisida esa — shunchaki «yordam».


Shu oʻrinda asosli eʼtiroz tugʻilishi tabiiy: ona hisob-kitob qilib ishlamaydi, kelin osh damlagani uchun soatbay haq olmaydi. Oilada pul uchun emas, mehr uchun mehnat qilinadi. Lombardozzi buni inkor etmaydi. Uning savoli boshqa: agar bu mehnat bepul bajarilsa, undan aslida kim tejab qolyapti? Oila oddiygina maosh bilan kun koʻra olmasada, baribir yashab ketyapti — chunki qishda oziq-ovqat bozordan sotib olinmaydi, yertoʻladan chiqariladi. Bogʻcha toʻqsoninchi yillardayoq yopilgan, demak, kimdir uyda qolishi shart edi. Mehnat zimmatga tushganda, bogʻchadan tejalgan oʻsha pul qayerga ketyapti? Baʼzida oilada mehnatga haq toʻlanmasligining sababi uning «muqaddasligi»da emas. Uni muqaddas deb atash shunchaki qulay, chunki shu bahona bilan haq toʻlamasa ham boʻladi.


Maqolaning asosiy xulosasi mana shu yerda tugʻiladi. Bizga oddiy narsa vaʼda qilingandi: ayollar bozorga chiqsin, pul topa boshlasin — shunda erkinroq boʻlishadi. Lombardozzi bu vaʼdani Oʻzbekistonning oʻttiz yillik bozor munosabatlariga oʻtish davri misolida tekshirib koʻradi va vaʼda oʻzini oqlamaganini taʼkidlaydi. Ayollar chiqdi — dalaga, zavodga, maktabga, Turkiyaga ishlashga ketdi. Ammo haq toʻlanadigan ish uy ishining oʻrnini bosgani yoʻq, aksincha, uning ustiga qoʻshildi.

Samarqand yaqinidagi qishloqda yashaydigan ingliz tili oʻqituvchisi dars beradi, ikki bola tarbiyalaydi, olti kishilik xonadonga qaraydi — va shunda ham oʻziga bitta kurtka olmoqchi boʻlsa, eridan pul soʻraydi. Konserva zavodidagi ishchilarning sakson foizi ayollar, biroq ularning maoshi erkaklarnikidan uchdan bir qismga kam. Maosh paydo boʻldi, lekin erkinlik paydo boʻlmadi. Uy ishi bir yelkadan boshqasiga oʻtgan boʻlsa, u erkaklarga emas, baribir kelinlarga oʻtdi.

Maqolaning xulosasi onalarga maosh toʻlash kerak degani emas. Bu shunchaki chin dildan qilingan mehr bilan oʻz-oʻzidan majburiyatga aylangan yumushlar orasidagi farq haqida. Qizigʻi shundaki, ikkalasi ham bitta oshxonada, bir juft qoʻl bilan bajarilganda, bu farqni ilgʻarash juda qiyin. Oʻqib boʻlib, oʻylab koʻring: oilangizda kim kun boʻyi nima qilganini tushuntirishga, oqlashga majbur-u, kimning mashgʻuloti soʻroqsiz tushunarli deb qabul qilinadi? Tasavvur qiling-a, ertaga mahallangizda bolalar bogʻchasi ochilib, qatnov avtobuslari ishga tushsa — uy yumushlarining taqsimoti oʻzgararmikin? Va nima oʻylaysiz, bu aslida muqaddas anʼanami yoki oddiygina byudjet masalasi?

Tarjimon: Nozima Olimova

Asl manba: Lombardozzi, L. (2022). The marketisation of life: entangling social reproduction theory and regimes of patriarchy through women’s work in post-Soviet Uzbekistan. Review of International Political Economy, 29(6), 1870–1893.

DOI: 10.1080/09692290.2021.1910063 https://doi.org/10.1080/09692290.2021.1910063

Содержание
  • Kirish
  • Agrar bozorlashuv, patriarxat va ijtimoiy takror ishlab chiqarish
  • Oʻzbekistondagi bozorlashuv jarayonida ayollar
  • Minnatdorchilik
  • Manfaatlar toʻqnashuvi
  • Muallif haqida
  • Adabiyotlar roʻyxati
Anzor Bukharsky (Salidjanov)
Anzor Bukharsky (Salidjanov)


Lorena Lombardozzi

Iqtisodiyot departamenti, Ochiq universitet (The Open University), Milton-Kins, Buyuk Britaniya


ANNOTATSIYA

Xalqaro siyosiy iqtisod (International Political Economy, IPE) sohasida neoliberal bozorlashuvning Global Janub ayollariga taʼsiri boʻyicha muhim ilmiy ishlar yaratilgan boʻlsa-da, uning takror ishlab chiqarish va norasmiy mehnat bilan bogʻliqligi, shuningdek, patriarxatning koʻp bosqichli koʻrinishlari bilan oʻzaro taʼsiri koʻpincha eʼtibordan chetda qoladi. Ushbu maqolada ijtimoiy takror ishlab chiqarish nazariyasi va gender rejimlarining xilma-xilligi haqidagi nazariyalarni birlashtiruvchi nazariy asos ishlab chiqiladi hamda Oʻzbekistonda davom etayotgan agrar bozorlashuv jarayonida ayollar bozor va nobozor bosimlari orasida qanday yoʻl topayotgani koʻrib chiqiladi. Oʻzbekistondagi oziq-ovqat ishlab chiqarish va takror ishlab chiqarishning gender amaliyotlarini tahlil qilishda maishiy va ommaviy patriarxat tushunchalarini qoʻllash orqali maqola ayollar mehnatini kundalik hayotda oila darajasida hamda davlat darajasida mulkdan mahrum qilish va ekspluatatsiya qilish shakllarini ochib beradi va nega bozorlashuv natijasida ayollarning mavqeyi yaxshilanmagani sabablarini oʻrganadi. Tadqiqot feminist IPEga ikki yoʻnalishda hissa qoʻshadi. Gender nazariyasining ikki tarmogʻini birlashtirish orqali u ayollar mehnatining institutsional hamda madaniy talqini bilan uning iqtisodiy “baholanishi” oʻrtasidagi bogʻliqlikni tadqiq etadi. Shu asosda maqola Global Janubda neoliberal taraqqiyot boshqaruvi taklif etayotgan siyosiy yechimlarning zaif tomonlarini koʻrib chiqadi.

Kalit soʻzlar: mehnat; ijtimoiy takror ishlab chiqarish nazariyasi; IPE; patriarxat; bozorlashuv; Oʻzbekiston.

Kirish

Feminist Xalqaro siyosiy iqtisod (IPE) adabiyotida neoliberal (kapitalistik) taraqqiyotning haq toʻlanadigan mehnat bilan band ayollarga koʻrsatgan ziddiyatli taʼsiri keng muammolashtirilgan (Elson, 2002; Elson & Pearson, 1981; Kabeer, 2003; Razavi, 2009). Ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish gʻoyasi qurilgan zaif asoslarni hamda shu bilan bogʻliq “gender mainstreaming” siyosatining cheklovlarini tahlil qilar ekan, ular bozorlashuv jarayonida ayollarning xalqaro mehnat taqsimotiga koʻproq jalb etilishi — yaʼni mehnatning feminizatsiyasi — natijasida yuzaga kelgan ekspluatatsiya qoliplarini ochib berdilar (Barrientos, 2019; Seguino, 2010; Standing, 1999). Hayotning bozorlashuvi ish haqi evaziga bandlikni tobora zaruriy ehtiyojga aylantirdi; biroq yaratilgan ish oʻrinlari va ish haqlari turlari keskin darajada genderlashgan va tengsiz boʻlib chiqdi (Cousins va boshq., 2018: 1064).

Hindiston (Agarwal, 2016; Mezzadri, 2016, 2019), Janubiy Afrika (Barrientos va boshq., 2016) hamda Global Janubning boshqa hududlari (Arslan, 2020; Kabeer, 2012; O’Laughlin, 2013; Seguino, 1997) boʻyicha oʻtkazilgan empirik tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, haq toʻlanadigan bandlik ayollarga koʻpincha barqaror daromad hamda pensiya va boshqa ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari orqali yuqoriroq ijtimoiy maqom bergan boʻlsa-da (Kabeer, 2012; Karshenas va boshq., 2014), yangi mehnat talabi natijasida ayollarning ishchi kuchiga integratsiyalashuvi ularning emansipatsiyasiga avtomatik ravishda olib kelmadi (Barrientos va boshq., 2016). Bu tadqiqotlar shuni aniq koʻrsatdiki, tarixiy voqealar, mahalliy sharoitlar, ijtimoiy normalar va ayollar oʻz mehnat ishtirokini muzokara qiladigan xonadon dinamikasining birikuvi bozorlashuv (yoki tovarlashuv) jarayonida birgalikda shakllanadigan xilma-xil natijalarni keltirib chiqaradi (Katz, 2001; Kabeer, 2013).

Biroq bu mualliflar gʻamxoʻrlik masalasiga toʻxtalgan boʻlsalar-da, ijtimoiy takror ishlab chiqarishning (social reproduction, SR) — yaʼni ishchi kuchini ishlab chiqarish jarayonlari (Ferguson va boshq., 2016; Kunz, 2010) hamda kapitalizm uchun qiymat ishlab chiqarish, yaʼni hayotni saqlab turish jarayonlari oʻrtasidagi munosabatlar va faoliyatlar majmuining — takror ishlab chiqarish mehnati modallari, patriarxal institutlar va normalarga nisbatan ahamiyati har doim ham oshkor qilinmaydi. Shu sababli ushbu maqola ijtimoiy takror ishlab chiqarish nazariyasi bilan patriarxatning turli gender rejimlari haqidagi nazariyalarni birlashtiruvchi nazariy asosni ishlab chiqadi. Bu asos tovar sifatidagi ishchi kuchining kundalik takror ishlab chiqarilishi va saqlanishini davom etayotgan ijtimoiy hamda tabiiy hayot bilan bogʻliq nobozor institutlari, munosabatlari, shakllari va jarayonlarining yaxlitligi ichida tushunishga xizmat qiladi.

Patriarxatni keng maʼnoda “erkaklar ayollar ustidan hukmronlik qiladigan, ularni ezadigan va ekspluatatsiya qiladigan ijtimoiy tuzilmalar va amaliyotlar tizimi” (Walby, 1990: 214) deb tushungan holda, men Oʻzbekistondagi oziq-ovqat ishlab chiqarish va takror ishlab chiqarishning gender amaliyotlarini tahlil qilish uchun maishiy patriarxat (domestic patriarchy) va ommaviy patriarxat (public patriarchy) tushunchalaridan foydalanaman hamda shu orqali ayollar mehnatini oila boshchiligidagi va davlat boshchiligidagi mulkdan mahrum qilish, ezish va ekspluatatsiya qilish shakllarini ochib beraman. Ayollar takror ishlab chiqarish mehnatini qanday, nima uchun va qanday patriarxal rejimlar ostida bajarishi koʻpincha tashqi berilgan omil sifatida qabul qilinadi va xalqaro, makro, mezo hamda mikro darajalarda ham mehnatni, ham hayotni belgilaydigan va tashkil etadigan organik tizimning qismi sifatida tushunilmaydi. Shu yoʻnalishda, kundalik hayotning IPEsiga murojaat qilgan holda, maqola Oʻzbekistonda davom etayotgan agrar bozorlashuv jarayonida ayollar bozor va nobozor bosimlari orasida qanday yoʻl topayotgani hamda ularga qanday qarshilik koʻrsatayotganini ham tadqiq etadi.

Oʻzbekistonda ayollar oziq-ovqatning asosiy ishlab chiqaruvchilari va uning mavjudligini taʼminlovchi asosiy hissadorlardir (Agarwal, 2016: 311), shu bilan birga ular rasmiy yoki norasmiy tarzda oziq-ovqat savdosida ham qatnashadilar. Men shuni taʼkidlaymanki, ayollar hamisha mulkdan mahrum qilib kelingan; ammo koʻp bosqichli va muayyan davrga xos patriarxal dinamika bilan shakllangan bozorlashuv jarayonlari bu mahrum qilishning modallarini oʻzgartirdi, va buni ijtimoiy takror ishlab chiqarish doirasi orqali yoritish mumkin. Xulosa oʻrnida, oziq-ovqatning tovar-bozor aylanmasidan tashqarida qanday ishlab chiqarilishi, isteʼmol qilinishi va taqsimlanishini gender nuqtai nazaridan muhokama qilar ekan, maqola bozorlashuv va ijtimoiy takror ishlab chiqarish oʻrtasida yuzaga keladigan tarangliklarni tushunish uchun foydali nigoh taklif etadi.

Maqola quyidagicha tuzilgan. Ikkinchi boʻlimda agrar bozorlashuv tahlilini genderlashtirish maqsadida patriarxat va ijtimoiy takror ishlab chiqarish boʻyicha adabiyot muhokama qilinadi. Uchinchi boʻlimda metodologiya bayon etiladi. Toʻrtinchi boʻlimda bozorlashuv jarayonida ayollarning mavqeyi koʻrib chiqiladi. Beshinchi boʻlimda Oʻzbekiston qishlogʻidagi unumli va takror ishlab chiqarish mehnatiga oid empirik dalillar tahlil qilinadi. Oltinchi boʻlim agrar bozorlashuv jarayonlarida ijtimoiy takror ishlab chiqarishning tarkibiy muammolarini hal etishda zamonaviy neoliberal boshqaruv taklif etayotgan siyosiy yechimlarning yetarli emasligini muhokama qilish bilan yakunlanadi.

