Donate
Society and Politics

“Tasavvur qilingan” va “haqiqiy” millat qurilishi o‘rtasida: postsovet Markaziy Osiyoda o'zliklar va milliylik

Tarjima va Tanqid26/10/25 10:19136

Markaziy Osiyoda davlat qurilishi bo‘yicha mavjud adabiyotlarning aksariyati siyosiy elitalar tasavvuridagi millat va davlat tushunchasiga urg‘u berilgan, ya’ni “yuqoridan quyiga” yondashuvini taklif etadi. Ushbu maxsus son muqaddimasida mualliflar Markaziy Osiyodagi davlat qurilishi jarayonlarini davlat–jamiyat munosabatlarining boshqa qatlamlariga e’tibor qaratgan holda tadqiq qilishga urinadilar.

To‘plamdagi tadqiqotlar davlat tomonidan ishlab chiqilayotgan “tasavvur qilingan” va “haqiqiy” siyosatlar hamda diskurslar o‘rtasidagi “kulrang zona”ni va bu jarayonning hududiy, milliy va xalqaro darajadagi turli auditoriyalar tomonidan qanday qabul qilinishini tahlil qiladi.

Mualliflar Markaziy Osiyo davlat qurilishining bahsli, ko‘p qatlamli xususiyatiga urg‘u beradilar hamda davlat qurilishini o‘rganishda kino, qurilish loyihalari va saylov jarayonlari kabi yangi, noan’anaviy tahlil vositalaridan foydalanadilar.

Ushbu maxsus son o‘z ichiga O‘zbekistonga bag‘ishlangan maqolani kiritmagan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyodagi boshqa milliy davlatchilik jarayonlari tahlili orqali qiyosiy tadqiqotlar uchun muhim asos yaratadi.

Tarjimon: Ismoil Ilxomzoda
Tahrirchi: Bobur Muratov
Asl manba: Isaacs, R., & Polese, A. (2015). Between “imagined” and “real” nation-building: Identities and nationhood in post-Soviet Central Asia. Nationalities Papers43(3), 371-382.

Содержание
  • Kirish
  • Markaziy Osiyo: Qanday millatlar? Qanday qurilma?
  • Postsovet Markaziy Osiyosida davlatchilik va o‘zlikning shakllanishi
  • Ushbu to‘plamning maqsadlari
polytanalyse.com
polytanalyse.com

Kirish

“Nationalities Papers” jurnalining ushbu maxsus soni postsovet Markaziy Osiyoda davlat qurilishining ko‘pqirrali tabiatini tadqiq qiladi. Milliy davlat qurilishiga bag‘ishlangan adabiyotlarning va ilmiy ishlarning ko‘pligiga qaramasdan mintaqa bo‘yicha ishlar milliy o‘zlik qurilishiga etatik yondashuv bilan bog‘liq bo‘lgan. Jumladan mintaqa rejimlarning avtoritar va yopiq tabiati aksar hollarda milliy davlatchilik hokimiyatni bir joyda yig‘ish va rejimni qurish bilan bog‘liq bo‘lgan. Lekin bu yondashuv davlat-jamiyat munosabatlarining boshqa jihatini e’tiborga olmaydi. Markaziy Osiyoda davlat qurilishiga bag‘ishlangan aksar tadqiqotlar asosan millat va milliy o‘zlik siyosiy elitalar tomonidan qanday tasavvur qilinishiga urg‘u qaratadi va bunda davlat qurilishidagi bunday choralar oddiy fuqarolar hamda nodavlat subyektlar tomonidan qanday qabul qilinishini aks ettirishiga kam e’tibor qaratiladi.

Ushbu maxsus son insonlar va davlat subyektlarining millat qurilishi vositasida harakat qiluvchi sifatida ko‘rishga asoslagan yondashuvni har tomonlama ko‘rib chiqishga harakatni o‘zida aks ettiradi. Biz qo‘llayotgan millat qurilishi tushunchasi ikki tomonlamadir. Bir tomondan bu siyosiy elitaning millat g‘oyasi va milliy hamjamiyat yaratish, uni rivojlantirish va ommalashtirish borasidagi urinishlariga taalluqli. Bu siyosiy diskurs va chora-tadbirlar hamda markaziy darajada qabul qilingan siyosat vositasida amalga oshiriladi. Boshqa tomondan millat qurilishi bu yerda xalq, fuqarolik hamjamiyati, kompaniyalar va hatto davlat institutlari nomidan ish ko‘rmayotgan davlat xodimlarining faoliyatlariga ham tegishli bo‘ladi. Bizning fikrimizcha, millat qurilishi faqatgina elitalar tomonidangina taqdim etiladi, lekin milliy o‘zlik shakllanishida o‘z ovoziga ega va millat qurilishi jarayoning ajralmas qismi bo‘lganlar tomonidan qabul qilinishi (qayta ko‘rib chiqilishi/rad etilishi) lozim.

