Donate

Tajriba va ta’lim

Tarjima va Tanqid17/11/26 07:1516

Tarjimondan


Bundan qariyb yuz yil avval bir amerikalik faylasufning g‘oyalari Anqaradan Moskvagacha bo‘lgan maktab islohotchilarini qiziqtirgan edi. 1924-yilda Jon Dyui Turkiya hukumati taklifi bilan mamlakat maktab tizimi haqida hisobot yozdi, 1928-yilda esa Sovet Ittifoqiga borib, yangi maktablarni ko‘zdan kechirdi. 1920-yillarda sovet maktablarida uning g‘oyalari va shogirdi Kilpatrikning «loyihalar usuli» keng sinab ko‘rildi, 1930-yillar boshida esa rad etildi. Dyui nomi o‘zbek kitobxoniga deyarli notanish, ammo u qo‘ygan savollar bizning maktab tariximizdan uzoq emas.

Ta’lim haqidagi bahslarimiz odatda natijalar atrofida aylanadi: qaysi maktab yaxshiroq, qaysi metodika samaraliroq, bitiruvchi nimani bilishi kerak. Biroq bulardan oldin turadigan, kamroq so‘raladigan bir savol bor: biz ta’lim deganda nimani tushunamiz? Maktab tayyor bilimni keyingi avlodga uzatadigan joymi yoki bola o‘z tajribasi orqali fikrlashni o‘rganadigan maydonmi? Tartib qayerda tugab, erkinlik qayerda boshlanadi? O‘qituvchi bilim beruvchi avtoritetmi yoki yo‘l ko‘rsatuvchi hamrohmi?

«Tajriba va ta’lim» (Experience and Education, 1938) Dyuining eng qisqa va, ehtimol, eng o‘qishli asari. U Amerikada Dyui nomidan ish ko‘rayotgan «progressiv maktablar» keng tarqalgan bir paytda yozilgan. Ko‘pchilik undan an’anaviy maktabni yana bir bor fosh etishini kutgan edi. Dyui esa kutilmagan ish qiladi: eski maktabni tanqid qilar ekan, o‘z izdoshlarini ham ayamaydi. Uning fikricha, an’anaga qarshi chiqishning o‘zi hali yangi ta’lim falsafasi emas. Erkinlikni e’lon qilish bolani erkin qilmaydi, tajribaga tayanish esa har qanday tajriba ta’lim beradi degani emas: ba’zi tajribalar insonni o‘stiradi, boshqalari uni to‘xtatib qo‘yadi. Sakkiz qisqa bobda Dyui tajribani ta’limiy qiladigan ikki mezonni, ya’ni uzluksizlik va o‘zaro ta’sirni ishlab chiqadi hamda erkinlik, nazorat, maqsad va o‘quv materiali masalalarini shu nuqtai nazardan qayta ko‘rib chiqadi. Kitob so‘ngida esa «izm»lar, jumladan «progressivizm» haqida emas, ta’limning o‘zi haqida o‘ylashga chaqiradi.

Bu chaqiriq bugungi O‘zbekiston uchun ayniqsa dolzarb. So‘nggi yillarda xususiy maktablar, o‘quv markazlari va universitetlar soni bir necha barobar oshdi, ammo ta’lim haqidagi bahslar hamon «davlat maktabimi yoki xususiy», «milliy modelmi yoki xorijiy» kabi qarama-qarshiliklar ichida qolmoqda. Bu manzara bizga notanish emas: XX asr boshida jadidlar ham «usuli jadid»ni eski maktabga qarshi qo‘ygan edi. Dyui esa bunday «yo u, yo bu» tanlovlar ortidagi chuqurroq savolni eslatadi: maktab kimga tegishli bo‘lishidan qat’i nazar, bola unda qanday tajriba orttiradi? Ta’limni o‘zgartirish haqida gapirishdan oldin aynan nimani o‘zgartirmoqchi ekanimizni anglab olishimiz kerak.

Quyida muallifning qisqa so‘zboshisi va kitobning birinchi bobi, «An’anaviy va progressiv ta’lim» tarjimasini e’tiboringizga havola etamiz. So‘zboshini o‘tkazib yubormaslikni tavsiya qilamiz: Dyui unda butun kitobning asosiy g‘oyasini bir necha jumlada jamlagan. Uning fikricha, ta’limni yangilashni istaganlar biror «izm», hatto «progressivizm» nuqtai nazaridan emas, balki Ta’limning o‘zi nuqtai nazaridan fikr yuritishlari kerak. Chunki boshqa «izm»larga qarshi kurash ichida tug‘ilgan har qanday harakat beixtiyor o‘zi rad etgan narsaning izmiga tushib qoladi.