Agrar bozorlashuv, patriarxat va ijtimoiy takror ishlab chiqarish

Bozorlashuv taraqqiyot tashkilotlari tomonidan iqtisodiy oʻsish va gender tengligiga erishish vositasi sifatida tavsiya etilgan boʻlsa-da (Duflo, 2012; WB, 2012), u koʻpincha ayollarning moddiy sharoitlari yomonlashuviga olib keldi. Darhaqiqat, bozorlashuv koʻpincha ijtimoiy takror ishlab chiqarish faoliyatining tobora tovarlashuviga mos keladi, bu esa ayollar zimmasiga vaqt va pul bosimini yuklaydi (Cousins va boshq., 2018). Bozorlashuv ijtimoiy takror ishlab chiqarish uchun zarur mehnat vaqtidan kapital jamgʻarish uchun qoʻshimcha mehnat vaqtiga oʻtishga — yaʼni mehnat-qiymat ustidan hukmronlik va uni oʻzlashtirishga asoslangan ishlab chiqarish usuliga tarkibiy oʻtishni belgilaydi (Bhattacharya, 2017). Qishloq joylarda bozorlashuv mehnatning ixtisoslashuvini, mehnat (Arun, 2012; Razavi, 2003, 2009) va tabiatning (yaʼni yer yoki oziq-ovqatning) tovarlashuvini hamda pullashuvni nazarda tutadi. Bunday jarayon yer va resurslar kabi tirikchilik vositalaridan foydalanish imkoniyatini oʻzgartiradi; bu esa mehnat vaqtini, binobarin, jamgʻarish va ekspluatatsiyaning gender dinamikasini shakllantiradi. Agrar oʻzgarish resurslarni jamgʻarish uchun kurashni nazarda tutadi; bu kurash xonadon ichidagi munosabatlarni yoki aktivlar taqsimotini xonadon boshligʻiga maʼqul kelmaydigan tarzda qayta tartiblashi va erkaklar bilan ayollarga turlicha taʼsir koʻrsatishi mumkin (Cousins va boshq., 2018; Kabeer, 2013; Razavi, 2009).

Biroq bozorlashuv gender mahrumligini yakka oʻzi yuzaga keltirmaydi. Davlat institutlari va mahalliylashgan ijtimoiy normalar ijtimoiy takror ishlab chiqarish aylanmalarini shakllantiruvchi ekspluatatsiya va ezish qoliplarini yuzaga keltirishga chuqur hissa qoʻshadi. Masalan, siyosiy rahbariyati va iqtisodiy hokimiyat ustidan nazorati erkaklar qoʻlida boʻlgan davlat ishlab chiqarish va takror ishlab chiqarish munosabatlari oʻzaro bogʻlanadigan (Pearson, 2014) hamda tashkil etiladigan patriarxal yondashuvni tartibga soladi: masalan, takror ishlab chiqarish mehnati qaysi sur’at va rejimlarda subsidiyalanishini (Kunz, 2010; LeBaron, 2010) yoki yer (qayta) xususiylashtirish va toʻsib olish natijasida qay tarzda individuallashtirilishini belgilaydi. Bundan tashqari, mulk bilan bogʻliq ijtimoiy siyosat va huquqiy tizimlar ayollarning ishlab chiqarish hamda takror ishlab chiqarish munosabatlaridagi oʻrniga taʼsir koʻrsatadi.

Ijtimoiy takror ishlab chiqarish nazariyasi kapitalistik ijtimoiy munosabatlarda (va u bilan bogʻliq jamgʻarish jarayonlarida) ham ayollar, ham erkaklar bajaradigan unumli, norasmiy va takror ishlab chiqarish mehnati munosabatlari oʻrtasidagi moddiy ekspluatatsiya mexanizmlarini hamda dialektik sinergiyani oshkor qilish afzalligiga ega. Ammo u, masalan, agrar oʻzgarish jarayonida ijtimoiy takror ishlab chiqarish natijalarini shakllantiruvchi, kontekst va davrga xos institutsional sohalar hamda tuzilmalarni — ham quyidan yuqoriga, ham yuqoridan quyiga — har doim ham yechib bera olmaydi. Aksincha, gender rejimlari nazariyalari patriarxatning koʻp shakllarini ochishga imkon beradi, chunki ular gender ezilishi qoliplarini birgalikda shakllantiradigan, kontekstga xos va erkaklar hukmronligiga asoslangan istisnoli institutsional tuzilmalar hamda normalarni tushunishga yordam beradi.

Shunga qaramay, ijtimoiy takror ishlab chiqarish nazariyasidan farqli oʻlaroq, gender rejimlari nazariyalari mehnat munosabatlaridagi ekspluatatsiya va tortib olishning yoxud kapital tomonidan oʻzlashtirishning moddiy omillarini har doim ham oshkor qilmaydi; bu esa unumli va takror ishlab chiqarish mehnati boʻylab qoʻshimcha qiymat yaratilishining iqtisodiylashuvidan kelib chiqadigan tengsizlikni yashiradi. Boshqacha aytganda, gender rejimlari nazariyalari kapitalizmning ijtimoiy takror ishlab chiqarilishi shakllantirgan teleologik natijalardan ogʻishlarni tekshiradi. Demak, bu ikki nazariy yoʻnalishning birikuvi hayotning bozorlashuvi davomida ayollar mehnatining yaxlit sifatidagi talqini ijtimoiy va iqtisodiy tengsizlikka qanday tayanishi hamda unga qanday hissa qoʻshishini yechish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu borada agrar bozorlashuv vazifalar va mukofotlar orqali gender ijtimoiy tabaqalanishini yuzaga keltiradi va boylikning jinslar boʻyicha qutblanishini shakllantiradi.

Men patriarxatning ikki shakli haqida mulohaza yuritaman. Birinchisi — maishiy patriarxat: ushbu kontekstda u uy ichida va mahalliy jamoada erkaklar tarafkashligi, ezish va kamsitish bilan tavsiflanadigan xonadon hamda mahalliy ijtimoiy munosabatlar tizimini izohlaydi. Ikkinchisi — ommaviy patriarxat: u davlatning tartibga soluvchi va ijtimoiy siyosati vositasida, shuningdek, bozor orqali amalga oshiriladigan institutsional oʻzlashtirish, nazorat va tortib olishning jamoaviy shakllarini aks ettiradi (Brown, 1981). Patriarxal davlat ommaviy patriarxat tizimini yuzaga keltiruvchi markaziy agent boʻlib, bu tizim faqat davlatning oʻzidan emas, balki bozor, nobozor va nodavlat subyektlari hamda institutlari majmuidan tashkil topadi.

“Maishiy [va ommaviy] gender rejimining turli [va kontekstga xos] shakllarini aniqlash ayniqsa Global Janubda muhim, chunki bu yerda genderga asoslangan istisno strategiyalari Global Shimolga qaraganda davlatning shakllanishi, kapitalistik taraqqiyot, fuqarolik jamiyati, madaniyat va dinga kuchliroq taʼsir koʻrsatadi” (Kocabicak, 2020: 1). Tarixan davlat oʻzining gender jihatidan neytral tartibga soluvchi hokimiyati orqali gender tengsizligi, mulkdan mahrum qilish va kamsitishning targʻibotchisi boʻlib kelgan (Naidu & Ossome, 2016; Walby, 1990); bu quyi darajalarga singib, oila ichida mehnatning patriarxal ekspluatatsiyasini saqlab qolishga xizmat qilgan (Kocabicak, 2020: 2). Shu sababli, ijtimoiy takror ishlab chiqarish ayollarni moddiy ekspluatatsiya qiluvchi oila kabi maishiy patriarxal sohalarga singdirilgan boʻlsa-da, mezo va makro darajalardagi ezish va boʻysundirishning turli bosqichli shakllari bilan bogʻliqlikni ham hisobga olish muhim. Bunday oʻzaro bogʻliqlik, Elson va Pearson taʼkidlaganidek (1981), ayollar mehnati va boʻysunishini maishiy hamda ommaviy patriarxatning koʻp shakllari orqali parchalaydigan, qayta yigʻadigan va kuchaytiradigan, davr va kontekstga xos natijalarni keltirib chiqaradi. Shu sababli, ayollarning xonadon ichidagi zaif muzokara mavqeyi hamda ommaviy va maishiy patriarxal normalar doirasida ularga oldindan biriktirilgan rollar birikuvi tufayli ayollar bozorda kam haq toʻlanadigan, norasmiy va mavsumiy ishlarga tushib qoladilar, kamroq kapital aktivga ega boʻladilar va koʻproq uy mehnatini zimmalariga oladilar.

Gender jihatidan tengsiz bu natijalar shuni koʻrsatadiki, dehqon xonadoni ishlab chiqarish va ayirboshlash manfaatlari muvofiqlashtirilgan hamda xonadon ichidagi mehnat taqsimoti teng boʻlgan bir jinsli institut emas (Harriss-White, 1990; Razavi, 2009), balki ijtimoiy takror ishlab chiqarishning qay tarzda — masalan, oziq-ovqat orqali — amalga oshirilishini koʻrinadigan qiladigan taranglik va ziddiyatlarning obyektidir. Bozorlashuv sharoitida oziq-ovqat ishlab chiqarish va takror ishlab chiqarishning agrar ijtimoiy munosabatlariga qaralganda, agrar siyosiy iqtisodchilar bu munosabatlarni “genderlashtirib” tushunish uchun foydali tahliliy tayanch nuqtalarini taklif etadilar. Bernstein tirikchilik uchun ishlab chiqarishni xonadon dehqonlari tomonidan ijtimoiy takror ishlab chiqarish uchun yetishtiriladigan oziq-ovqat ishlab chiqarish deb taʼriflaydi (2010: 3); bu taʼrif toʻliq boʻlmagan bozorlashuv sharoitida maishiy mehnatning maqsadi tovarga aylanmagan mahsulotni pirovard isteʼmol qilish ekanini taʼkidlaydi. Maishiy mehnat tovarlashmagan oziq-ovqatni oʻzining isteʼmol qiymati (use-value) uchun va shu qiymat orqali ishlab chiqaradi hamda isteʼmol qiladi, demak, u kapitalistik ekspluatatsiya va mahrum qilish mexanizmlaridan (yaʼni ayirboshlash qiymatidan) oʻtmaydi.

Bunday “produktivistik” doira qishloqda ijtimoiy takror ishlab chiqarishni saqlab turishda ayollar mehnatining hal qiluvchi rolini oshkor qilishga yordam berishi mumkin; ammo u uchta muhim nuqtani chetlab oʻtadi. Birinchidan, u tovarlashmagan mahsulot va xizmatlarni xonadonning qaysi aʼzosi ishlab chiqarishini hamda qaysi patriarxal institutlar bunga imkon berishini (yoki majbur qilishini) yashiradi. Ikkinchidan, u bunday takror ishlab chiqarish mehnati oʻz isteʼmolidan tashqarida ham qiymat yaratishini oshkor qilmaydi (Mezzadri, 2019); vaholanki, bu bozorlashuv jarayonida ayollar mehnatining siyosiy va iqtisodiy ahamiyatini tushunish uchun ijtimoiy takror ishlab chiqarish nazariyasining markaziy tahliliy nuqtasidir. Uchinchidan, u ayollar mehnatining rolini erkaklar va umuman jamiyat qanday tarafkash tarzda idrok etishini eʼtiborga olmaydi.

Bu tahliliy cheklovlarni qarshi olar ekan, feminist agrar siyosiy iqtisodchilar ijtimoiy takror ishlab chiqarishning operatsionallashtirilmaganini qoralaydilar. Ayollar qishloq iqtisodiyotida hal qiluvchi oʻrin tutadilar, chunki ovqat tayyorlash, bolalar va keksalar parvarishi hamda uy-joyni saqlash kabi takror ishlab chiqarish mehnatining aksariyati ularning zimmasiga tushadi (Cousins va boshq., 2018; Katz, 2001; Razavi, 2009). Shu bilan birga, ayollar xonadon ichida kichik tomorqa va chorva parvarishi, oʻtin va suv tashish, mayda savdo va norasmiy chakana savdo kabi bir qancha norasmiy, haq toʻlanmaydigan, ammo unumli vazifalarni ham bajaradilar (Naidu & Ossome, 2016; O’Laughlin, 2013). Ayollar mehnati xonadon ichida va kapitalistik tizim uchun ham moddiy oziq-ovqat ekinlari, ham nomoddiy xizmatlar shaklida ishlab chiqaradigan narsa oʻsha xizmat va tovarlarni isteʼmol qilish jarayonida amalga oshadigan isteʼmol qiymatiga hamda haq toʻlanadigan mehnat bilan band boʻlmaslikning muqobil qiymati (opportunity cost) bilan oʻlchanadigan mehnat-vaqt qiymatiga ega. Demak, ayollar mehnati qiymat yaratadi, ammo u bozorlashgan mehnat munosabatlaridan tashqarida bajarilgani uchun iqtisodiy va siyosiy jihatdan qadrsiz qoladi.

Agrar bozorlashuv jarayonlari ijtimoiy takror ishlab chiqarish sohalari bilan qanday oʻzaro taʼsirda boʻlishini baholashda gender iqtisodchilari unumli va takror ishlab chiqarish mehnatini — ancha tavsifiy tarzda (Stevano va boshq., 2019) — haq toʻlanmaydigan uy mehnati qachon, qancha vaqt va kim tomonidan bajarilishiga qarab taʼriflaydilar va tasniflaydilar. Odatda ajratiladigan izohlovchi oʻzgaruvchilar quyidagilar: (a) faoliyat bajariladigan joy: uy ichidami yoki tashqarisidami; (b) kim uchun yoki qanday maqsadda: oʻz isteʼmoli uchunmi, sotuv uchunmi yoki davlat uchunmi; © kim bilan: masalan, mehnat xonadon aʼzolari bilan birga bajariladimi; (d) faoliyat turi: haq toʻlanadiganmi, haq toʻlanmaydiganmi yoki ikkilamchimi (Hirway, 1999). Biroq agrar muhitda tirikchilik uchun bajariladigan tovarlashmagan qishloq mehnati bilan pulga ayirboshlanadigan mehnat koʻpincha bir-birini oʻzaro tashkil etadi va makon hamda vaqt jihatidan ajralmaydi; bu esa unumli va takror ishlab chiqarish mehnatining ikki qutbli tasnifini yanada muammoli qiladi va bizni ayollar bajaradigan mehnatning oqibatlarini, shu jumladan uning hayotning ijtimoiy-iqtisodiy yaxlitligi — yaʼni ijtimoiy takror ishlab chiqarish bilan munosabatini qayta talqin qilishga chorlaydi.