Shu bilan birga bu maxsus sonning asosiy maqsadi — Markaziy Osiyodagi millat qurilishi siyosatini submilliy, milliy va xalqaro darajada tadqiq qilib uning qiyosiy tahlilini amalga oshirishdan iboratdir. Turli fan olimlaridan foydalangan holda va turli mamlakatlarga urg‘u berib ushbu maxsus son turli darajadagi davlat va hududlar kesimida millat qurilishi siyosati konsepsiyasi, ishlab chiqilishi, amalga oshirilishi va qabul qilinishini o‘rganadi. Ushbu maxsus sonni tashkil etuvchi maqolalar Markaziy Osiyodagi millat qurilishiga bag‘ishlangan mavjud adabiyotlarga uch usul orqali o‘z hissasini qo‘shishga qaratdi: 1) siyosiy elitalarning millat qurilishi siyosati haqidagi tasavvurlari va ushbu siyosat bevosita yo‘naltirilgan turli auditoriyalar tomonidan uning qanday tushunilishi o‘rtasidagi tafovutni o‘rgangan holda, 2) millat qurilishi siyosati va uning diskursining bahsli va ko‘povozli tabiatiga diqqat qaratgan holda va 3) postsovet Markaziy Osiyosida millat qurilishi dinamikasini noan’anaviy tahlil vositalaridan foydalangan holda.

Markaziy Osiyo: Qanday millatlar? Qanday qurilma?

Markaziy Osiyo respublikalari milliy davlatchilik nuqtayi nazaridan nisbatan yangi hodisadir. Ularning aksariyatida davlatchilikning u yoki bu shakli avval mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da (Qozoq xonligi, Buxoro amirligi kabi), toki ular cheklangan suverenitet bilan bo‘lsa-da 1920-yilgi sovet milliy chegaralashtirish amaliyotigacha zamonaviy, suveren va mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘lmaganlar. Ularning Sovet Sotsialistik Respublikalari sifatida milliy chegaralanishi sobiq Ittifoqning paradoksal tabiati mahsuli edi. Bir tomondan sovet hokimiyati “doim ham proletariat huquqi bilan mos kelmagan guruhlar huquqini izchil olg‘a surgan” etnik xususiylikka sodiq bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan sovet elitalari milliy guruhlarni yagona Sovet millatiga integratsiya qilishga uringan. Shuning uchun sovet hokimiyati postsovet milliy davlatlarining asosi bo‘lgan etnik kategoriyalar va chegaralarni belgilagan va ularni institutlashtirgan holda mintaqada “millatlar yaratuvchi”si bo‘lish vazifasini o‘z bo‘yniga oldi. Respublika elitasining resurs va mansab jihatidan Moskvaga qaramligi hamda mintaqada biror bir ko‘zga tashlanadigan milliy xalq harakatining mavjud emasligi Markaziy Osiyo davlatlari Sovet Ittifoqining 1991-yildagi parchalanish vaqtida ma’lum ma’noda mustaqillikka intilmagan davlatlar bo‘lganliklarini anglatadi.

Millat qurilishi siyosiy-iqtisodiy islohotlar va davlat qurilishi bilan bir qatorda postsovet davridagi mintaqa elitasi e’tibor qaratgan fundamental jarayon bo‘ldi. Markaziy Osiyoda, ayniqsa O‘zbekiston va Turkmanistonda avtoritarizmning juda tez konsolidatsiyalashuvi natijasida 1990-yillarda mintaqa haqidagi fan o‘z e’tiborini tranzitologiya va demokratizatsiyalashuvdan chetga olib, buning o‘rniga mintaqa elitasining “yangi” millatlar yaratishdagi urinishlariga e’tibor qarata boshladi. Bunday burilishning o‘z ichki mantig‘i bor edi. Sovet milliy chegaralanishi, sovet milliy siyosati va mintaqadagi 1930-1940-yillardagi majburiy migratsiyaning oqibati hisoblangan Markaziy Osiyoning asosiy etnik turfa xilligi shuni anglatardiki, mintaqa elitalarining sog‘lom aqlga tayangan tegishlilik va guruhga mansublikni ishlab chiqish va uni shakllantirish ular hokimiyatining va siyosiy barqarorlikning markaziy nuqtasi edi. Shuning uchun Markaziy Osiyo elitalari uchun millat qurilishi etnik turfaxillikni hisobga olgan holda Konnor ta’biri bilan aytganda millatning davlat bilan birlashuvi edi. Mintaqa siyosiy yetakchilari o‘zlarining sovet xo‘jayinlaridan hududiy birliklarni ehtiyotkorlik bilan qabul qilib olgan bir vaqtda ushbu davlat chegaralari ushbu hududda yashovchi turli etnik millatlarga doim ham mos kelmas edi. Bunga yaqqol misol sobiq Ittifoq tarqalishi vaqtida Qozog‘istondagi titul etnik ko‘pchilikni tashkil etishi kerak bo‘lgan qozoqlarning soni etnik kamchilikni tashkil etishi bo‘la oladi. Ittifoq qulashidan so‘ng o‘z titul vatanidan tashqarida qolib ketgan boshqa etnik guruhlarga misolni Markaziy Osiyoning boshqa hududlaridan ham topsa bo‘ladi, ayniqsa Qirg‘iziston janubidagi kattagina o‘zbek aholisi yashaydigan Farg‘ona vodiysi va O‘zbekiston hududida yashovchi salmoqli tojik millatini misol keltirish mumkin.