Tarjimon: Nurmuhammad Ahmad

Muharrir: Maxfiratbegim Azizi

Manba: John Dewey. Experience and Education. New York: Touchstone / Simon & Schuster, 1997 [1-nashr: Macmillan, 1938]. So‘zboshi (5–6-betlar) va 1-bob «Traditional vs. Progressive Education» (17–23-betlar).

So‘zboshi

Har qanday ijtimoiy harakat o‘z ichida to‘qnashuvlarni qamrab oladi va bu to‘qnashuvlar fikr sohasida bahslar ko‘rinishida aks etadi. Ta’lim kabi muhim ijtimoiy soha amaliy va nazariy kurashlar maydoniga aylanmaganida, bu sog‘lomlik belgisi bo‘lmas edi. Biroq nazariya uchun, hech bo‘lmaganda ta’lim falsafasini tashkil etuvchi nazariya uchun, amaliy to‘qnashuvlar va shu to‘qnashuvlar darajasida olib boriladigan bahslar muammoni o‘rtaga qo‘yadi, xolos. Oqilona ta’lim nazariyasining vazifasi mavjud to‘qnashuvlarning sabablarini aniqlashdir. So‘ngra u tomonlardan birini yoqlash o‘rniga, bahslashayotgan tomonlarning amaliyoti va g‘oyalaridan chuqurroq va kengroq darajadan kelib chiqadigan harakat rejasini ko‘rsatib berishi kerak.

Ta’lim falsafasining vazifasini bunday ta’riflash u qarama-qarshi maktablar o‘rtasida murosaga erishishga, «oltin o‘rtalik»ni (via media) topishga yoki turli maktablardan u yer-bu yerdan terib olingan fikrlarni eklektik tarzda qorishtirishga urinishi kerak, degani emas. Bu yangi amaliyot shakllariga olib boradigan yangi tushunchalar tizimini joriy etish zarurligini anglatadi. Aynan shuning uchun an’ana va odatdan chetga chiqilgan zahoti ta’lim falsafasini ishlab chiqish shu qadar qiyinlashadi. Aynan shuning uchun yangi tushunchalar tizimiga asoslangan maktabni yuritish yurilaverib ochilgan so‘qmoqdan boradigan maktabni boshqarishdan ancha mushkul. Shu bois yangi g‘oyalar tizimi va ular yo‘naltiradigan faoliyat sari har qanday harakat ertami-kechmi o‘tmishning soddaroq va asosliroq bo‘lib ko‘rinadigan g‘oya va amaliyotlariga qaytish chaqirig‘ini yuzaga keltiradi. Bugungi ta’limda Qadimgi Yunoniston va o‘rta asrlar tamoyillarini qayta tiklashga urinishlar buning yaqqol misolidir.

Aynan shu nuqtai nazardan men ushbu kichik kitobning so‘ngida quyidagi fikrni ilgari surdim: yangi ijtimoiy tartibga bo‘lgan bugungi ehtiyojga javob beradigan yangi ta’lim harakatini ko‘zlayotganlar ta’lim haqidagi qandaydir «izm», hatto «progressivizm» kabi «izm» tilida emas, balki Ta’limning o‘zi tilida fikr yuritishlari kerak. Zero, «izm» tilida fikrlaydigan va harakat qiladigan har qanday harakat, o‘zi istamagan holda, boshqa «izm»larga qarshi reaksiyaga shu qadar berilib ketadiki, beixtiyor ularning izmiga tushib qoladi. Chunki u o‘z tamoyillarini real ehtiyojlar, muammolar va imkoniyatlarni har tomonlama va bunyodkorona o‘rganish asosida emas, balki o‘sha «izm»larga qarshi reaksiya asosida shakllantiradi. Ushbu kichik kitobdagi mulohazalarning biror qadri bo‘lsa, u Ta’limning kengroq va chuqurroq masalalariga e’tiborni qaratish va ularni to‘g‘ri doirada ko‘rishga yo‘l ko‘rsatishga urinishidadir.