Haq toʻlanmaydigan uy mehnati nafaqat uning qiymat yaratishi moliyaviy taqdirlanmagani — yaʼni “shartli qiymati” bozorda sotib olinadigan va sotiladigan narxga bogʻlanmagani uchun qonuniylashtirilmaydi, balki ijtimoiy takror ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash uchun sarflangan vaqt uni bajaruvchilar uchun bepul boʻlmagani uchun ham qadrsizlanadi. Bu faoliyat tovarlashmagan vaqtdan keng foydalanishni nazarda tutadi; bu esa mehnat va gender boʻyicha empirik tadqiqotlarning standart tahlilini muammolashtiribgina qolmay, bozor qiymati (yaʼni narx-ish haqi) ichidagi, tashqarisidagi va oraligʻidagi mehnat shakllari haqida ancha nozik mulohazani talab qiladi. Darhaqiqat, bunday epistemologik kategoriyalar unumli va takror ishlab chiqarish mehnati jamiyatda qay tarzda tan olinishi (yoki olinmasligi)ga taʼsir qiladi va qoʻshimcha qiymatning xonadon ichida hamda tashqarisida qanday yaratilishi, ishlatilishi va tortib olinishini tushunishni chetlab oʻtadi. Shu sababli, oʻzgaruvchan norasmiy mehnat va uy mehnati bozorlashgan hamda bozorlashmagan mehnatni va tabiatni subsidiyalaydigan sharoitlarda ayollarning agrar ishlab chiqarishga qoʻshgan hissasi oshkor qilinmay qoladi, chunki uni bozorlashuv natijalarining birgalikdagi belgilovchisi sifatida tasniflash va qonuniylashtirish qiyinroq. Bunday soddalashtirilgan ontologik tasnif kapitalistik jamgʻarish qoliplari bilan ijtimoiy takror ishlab chiqarish sohalari oʻrtasidagi ikkilikni chetlab oʻtish uchun yengib oʻtilishi lozim (Cousins va boshq., 2018; Mezzadri, 2019). Empirik asoslangan tahlil orqali biz ayollar mehnatini nafaqat xonadonning, balki umuman kapitalistik ishlab chiqarish usulining ijtimoiy takror ishlab chiqarilishini birgalikda tashkil etuvchi (va ekspluatatsiyasi shu bilan belgilanadigan) omil sifatida tan olishni kuchaytirishimiz kerak (Mies, 1986; Munro, 2019). Hozirgacha agrar bozorlashuv tahlillari oziq-ovqat va mehnatning jamgʻarish manbayi sifatidagi tovarlashuv jarayonlari bilan bu jarayonlar ayollarning haq toʻlanmaydigan (tovarlashmagan), unumli, norasmiy va takror ishlab chiqarish mehnati majmuini qanday qayta shakllantirishi oʻrtasidagi bogʻliqlikni kamdan kam hollarda oshkor qilgan (Razavi, 2009: 198). Vaholanki, aynan shu ijtimoiy munosabatlar orqali gender ezilishini baholash mumkin, chunki ular takror ishlab chiqarish mehnati mas’uliyatining nomutanosibligini hamda ijtimoiy takror ishlab chiqarish saqlab turiladigan patriarxal ezish shakllarini koʻrsatib beradi.

Ushbu maqola bu darajalarni birlashtiradi va ularni ijtimoiy yaxlitlik sifatida tahlil qiladi. Ijtimoiy takror ishlab chiqarishning qayta shakllanishi postsovet oʻtish davri kontekstida yetarlicha oʻrganilmagan; shu sababli oziq-ovqat kundalik agrar oʻzgarishda ijtimoiy takror ishlab chiqarishning murakkabligini tushunishga imkon beradi. Xususan, Oʻzbekiston misoli oziq-ovqat bilan bogʻliq takror ishlab chiqarish va unumli mehnat orqali shakllanadigan ijtimoiy takror ishlab chiqarishning murakkabligini hamda uning natijalari ommaviy va maishiy patriarxat tomonidan qanday qoliplashtirilishini yoritishga yordam beradi. ## Metodologiya

Oʻzbekiston boʻyicha ikkilamchi maʼlumotlar tanqisligi sababli men sifat va miqdor xarakteridagi birlamchi maʼlumotlarni oʻzim toʻpladim. Dala tadqiqotim 2015-yilning avgust–dekabr oylarida Samarqand viloyatida oʻtdi; 2018-yilning kuzida Toshkentda bir qator manfaatdor tomonlar bilan qoʻshimcha suhbatlar oʻtkazildi. Samarqandda men tabaqalashtirilgan tanlanma asosida fermerlar oʻrtasida soʻrov oʻtkazdim. Tabaqalashtirish mezonlari milliy va hududiy statistikada qoʻllanadigan tasniflarga hamda mamlakatda 2010-yilda oʻtkazilgan avvalgi soʻrovlarga tayanadi; ularda dehqonlar (kichik tomorqa xoʻjaliklari) va fermerlar (paxta, bugʻdoy yoxud meva-sabzavot yetishtiradigan yirik xoʻjaliklar) yetishtiriladigan ekin, yerga egalik shakllari va mehnat munosabatlariga qarab ajratilgan edi (Veldwisch & Bock, 2011; Veldwisch & Spoor, 2008).

1-jadval. Soʻrov tanlanmasining jins boʻyicha tarkibi

Manba: muallifning soʻrovi.

[Tarjimon izohi: asl maqolada matn bilan jadval oʻrtasida nomuvofiqlik bor — matnda soʻralgan ayollar soni 16 deb, 1-jadvalda esa 15 deb koʻrsatilgan. Ushbu tarjimada ikkala raqam ham asl holida saqlangan.]

Soʻrov dehqon va fermer aholisining mikrodarajadagi barcha murakkabliklarini qamrab olishga daʼvo qilmaydi; ammo boshqa usullar bilan birgalikda u soʻnggi bozorlashuv jarayonlarida gender munosabatlarining asosiy qoliplari haqida oydin tasavvur beradi. 120 nafar respondentdan 16 nafari ayol edi (1-jadval). Ayollarning fermer xoʻjaliklari rahbarlari orasida uchramagani tasodif emas: fermerlarning bu toifasida erkaklar hukmron, shu sababli soʻralgan ayollar asosan yollanma qishloq xoʻjaligi ishchilari va xonadon xoʻjaligi mehnatchilari (dehqonlar) edi. Shunga qaramay, tahlilga ham rahbarlarni, ham rahbar boʻlmaganlarni kiritish ular oʻrtasidagi moddiy tafovutlar va ijtimoiy munosabatlarni tushunishga imkon berdi.

Tadqiqot koʻlamini aniqlash bosqichida men Samarqand viloyatining paxta, bugʻdoy hamda hoʻl meva va sabzavot (HMS) yetishtiradigan fermer xoʻjaliklarini topish uchun turli tumanlarni tanladim. Bu mezon turli ekinlarning bozorlashuvi bilan bogʻliq boʻlgan turli ishlab chiqarish va takror ishlab chiqarish munosabatlarini tushunishga imkon berdi. Samarqand Oʻzbekistonda kechayotgan ekin bozorlashuvining turli yoʻnalishlarini yaxshi aks ettirgani uchun tanlandi. Suhbatlar mahalliy maʼmuriy idora xodimlaridan yoki bevosita fermerdan boshlanib, “qor toʻpi” (snowball) usulida davom ettirildi.

Samarqand agrar universitetida ishlaydigan ikki nafar mahalliy soʻrov oʻtkazuvchi — bir ayol va bir erkak — maʼlumotlarni oʻzbek va rus tillarida toʻplashda koʻmaklashdi. Qishloq joylarda, ayniqsa keksa fermerlar orasida, ham rus, ham oʻzbek tili qoʻllanadi. Shu sababli soʻrov oʻtkazuvchilar, ayniqsa odatda rus tilida gapirmaydigan yosh fermerlar bilan suhbatda, hal qiluvchi oʻrin tutdilar. Tadqiqotchi va soʻrov oʻtkazuvchilarning pozitsionalligi hamda maʼlumot toʻplashda gender vakilligining muvozanatli boʻlishi ustida mulohaza yuritish muhim (England, 1994). Soʻrov oʻtkazuvchi sifatida bir ayol va bir erkakning ishtiroki ularning gender pozitsionalligi haqida muhim kuzatuvlar qilishga imkon berdi. Masalan, ayol soʻrov oʻtkazuvchi yoki men suhbatlashganimizda, ayollar nozik savollarga — masalan, oziq-ovqat xavfsizligi haqidagi savollarga — ochiqroq javob berishlari kuzatildi. Boshqa tomondan, choyxona kabi erkaklik hukmron boʻlgan va erkaklar birdamligining jamoaviy marosimlari orqali mustahkamlanadigan joylarda erkak soʻrov oʻtkazuvchi oʻxshashlik hissini yaratib, suhbatning ravonroq kechishini taʼminladi. Maʼlumot toʻplash jarayonida ayol boʻlish oʻziga xos masalalarni keltirib chiqargani ham inkor etib boʻlmaydi. Suhbatdoshlar men yoki ayol soʻrov oʻtkazuvchi turmushga chiqqanmizmi, necha yoshdamiz va farzandimiz bormi, deb tez-tez soʻrashardi. Oʻzbekistonda turmush qurgan boʻlish ayolga ijtimoiy qonuniylik beradi; bu esa ayollarga maishiy patriarxal bosimning dolzarbligini tasdiqlaydi. Bunday sharoit ayol tadqiqot yordamchisi bilan respondentlar oʻrtasidagi hokimiyat munosabatlariga taʼsir qilish xavfini tugʻdirishi shubhasiz (England, 1994).

Toshkentda men Samarqanddan kelgan katta oila — nafaqadagi er-xotin, ularning yolgʻiz ona boʻlgan qizi va uning kichkina oʻgʻli bilan birga yashadim. Ishtirokchi kuzatuv olib bordim; bu menga ovqat tayyorlash, oziq-ovqat isteʼmoli va taʼmi, ayollar mehnati hamda xonadon ichidagi gender munosabatlari haqida yozib borgan kundaligimni yuritishga yordam berdi va uni fon maʼlumot sifatida ishlatdim. Oila aʼzolari ilgari fermer xoʻjaligi ishchilari boʻlishgan; shu sababli ular hayot tarixlarini boʻlishishar va sovet hamda postsovet davrlari orasidagi farq haqida, baʼzan sogʻinch bilan, tez-tez gapirishardi. Shuningdek, ikkita agroqayta ishlash korxonasida bevosita kuzatuv oʻtkazdim. Kuzatuvlar zavoddagi mehnatning gender taqsimotiga, ayol ishchilarning sharoitlariga va ular ixtisoslashgan vazifalarga oydinlik kiritdi. Men mamlakatdagi asosiy manfaatdor tomonlar va siyosat ishlab chiquvchilar bilan yarim tuzilmalashgan va tuzilmalashmagan suhbatlar, shuningdek, qishloq joylardagi ayollar bilan chuqurlashtirilgan suhbatlar oʻtkazdim. Bu ayollardan soʻrov davomida yoki bozorda xarid qilish, avtobusda yurish, jamoat taksisida ketish kabi kundalik faoliyat jarayonida rus tilida intervyu oldim. Empirik dalillarni triangulyatsiya qilib, suhbat va kuzatuvlardan olingan sifat maʼlumotlari bilan soʻrovdagi boʻshliqlarni toʻldirdim hamda ularni ikkilamchi tarixiy va etnografik manbalar bilan toʻldirgan holda, mehnat, oziq-ovqat va yer orqali agrar ishlab chiqarish va qiymat yaratish munosabatlariga bogʻliq zamonaviy gender tengsizligini yechib berdim.

Oʻzbekistondagi bozorlashuv jarayonida ayollar

Ushbu boʻlim ayollarning mulkdan mahrum qilinishi dinamikasidagi oʻzgarishlarni yoritish va agrar Oʻzbekistonda ishlab chiqarish, foydalanish hamda ayirboshlashning gender munosabatlarini bugungi kun nuqtai nazaridan tahlil qilishga imkon berish uchun tarixiy kontekst taqdim etadi. Oʻzbekiston hukumati bozor oʻtishini shakllantirar ekan, ayollarning ijtimoiy takror ishlab chiqarishdagi rolige koʻp jihatdan uzluksiz taʼsir koʻrsatib keldi. Sovet Ittifoqi davrida ayollarning rasmiy mehnat bozoriga kirishi imtiyozli chora-tadbirlar (affirmative action) va kvota tizimi bilan ragʻbatlantirilgan va taʼminlangan edi. Taʼlimga kiritilgan keng koʻlamli davlat sarmoyasi aholining 99 foizi savodli boʻlishiga olib keldi (erkaklar 99,6 foiz, ayollar 99,2 foiz) va bu sovet davrida joriy etilgan umumiy taʼlimning “ilgʻor” merosini tasdiqlaydi (Kandiyoti, 2007). Har bir davlat muassasasi lavozimlarining 30 foizini ayollar uchun ajratishi shart edi; ayollar jamoat va siyosiy hayotda ishtirok etishga ham undalardi. Bu tizim ayollarning shaxsiy va ommaviy mavqeyini sovetdan oldingi davrga nisbatan oʻzgartirdi, chunki mahalliy ijtimoiy normalar ayollarni uydan tashqarida, ayniqsa qishloq joylarda ishlashdan qaytargan edi (ADB, 2014).

Biroq Sovet Ittifoqida ayollar emansipatsiya paradoksining obyektiga aylandilar (Kandiyoti, 2007). Rasmiy sektorda ayollar bandligini ragʻbatlantirish ularning onalik mas’uliyati va xonadon ichidagi takror ishlab chiqarish vazifalarini kamaytirmadi (Kandiyoti, 2007). Shunga qaramay, takror ishlab chiqarish vazifalarini — masalan, sogʻliqni saqlash, bolalar parvarishi va taʼlimni — qoʻllab-quvvatlash uchun ham rasmiy, ham norasmiy ijtimoiy infratuzilma yaratilgan edi. Bunday institutsionallashgan ijtimoiy qoʻllov tizimi ayollarga “maoshli ish oʻrinlari va qishloq xoʻjaligidan tashqari bandlikning muhim manbayi”ni (Kandiyoti, 2003: 248), shu bilan birga ijtimoiy takror ishlab chiqarish vazifalarida yordam berdi.

Sovet Ittifoqining parchalanishi va 1991-yilda Oʻzbekiston mustaqillikka erishishi bilan “pushti kvota” tizimi yoʻqoldi, davlat sektoridagi koʻplab ish oʻrinlari boy berildi; bu bandlikning norasmiylashuvi va vaqtinchalikka aylanishiga olib keldi (Kandiyoti, 2003). Natijada bozorlashuv koʻplab ayollarni rasmiy bandlikdan — ayniqsa yuqori malakali ish oʻrinlaridan — va ijtimoiy huquqlardan mahrum qildi; bu islomning konservativ amaliyotlari qayta jonlanishiga olib keldi (Welter & Smallbone, 2008), u esa ayollarning oilaviy nazoratdan chetlashish imkoniyatlarini toraytirib, gender segregatsiyasiga sabab boʻldi (Kandiyoti, 2003). Ishlab chiqarish vositalarining tovarlashuvi ijtimoiy takror ishlab chiqarish xarajatlarining oshishiga va, ayniqsa ayollar uchun, turmush darajasining pasayishiga aylandi. Bozor oʻtishi, ayniqsa qishloq joylarda, gender normalarining “desovetlashuvi” bilan ustma-ust tushdi (Cleuziou & Direnberger, 2016). Yangi mustaqil davlat “yoʻqotilgan anʼanalarga” va ayollarning maishiy soha doirasidagi oʻrniga qaytishni taʼkidlaydigan gender bayonini ishlab chiqdi (Kandiyoti, 2007). Feminist mualliflar bu jarayonni “ayollarning qurbonlashtirilishi” deb atashgan (Buckley, 1997).

Maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, 2007–2015-yillarda ayollarning boshqaruv lavozimlaridagi, shuningdek, energetika va avtomobilsozlik kabi erkaklar hukmron sohalardagi ulushi qisqargan, sogʻliqni saqlash va taʼlim kabi anʼanaviy ravishda ayollar koʻp boʻlgan sohalarda esa barqaror qolgan (mos ravishda 82 va 72 foiz — Davlat statistika qoʻmitasi). Bundan tashqari, izdan chiqqan ijtimoiy himoya tizimi ijtimoiy-iqtisodiy mahrumlikni keltirib chiqardi va ayollarning uydan tashqarida ishlash imkoniyatini cheklab qoʻydi (Romanova va boshq., 2017). Sovet davlati bolalar parvarishi, sogʻliqni saqlash yoki oilaga koʻrsatgan moliyaviy yordamning aksariyati yoʻqoldi yoxud eng kam darajaga tushirildi (Cleuziou & Direnberger, 2016: 198). Shunday qilib, Sovet Ittifoqi parchalangach, farovonlik tizimi va davlat xizmatlarining qisqarishi maishiy mehnat taqsimotini ayollar zarariga ogʻdirgan zulmkor gender normalarining kuchayishiga olib keldi.

Davlat oʻz ishtirokidan chekingan bu sharoitda hukumat siyosati ayollar va erkaklarning qishloq xoʻjaligi resurslari hamda aktivlaridan foydalanishidagi tarafkashlikni ham shakllantirdi. Sovet tizimining barbod boʻlishi natijasidagi ijtimoiy xizmatlarning tovarlashuvi va ishlab chiqarish munosabatlarining individuallashuvi ayollarning unumli va takror ishlab chiqarish mehnatini ikki yoʻl bilan qadrsizlantirdi: birinchidan, ijtimoiy takror ishlab chiqarish uchun bajariladigan “mehnatning norasmiylashuvi” orqali — ilgari davlat xizmatlari orqali haq toʻlanadigan va rasmiylashtirilgan mehnat endi haq toʻlanmaydigan va maishiy sohaga surib qoʻyilgan mehnatga aylandi; ikkinchidan, xuddi shu mehnatning ijtimoiy qonuniylikdan mahrum qilinishi orqali — u endi ayollarning maishiy burchining qismi sifatida qaraladigan boʻldi. Demak, davlat ishtiroki shakllarining xonadon, mahalliy bozor va ommaviy soha darajasidagi oʻzgarishi ijtimoiy takror ishlab chiqarish strategiyasini oʻzgartirish orqali (Kunz, 2010) ayollarni maishiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan kuchsizlantirishga xizmat qildi.

Qishloq joylarda Sovet Ittifoqining parchalanishi ijtimoiy takror ishlab chiqarishni yer va oziq-ovqatning ishlab chiqarilishi hamda ularga kirish imkoniyati orqali qayta shakllantirdi. Bu mexanizmlarni tushunish uchun Oʻzbekiston agrar bozorlashuvini sovet davrida qishloq xoʻjaligi tayangan monoekin yetishtirishning kengroq tarixiga joylashtirish muhim. Sovet davrida, tirikchilik dehqonchiligidan tashqari, yer asosan kolxoz va sovxozlar orqali mehnat brigadalari kuchi bilan paxta ekilgan (Atta, 1993); bu faqat 2000-yillarning boshida bugʻdoy, meva va sabzavotning qoʻshilishi bilan diversifikatsiyalashdi (Lombardozzi & Djanibekov, 2021; Lombardozzi, 2020b). Mehnati davlat xaridi orqali tashkil etilgan ishchilar moddiy kompensatsiya olar, shu bilan birga jamoat neʼmatlaridan foydalanishga asoslangan otaliq himoyasining yashirin mexanizmidan bahramand boʻlar edilar (Kandiyoti, 2003).

Yer va oziq-ovqat ishlab chiqarishga oid muhim islohotlarni hujjatlashtirgan tadqiqotlarning aksariyati gender jihatidan neytral boʻlib qolmoqda va ayollarni “dehqon fermerlar” degan qora quti ichiga qamrab, patriarxal ekspluatatsiyaning ommaviy va maishiy shakllarini xiralashtirmoqda. Vaholanki, 2000-yillar boshidagi baʼzi tadqiqotlar koʻrsatganidek (Kandiyoti, 2003), ayollar agrar ishlab chiqarish munosabatlarini tashkil etishda va ijtimoiy takror ishlab chiqarishni saqlab turishda hal qiluvchi oʻrin tutgan. Darhaqiqat, qishloq xoʻjaligi aniq gender mehnat taqsimoti atrofida uyushtirilgan edi. Qishloq joylarda isteʼmol qilinadigan oziq-ovqatning aksariyati tomorqalarda, asosan ayollar tomonidan, ammo kolxozlar bilan bogʻliqlikda yetishtirilardi. Mustaqillik arafasida bunday tuzilish tirikchilik uchun zarur oziq-ovqatning 40 foizini taʼminlar va mayda savdo uchun ham imkoniyat yaratardi (Atta, 1993; Kandiyoti, 2003; Veldwisch & Spoor, 2008).

1991-yildagi mustaqillikdan soʻng agrar bozorlashuvning sekin jarayoni oziq-ovqat ishlab chiqarish va isteʼmoli atrofidagi ijtimoiy munosabatlarni, shuningdek, ayollarning xonadon ichida va tashqarisida mehnat qilish tarzini oʻzgartirdi. Bu jarayonlar ommaviy va maishiy patriarxatning koʻp kuchlari bilan shakllandi. Masalan, qishloq infratuzilmasiga davlat sarmoyasining kamayishi ayollar uchun bandlik imkoniyatlarini qisqartiribgina qolmay, ijtimoiy takror ishlab chiqarish yukini ham oshirdi: xonadon uchun suv keltirish va isitish manbayi topishga ketadigan vaqt uzaydi (Romanova va boshq., 2017). Jismoniy infratuzilmaning eskirishi va takror ishlab chiqarish mehnatini qoʻllab-quvvatlovchi ijtimoiy siyosatning pasayishi ayollarning qiyinchiligini yanada ogʻirlashtirdi. Nihoyat, kolxozlar va shirkatlar (kooperativlar) tugatilishi natijasida yer huquqlarining individuallashuvi yollanma bandlik yoki tadbirkorlik imkoniyatlarining oʻsishiga mos kelmadi; shunday qilib, davlat sektoridagi bandlik va xizmatlar barbod boʻlgan sharoitda yerga va oʻzi yetishtirgan oziq-ovqatga tayanish hayotiy zaruratga aylandi (Kandiyoti, 2003).

Oʻzbekistondagi agrar oʻzgarishning dolzarb va empirik asoslangan tahlilini taqdim etar ekan, keyingi boʻlimlar patriarxal ekspluatatsiya va ezish shakllari bozorlashuvning eng soʻnggi jarayonlariga taʼsir koʻrsatishda davom etayotganini, bu esa oʻz navbatida ijtimoiy takror ishlab chiqarish atrofidagi gender tarangligini kuchaytirayotganini koʻrsatadi. Oziq-ovqat ishlab chiqarish va takror ishlab chiqarishga qaratilgan diqqat Oʻzbekiston agrar kontekstida mehnatni gender boʻyicha ekspluatatsiya qilishning turli shakllarini hamda ularning hayot bozorlashuvi natijasida qanday bajarilishi va qayta shakllantirilishini yechish uchun oydin nigoh beradi. Uy mehnati va norasmiy mehnatda, shuningdek, barter ayirboshlashlar va jamoaviy marosimlarda namoyon boʻladigan bozorlashmagan ijtimoiy munosabatlar qishloq sharoitida saqlanib qolmoqda va davom etayotgan kapitalistik (postsovet) oʻtish jarayonida koʻpincha kuchayib, maʼnosini qayta kashf etmoqda. Maqola, darhaqiqat, ayollarning qiymat ishlab chiqarishga qoʻshgan hissasi oshkor qilinmasligini, holbuki u kapital jamgʻarish va ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayoni uchun hal qiluvchi ekanini koʻrsatadi (Munro, 2019). Buni u, shu bilan birga, yuqorida muhokama qilinganidek, hayot bozorlashuvi jarayonini ilgari surgan va ijtimoiy takror ishlab chiqarishga bosim oʻtkazgan ommaviy (patriarxal) institutlarning tarixiy evolyutsiyasini tushunish orqali qiladi. Bundan tashqari, ekin diversifikatsiyasi va oziq-ovqatni qayta ishlash sohasining sanoatlashuvi yollanma mehnatning yangi, ammo tarqoq shakllarini yuzaga keltirmoqda (Lombardozzi, 2020a); bu shakllar ayollarning ish joyi ichidagi va tashqarisidagi ekspluatatsiyasini takror ishlab chiqarmoqda. Keyingi boʻlimda men bozorlashuv jarayonlari hamda maishiy va ommaviy patriarxat rejimlarining majmui ayollarning ezilishini qanday takror ishlab chiqarishini, shuningdek, ovqatlanishdagi gender assimetriyasi, ayollar mehnati va ish haqini qadrsizlantiruvchi ijtimoiy normalar hamda takror ishlab chiqarish mehnatining tengsiz taqsimoti orqali amalga oshadigan ekspluatatsiya — davlat siyosatidagi investitsiya tanqisligi bilan quvvatlanib — ijtimoiy takror ishlab chiqarish natijalarini qanday birgalikda belgilaganini tekshiraman. ## Zamonaviy Oʻzbekistonda xonadon ichidagi munosabatlar va mehnatning gender taqsimoti

Ijtimoiy takror ishlab chiqarish nazariyasi va patriarxatning gender rejimlari asosida oziq-ovqatni tahlil qilish unumli va takror ishlab chiqarish mehnati oʻrtasidagi (va ular ichidagi) gender tarangligini ochib berishi mumkin. Maishiy patriarxatning muhim oʻlchovlaridan biri esa oziq-ovqatdan foydalanish imkoniyati orqali namoyon boʻladi. Yetarli boʻlmagan ovqatlanish ayollar va qizlarning farovonligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin va u xonadonda erkaklar bilan ayollar hokimiyati oʻrtasidagi muhim farqlarni izohlaydi. Erkaklar va ayollar oʻrtasidagi oziq-ovqat isteʼmolidagi kamsitishni tekshirish uchun — tanlanma hajmi erkaklar va ayollar oʻrtasida muvozanatli boʻlmasa-da — 1-rasm (chapdan oʻngga qarab isteʼmol qilingan oziq-ovqat turlari sonining ortishini koʻrsatadi) soʻralgan ayollarning erkaklarga nisbatan kamroq oziq-ovqat guruhini isteʼmol qilishini koʻrsatadi.

1-rasm. Ratsion xilma-xilligi jins boʻyicha. Manba: muallifning soʻrov maʼlumotlari.

Bu natija bir necha sabab bilan bogʻliq. Birinchidan, ovqatlanish paytidagi kuzatuvlar erkaklar mavjud taomning ham sifat, ham miqdor jihatidan eng yaxshisini olishga moyilligini koʻrsatadi. Ikkinchidan, ayollar ferma tashqarisidagi ishlarda band boʻlsa ham, xonadon byudjetini odatda erkaklar boshqaradi. Pulning gender boʻyicha taqsimlanishi qaysi va qancha oziq-ovqat sotib olinishiga hamda uning xonadon ichida qanday taqsimlanishiga taʼsir qilishi mumkin; bu esa ovqatlanish va farovonlikda gender assimetriyasini keltirib chiqaradi (Agarwal, 2016). Biroq jinslar oʻrtasidagi ratsion tengsizligi faqat xonadon darajasidagi shaxsiy muzokaralarning natijasi emas. Ayollar uchun cheklovlar erkaklar hukmron qarindoshlik va jamoaga koʻproq hokimiyat va qonuniylik beradigan ommaviy patriarxal normalar bilan ham bogʻliq. Kocabicak taʼkidlaganidek, patriarxal jamoaviy subyekt mulk munosabatlarini siyosiy jihatdan shunday tuzadiki, bu gender mahrumligini va oila {hamda davlat} ichida mehnatning patriarxal ekspluatatsiyasini saqlab turadi (2020: 3).

Masalan, dala kuzatuvlariga koʻra, erkaklar koʻpincha uydan tashqarida — choyxonada ovqatlanadi, bu esa ularga oziq-ovqatning kengroq xilma-xilligini beradi (Farfan va boshq., 2015). Ratsion xilma-xilligidagi bunday farq, shuningdek, ayollarning erkaklar hukmron ommaviy makonlarga chiqishi cheklanganiga ham bogʻliq: bu cheklovni oʻzbek maishiy patriarxati oʻrnatadi va ayollarning harakatlanishiga qoʻyilgan institutsionallashgan toʻsiq orqali ommaviy nazorat mustahkamlaydi. Shunga qaramay, oziq-ovqatdan tengsiz foydalanishga qarshilik shakllari ham kuzatildi: ovqat tayyorlash jarayonida masalliqlar toʻgʻralar ekan, yeb ham qoʻyilardi. Bu ijtimoiy takror ishlab chiqarish yuki hamon asosan ayollar zimmasida ekanini va u har kuni qarshilik koʻrsatiladigan turli tengsizlik shakllarida namoyon boʻlishini koʻrsatdi.

Soʻrov savollaridan biri oilada oziq-ovqat xaridiga kim borishiga tegishli edi (2-rasm). Oziq-ovqat xaridi takror ishlab chiqarish mehnatining qismi boʻlsa-da, soʻrov natijalari va kuzatuvlar avvalgi tadqiqotlarni (Trevisani, 2008) tasdiqladi: Oʻzbekistonda oziq-ovqat sotib olish erkak vazifasi hisoblanadi (uni er, oʻgʻil, ota va boshqalar bajaradi).

2-rasm. Oilangizda oziq-ovqat xaridiga kim boradi? Manba: muallifning soʻrov maʼlumotlari.