1990-yillar o‘rtalarida olimlar ushbu etnik turfalikni mintaqani nizo va zo‘ravonliklarga yetaklovchi halokatli ssenariyni bashorat qilishga asos qilib oldilar. Tojikistonda bu millatchilik allaqachon muvaffaqiyatsizlikka uchradi deyish mumkin. Etnik va diniy o‘zlikning bunday aralash tarkibini esa tobora yaqinlashib kelayotgan bo‘ronni eslatuvchi qaynoq qozonga qiyoslash mumkin. Yuqoridagi sanab o‘tilgan xavflar vujudga kelmagani sababli (Tojikistondagi fuqarolar urushi va 2010-yildagi Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi zo‘ravonliklar bundan mustasno) olimlar o‘z diqqatlarini mintaqaga sovet va hatto rus xurujini boshlab bergan subetnik va submilliy kuchlarga qaratdilar. Ta’kidlanishicha, 2000-yillarda siyosiy elitaning milliy va fuqarolik o‘zlikni shakllantirishga qaratilgan harakatlari an’anaviy o‘zliklarni shakllantirishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarga nisbatan ikkilamchi bo‘lib qoldi va undan tashqari aynan norasmiy siyosiy o‘zliklar, tashkilotlar va xatti-harakatlar qaror qabul qilishda va davlat rivojida asosiy rolni o‘ynadilar. “Norasmiylik” tomon siljish postkommunistik makonni o‘rganuvchi tadqiqotlardagi nisbatan keng siljishning bir qismi edi. Shunga qaramasdan millat va o‘zlikni qurishga taalluqli savollar yo‘q bo‘lib ketmadi va millat, hududiy nizolar va siyosiy o‘zlik masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar hududning siyosiy va ijtimoiy dinamikasini tushunishda asos bo‘lib qoldi.

Postsovet Markaziy Osiyosida davlatchilik va o‘zlikning shakllanishi

         Markaziy Osiyoda davlatchilik va o‘zlikni shakllantirish borasidagi ishlar Rodjers Brubeykerning “milliylashtiruvchi davlat” konsepsiyasidan foydalangan holda amalga oshirildi. “Milliylashtiruvchi davlat” shunday etnomadaniy tushunchalarda namoyon bo‘ladiki, unda titul milliy ko‘pchilik milliy ozchilik hisobiga davlat, uning institutlari, ramzlarida o‘z milliy o‘zligini mustahkamlaydi va olg‘a suradi. Yoki hech bo‘lmaganda boshqa etnik ozchiliklarlarni titul ko‘pchilikning institutlari, ramzlari va amaliyotlariga assimilyatsiya qilish urinishlari ham mavjud. Shuning uchun avvalboshdan olimlar “milliylashtiruvchi davlat” konsepsiyasini elitalarning titul etnik guruh manfaatlarini davlat semiotikasi va ma’lum tarixiy shaxslarni va afsonalarni targ‘ib qilish, titul millat imtiyozlarini konstitutsiyada, xususiylashtirish va yer islohotlarida, tilga taalluqli qonunlarda belgilab qo‘yilishi, aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlarini manipulyatsiya qilish va tarix darsliklarini qayta yozish kabi amaliyotlar vositasida olg‘a surishga bo‘lgan urinishlarini o‘rganish uchun foydalandilar. Ayni vaqtda etnik va fuqarolik davlatlar rivoji va mintaqadagi o‘zlik orasini ajratib olishga katta e’tibor qaratildi. Markaziy Osiyoning turli va ko‘petnik tarkibini hisobga olgan holda olimlarning Gans Konga tegishli etnik va fuqarolik milliy o‘zlik orasidagi farqiga murojaat qilishgani bejiz emas. Darhaqiqat, Qozog‘istondagi fuqarolik va etnik o‘zlikni olg‘a surishdagi ikkiyoqlama siyosat diqqatga sazovordir. Fuqarolik-etnik farqlar Qirg‘izistondagi etnik mojarolarni boshqarish vositasi sifatida ko‘rilgan bo‘lishiga qaramasdan, fuqarolik va etnik kategoriyalar butun mintaqadagi til siyosatida muhim rol o‘ynaganini ko‘rishimiz mumkin. Shubhasiz, Markaziy Osiyoda etnik –fuqarolik dixotomiyaga nisbatan millat qurilishi jarayonini belgilashda kamchiliklar yo‘q emas. Kuzioning ta’kidlashicha, barcha davlatlar (fuqarolik davlatlari ham) etnik yadroga ega, shuning uchun dixotomiya “fuqaroviy” bu g‘arbning yaxshi millatchilik shakli, “etnik” bo‘lsa salbiy sharqona millatchilikni ko‘zda tutuvchi me’yorlashish tendensiyasiga ega. Bundan tashqari, etnik-fuqaroviy dixotomiyani belgilash Markaziy Osiyo mintaqasidagi millatchilik va o‘zliklarning ko‘pligini ko‘zdan qochiradi.