Jon Dyui

 

1-bob. An’anaviy va progressiv ta’lim

Insoniyat voqelikni keskin qarama-qarshi qutblar orqali idrok etishga moyil. U o‘z qarashlarini «yo u, yo bu» shaklida ifodalaydi  va bu ikki qutb o‘rtasida oraliq imkoniyatlarni tan olmaydi. Bu qutblarga tayanib amalda ish ko‘rib bo‘lmasligini tan olishga majbur bo‘lganda ham, inson ularni nazariy jihatdan to‘g‘ri deb hisoblashda davom etadi. Amaliy masalalarga kelganda esa, sharoitlar bizni murosaga borishga majbur qiladi, deb o‘ylaydi. Ta’lim falsafasi ham bundan mustasno emas. Ta’lim nazariyasi tarixi ta’limning mohiyatiga doir ikki qarama-qarshi qarash o‘rtasidagi ziddiyat bilan ajralib turadi: bir qarashga ko‘ra, ta’lim ichdan rivojlanishdir; ikkinchi qarashga ko‘ra esa, u tashqaridan shakllantirishdir. Xuddi shuningdek, bir qarash ta’lim insonning tug‘ma qobiliyatlariga asoslanadi, deb hisoblasa, ikkinchi qarash ta’limni tabiiy mayllarni yengish va ularning o‘rniga tashqi bosim ostida orttirilgan odatlarni shakllantirish jarayoni sifatida talqin qiladi.

Hozirgi vaqtda maktabning amaliy faoliyatiga doir masalalarda bu qarama-qarshilik, asosan, an’anaviy va progressiv ta’lim o‘rtasidagi tafovut shaklida namoyon bo‘ladi. An’anaviy ta’limning asosida yotgan g‘oyalarni aniq bayon etish uchun zarur izoh va cheklovlarni kiritmasdan, umumiy tarzda ifodalasak, ular taxminan quyidagilardan iborat: ta’lim mazmuni o‘tmishda shakllangan bilimlar majmui va ko‘nikmalardan iborat; shu bois maktabning asosiy vazifasi ularni yangi avlodga yetkazishdir. Axloqiy tarbiya esa o‘tmishda ishlab chiqilgan xulq-atvor me’yorlari va qoidalariga muvofiq harakat qilish odatlarini shakllantirishdan iborat. Nihoyat, maktabning umumiy tashkiliy tuzilishi — bu bilan o‘quvchilarning o‘zaro hamda o‘qituvchilar bilan munosabatlarini nazarda tutaman — maktabni boshqa ijtimoiy muassasalardan yaqqol ajratib turadigan o‘ziga xos muassasaga aylantiradi. Oddiy sinfxonani, undagi dars jadvalini, o‘quvchilarni sinflarga taqsimlash, imtihon olish va keyingi sinfga o‘tkazish  tartiblarini, shuningdek, intizom qoidalarini ko‘z oldingizga keltiring. Shunda, menimcha, «tashkiliy tuzilish» deganda nima nazarda tutilayotganini anglaysiz. Endi bu manzarani, masalan, oiladagi kundalik hayot bilan taqqoslasangiz, maktab boshqa har qanday ijtimoiy tashkilotdan keskin ajralib turadigan muassasa ekanligi nimani anglatishini tushunasiz .

Yuqorida tilga olingan uch xususiyat ta’lim berish va intizomni ta’minlashning maqsadlari hamda usullarini belgilab beradi. Asosiy maqsad — yoshlarni kelajakdagi mas’uliyatlarini bajarishga va hayotda muvaffaqiyat qozonishga tayyorlash. Bunga ta’lim mazmunini tashkil etuvchi tizimlashtirilgan bilimlar majmui va oldindan shakllantirilgan ko‘nikmalarni egallatish orqali erishiladi. Ta’lim mazmuni ham, to‘g‘ri xulq-atvor me’yorlari ham o‘tmishdan meros bo‘lib kelgani sababli, o‘quvchilarning munosabati, umuman olganda, yuvoshlik, qabul qiluvchanlik va itoatkorlikdan iborat bo‘lishi lozim. Kitoblar, ayniqsa darsliklar, o‘tmishdan meros qolgan bilim va donishmandlikning asosiy tashuvchilaridir. O‘qituvchilar esa o‘quvchilarni shu bilimlar bilan samarali bog‘laydigan vositachilardir. Ular bilim va ko‘nikmalarni yetkazish, shuningdek, xulq-atvor qoidalariga rioya etilishini ta’minlash vazifasini bajaradilar.