Buning sabablari bir nechta. Birinchidan, yuqorida aytilganidek, qishloq joylarda ayollarning ommaviy makonlarga chiqish harakatchanligi koʻpincha cheklangan, chunki infratuzilma va davlat xizmatlari yetishmasligi tufayli jamoat transporti kam, ayollar esa odatda avtomobilga ega emas va uni boshqarmaydi. Bu shuni koʻrsatadiki, infratuzilma va jamoat transportidan davlat sarmoyasining olib qoʻyilishi qishloqdagi ayollar uchun ayniqsa kamsituvchi, chunki harakatchanlikni shakllantirish orqali u ayollarning yurish-turishini belgilaydi va shu tariqa ommaviy hamda maishiy patriarxat dinamikasi bir-birini oʻzaro kuchaytirishini isbotlaydi. Darhaqiqat, ayollar oʻz hosilini sotish uchun bozorga borganda ham, ularni koʻpincha oʻgʻillari yoki keksaroq erkak qarindoshlari mashinada kuzatib boradi; bu esa makondagi maishiy nazorat dinamikasini ommaviy sohaga ham yoyadi. Ikkinchidan, erkaklar ayollarning harakatchanligini nazorat qilishdan tashqari, xonadon ichidagi pul oqimi va byudjet taqsimotini ham nazorat qilishga moyil. Erkak respondentlar bilan suhbatlar shuni tasdiqlaydiki, erkaklar uchun bozorga xaridga borish — bu ayollar bilan pul boʻlishmaslikning bir usuli. Shu maʼnoda bozorlashuv (yaʼni oziq-ovqatning tovarlashuvi) pul va oziq-ovqatdan foydalanishdagi gender tafovutini keskinlashtirdi; ommaviy hamda maishiy patriarxat kuchlari bilan ogʻirlashgan bu tafovut ijtimoiy takror ishlab chiqarish natijalariga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Shu bilan birga, oziq-ovqat xaridi bilan erkaklar shugʻullanishi maishiy vazifalar yuki erkaklar va ayollar oʻrtasida teng taqsimlanganini anglatmaydi. Ayollar mehnati erkaklarning rasmiy mehnat bozoridagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlash, xonadon aktivlari va gʻamxoʻrlik mas’uliyatini boshqarish orqali xonadon va jamiyatning ijtimoiy takror ishlab chiqarilishi uchun asosiydir. Ovqat tayyorlash vaqt talab qiladi, va bu haq toʻlanmaydigan hamda qadrsizlantirilgan vaqt erkaklar zimmasiga tushmaydi. Darhaqiqat, marosimlar uchun tayyorlanadigan va odatda erkak pazandaligi hisoblanadigan oshdan (guruch va qoʻy goʻshti) tashqari, soʻrov natijalari sifat kuzatuvlarini tasdiqlaydi: ovqat tayyorlash ayollarning mas’uliyati boʻlib, uni asosan xotinlar (80 foiz), kelinlar (taxminan 10 foiz) va kamroq hollarda qizlar bajaradi (3-rasm).

3-rasm. Oilangizda taomni kim tayyorlaydi? Manba: muallifning soʻrov maʼlumotlari.

Erkaklar va ayollar bilan oʻtkazilgan suhbatlar shuni koʻrsatdiki, hayotning bozorlashuvi tobora koʻproq katta yoshli ayolni qishloq xoʻjaligi ichida va tashqarisida yollanma mehnatga majbur qilmoqda. Natijada, respondentlar taʼkidlashicha, takror ishlab chiqarish mehnati koʻpincha xonadonning yoshroq ayol aʼzosiga oʻtadi; demak, ijtimoiy takror ishlab chiqarish uchun zarur mehnat hamon oʻsha gender chiziqlari ichida bajariladi. Biroq yosh ayollar xonadonning ijtimoiy takror ishlab chiqarilishi bilan band boʻlgan bir paytda, qaynonalar hamon kelinlari ustidan avlodlararo hokimiyatni amalga oshiradilar (Kandiyoti, 1998). Yaqinda turmush qurgan baʼzi ayollar qaynonasi ularga hatto homiladorlik davrida va undan keyin ham ogʻir uy ishlarini yuklashini aytdi; bu ayollar ekspluatatsiyasining xonadon ichida va tashqarisidagi murakkabligini koʻrsatadi. Shu bilan birga, bu mehnatning tengsiz gender taqsimoti asosidagi patriarxal ezish avloddan avlodga oʻtishini, baʼzan esa ayollarning oʻzlari tomonidan ichkilashtirilib, amalga oshirilishini ham koʻrsatadi.

Takror ishlab chiqarish mehnati ijtimoiy takror ishlab chiqarishning nafaqat qisqa, balki uzoq muddatli ehtiyojlariga ham xizmat qiladi. Dala ishlari davomida kuzatildiki, sovuq mavsumda chekka qishloqlarda hoʻl meva va sabzavot yoʻqligini qoplash uchun ayollar meva sharbati (kompot) va tuzlangan sabzavot (pomidor, sabzi, bodring marinovkasi) tayyorlaydilar. Bu oziq-ovqat amaliyoti muhim, chunki u bozorlashuv, patriarxat va ijtimoiy takror ishlab chiqarish natijalari oʻrtasidagi zich bogʻlanishlarni yoritadi. Birinchidan, oziq-ovqatni konservalash mavsumiylik bilan bogʻliq ehtimoliy silkinishlarni yumshatish va probiotiklarga boyligi orqali xonadonning ovqatlanish holatiga, binobarin, ijtimoiy takror ishlab chiqarilishiga ijobiy hissa qoʻshadigan moslashuv strategiyasidir. Ikkinchidan, bunday vaqt talab qiladigan haq toʻlanmaydigan uy mehnati bozordan tashqarida qiymat yaratadi, ammo uning bozor talabi va taklifiga ham oqibatlari bor. Xususan, yollanma mehnatga talabning yoʻqligi ayollarni uy mehnatiga itaradi; ular esa norasmiy, biroq qiymat yaratuvchi omon qolish strategiyalari bilan shugʻullanadilar. Uchinchidan, Oʻzbekiston oziq-ovqat tizimining sekin liberallashuvi oziq-ovqat taklifida “kechikish”ga olib keladi, bu esa oʻz navbatida, ayniqsa qishda, vaqt talab qiladigan taom tayyorlashni zarur — va mumkin — qiladi.

Shunday qilib, ayollarning takror ishlab chiqarish mehnati va u bilan bogʻliq qiymat yaratish ijtimoiy takror ishlab chiqarish uchun ikki yoʻnalishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bozorda ish haqi va tovarlarning yetishmasligini (xarid qobiliyatining pastligi tufayli) qoplash orqali bunday qiymat tovar sifatidagi oziq-ovqatga inflyatsion, ish haqiga esa deflyatsion taʼsir koʻrsatadi. Boshqacha aytganda, ayollarning ish haqi olinmaydigan mehnati mavjudligi va saqlanib qolishi, bir tomondan, oziq-ovqat tovarlariga talabni oshirmaydi va ijtimoiy takror ishlab chiqarishning bozorlashuvini sekinlashtiradi; boshqa tomondan esa yollanma mehnatni subsidiyalaydi. Shunga oʻxshash qoliplar xonadonda kir yuvish, idish yuvish va tikuv mashinalari kabi mehnatni tejaydigan qurilmalarning yoʻqligi bilan kuchayadi. Shu sababli, maishiy va ommaviy patriarxat bilan kelishilgan holda davlat tomonidan tartibga solinadigan bozorlashuv (Lombardozzi, 2020a, 2020b) ayollarning bozor bilan hamda uning pul va mehnat kabi ijtimoiy shakllari bilan qanday munosabatga kirishini belgilaydi va shakllantiradi.

Bundan tashqari, dala kuzatuvlari ayollar koʻpincha uyda tayyorlangan oziq-ovqatni bozorga chiqarishini oshkor qildi. Masalan, ayollar uy isteʼmoli uchun non (lipyoshka) yopadi, ammo koʻpincha uni bozorda ham sotadi va shu tariqa bitta non orqali ham isteʼmol, ham ayirboshlash qiymatini birgalikda yaratadi. Suhbatlar tasdiqlaydiki, agrar sharoitda ijtimoiy takror ishlab chiqarish uchun bajarilgan ish bilan pul va jamgʻarish evaziga ayirboshlanadigan mehnat oʻrtasida aniq chiziq tortish qiyin, qiymat esa bozor ichida ham, tashqarisida ham uzluksiz va bir vaqtning oʻzida yaratiladi. Demak, unumli va takror ishlab chiqarish mehnatini ajratish mumkin emas, ayniqsa bu kategoriyalar ijtimoiy takror ishlab chiqarishni yaxlitligicha shakllantirganda. Bundan tashqari, ayollar mehnatning bu makon-vaqt oqarligidan erkaklarning ularning cheklangan yoki qisqartirilgan moliyaviy resurslari ustidan nazoratidan qutulish uchun — masalan, ayollar boshchiligidagi barter orqali — ataylab foydalanadilar. Faqat ayollar uchun uyushtiriladigan mahalliy yigʻinlar — gaplar orqali ayollar “ommaviy hayot”ga qoʻshiladilar va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash izlaydilar (Kandiyoti, 1998). Suhbatlar shuni oshkor qildiki, ayollar xizmat yoki maʼlumot evaziga oziq-ovqat yoxud tikuv mashinasi kabi maishiy aktivlarni ayirboshlaydilar, shuningdek, faqat ayollar tomonidan va ayollar uchun tashkil etiladigan norasmiy kredit tizimlarida qatnashadilar. Ayirboshlashning rasmiy pul shakllarini chetlab oʻtish orqali ular nafaqat ikki qiymat — biri takror ishlab chiqarish, ikkinchisi ayirboshlash uchun — yaratadilar (Mezzadri, 2019), balki bozorlashuv aylanmasiga ham, patriarxal nazoratga ham qarshilik koʻrsatadilar.

Bunday kuzatuvlarning yana ikki nazariy oqibati bor. Ular vaqt taqsimoti bozordagi talab mexanizmlari hamda xonadon va davlat ichidagi hokimiyatga emas, samaradorlik va narxlarga qarab belgilanadi deb faraz qiluvchi neoklassik xonadon modelini rad etadi. Ommaviy ishlab chiqarish tizimidan sarmoyaning olib qoʻyilishi, darhaqiqat, maishiy patriarxatga ayollar segregatsiyasini oʻrnatish imkonini beruvchi dialektikani yuzaga keltiradi, chunki takror ishlab chiqarish mehnatining vaqti boshqa mehnatga qaraganda past baholanadi va bu ayollarni ekspluatatsiya iyerarxiyasiga ochiq qoldiradi (Mezzadri, 2019). Ikkinchidan, u ayollar mehnati va ijtimoiy takror ishlab chiqarish amaliyotlari qiymat yaratishning koʻp shakllari orqali kapitalistik jamgʻarish jarayonining markazida turishini isbotlaydi; bu esa oʻz navbatida jamgʻarishning gender tarafkash natijalariga olib keladi.

Ayollar mehnati hayot bozorlashuvining xiralashgan aylanmalariga singib ketishining yana bir holati — bu, yana davlatning yerni tartibga solishi imkon beradigan “umumiy resurslar”ni (commons) oʻzlashtirishdir (Cousins va boshq., 2018). Paxta terimi tugagach, ayollar dalalarda oʻtin uchun gʻoʻzapoya, chigit va paxta qoldiqlarini terib oladilar. Bu norasmiy amaliyotlar “umumiy neʼmatlar”ni erkin oʻzlashtirishga asoslanadi va xususiy jamgʻarish mantigʻidan uzilgan (Lombardozzi, 2020b). Demak, “umumiy resurslar” tovarlashuvining sekin sur’atiga ayollarning tabiiy resurslarni oʻzlashtirishi orqali qarshilik koʻrsatiladi va bu ijtimoiy takror ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashga hissa qoʻshadi. Biroq bunday bozorlashmagan iqtisodiyot ayollarning isteʼmol qiymati uchun sarflanadigan mehnat-vaqtini qoʻshimcha ekspluatatsiya qilish orqali takror ishlab chiqariladi; bu esa ayollarning qoʻsh yukini ogʻirlashtiradi (Naidu & Ossome, 2016) va ularning mehnati koʻrinmasligini kuchaytiradi (Himmelweit & Mohun, 1977). Bu amaliyotlar nisbatan yopiq agrar bozorning davom etayotganidan dalolat beradi: yuqorida muhokama qilinganidek, bu bozor bir tomondan haq toʻlanadigan ish oʻrinlari yaratmaydi, boshqa tomondan esa mehnat ustidan gender nazorati orqali ijtimoiy takror ishlab chiqarishni taʼminlash uchun tovarlashgan mehnat va oziq-ovqatning eng kam shakllariga tayanadigan bir xildagi isteʼmol va qiymat yaratish qoliplarini saqlab qolishga yordam beradi. Shu maʼnoda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi qishloq jamoalarining ijtimoiy takror ishlab chiqarilishi uchun iqtisodiy va ijtimoiy bufer boʻlib xizmat qilishda davom etmoqda.

Shunga qaramay, ayollar rasmiy qishloq xoʻjaligiga ham katta hissa qoʻshadilar. Erkaklar odatda toʻliq stavkali ferma ishlariga yollanadi hamda texnika va mexanizmlardan foydalanish va ularni boshqarish bilan shugʻullanadi; ayollar esa asosan malaka talab qilmaydigan kunlik yoki mavsumiy mehnat bilan cheklanadi. Agrar mehnatning bunday gender taqsimoti sovet davridan buyon saqlanib kelmoqda: ayollar chopiq, terim va ekish kabi kam malakali vazifalarga ixtisoslashgan, erkaklar esa texnika va yuqoriroq malakali ishlar bilan shugʻullangan (Trevisani, 2008). Biroq sovet davrida vazifalar va taqdirlashlar kamroq individuallashgan edi; bu ayollarni institutsionallashgan patriarxal kamsitish shakllariga kamroq ochiq qoldirardi.