              Ilmiy ishlarning boshqa qismi esa, faqatgina elitalarning milliylashtirish siyosat va urinishlarigagina e’tibor qaratmasdan, milliy davlatlar qanday qilib Markaziy Osiyoda diskursiv va ramziy tarzda davlatchilikni qurganlariga ham e’tibor qaratdilar. Salli Kammingsning aytishicha, sobiq Ittifoq tarqalganga qadar mintaqada milliy mustaqillik harakatlaring mavjud bo‘lmagani postsovet elitalarning shoshilinch tarzda“milliy o‘ziga ishonch belgilarini” tatbiq qilishga majbur etdi. Masalan, olimlar Qozog‘iston va O‘zbekistondagi davlatchilik jarayonlarini ommaviy bayramlar bilan bog‘liqligiga e’tibor qaratib, bu bayramlar siyosiy elita tomonidan xalqlar orasida umum taalluqlilik hissini uyg‘otishda foydalanilishini va davlat va jamiyat o‘rtasida aloqa tuyg‘usini mustahkamlashga urinish ekanligini ta’kidlaydilar. Bu milliy o‘zlikni ifodalovchi samaradorlik va madaniyatni o‘rganishning muhimligini ko‘rsatadi, ehtimol bu milliy o‘zlik (va, demak, millatlar) jo‘n ritual va amaliyotlar orqali qanday qayta hosil bo‘lishini tasvirlaydi. Boshqalar esa Turkmanistondagi yodgorliklar, xotirlash va kollektiv xotirani qayta talqin etishni bo‘linib ketgan va o‘zaro dushman submilliy jamoalarni birlashtirish usuli sifatida o‘ynayotgan roliga ishora qilishdi. Ayni vaqtda boshqalar milliy daraja chegarasidan tashqariga qarab Markaziy Osiyo davlatlari o‘zlarini xalqaro auditoriya uchun qanday “brendlayotganlarini” tadqiq qildilar. Ushbu barcha misollar ramzlar va diskursiv narrativlar rejimni legitimlashtirishni qo‘llab quvvatlashda qanday foydalanilayotganidan darak beradi. Haqiqiy demokratik saylovlarga qo‘l urmagan holda Markaziy Osiyodagi rejimlar aksar hollarda olamshumul ommaviy tadbirlar, diskurs va ramzlarga murojaat etib, bulardan o‘z boshqaruvlarini va davlat suvereniteti, taraqqiyoti va yashab qolishidagi o‘zlarining markaziy rollarini oqlash uchun foydalandilar.

           Yuqoridagi adabiyotlar Markaziy Osiyoning davlatchiligi, milliy shakllanishi va milliy o‘zlik siyosatini tahlil qilishda ikkita umumiy belgiga ega. Birinchidan, avval ishora qilingandek hududdagi rejimlarning avtoritar va yopiq xususiyatini hisobga olgan holda, aksar hollarda milliy davlatchilik qurilishi hokimiyatni jamlash va rejim barpo etish harakatlari bilan chambarchas bog‘liq. Turkmaniston misoli, ehtimol, buning eng yaqqol namunasidir — umumiy mansublik tuyg‘usi haqidagi diskurs avvalo prezident Niyazovning shaxs kultidan, keyin esa uning vorisi Gurbanguli Berdimuhamedovning shaxs kultidan foydalanib shakllantirilgan. Aslini olganda bunday yondashuvda hech qanday muammo yo‘q, avtoritar rejimlarning tabiati inobatga olinsa, bu oldindan kutilgan holat edi, bu mintaqada haqiqatan ham davlat va jamiyat munosabatlarining boshqa tomonini hisobga olmaydigan milliy qurilishning pasayuvchi istiqbolini bashorat qiladi. Ikkinchidan, pasayish istiqbolining natijasi sifatida, Markaziy Osiyoda millat qurilishi bo‘yicha tadqiqotlarda eng katta e’tibor millat va milliy o‘zlik siyosiy elitalar tomonidan qanday “tasavvur qilinishiga” qaratiladi. Shu vaqtgacha bunday siyosat amaliyotga qanday joriy qilinishi yoki fuqarolar va turli davlat arboblari tomonidan qanday qabul qilinishiga e’tibor kam qaratildi.

Ushbu to‘plamning maqsadlari

         Biz shuni taklif qilardikki, davlat qurilishi va o‘zlikning har qanday kontekst va geografik mintaqalarda uzluksiz va dinamik tabiati hamda Markaziy Osiyoda o‘zlik va davlatchilikning murakkab genealogiyasi hamda sovet merosini hisobga olgan holda, mintaqadagi davlat qurilishiga xos shakllar, ziddiyatlar va muammolarni qayta muhokama qilish hech qachon bekorga vaqt o‘tkazish bo‘lmaydi. Shunga qaramay, ushbu maxsus sonda biz mualliflarning uch xil yo‘nalishda hissa qo‘shishini ko‘zda tutgan bo‘lardik. Birinchidan, avval aytib o‘tilganidek, ushbu maxsus son Markaziy Osiyoda davlat qurilishi jarayonini davlat siyosati bilan davlatchilik va o‘zlikka oid diskurslar o‘rtasidagi “xayoliy” va “haqiqiy” tafovutlar orasidagi “kulrang zonani” hamda ularning turli auditoriyalar tomonidan qanday qabul qilinishini tahlil qilgan holda o‘rganadi. Shunday qilib, mohiyat shundan iboratki, bu nafaqat yuqoridan pastga qarash nuqtayi nazariga ega bo‘lish emas, garchi bu, albatta, muhim bo‘lsa-da, balki bunday siyosat va diskurslarning amalda qanday ishlashi va harakat qilishini o‘rganishdir. Bu millat qurishning mikro darajadagi amaliyotini makro daraja bilan birga o‘rganishni o‘z ichiga olishi mumkin. Davlatning ma’lum bir siyosat yoki kengroq diskursiv strategiyasi orqali “millat”ni tasavvur qilishga urinishlariga nisbatan mahalliy va hatto xalqaro auditoriyaning reaksiyasi qanday? Davlatning milliylashtirish dasturlariga nisbatan norasmiy qarshilik ba’zi millat haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirishi yoki hatto butunlay yo‘qqa chiqarishi mumkinmi? Til, fuqarolik va hokazolar bilan bog‘liq millat qurish siyosati parlament darajasida qabul qilinayotgan bo‘lsa-da, ammo uning amalga oshirilishi har doim ham kuzatilmaydi. Masalan, ba’zi olimlar allaqachon til bo‘yicha milliy ozchiliklarning davlat tili bo‘yicha ko‘rsatmalarga bo‘lgan munosabatini tahlil qilishga o‘tishgan (garchi bu Markaziy Osiyo mintaqasiga taalluqli bo‘lmasa ham).