Men bu qisqacha bayonni an’anaviy ta’limning asosida yotgan falsafani tanqid qilish maqsadida keltirmadim. «Yangi ta’lim» deb ataladigan yondashuv va progressiv maktablarning paydo bo‘lishi, avvalo, an’anaviy ta’limdan norozilik natijasidir. Mohiyatan, bu an’anaviy ta’limga bildirilgan tanqiddir. Bu tanqid ochiq ifodalansa, taxminan quyidagicha yangraydi: an’anaviy ta’lim tizimining mohiyati — yuqoridan va tashqaridan majburan yuklashdir. U hali asta-sekin voyaga yetib borayotgan yoshlar zimmasiga kattalar belgilagan me’yorlar, ta’lim mazmuni va usullarini majburan yuklaydi. Kattalar talablari bilan yoshlarning mavjud tajribasi va qobiliyatlari o‘rtasidagi tafovut shu qadar kattaki, belgilangan ta’lim mazmuni, bilim olish va o‘zini tutish usullari yoshlarning hozirgi imkoniyatlariga begonadir. Yoshlarning shu paytgacha orttirgan tajribasi bunday bilim va usullarni o‘zlashtirish uchun yetarli emas. Shu sababli, bu bilim va usullar yoshlarga majburan yuklanadi. Yaxshi o‘qituvchilar esa majburlashni niqoblash va uni yaqqol qo‘pol ko‘rinishlardan xalos etish uchun mahorat usullarini qo‘llaydilar, xolos.

Biroq kattalar yaratgan tayyor bilim va madaniy mahsulotlar bilan yoshlarning tajribasi va qobiliyatlari o‘rtasidagi tafovut shu qadar kattaki, mavjud sharoitning o‘ziyoq o‘quvchilarning o‘qitilayotgan mazmunni shakllantirish va rivojlantirishda faol ishtirok etishiga to‘sqinlik qiladi. O‘quvchilarga faqat topshiriqlarni bajarish va o‘rganish qoladi — xuddi Tennison she’ridagi «olti yuz» otliq askarga buyruqni so‘zsiz bajarish va halok bo‘lish qismat qilinganidek. Bu yerda o‘rganish deganda kitoblarda bayon etilgan va kattalarning ongida allaqachon mujassam bo‘lgan bilimlarni o‘zlashtirish tushuniladi. Bundan tashqari, o‘rgatiladigan bilimlar mohiyatan o‘zgarmas deb qaraladi. Ular tayyor mahsulot sifatida o‘rgatiladi; bunda ularning dastlab qanday shakllangani va rivojlangani, shuningdek, kelajakda muqarrar ravishda yuz beradigan o‘zgarishlar deyarli hisobga olinmaydi. Bunday bilimlar, asosan, kelajak o‘tmishga juda o‘xshash bo‘ladi, deb hisoblagan jamiyatlarning madaniy mahsulidir. Holbuki, o‘zgarish istisno emas, balki odatiy hol bo‘lgan jamiyatda ular ta’limiy ozuqa sifatida foydalaniladi .

Agar yangi ta’lim amaliyotida mujassam bo‘lgan ta’lim falsafasini ifodalashga harakat qilsak, menimcha, bugungi kunda faoliyat yuritayotgan turli progressiv maktablar orasida bir qator umumiy tamoyillarni aniqlashimiz mumkin. Yuqoridan turib majburan yuklash o‘rniga shaxsning o‘ziga xosligini namoyon etish va rivojlantirish; tashqi intizom o‘rniga erkin faoliyat; matnlar va o‘qituvchilardan o‘rganish o‘rniga tajriba orqali o‘rganish tamoyili ilgari suriladi. Alohida ko‘nikma va usullarni takroriy mashqlar orqali egallash o‘rniga, ularni o‘quvchi uchun bevosita hayotiy ahamiyatga ega maqsadlarga erishish vositasi sifatida o‘zlashtirishga e’tibor qaratiladi. Yoshlarni ozmi-ko‘pmi uzoq kelajakka tayyorlash o‘rniga, bugungi hayot imkoniyatlaridan imkon qadar samarali foydalanish; o‘zgarmas maqsadlar va o‘quv materiallariga tayanish o‘rniga esa o‘zgarib borayotgan dunyoni anglash muhim deb qaraladi.