Sovet davridan buyon davlat tomonidan taʼminlanadigan alohida vazifa — paxta terimi. Deyarli bepul mehnat taʼlim sohasidan (bugungi kunda asosan universitet talabalari; hukumat paxta terimi mavsumida ularning yoʻlini tashkil qiladi hamda eng oddiy boshpana va ovqat beradi) yoki davlat boshqaruvi sohasidan safarbar qilinadi; shu bilan birga kambagʻal ayollar ham mahalliy tarmoqlar orqali jalb etiladi (Lombardozzi, 2020b). Dala tadqiqotim davomida men talabalarga va “erkin bozor”da yollangan ayollarga toʻlanadigan kunlik haq oʻrtasida sezilarli farqni qayd etmadim. Tadqiqotlar paxta terimi ayollarning yillik daromadining oʻrtacha 12 foizini, oʻta kambagʻallarda esa 30 foizigacha tashkil etishini baholagan. Bu yana bir bor tasdiqlaydiki, ayollarning ekspluatatsiyasi va kamsitilishi xonadon ichida maishiy patriarxatning koʻp shakllari orqali amalga oshadi, ammo shu bilan birga kengroq siyosiy, tarixiy va iqtisodiy davlat siyosati — yaʼni ommaviy patriarxat — bilan ham mustahkamlanadi: bu siyosat mehnat munosabatlari va ishlab chiqarishni shakllantirish orqali ayollar mehnatini oʻziga qaratadi va ularning ish haqiga taʼsir koʻrsatadi. Dalada ayollar bilan boʻlgan norasmiy suhbatlar bu ishlar istalgan emasligini, ammo muqobil yoʻqligi ularni arzimas haq evaziga boʻlsa-da paxta terishga majbur qilishini tasdiqladi.

Bundan tashqari, avvalgi soʻrovlar ayollarning mehnatga qoʻshgan hissasini kam baholagan. Mualliflar ayollar mehnati boʻyicha ishonchli va keng qamrovli maʼlumot tanqisligini qoralaydilar, chunki bu mehnat koʻpincha mavsumiy yoki haq toʻlanmaydigan, binobarin “koʻrinmas” deb hisoblanadi (Agarwal, 2016; Doss, 2010; Lastarria-Cornhiel, 2008). Dala kuzatuvlari tasdiqlaydiki, yirik fermer xoʻjaliklarini erkaklar boshqargani sababli ayollar nafaqat maishiy takror ishlab chiqarish mehnati bilan shugʻullanadi, balki har bir qishloq va shahar atrofi xonadonida (dehqon) mavjud kichik tomorqani boshqaradi va odatda chorvaga qaraydi; shu tariqa ular oziq-ovqat ishlab chiqarish, qayta ishlash va tayyorlashda hal qiluvchi rol oʻynaydi. Tomorqa — Oʻzbekiston qishlogʻining oziq-ovqat savati, chunki meva va sabzavotning aksariyati aynan shu yerdan olinadi va chorva shu yerda boqiladi (UNICEF, n.d.; UNDP, 2017); demak, u ovqatlanishning va ijtimoiy takror ishlab chiqarishning kalit manbayi. Bundan tashqari, ayollar fermer xoʻjaligida ham muhim oʻrin tutadi: ishchilarga ovqat tayyorlaydi yoki qoʻshimcha mehnat kerak boʻlganda, ayniqsa paxtada (chopiq, terim va gʻoʻza yagana qilish) ishchilarga yordam beradi. Unumli va takror ishlab chiqarish mehnatining ustma-ust tushishi ayollar uy, tomorqa hamda yirik davlat ekin maydonlari va tijorat fermalarida bir vaqtning oʻzida bir necha makonni qamrab olishini, ammo bir oʻlchamli vaqt ichida ishlashini isbotlaydi; bu faoliyatlarni bir-biridan ajratish qiyin va ularning ijtimoiy takror ishlab chiqarish uchun qiymat yaratishi kamdan kam tan olinadi.

Bunday gender mehnat dinamikasi dalada aniq koʻrinib tursa-da, erkaklarning ayollar mehnatini maishiy soha bilan chegaralangan narsa deb biladigan tarafkash idroki saqlanib qolmoqda. Masalan, fermerlardan onasi yoki xotini ishlaydimi deb soʻralganda, koʻp erkaklar “yoʻq” deb javob berdi (4-rasm). Biroq bu javobni yechib olish kerak edi. Darhaqiqat, javob “yoʻq” boʻlganida, ayol fermada “yordam beradimi” deb aniqlashtirganimda, ustun javob “ha” boʻldi. Demak, ayollarning unumli faoliyatdagi roli mehnat emas, “yordam” sifatida idrok etiladi va shu sababli xonadon ichida moddiy hamda moliyaviy taqdirlash taqsimlanganda kam baholanadi. Erkaklar bilan suhbatlar tasdiqladiki, gʻamxoʻrlik mas’uliyati va ayollar bajaradigan har qanday mehnat oila yoki jamiyat takror ishlab chiqarilishi uchun zaruriy deb emas, shunchaki ayollarning “burchi” deb qaraladi.

4-rasm. Xotiningiz/onangiz uydan tashqarida ishlaydimi? (chapda) Xotiningiz/onangiz fermada ishlaydimi? (oʻngda). Manba: muallifning soʻrov maʼlumotlari.

Ayollar mehnatining — qiymat yaratuvchi sifatida — mahalliy, xususiy va ommaviy sohalarda tan olinmasligi oʻzbek ayollarining ezilishini bir necha yoʻl bilan davom ettiradi. Birinchidan, axborot, resurs va aktivlarning taqsimlanish tarzida (Agarwal & Herring, 2013); ikkinchidan, bu ayollarning xonadon ichidagi resurs taqsimoti boʻyicha muzokara olib borish qobiliyati va imkoniga taʼsir qiladi (Doss, 2010). Uchinchidan, bu ayollar mehnatining jamiyatda tan olinishi va tasniflanishi hamda ularga qayta taqsimlanadigan siyosiy va moddiy taqdirlash atrofida masalalar tugʻdiradi (Agarwal, 2016). Haq toʻlanmaydigan mehnat qiymat yaratishni koʻrinmas qilish orqali ayollarni ijtimoiy takror ishlab chiqarish vositalaridan, shuningdek, jamgʻarish yoki tejash imkoniyatidan mahrum qiladi.

Oʻzbekiston bozorlashuvi jarayonida ayollar kamsitilishining eng yaqqol shakllaridan biri yer bilan bogʻliq. Sovet Ittifoqi parchalangach, yer va boshqa daromad keltiruvchi aktivlar tovarlashmagan holda davlat mulki boʻlib qoldi, ammo ulardan foydalanish foydalanish huquqi orqali individuallashtirildi (Kandiyoti, 2003). Suhbatlar tasdiqlaydiki, yer huquqlari deyarli butunlay erkaklar qoʻlida, holbuki ayollarning davlat ekin fermasini boshqarishiga yuridik toʻsiq yoʻq (Romanova va boshq., 2017). Koʻplab hokimiyatlarda (mahalliy maʼmuriy idoralarda) oʻtkazilgan dala kuzatuvlari ayollar ferma boshqaruvi yigʻilishlarida kamdan kam qatnashishini yoki umuman qatnashmasligini koʻrsatadi (Kandiyoti, 2003). Ishtixon tumanidagi suhbatlardan birida paxta fermasi rahbari qurilish va avtomobil taʼmiri sohasida koʻp biznesi borligi sababli fermaning rasmiy rahbari sifatida xotinini qoʻygani — yaʼni xotini nomigagina rahbar ekanini aytdi. Bunday “anomaliyalar” shuni koʻrsatadiki, hatto davlat patriarxati ochiqdan-ochiq kamsituvchi boʻlmagan va ayollar yer huquqlariga teng ega boʻlgan ishlab chiqarish munosabatlari sohalarida ham maishiy patriarxal normalar oʻrnatgan kamsitishlar tufayli tarkibiy gender tengsizligi saqlanib qoladi. Yer boshqaruvi aylanmasidan chetlatilish, shuningdek, ayollarning kreditga hamda unumdorlikni oshirish uchun zarur traktor va oʻgʻit kabi resurslarga kirishida tafovut yuzaga kelishini anglatadi. Yer, darhaqiqat, ham sinfiy tabaqalanishni, ham ijtimoiy takror ishlab chiqarishni (Cousins va boshq., 2018), binobarin, ayollarning boʻysunish sharoitlarini shakllantirishda hal qiluvchi rol oʻynaydi (Agarwal, 2016). Bu cheklov ayollarni yuqori qiymatli sohalardagi bozor imkoniyatlaridan va yaxshiroq daromaddan mahrum qiladi hamda ularni unumdorligi past tomorqa mehnatida qolishga majbur etadi. Bunday misollar takror ishlab chiqarish yukining tengsizligi, jamoadagi zaif muzokara mavqeyi va resurslarning tengsiz taqsimoti patriarxatning koʻp bosqichli rejimlaridan tashkil topgan dialektika bilan mustahkamlanishini yana bir bor tasdiqlaydi.

Oʻzbekistondagi sekin sur’atli bozorlashuv (Lombardozzi, 2020b) mehnatning chuqurroq rasmiy taqsimlanishiga toʻsqinlik qilib, takror ishlab chiqarish vazifalarini qayta taqsimlamaydi; bu esa erkaklar nazorati ostidagi daromad va erkaklar tarafkashligidagi xarajat qoliplariga asoslangan ishlab chiqarish va ayirboshlash tizimini saqlab qoladi. Shunga qaramay, badavlatroq xonadonlarda ayollar odatda xizmat koʻrsatish sohasida yoki davlat sektorida ishlaydi. Soʻrov maʼlumotlari ayollarning ferma tashqarisidagi ishlari hamon hamshiralik va oʻqituvchilik bilan chegaralanganini koʻrsatadi. Biroq qishloq joylardagi suhbatlarga koʻra, ayollar rasmiy haq toʻlanadigan ishda band boʻlsalar ham, ularning ish haqini koʻpincha eri yoki oilasi tortib oladi va bu pulni odatda fermaga sarflaydi. Men suhbatlashgan 35 yoshli oʻqituvchi Akida Samarqanddan 80 km uzoqlikdagi kichik qishloqda yashardi. U yoshligida onasidan ayrilgan; singlisi Germaniyaga oʻqishga keta olgan boʻlsa-da, oʻzi 28 yoshda “yoshi oʻtib borayotgani” uchun otasining uni kichik amakivachchasiga uzatish haqidagi “taklifi”ga qarshi chiqa olmagan. Hozir u turmush qurgan, ikki farzandi bor va maktabda ingliz tili oʻqituvchisi boʻlib ishlagan holda erining olti kishilik xonadoniga qaraydi. Shunga qaramay, oʻziga kurtka olmoqchi boʻlsa, pulni universitet talabasi boʻlgan eridan soʻrashi kerak. Bu hikoya Folbre (1994) bildirgan fikrni tasdiqlaydiganga oʻxshaydi: haq toʻlanadigan mehnat ayollarning muzokara mavqeyini (va shunga bogʻliq xarid qobiliyatini) yaxshilashi mumkin, ammo ularni tortib olish dinamikasiga ham ochiq qoldiradi; bu esa ayollar mehnatining har qanday turi, unga bozor qiymati biriktirilgan-biriktirilmaganidan qatʼi nazar, keng koʻlamda tan olinmasligini koʻrsatadi. Yuqorida muhokama qilinganidek, tortib olish va ezishning bunday shakllari koʻpincha ayollarni mikroqarshilik harakatlariga imkon beruvchi ayollar birdamligini qurishga undaydi. Mahalliy ayollar uyushmalarining tashkil etilishi ayollarga uydan tashqarida koʻproq vaqt oʻtkazish va bir-biriga oʻzaro yordam berish imkonini beradi.

2005-yildan buyon qishloq xoʻjaligida bozorlashuvning yangi toʻlqini kechmoqda: bir qator davlat boshchiligidagi islohotlar natijasida yer paxtadan hoʻl meva va sabzavotga (HMS) burildi hamda mamlakatning shahar atrofi hududlarida agroqayta ishlash korxonalari tashkil etildi. Xususiy kapital jamgʻarishining bu yangi maydonlari yangi yollanma mehnat imkoniyatlarini yaratmoqda (Lombardozzi, 2019) va soʻnggi maʼlumotlar ayollarning agroqayta ishlash sanoatida tobora faol ekanini koʻrsatadi (Romanova va boshq., 2017). Samarqand viloyatidagi eng yirik qayta ishlash korxonalaridan biri — Agromirda oʻtkazilgan kuzatuv va suhbatlarga koʻra, ishchi kuchining 80 foizini ayollar tashkil etardi. Erkaklar texnika, transport va logistika bilan ishlasa, ayollar tayyorgarlik bosqichidagi qoʻl mehnati bilan (tozalash, toʻldirish, xomashyo bilan ishlash) band edi. Yarim tuzilmalashgan suhbatlarga koʻra, ayollarning oʻrtacha ish haqi sutkalik ishlab chiqarish siklidagi 12 soatlik smena uchun kuniga 30 000 soʻmni, yaʼni erkaklarnikidan oʻrtacha uchdan bir kamni tashkil etardi. Ishchilar xonadondan uzoqda uzoq ish kunini oʻtkazadi, uzoq vaqt tik turishga majbur, dam olish kuni yoʻq, malaka oshirish va oʻrganish imkoniyatlari cheklangan. Demak, ayollar rasmiy yollanma bandlik aylanmasiga qoʻshilganda ham ish haqidagi tafovut hamda malaka talab qilmaydigan qoʻl mehnatiga kasbiy segregatsiya qilinishlari tufayli erkaklarga qaraganda koʻproq ekspluatatsiya qilinadi (Elson & Pearson, 1981; Lastarria-Cornhiel, 2008). Darhaqiqat, agroqayta ishlash sohasidagi bu rasmiy ish oʻrinlari genderga xos koʻnikmalarga talab tugʻdiradi va ayollarni mehnat ekspluatatsiyasi hamda zaifliklarning yangi maydonlariga ochiq qoldiradi (Barrientos va boshq., 2016).