          Ushbu maxsus sonda mualliflar mikro darajadagi reaksiyalarni davlat elitalaridan farq qiluvchi fuqarolar va/yoki boshqa subyektlarning faoliyati hamda ovozlarini alohida ta’kidlagan holda yanada tizimli usulda o‘rganadilar. Ikkinchidan, keyingi maqsad bilan bog‘liq holda, ushbu maxsus sondagi maqolalar Markaziy Osiyoda millat qurish jarayonining bahsli tabiatini oldingi o‘ringa olib chiqishga intiladilar. Bu nafaqat titul ko‘pchilik va etnik ozchiliklar bilan bog‘liq masalada bahs talab mavzu — ehtimol millat qurish va assimilyatsiya jarayonlariga xos bo‘lgan ziddiyatli dinamika haqidagi eng keng tarqalgan kuzatuv, balki u titul ko‘pchilikning o‘z ichida ham va davlatga nisbatan tashqi aktorlar tomonidan ham bahs qilinadi. Hududdagi hukmron rejimlar o‘zlarining “tasavvurlaridagi” millati haqida eng ishontiruvchi dalillarni keltirish uchun resurslarga ega bo‘lgan bir vaqtda, davlatchilikning marginallashtirilgan va muqobil konseptualizatsiyasi hamda ularga xos ziddiyatlarni va bu ziddiyatlar o‘zlikning ushbu qarama-qarshi talqinlarining mahsuli ekanligini e’tibordan chetda qoldirmaslik muhim. Uchinchidan, ba’zi maqolalar Markaziy Osiyoda millat qurilishi jarayonini saylovlar, kino, to‘g‘on qurilishi va shaxsiyat kultlari kabi “yangi”, yana ham aniqrog‘i an’anaviy bo‘lmagan tahliliy vositalardan foydalangan holda tahlil qilishga urinadilar. Shuning uchun til siyosati kabi an’anaviyroq tahliliy vositalarga e’tibor qaratish o‘rniga, ushbu maxsus sonning maqsadi post-sovet Markaziy Osiyoda davlatchilik va o‘zlik bilan bog‘liq qarama-qarshiliklar va yoriqlarni kuzatishimiz mumkin bo‘lgan muqobil joylarga e’tibor qaratishdir. Ba’zi olimlar ana shu yetarli darajada o‘rganilmagan unsurlarni so‘nggi yillarda tahlil qila boshladilar.

          Ushbu maxsus sonning barcha maqolalari ushbu uchta muhim mavzuning biri yoki bir nechtasiga bag‘ishlangan. Avvalgi ikkita maqola Qozog‘istonga bag‘ishlangan va barcha uch kategoriyani qamrab oladi. Adrian Fov monumentallashtirishni tahliliy vosita sifatida jamoat makonlarini milliylashtirilishini va davlatning jamoaviy rejalashtirish loyihalari aslida “noaniq” jarayonlar bo‘lib, milliy o‘zlik haqida bahsli narrativlar tug‘dirishini o‘rganish uchun ishlatadi. Yodgorliklardan shunday yo‘sinda foydalanib, Fov millatchilik «shaharsozlik» jarayonida turli subyektlar o‘rtasidagi hokimiyat munosabatlarini va mikro darajadagi siyosatning millat qurish siyosati bilan makro darajadagi o‘zaro munosabatini ochib bera oladi. Xususan, shunday bahs ilgari suriladiki, dastavval shahar makonlari orqali milliy o‘zlikni ramziy tarzda namoyish etish va shakllantirishga qaratilgan yodgorliklar aslan kengroq klientelist siyosiy tizim doirasida mahalliy siyosiy subyektlar uchun “resurs” hisoblanadi. Yodgorliklar hokimiyat uchun kurash maydoni hisoblanadi, chunki mahalliy akimlar (hokimlar) yodgorliklardan foydalanib prezidentning davlatchilik haqidagi ko‘zlovlarini ramziy ifoda etish huquqi uchun o‘zaro raqobatlashadilar. Ammo ushbu maqola millat qurilishining “tasavvurdagi” va “haqiqiysi” o‘rtasidagi “kulrang zonani” aniq belgilab beradi. Nazarbayev rejimi mahalliy akimlar orqali davlat va o‘zlik haqidagi “tasavvuriy” qarashlarga ega bo‘lgan holda, ularni tarix davomida faol bo‘lgan shaxslarga bag‘ishlangan yodgorliklar orqali ramziy tarzda namoyish etishni xohlaydi (masalan, Janybek va Kereyxon), biroq ushbu yodgorliklarning talqini va mohiyati amalda mahalliy aktorlar (me’morlar va haykaltaroshlar) tomonidan shakllantiriladi. Aynan shu aktorlar davlatchilik va o‘zlikni “ijro etish” vakolatiga ega bo‘lib, bu davlatning dastlabki ko‘zlagan maqsadlari bilan qarama-qarshi kelishi yoki raqobatlashishi mumkin. Shunday qilib, maqolada ta’kidlanadiki, jamoat joylaridagi millatchilik ramzlarning siyosiy iqtisodiyoti yagona millatchilik kun tartibining dalili emas, balki millat qurilishi beqaror va tasodifiy jarayon bo‘lishi mumkinligi, hamda mahalliy aktorlarning ta’siri va faoliyatiga moyil ekanligining misolidir.