Har qanday tamoyil o‘z-o‘zicha mavhumdir. U faqat amalda qo‘llanilganda yuzaga keladigan oqibatlar orqali aniq mazmun kasb etadi. Bayon etilgan tamoyillar shu qadar tub va keng qamrovliki, ularning maktab va oilada amalda qanday talqin etilishi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Aynan shu o‘rinda yuqorida «yo u, yo bu» falsafalari haqida aytilgan fikr ayniqsa o‘rinli bo‘lib qoladi.  Yangi ta’limning umumiy falsafasi asosli bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, mavhum tamoyillar o‘rtasidagi farq ularda nazarda tutilgan axloqiy va aqliy ustuvorliklarning amalda qanday ro‘yobga chiqarilishini belgilab bermaydi. Har qanday yangi harakatda shunday xavf mavjud: u o‘rnini egallamoqchi bo‘lgan yondashuvning maqsad va usullarini rad etar ekan, o‘z tamoyillarini ijobiy va bunyodkorona emas, balki salbiy yo‘l bilan — inkor orqali shakllantirishi mumkin. Bunday holda, u amaliyotda yo‘l-yo‘riqni o‘z falsafasini bunyodkorona rivojlantirishdan emas, balki aynan o‘zi rad etayotgan yondashuvdan oladi.

Menimcha, yangi ta’lim falsafasini birlashtirib turuvchi asosiy g‘oya shundan iboratki, haqiqiy tajriba jarayonlari bilan ta’lim o‘rtasida uzviy va zaruriy bog‘liqlik mavjud. Agar bu fikr to‘g‘ri bo‘lsa, yangi ta’lim falsafasining asosiy g‘oyasini ijobiy va bunyodkorona rivojlantirish, avvalo, tajriba haqida to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lishga bog‘liq. Masalan, tizimlashtirilgan o‘quv materiali masalasini olaylik  — bu haqda keyinroq batafsilroq so‘z yuritamiz. Progressiv ta’lim oldida quyidagi savollar turadi: tajriba doirasida o‘quv materiali va uni tizimlashtirish qanday o‘rin tutadi, qanday ma’noga ega? O‘quv materiali qanday vazifani bajaradi? Tajribaning o‘zida uning mazmunini bosqichma-bosqich tizimlashtirishga  undaydigan biror xususiyat bormi? Tajriba mazmuni bosqichma-bosqich tizimlashtirilmasa, qanday oqibatlar yuzaga keladi? Faqat inkor etish va keskin qarshilik ko‘rsatishga asoslangan falsafa bu savollarni e’tibordan chetda qoldiradi. Bunday yondashuv eski ta’lim oldindan tayyorlab qo‘yilgan tartibga asoslangan ekan, tizimlashtirish tamoyilini butunlay rad etishning o‘zi kifoya, deb hisoblashga moyil bo‘ladi. Holbuki, bu tamoyil nimani anglatishini va unga tajribaga asoslangan holda qanday erishish mumkinligini aniqlashga intilish kerak. Yangi va an’anaviy ta’lim o‘rtasidagi barcha farqlarni birma-bir ko‘rib chiqsak, shunga o‘xshash xulosalarga kelishimiz mumkin. Tashqi nazoratni rad etish nazoratning o‘zidan voz kechish degani emas;  aksincha, tajribaning o‘zida mavjud bo‘lgan nazorat omillarini aniqlash zarur. Xuddi shuningdek, tashqi avtoritetni rad etish har qanday avtoritetni inkor etish kerakligini anglatmaydi. Aksincha, avtoritetning yanada samaraliroq manbasini izlash lozim.  An’anaviy ta’lim kattalarning bilimlari, o‘qitish usullari va xulq-atvor qoidalarini yoshlarga majburan singdirgan. Biroq bundan kattalarning bilim va ko‘nikmalari hali kamolga yetmagan yoshlarning tajribasini yo‘naltirishda hech qanday ahamiyatga ega emas, degan xulosa kelib chiqmaydi. Bunday xulosaga faqat keskin «yo u, yo bu» falsafasi asosida fikr yuritilgandagina kelish mumkin. Aksincha, ta’limni shaxsiy tajribaga asoslash kattalar va yoshlar o‘rtasidagi aloqalar an’anaviy maktabdagiga qaraganda ko‘proq va yanada yaqinroq bo‘lishini anglatishi mumkin. Binobarin, bu boshqalar tomonidan ko‘rsatiladigan yo‘l-yo‘riq kamroq emas, balki ko‘proq bo‘lishini anglatadi. Demak, asosiy masala — shaxsiy tajriba orqali o‘rganish tamoyilini buzmagan holda, bunday aloqalarni qanday yo‘lga qo‘yish mumkinligidir. Bu muammoni hal qilish uchun shaxsiy tajribaning shakllanishida ishtirok etuvchi ijtimoiy omillar haqida puxta o‘ylangan falsafiy qarash zarur.