Shunga qaramay, bu ishlar ayollarga rasmiy mehnat maqomini, ferma ish haqidan yuqoriroq boʻlgan muntazam maoshni, transport va oshxona xizmatlaridan foydalanish imkonini hamda jamoa, oʻzlik va ijtimoiy birdamlik hissini rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin boʻlgan ijtimoiy himoyani beradi (Pearson, 2014). Proletarlashuvning bunday shakllari uyushish uchun imkoniyat yaratishi va ayollarga xonadon ichidagi hamda tashqarisidagi mehnat sharoitlarini qayta muzokara qilish yoʻlini ochishi mumkin (Kabeer, 2012; Mezzadri, 2016). Aksincha, bu korxonalarga yeta olmagan ayollar daromad manbayisiz uy ishchisi va “norasmiy” gʻamxoʻr roliga mixlanib qoladi. Shu bilan birga, agar davlat siyosati ommaviy ijtimoiy xizmatlarga qayta sarmoya kiritmasa va maishiy patriarxal normalarning vazifalarni jinslar oʻrtasida qayta taqsimlash tomon oʻzgarishini ragʻbatlantirmasa, uydan tashqarida ishlash ayollarning erkaklarga nisbatan mavqeyini yomonlashtiradi (Kabeer, 2013). Barqaror pul daromadi yoki rasmiy ish oʻrni, agar u takror ishlab chiqarish mehnati yukini jamiyat va davlat boʻylab qayta taqsimlash uchun ijtimoiy gʻamxoʻrlikka sarmoya kiritish hamda ayollar mehnati ijtimoiy takror ishlab chiqarish uchun yaratgan qiymatni tan olish bilan birga kelmasa, ayollar huquq va imkoniyatlarining kengayishi uchun ishonchli koʻrsatkich boʻla olmaydi. Hozirgacha keltirilgan empirik dalillar ayol mehnati qiymatining tortib olinishi bozor, oila va davlat bilan bogʻliq koʻp bosqichli patriarxat kuchlari bilan kafolatlanishini tasdiqlaydi. ## Bozor oʻtishining gender oʻlchovlarini yechish

Kambagʻal agrar sharoitlarda bozorlashuv — yoki bozor oʻtishi — aktivlar taqsimoti va tirikchilik manbalarining diversifikatsiyasini oʻzgartiradi; bu oʻzgarish gender chiziqlari boʻylab ham kechadi (Cousins va boshq., 2018). Biroq bunday murakkab oʻtishning tahlilida gender oʻlchovi juda koʻp hollarda eʼtibordan chetda qolgan (Harriss-White, 1990; Kandiyoti, 2003), holbuki u aktivlar va mehnat atrofidagi gender munosabatlarining oʻzgaruvchan qoliplarini ham oʻz ichiga oladi. Oʻzbekiston agrar xonadonlaridagi genderlashgan mehnatga qarab, ushbu maqola bozorlashuvning oʻzgartiruvchi kuchlari bilan gender ijtimoiy munosabatlari amal qiladigan koʻp bosqichli patriarxat shakllari oʻrtasidagi tarangliklarni hamda bu ikkisi oʻrtasidagi muzokara va qarshilik qanday qilib qiymat yaratishini, binobarin, ijtimoiy takror ishlab chiqarish natijalarini shakllantirishini ochib berdi. Maqola maishiy va ommaviy patriarxat kapitalistik jamgʻarishning harakatlantiruvchi kuchlari va dinamikasini dialektik tarzda belgilash orqali qiymat yaratuvchi mehnatni qanday qoliplashtirishi va bozorlashuv jarayonlarida gender tengsizligini qanday takror ishlab chiqarishi mexanizmlarini yechib berdi.

Shu yoʻnalishda maqola xonadon ichidagi mehnatning gender taqsimotini tekshirdi va oziq-ovqatni yetkazish, tayyorlash, ishlab chiqarish hamda isteʼmol qilish bilan bogʻliq unumli va takror ishlab chiqarish mehnati oʻrtasidagi soxta ikkilikni shubha ostiga olgan holda ayollar mehnatini norasmiy, unumli va takror ishlab chiqarish sohalari tutashgan chiziqda yechib berdi. Oziq-ovqat — ham tovar, ham ozuqa sifatida ishlab chiqarilishi, yetkazilishi va unga kirish imkoniyati orqali — ayollar mehnati ijtimoiy takror ishlab chiqarish uchun qanday ekspluatatsiya qilinishini va u yaratgan qiymat ekspluatatsion iqtisodiy hamda ijtimoiy shakllar ichida qanday yashiringanini tushunish uchun foydali nigoh berdi. Ishlab chiqarishning genderlashgan ijtimoiy munosabatlari iqtisodiy oʻzgarishga singdirilgan va unda qayta muzokara qilinadi; bu oʻzgarish esa tovarlar va tovar boʻlmagan narsalarning shakllanishiga taʼsir koʻrsatadi (Polanyi va boshq., 1957).

“Agrar sharoitlarda ijtimoiy takror ishlab chiqarishning kechish tarzi jamgʻarishga koʻmaklashishi mumkin, boshqa hollarda esa jamgʻarish yoʻlidagi asosiy toʻsiq boʻlib chiqadi” (Cousins va boshq., 2018: 1081). Oʻzbekiston agrar sharoitida ayollar zimmasidagi ijtimoiy takror ishlab chiqarish yukining saqlanib qolishini Cousins iqtibosidagi sababiyat zanjirini teskari aylantirish orqali izohlash mumkin: yaʼni jamgʻarishning kechish tarzi ijtimoiy takror ishlab chiqarish amaliyotlariga koʻmaklashishi mumkin, boshqa hollarda esa ijtimoiy takror ishlab chiqarish yoʻlidagi asosiy toʻsiq boʻlib chiqadi. Ayollarning ezilishi bir-biriga chirmashgan ikki omil bilan belgilanadi. Birinchidan, jamgʻarishning sekin sur’ati xonadondan tashqarida yarim proletarlashuv va norasmiy mehnat munosabatlarini saqlab qoldi; bular mahalliy mehnat munosabatlarini va takror ishlab chiqarish mehnatining gender taqsimotini juda kam oʻzgartirdi. Ikkinchidan, ommaviy va maishiy patriarxatning qayta jonlanishi ayollarni xonadon ichida boʻysunuvchi rolga tushirdi. Institutsional tarzda oʻrnatilgan genderlashgan moddiy istisno dinamikasi — yaʼni sovet ijtimoiy xizmat tizimining tugatilishi — natijasida Oʻzbekistonda ayollarning mehnati va mas’uliyati norasmiy hamda maishiy sektor bilan chegaralanib qolmoqda: haq toʻlanmaydi, oila va jamoada qaror qabul qilish imkoni cheklangan. Boshqacha aytganda, davlat siyosati yoki uning yoʻqligi paradoksal ravishda zulmkor maishiy patriarxatning kuchayishi uchun sharoit yaratdi. Bunday tarangliklar gender tengsizligining turli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda oʻzini oʻzi takror ishlab chiqarishiga olib keldi. Bu misol, darhaqiqat, ayollar huquq va imkoniyatlari kengayishi tarixi bir yoʻnalishli emasligini hamda ijtimoiy takror ishlab chiqarishni tashkil etuvchi siyosiy-iqtisodiy islohotlar va tarixiy silkinishlar natijasida u ortga ham qaytishi mumkinligini tasdiqlaydi.

Bundan tashqari, tarqoq agroqayta ishlash sanoatidagi soʻnggi ish imkoniyatlari ayollarni yangi, patriarxat hukmron va shu bilan birga xususiy kapital hukmron aylanmalarga tortayotgan yangi mehnat qoliplarini shakllantirmoqda. Yangi qayta ishlash sanoati mehnatni uyushtirish orqali Oʻzbekiston qishlogʻida muzokara mavqeyini qayta koʻrib chiqish va gender imtiyozlarini shubha ostiga olish maydoniga aylanishi mumkin. Biroq kapitalistik oʻzgarish jarayonlari gender tengsizligiga chuqur singib ketgan (O’Laughlin, 2007), mahalliy ekspluatatsiya dinamikasi esa saqlanib qolmoqda va xonadon ichida hamda tashqarisida kundalik ijtimoiy takror ishlab chiqarishga taʼsir koʻrsatmoqda. Makroiqtisodiy koʻrsatkichlar Oʻzbekiston iqtisodiyotining barqaror oʻsishini va tarkibiy oʻzgarish qolipini koʻrsatayotganiga qaramay, mustaqillikning dastlabki yillarida qishloq xoʻjaligidagi ayollar haqida yozilgan ishlarda qayd etilganiga nisbatan kam narsa oʻzgardi: beqaror mehnat, maishiy patriarxal normalar va davlat xizmatlarining chekinishi ayollarga salbiy taʼsir koʻrsatishda davom etmoqda. Qishloq ayollarining eng zaif qatlami Sovet Ittifoqining parchalanishidan deyarli hech qanday naf koʻrmadi.

Kelgusi yillarda bozorlashuv ayollarni qamrab oladimi yoki chetlatadimi — bu bir-birini istisno qilmaydigan, aksincha bir-birini oʻzaro tashkil etadigan yuqoridan quyiga (kapital-davlat) va quyidan yuqoriga (mehnat) yoʻnalgan patriarxal kuchlarga bogʻliq. Birinchidan, mahalliy va global kapital jamgʻarishini hamda uning mahalliy darajada qoʻshimcha mehnatni tortib olish modallarini tartibga soluvchi davlat siyosatining amalga oshirilishiga, shuningdek, mehnatni himoya qilish qonunchiligi (eng kam ish haqi, kasaba uyushmalari toʻgʻrisidagi qonunchilik va h.k.) va ijtimoiy taʼminotning oʻrnatilishiga. Ikkinchidan, patriarxal ezish, kamsitish va ekspluatatsiyani shubha ostiga oladigan hamda ishchi kuchini va uning siyosiy oʻzlik sifatida uyushish imkoniyatini yoʻnaltiradigan quyidan yuqoriga mehnat tashkilotlarining shakllanishiga. Bu ikki siyosiy kuchning dialektikasi nafaqat Oʻzbekistondagi ayollar mehnatining genderlashgan global mehnat taqsimotiga qanday qoʻshilishini, balki qiymat qanday yaratilishi va unga qanday munosabatda boʻlinishini hamda undan kim naf koʻrishini ham belgilaydi. Genderlashgan qiymat yaratish, darhaqiqat, unumli va takror ishlab chiqarish mehnati hamda ular oraligʻidagi norasmiyliklar orqali, shuningdek, kapital erkin harakat qiladigan va bozor oʻtishining sur’ati hamda trayektoriyasini belgilaydigan milliy va xalqaro institutsional manzaralar orqali dialektik tarzda izohlanadi. Agrar sanoatlashuv, shuningdek, umuman kapitalistik taraqqiyot jarayonlarida ijtimoiy takror ishlab chiqarishning toʻliq feminist IPE tahlili qiymat qanday yaratilishini va kapital mehnatning bozorlashgan shakllaridan tashqarida qanday subsidiyalanishini tushunishni oʻz ichiga olishi shart.

Shunday qilib, bu yerda keltirilgan empirik dalillar asosiy taraqqiyot kun tartibi ilgari suradigan — qishloq xoʻjaligi bozorlashuvi, kapitalistik taraqqiyot va gender huquq-imkoniyatlarining kengayishi oʻrtasida aniq bogʻliqlik bor deb daʼvo qiladigan — chiziqli gender bayonini bir necha nuqtada shubha ostiga oladi (Agarwal, 2016; Doss, 2010; O’Laughlin, 2013). Birinchidan, bu yondashuv ayollarning iqtisodiyotdagi mehnatini erkaklarning faolligidan va patriarxal ezishning institutsionallashgan maishiy shakllaridan ajratib koʻradi hamda uning ekspluatatsiyasiga imkon berish yoki toʻsqinlik qilishda davlat oʻynaydigan rolni tilga olmaydi. Ikkinchidan, u ayollarni iqtisodiy oʻsish uchun vosita boʻlgan bir jinsli kategoriya sifatida qaraydi va uning sinf hamda irq bilan munosabatiga toʻxtalmaydi (Pearson, 2005). Uchinchidan, u ayollar huquq va imkoniyatlari kengayishini bozor rivoji natijasidagi bir yoʻnalishli, chiziqli va tarixdan tashqari trayektoriya deb faraz qiladi. Nihoyat, hozirgi tahlilda bozorda kechayotgan tovarlashuv jarayonlari bilan ularning unumli va takror ishlab chiqarish mehnatiga oqibatlari oʻrtasidagi bogʻlovchi halqa yetishmaydi (Razavi, 2009); ushbu maqola aynan shuni ochib berishga hissa qoʻshdi.

Demak, ijtimoiy takror ishlab chiqarish doirasi ishlab chiqarish va takror ishlab chiqarish ikkiligini yengib oʻtish hamda bozorlashuv jarayonining ichida va tashqarisida genderlashgan qiymat yaratishning chirmashgan qoliplarini tushunish uchun foydali boʻldi. Bu ish fanlararo ontologik va epistemologik yondashuvlarga tayanish ishlab chiqarish va takror ishlab chiqarish munosabatlari atrofidagi chalgʻituvchi tasniflarni shubha ostiga olish va yechish uchun foydali ekanini koʻrsatdi. Ayollar mehnati, unga haq toʻlanadimi yoki yoʻqmi — bundan qatʼi nazar, bir vaqtning oʻzida ham ishlab chiqarish, ham takror ishlab chiqarish munosabatlarini tashkil etuvchi omil sifatida, binobarin, qiymat yaratuvchi sifatida tushunilishi kerak. Zamonaviy kapitalizmda haq toʻlanadigan va haq toʻlanmaydigan mehnat oʻrtasidagi yetishmayotgan halqalarni oshkor qilish hamda ayollarning kundalik hayot-mehnat kurashlari ular faoliyat yuritadigan va qarshilik koʻrsatadigan siyosiy kontekstlar bilan qanday shakllanishini yoritish uchun qoʻshimcha empirik va nazariy tadqiqotlar zarur.


Minnatdorchilik

Muallif ushbu tadqiqot uchun suhbatlashgan barcha ayollarga hamda uning amalga oshishiga hissa qoʻshganlarga, jumladan anonim taqrizchilarga va maxsus sonning muharrirlari hamda ishtirokchilariga minnatdorchilik bildiradi. Ish London universiteti SOAS tomonidan moliyalashtirilgan; dala tadqiqoti xarajatlariga UCL-CEELBAS hissa qoʻshgan.

Manfaatlar toʻqnashuvi

Muallif tomonidan hech qanday potensial manfaatlar toʻqnashuvi qayd etilmagan.

Muallif haqida

Lorena Lombardozzi — Ochiq universitet Ijtimoiy fanlar va global tadqiqotlar maktabining iqtisodiyot boʻyicha oʻqituvchisi, Kembrij universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo forumining tadqiqotchi hamkori.



Adabiyotlar roʻyxati

[Tarjimon izohi: manbalar asl nashrdagi shaklda saqlangan; sarlavhalarning oʻzbekcha tarjimasi qavs ichida berilgan.]

ADB (Asian Development Bank). (2014). Uzbekistan country gender assessment (Oʻzbekiston boʻyicha gender baholash). ADB, Manila. https://www.adb.org/sites/default/files/institutional-document/42767/files/uzbekistan-country-gender-assessment.pdf

Agarwal, B. (2016). Property, family, and the state (Mulk, oila va davlat). Oxford University Press.