            To‘plamdagi ikkinchi, Riko Ayzeksga tegishli maqolada ham Qozog‘istonda millat qurilishining bahsli tabiati o‘rganiladi. Zamonaviy qozoq kinosidan tahliliy linza sifatida foydalanib Ayzeks Fov kabi dastlabki davlat tasavvurining — etnosentrik va “fuqarolik” talqinlariga asoslangan Qozog‘iston davlatchiligini, davlat filmlari (Qozoqfilm studiyasi orqali), masalan Ko‘chmanchi (2005), Myn bala (2011) va Stalinga sovg‘a (2008) — muqobil diskurslar va hikoyalar bilan to‘qnashishini ko‘rsatadi. Bir diskurs qozoq davlatchiligini turkiy-mongol dini tangrichilikka asoslangan falsafiy va diniy talqin orqali tasvirlasa, boshqasi kundalik ijtimoiy-iqtisodiy amaliyotlarga, korrupsiya va byurokratiya bilan kurash hamda zamonaviy hayotning murakkab axloqiy tanlovlariga e’tibor qaratadi. Zamonaviy qozoq kinolari tahlili milliylashtiruvchi diskurslarning titul etnik ko‘pchilik ichida bahsli ekanini ko‘rsatadi. Davlatchilik haqidagi narrativlar faqat fuqarolik va etnik chiziqlar bo‘yicha bo‘linmasligini aks ettiradi. U shuningdek, Qozog‘istondagi avtoritar davlat madaniy ishlab chiqarish va milliy o‘zlikni bajarishda monopoliyaga ega emasligini ham ko‘rsatadi. Eng asosiysi maqolada ta’kidlanishicha, zamonaviy qozoq hayotining ijtimoiy‑iqtisodiy muammolari haqidagi diskurs orqali kino fikr erkinligi va siyosiy tizimni tanqid qilish uchun qolgan kam sonli maydonlardan biriga aylangan. Shu bilan birga, bu qarshilik egiluvchan: aksariyat qozoq millati haqidagi tanqidiy filmlarning ba’zilari davlat moliyalashtirgan Qozoqfilm studiyasi tomonidan ishlab chiqiladi.

      Kay Uilkinson xalqaro hamjamiyat Qirg‘iziston davlatchiligini qanday “tasavvur” qilishi bilan mahalliy aktorlar uni qanday tushunishi o‘rtasidagi ichki taranglikni tahlil qiladi. Uilkinson 2010-yildagi O‘shdagi zo‘ravonlik bo‘yicha Qirg‘iziston Tergov Komissiyasi (QTK) (xalqaro mustaqil komissiya)ga mahalliy javoblarni o‘rganib, bu javoblar tizimini ushbu taranglikni bartaraf qilish vositasi sifatida ko‘radi. Millat qurilishi tahliliga “xalqaro” unsurni kiritish tashqi subyektlar ko‘pincha ma’lum bir davlatchilik to‘g‘risidagi ma’lum tasavvurni majburan singdirishga harakat qilishlarini va bu tasavvurning amaliyotda mahalliy darajada javob topmasligini tushunishga yordam beradi. Qirg‘iziston misolida ko‘rinib turganidek, mahalliy subyektlar bunday ta’sirni ko‘pincha o‘z suverenitetlariga tahdid sifatida qabul qilishadi. Maqolada Qirg‘iziston davlatchiligi haqidagi ushbu ikki tushuncha o‘rtasidagi tarangliklar qanday namoyon bo‘lishi tushuntiriladi. QTK O‘shdagi qirg‘iz va o‘zbek aholi o‘rtasidagi zo‘ravonlikni etnomillatchilikning avj olishi natijasi deb hisoblagan bo‘lsa, qirg‘iz tomonining QTK hisobotiga reaksiyasi shunday ediki, huddiki o‘zbeklar “umumiy uy”dagi “o‘z” o‘rnini unutib qo‘yishmoqda va mamlakat davlatchiligiga tahdid solishmoqda. “Umumiy uy” tushunchasi siyosiy elita tomonidan “Qirg‘iz Respublikasi”dagi etnik ozchiliklarning huquqlari masalasiga ritorik konseptsiya sifatida ilgari surilgan edi. Biroq maqolada ta’kidlanadiki, Akaev va Bakiev rejimlarining korrupsiyalashgan va kleptokratik tabiati davlatning fuqarolik davlatchiligi haqida bergan bayonotlari ko‘plab qirg‘izistonliklarda ishonch uyg‘otmagan, chunki bu rejimlar boshqalar uchun belgilagan axloqiy standartlarga o‘zlari rioya qila olmaydi deb qaralgan. Shunday qilib, O‘shdagi taranglik ehtimol no‘noq boshqaruv, aktivlar chet elga  chiqarilishi va ijtimoiy-iqtisodiy muhitning doimiy yomonlashuvi mahsulidir. Shu tarzda Wilkinson QTKning O‘shdagi zo‘ravonlik uchun aybni rivojlanayotgan etnomillatchilikka yuklashga intilgan hisobotga oid mahalliy reaksiyalar qo‘rquv va qoralash bilan to‘la ekanini ko‘rsatadi. Turli hamjamiyat tarkibiy qismlari tasavvurida QTK hisoboti qarama-qarshi normalar orasidagi taranglikni kuchaytirishga xizmat qilgan: xalqaro hamjamiyatning Qirg‘izistonning “fuqarolik” milliy davlatchiligi haqidagi tasavvuri va mahalliy siyosiy arboblarning milliy davlatni amaliyotdagi haqiqiy qo‘llanishi.