 

Yuqoridagi mulohazalardan ko‘rinadiki, yangi ta’limning umumiy tamoyillari progressiv maktablarning amaliy faoliyatini tashkil etish va boshqarish bilan bog‘liq muammolarning birortasini ham o‘z-o‘zidan hal etmaydi. Aksincha, bu tamoyillar tajriba haqidagi yangi falsafiy qarashlar asosida hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolarni yuzaga keltiradi. Eski ta’limning g‘oya va amaliyotlarini shunchaki rad etib, qarama-qarshi qutbga o‘tishning o‘zi kifoya, deb hisoblanganda, bu muammolarni hal qilish u yoqda tursin, hatto ularning mavjudligi ham anglanmaydi. Biroq ishonamanki, ko‘plab yangi maktablar tizimlashtirilgan o‘quv materialiga juda kam yoki umuman e’tibor bermaslikka, kattalarning har qanday yo‘naltirishi va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishini shaxsiy erkinlikka tajovuz deb bilishga, ta’lim hozirgi kun va kelajak bilan bog‘liq bo‘lishi kerak degan g‘oyani esa o‘tmish bilan tanishish ta’limda deyarli hech qanday rol o‘ynamaydi, degan ma’noda talqin qilishga moyil, desam, nimani nazarda tutayotganimni tushunasiz.  Bu kamchiliklarni bo‘rttirmagan holda ham aytish mumkinki, ular hech bo‘lmaganda quyidagini yaqqol ko‘rsatadi: tajriba nazariyasi va uning ta’limiy imkoniyatlari asosida ta’lim maqsadlari, usullari va mazmunini ijobiy va bunyodkorona rivojlantirish o‘rniga, ta’limda hukm surib kelgan yondashuvlarga qarshi reaksiya va inkor asosida shakllanadigan nazariya va amaliyot nimani anglatadi.

Erkinlik g‘oyasiga asoslanganini da’vo qiladigan ta’lim falsafasi o‘zi qarshi chiqayotgan an’anaviy ta’lim kabi dogmatik tus olishi mumkin, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki o‘zining asosiy tamoyillarini tanqidiy tahlil qilishga asoslanmagan har qanday nazariya va amaliyotlar majmui dogmatik hisoblanadi. Faraz qilaylik, yangi ta’lim o‘quvchining erkinligiga alohida urg‘u beradi. Juda yaxshi. Endi oldimizda muammo turadi: erkinlik deganda nimani tushunamiz va uni ro‘yobga chiqarish uchun qanday shart-sharoitlar zarur? Faraz qilaylik, an’anaviy maktablarda keng tarqalgan tashqi majburlash yoshlarning aqliy va axloqiy rivojlanishiga ko‘maklashish o‘rniga, aksincha, uni cheklab kelgan. Yana juda yaxshi. Bu jiddiy kamchilikni tan olish yangi muammoni yuzaga keltiradi: hali kamolga yetmagan yoshlarning ta’limiy rivojlanishiga ko‘maklashishda o‘qituvchi va kitoblar qanday vazifani bajarishi kerak? Tan olaylik, an’anaviy ta’lim o‘quv materiali sifatida o‘tmish bilan shu qadar chambarchas bog‘liq fakt va g‘oyalardan foydalanganki, ular bugungi va kelajakdagi muammolarni hal etishda deyarli yordam bermaydi. Juda yaxshi. Endi o‘tmish yutuqlari bilan bugungi kun muammolari o‘rtasida tajriba jarayonida mavjud bo‘lgan bog‘liqlikni aniqlashimiz kerak. Shuningdek, o‘tmish haqidagi bilimlarni kelajak muammolarini samarali hal etishda kuchli vositaga qanday aylantirish mumkinligini aniqlash lozim. O‘tmish haqidagi bilimlarni ta’limning maqsadi sifatida rad etishimiz va shu bilan ularning vosita sifatidagi ahamiyatini yanada ta’kidlashimiz mumkin.  Shunday qilsak, ta’lim tarixida yangi bir muammo yuzaga keladi: yoshlar o‘tmish bilan qanday tanishsinlarki, bu tanishuv jonli bugunni anglash  va qadrlashda kuchli vosita bo‘lib xizmat qilsin?

 

 

 

 

 

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About