Agarwal, B., & Herring, R. (2013). Food security, productivity, and gender inequality (Oziq-ovqat xavfsizligi, unumdorlik va gender tengsizligi). In The Oxford handbook of food, politics, and society. Oxford University Press.

Arslan, A. (2020). Relations of production and social reproduction, the state and the everyday: Women’s labour in Turkey (Ishlab chiqarish va ijtimoiy takror ishlab chiqarish munosabatlari, davlat va kundalik hayot: Turkiyada ayollar mehnati). Review of International Political Economy, 1–23.

Arun, S. (2012). ‘We are farmers too’: Agrarian change and gendered livelihoods in Kerala, South India (“Biz ham fermermiz”: Janubiy Hindiston, Keraladagi agrar oʻzgarish va genderlashgan tirikchilik). Journal of Gender Studies, 21(3), 271–284.

Atta, D. V. (1993). The current state of agrarian reform in Uzbekistan (Oʻzbekistonda agrar islohotning hozirgi holati). Post-Soviet Geography, 34(9), 598–606.

Barrientos, S. (2019). Changing gender patterns of work in global value chains: Capturing the gains? (Global qiymat zanjirlarida mehnatning oʻzgaruvchan gender qoliplari). Cambridge University Press.

Barrientos, S., Knorringa, P., Evers, B., Visser, M., & Opondo, M. (2016). Shifting regional dynamics of global value chains: Implications for economic and social upgrading in African horticulture (Global qiymat zanjirlarining oʻzgaruvchan mintaqaviy dinamikasi). Environment and Planning A, 48(7), 1266–1283.

Bernstein, H. (2010). Class dynamics of agrarian change (Agrar oʻzgarishning sinfiy dinamikasi). Kumarian Press.

Bhattacharya, T. (Ed.). (2017). Social reproduction theory: Remapping class, recentering oppression (Ijtimoiy takror ishlab chiqarish nazariyasi: sinfni qayta xaritalash, ezilishni markazga qaytarish). Pluto Press.

Brown, C. (1981). Mothers, fathers and children: From private to public patriarchy (Onalar, otalar va bolalar: xususiy patriarxatdan ommaviy patriarxatga). In L. Sargent (Ed.), Women and revolution (239–268). Pluto.

Buckley, M. (Ed.). (1997). Post-Soviet women: From the Baltic to Central Asia (Postsovet ayollari: Boltiqdan Markaziy Osiyogacha). Cambridge University Press.

Cleuziou, J., & Direnberger, L. (2016). Gender and nation in post-Soviet Central Asia: From national narratives to women’s practices (Postsovet Markaziy Osiyosida gender va millat). Nationalities Papers, 44(2), 195–206.

Cousins, B., Dubb, A., Hornby, D., & Mtero, F. (2018). Social reproduction of ‘classes of labour’ in the rural areas of South Africa (Janubiy Afrika qishloqlarida “mehnat sinflari”ning ijtimoiy takror ishlab chiqarilishi). The Journal of Peasant Studies, 45(5–6), 1060–1085.

Doss, C. R. (2010). If women hold up half the sky, how much of the world’s food do they produce? (Agar ayollar osmonning yarmini koʻtarib tursa, dunyo oziq-ovqatining qanchasini ular ishlab chiqaradi?). FAO.

Duflo, E. (2012). Women empowerment and economic development (Ayollar huquq-imkoniyatlarining kengayishi va iqtisodiy taraqqiyot). Journal of Economic Literature, 50(4), 1051–1079.

Elson, D. (2002). Uneven development and the textiles and clothing industry (Notekis taraqqiyot va toʻqimachilik sanoati). In Capitalism and development (203–224). Routledge.

Elson, D., & Pearson, R. (1981). ‘Nimble fingers make cheap workers’: An analysis of women’s employment in third world export manufacturing (“Chaqqon barmoqlar arzon ishchi yasaydi”). Feminist Review, 7(1), 87–107.

England, K. V. (1994). Getting personal: Reflexivity, positionality, and feminist research (Shaxsiylashuv: refleksivlik, pozitsionallik va feminist tadqiqot). The Professional Geographer, 46(1), 80–89.

Farfan, G., Genoni, M. E., & Vakis, R. (2015). You are what (and where) you eat (Siz nima — va qayerda — yeganingizsiz). The World Bank.

Ferguson, S., LeBaron, G., Dimitrakaki, A., & Farris, S. R. (2016). Special issue on social reproduction: Introduction (Ijtimoiy takror ishlab chiqarishga bagʻishlangan maxsus son: kirish). Historical Materialism, 24(2), 25–37.

Folbre, N. (1994). Who pays for the kids? : Gender and the structures of constraint (Bolalar uchun kim toʻlaydi? Gender va cheklov tuzilmalari). Routledge.

Harriss-White, B. (1990). The intrafamily distribution of hunger in South Asia (Janubiy Osiyoda ochlikning oila ichidagi taqsimoti). In J. Dreze & A. Sen (Eds.), The political economy of hunger, I (351–424). Clarendon Press.

Himmelweit, S., & Mohun, S. (1977). Domestic labour and capital (Maishiy mehnat va kapital). Cambridge Journal of Economics, 1(1), 15–31.

Hirway, I. (1999). Estimating work force using time use statistics in India (Hindistonda vaqtdan foydalanish statistikasi asosida ishchi kuchini baholash). Ahmedabad.

Kabeer, N. (2003). Mainstreaming gender in poverty eradication and the Millennium Development Goals (Qashshoqlikni tugatish va Mingyillik maqsadlarida genderni asosiy oqimga kiritish). Commonwealth Secretariat/IDRC.

Kabeer, N. (2012). Women’s economic empowerment and inclusive growth (Ayollarning iqtisodiy huquq-imkoniyatlari va inklyuziv oʻsish). SIG Working Paper 2012/1.

Kabeer, N. (2013). Paid work, women’s empowerment and inclusive growth (Haq toʻlanadigan mehnat, ayollar huquq-imkoniyatlari va inklyuziv oʻsish). UN Women.

Kandiyoti, D. (1988). Bargaining with patriarchy (Patriarxat bilan savdolashish). Gender & Society, 2(3), 274–290.

Kandiyoti, D. (1998). Rural livelihoods and social networks in Uzbekistan: Perspectives from Andijan (Oʻzbekistonda qishloq tirikchiligi va ijtimoiy tarmoqlar: Andijon misolida). Central Asian Survey, 17(4), 561–578.

Kandiyoti, D. (2003). The cry for land: Agrarian reform, gender and land rights in Uzbekistan (Yer uchun nido: Oʻzbekistonda agrar islohot, gender va yer huquqlari). Journal of Agrarian Change, 3(1–2), 225–256.

Kandiyoti, D. (2007). The politics of gender and the Soviet paradox: Neither colonized, nor modern? (Gender siyosati va sovet paradoksi). Central Asian Survey, 26(4), 601–623.

Karshenas, M., Moghadam, V. M., & Alami, R. (2014). Social policy after the Arab Spring (Arab bahoridan keyin ijtimoiy siyosat). World Development, 64, 726–739.

Katz, C. (2001). Vagabond capitalism and the necessity of social reproduction (Darbadar kapitalizm va ijtimoiy takror ishlab chiqarish zarurati). Antipode, 33(4), 709–727.

Kocabicak, E. (2020). Why property matters? New varieties of domestic patriarchy in Turkey (Nega mulk muhim? Turkiyada maishiy patriarxatning yangi koʻrinishlari). Social Politics, 27(4), 1–19.

Kunz, R. (2010). The crisis of social reproduction in rural Mexico (Meksika qishlogʻida ijtimoiy takror ishlab chiqarish inqirozi). Review of International Political Economy, 17(5), 913–945.

Lastarria-Cornhiel, S. (1997). Impact of privatization on gender and property rights (Xususiylashtirishning gender va mulk huquqlariga taʼsiri). World Development, 25(8), 1317–1333.

Lastarria-Cornhiel, S. (2008). Feminization of agriculture: Trends and driving forces (Qishloq xoʻjaligining feminizatsiyasi). World Bank.

LeBaron, G. (2010). The political economy of the household (Xonadonning siyosiy iqtisodi). Review of International Political Economy, 17(5), 889–912.

Lombardozzi, L. (2019). Can distortions in agriculture support structural transformation? The case of Uzbekistan (Qishloq xoʻjaligidagi buzilishlar tarkibiy oʻzgarishni qoʻllab-quvvatlay oladimi?). Post-Communist Economies, 31(1), 52–74.

Lombardozzi, L. (2020a). Unpacking state-led upgrading: Empirical evidence from Uzbek horticulture value chain governance (Davlat boshchiligidagi yuksalishni yechish). Review of International Political Economy, 1–27.

Lombardozzi, L. (2020b). Patterns of accumulation and social differentiation through a slow-paced agrarian market transition (Sekin sur’atli agrar bozor oʻtishida jamgʻarish va ijtimoiy tabaqalanish qoliplari). Journal of Agrarian Change, 20(4), 637–658.

Lombardozzi, L., & Djanibekov, N. (2021). Can self-sufficiency policy improve food security? (Oʻzini oʻzi taʼminlash siyosati oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilay oladimi?). Eurasian Geography and Economics, 62(1), 1–20.

Mezzadri, A. (2016). Class, gender and the sweatshop (Sinf, gender va terxona). Third World Quarterly, 37(10), 1877–1900.

Mezzadri, A. (2019). On the value of social reproduction (Ijtimoiy takror ishlab chiqarishning qiymati haqida). Radical Philosophy, 2(04), 33–41.

Mies, M. (1986). Patriarchy and accumulation on a world scale (Jahon miqyosida patriarxat va jamgʻarish). Zed.

Munro, K. (2019). “Social reproduction theory, ” social reproduction, and household production (“Ijtimoiy takror ishlab chiqarish nazariyasi”, ijtimoiy takror ishlab chiqarish va xonadon ishlab chiqarishi). Science & Society, 83(4), 451–468.

Naidu, S. C., & Ossome, L. (2016). Social reproduction and the agrarian question of women’s labour in India (Ijtimoiy takror ishlab chiqarish va Hindistonda ayollar mehnatining agrar masalasi). Agrarian South, 5(1), 50–76.

O’Laughlin, B. (2007). A bigger piece of a very small pie (Juda kichik pirogning kattaroq boʻlagi). Development and Change, 38(1), 21–44.

O’Laughlin, B. (2013). Land, labour and the production of affliction in rural Southern Africa (Janubiy Afrika qishlogʻida yer, mehnat va azob ishlab chiqarilishi). Journal of Agrarian Change, 13, 175–196.

Pearson, R. (2005). The rise and rise of gender and development (Gender va taraqqiyotning yuksalishi). In U. Kothari (Ed.), A radical history of development studies (157–179). Zed.

Pearson, R. (2014). Feminist political economy: Looking back, looking forward (Feminist siyosiy iqtisod: ortga va oldinga qarash). In S. M. Rai & G. Waylen (Eds.), New frontiers in feminist political economy (1–18). Routledge.

Polanyi, K., Arensberg, C. M., & Pearson, H. W. (1957). Trade and market in the early empires (Ilk imperiyalarda savdo va bozor). Free Press.

Razavi, S. (2003). Introduction: Agrarian change, gender and land rights (Kirish: agrar oʻzgarish, gender va yer huquqlari). Journal of Agrarian Change, 3(1–2), 2–32.

Razavi, S. (2009). Engendering the political economy of agrarian change (Agrar oʻzgarish siyosiy iqtisodini genderlashtirish). The Journal of Peasant Studies, 36(1), 197–226.

Romanova, E., Kolybashkina, N., Hiller, B., Todd, & Kochkin, E. (2017). Diagnostic study of barriers for strengthening livelihoods of low-income rural women in Uzbekistan (Oʻzbekistonda kam daromadli qishloq ayollari tirikchiligini mustahkamlash yoʻlidagi toʻsiqlarning diagnostik tadqiqoti). World Bank.

Seguino, S. (1997). Gender wage inequality and export-led growth in South Korea (Janubiy Koreyada gender ish haqi tengsizligi va eksportga tayangan oʻsish). The Journal of Development Studies, 34(2), 102–132.

Seguino, S. (2010). The global economic crisis, its gender and ethnic implications, and policy responses (Global iqtisodiy inqiroz, uning gender va etnik oqibatlari). Gender & Development, 18(2), 179–199.

Standing, G. (1999). Global feminization through flexible labor: A theme revisited (Moslashuvchan mehnat orqali global feminizatsiya). World Development, 27(3), 583–602.

Stevano, S., Kadiyala, S., Johnston, D., Malapit, H., Hull, E., & Kalamatianou, S. (2019). Time-use analytics (Vaqtdan foydalanish tahlili). Feminist Economics, 25(3), 1–22.

Trevisani, T. (2008). Land and power in Khorezm: Farmers, communities and the state in Uzbekistan’s decollectivisation process (Xorazmda yer va hokimiyat) [PhD dissertatsiyasi]. ZEF / Berlin universiteti.

UNDP. (2017). Improving productive and export potential of fruit and vegetable sector of Uzbekistan (Oʻzbekiston meva-sabzavot sohasining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish).

UNICEF. (n.d.). (nashr etilmagan).

Veldwisch, G. J. A., & Bock, B. B. (2011). Dehkans, diversification and dependencies: Rural transformation in post-Soviet Uzbekistan (Dehqonlar, diversifikatsiya va qaramliklar). Journal of Agrarian Change, 11(4), 581–597.

Veldwisch, G. J., & Spoor, M. (2008). Contesting rural resources: Emerging ‘forms’ of agrarian production in Uzbekistan (Qishloq resurslari uchun kurash). The Journal of Peasant Studies, 35(3), 424–451.

Walby, S. (1990). Theorizing patriarchy (Patriarxatni nazariylashtirish). Basil Blackwell.

Welter, F., & Smallbone, D. (2008). Women’s entrepreneurship from an institutional perspective: The case of Uzbekistan (Institutsional nuqtai nazardan ayollar tadbirkorligi: Oʻzbekiston misoli). International Entrepreneurship and Management Journal, 4(4), 505–520.

World Bank. (2012). World development report 2012: Gender equality and development (Jahon taraqqiyoti hisoboti 2012: gender tengligi va taraqqiyot). World Bank.

Zanca, R. (2010). Life in a Muslim Uzbek village: Cotton farming after communism (Musulmon oʻzbek qishlogʻida hayot: kommunizmdan keyingi paxtachilik). Cengage Learning.

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About