            Maxsus son uchun Sara Jacksonning to‘rtinchi hissasi Mo‘g‘ulistonning bahsli millat qurilishi holatini Oyu Tolgoy mis-oltin koni misolida ko‘rib chiqadi. Garchi Mo‘g‘uliston odatda zamonaviy “Markaziy Osiyo” tarkibiga kiritilmasa-da, biz mamlakat besh Markaziy Osiyo respublikalari bilan umumiy madaniy va tarixiy merosga ega, deb ta’kidlay olamiz. Mo‘g‘uliston Sobiq Ittifoq tarkibidagi respublika bo‘lmagan bo‘lsa-da, Xalq Respublikasi sifatida u Sobiq Ittifoq bilan g‘oyaviy va iqtisodiy jihatdan juda yaqin ikki tomonlama aloqalarga ega edi. Qolaversa, maqolada aytilishicha, milliy bahs maydoniga aylangan tog‘-kon sektori dastlab Sobiq Ittifoqning hamkorligi, yordami va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi ortidan rivojlangan. Oyu Tolgoyga bog‘liq milliy telos (maqsad)ni shubha ostiga olish tashqi nodavlat subyektlarning davlatning milliy o‘zligi konseptualizatsiyasiga ta’sir ko‘rsatishga urinishining yana bir misolidir. Konni moliyalashtirish va qazib olishda ishtirok etayotgan xalqaro kompaniyalar uning o‘zlashtirilishini o‘ziga ishonchi yuqori, farovon va yagona millat yaratadigan loyiha sifatida targ‘ib qilmoqdalar. Biroq mahalliy mo‘g‘ul siyosiy arboblarning reaksiyasi ushbu milliy rivojlanish yo‘li ko‘zloviga zid va xorijiy sarmoyalar korrupsiya tufayli obro‘sizlantirilishi, noresurs iqtisodiyotda turg‘unlikka olib kelishi hamda atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida xavotirlar mavjud. Shunday qilib, bu butunlay boshqacha milliy rivojlanish telosini ifodalaydi. Ushbu maqola tashqi subyektlar — bu holatda transmilliy kompaniya ochiq-oydin millat qurilishida ishtirok etganda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan taranglikni aniq ko‘rsatadi. Bundan tashqari, u qazib olish sohasiga global sarmoyalar bilan bog‘liq taranglikning mohiyati hamda jarayon doirasida ichki subyektlarga aksar hollarda ovoz va vakolat berilmasligi masalasini ham yoritadi.

          Abel Poleze va Slavomir Xoraka o‘z ishlarida shaxsiy kultlar konsepsiyasidan foydalanib, Turkmanistonda millat va o‘zlikning shakllanishi ikkala post-sovet prezidentlar — Saparmurat Niyazov va Gurbanguli Berdimuhamedov hokimiyatni mustahkamlashi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganini tadqiq qiladi. Ikki prezident shaxsiy kultlari o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlarni tahlil qilib, maqola millatni shakllantirishni hokimiyat qurilishining “oldindan niyat qilinmagan ta’siri” sifatida ko‘rsatadi. Ikkala prezidentni olqishlash va ilohiylashtirishning nojo‘ya mahsuloti sifatida turkman milliy o‘zligining ajralib turuvchi belgilari to‘plami yuzaga keldi. Biroq Turkmanistondagi holatning eng e’tiborga molik jihati shundaki, shaxsiy kultlar millat haqida rasmiy hikoyani yaratishda foydalaniladi va millatni alohida prezidentlar orqali ramzlashtirib, ularning millat mustaqilligi va farovonligidagi markaziy rolini ta’kidlaydi, shu bilan birga de-etnisizatsiya (etniklikdan chiqarish) sodir bo‘ladi. Turkmaniston misolida bu nafaqat turkman va boshqa etnik o‘zliklarning de-etnisizatsiyasini, balki subetnik (qabilaviy va klan) o‘zliklarning derenderizatsiyasini (qolibdan chiqarishni) ham o‘z ichiga oladi. Polese va Xorak ta’kidlashicha, o‘tmish, qabila yoki etnik guruh ramzlari orqali milliy o‘zlik va davlatchilikni yaratishga qarama‑qarshi ravishda, turkman ramzlarini ishlab yaratish va ularni abadiylashtirish asosan bugun va kelajak bilan bog‘liq bo‘lib, prezident figurasi atrofiga aylanadi. Maqola shaxsiy kultlar bilan millat qurilishi o‘rtasida mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan, ehtimol yetarlicha yangi uslubdagi, mujassam ifodalangan va konstitutsiyalashgan bog‘liqlikni yoritadi.

        Filippo Menga (2015) ham Tojikistondagi millat qurilishi jarayonlari va diskurslarini o‘rganish uchun yangi konseptual vositadan ko‘zgu sifatida foydalanadi. Tojikistondagi Rog‘un to‘g‘oni qurilishini tahliliy ko‘zgu sifatida olib, maqola yirik qurilish loyihalari qanday qilib davlatning millat qurilishi jarayoni va milliy o‘zlikni shakllanishi bilan kesishishi mumkinligini ko‘rsatadi. Tojikiston misolida, maqola ta’kidlaganidek, Rog‘un to‘g‘oni siyosiy elita tomonidan taklif etilgan millat taraqqiyotining markaziy trayektoriyasi uchun kuchli milliy ramzga aylandi va shunday qilib Rahmon rejimini legitimlashda markaziy rol o‘ynadi. Bundan tashqari, va ehtimol yanada qizig‘i, to‘g‘on xalqaro tarangliklar va qo‘shni O‘zbekiston bilan raqobat namoyish etilayotgan maydonga aylandi. O‘zbek tomonining to‘g‘on qurilishiga qarshi chiqishining sababi — uning paxta sug‘orish tizimlariga qanday ta’sir ko‘rsatishidadir, va bu tabiiy ravishda to‘g‘onning Tojikistonda milliy o‘zlik ramzi sifatida ifodalanishi bilan ziddiyatga kirishadi. Bu to‘g‘onning Tojikistonda milliy ramz sifatida “namoyon etilishi” bilan uni O‘zbekistonda milliy manfaatlarga tahdid sifatida qabul qilinishi va tushunilishi o‘rtasidagi tafovutni ko‘rsatadi. Biroq o‘zbek elitalarining qarshiligi to‘g‘onning milliy birdamlikni ifoda etuvchi ramzini mustahkamlash va legitimlashga xizmat qiladi (bu ayniqsa Tojikistonning  post-sovet o‘tmishining tarqoq tabiati hisobga olinsa yanada muhim). Xuddi Turkmanistondagi shaxsiy kult kabi, Rog‘un millat qurilishi dastlab boshqa maqsad uchun mo‘ljallangan loyiha natijasida yuzaga kelishi mumkinligining na’munasidir. To‘g‘on endi energiya xavfsizligini ta’minlashdan ko‘ra ancha ko‘proq ma’no kasb etadi. Siyosiy elitalarning uni hokimiyatni legitimlashtirish uchun o‘zlashtirishi uni Tojikistonda milliy ramz va iftixor manbai sifatida anglanishini kengaytirdi.

     Ushbu maxsus sonning yakuniy maqolasi alohida holat tadqiqotlaridan tashqariga chiqib, beshta Markaziy Osiyo respublikasini taqqoslaydi va mintaqada saylovlar bilan millat qurilishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadi. Donnacha O‘Bichayn va Robert Kevlihan ta’kidlashlaricha, saylovlar zamonaviy milliy davlatni barpo etishda zarur va post‑sovet Markaziy Osiyo davlatlarida ularning roli prezident siyosiy hokimiyatining jamlanishi va siyosiy barqarorlik bilan chambarchas bog‘liq. Aksariyat Markaziy Osiyo mamlakatlarida demokratiya quyidagicha “tasavvur qilinadi”: saylovlar haqiqiy, adolatli va shaffof demokratik jarayon emas, balki ichki va xalqaro legitimlik uchun fasaddir. Eng qizig‘i shundaki, 1990‑yillarda nisbatan erkin va adolatli saylovlar o‘tgani tufayli Qirg‘iziston va Tojikistonda bu saylovlar davlatning beqarorlashuvi va parchalanishiga olib keldi. Shuning uchun mualliflar fikricha, aslida rejimni legallashtirish vositasi bo‘lgan virtual yoki “tasavvuriy” demokratiya davlatchilik qurilishi maqsadlari uchun ochiqroq va adolatli saylovlardan muhimroq bo‘lishi mumkin. Ular bu masalani mintaqadagi avtoritar yetakchilar saylovlarni qanday nazorat qilishi, “millat” tushunchasining saylov davrida va undan tashqarida milliylashtiruvchi diskursning bir bo‘lagi sifatida qanday ishlatilishi va demokratik siyosat hamda uning siyosiy beqarorlik bilan bog‘liqligini tahlil qilib ochib beradilar. Maqola saylov siyosati va unga bog‘liq ramzlar, ritorika va marosimlarning davlat qurilishi hamda avtoritar davlat barpo etishda muhim rol o‘ynashini ko‘rsatadi. Shunday qilib, avtoritarizm, milliy birdamlik va barqarorlik orasidagi o‘zaro munosabatlar mintaqa kelajagi haqida fikr yuritishda inobatga olinishi kerak bo‘lgan muhim bog‘liqliklar turkumidir. 

    O‘Bichayn va Kevlihan bizni o‘yga toldiruvchi muhim savol bilan qoldiradi. So‘nggi 25 yilda siyosiy elitalarning milliylashtiruvchi harakatlari barqaror, buzilmas “sog‘lom daxldorlik hissi”ni qanchalik barpo eta oldi yoki kelgusidagi o‘zgarishlar va siyosiy islohotlar uni zo‘ravonlik va tartibsizlikka olib keladigan darajada zaiflashtiradimi? Ehtimol, dastlabki javob maxsus sonning markaziy bahsiga ya’ni mintaqada millat qurilishi jarayonlariga yashiringandir. Ko‘plab maqolalar milliy o‘zlikning turli tushunchalari mavjudligini va turli aktorlarning millatga berilayotgan ma’no va tushunchalarga ta’sirini ko‘rsatadi. Zero avtoritar pardani olib tashlash mintaqada ko‘plab muammolarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lsa-da, biroq bir vaqtning o‘zida demokratik siyosat uchun zarur bo‘lgan ko‘pchilik ovozlar va agentlar asosini ham yaratishi mumkin.

 

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About