Donate

Paulu Freire "Mazlumlar pedagogikasi"

Tarjima va Tanqid07/06/26 09:03168

Tarjimon nomidan so’zboshi

Najod — ta’limda. So’nggi yillarda bu shiorni jamoatchilik maydonida tobora ko’proq eshita boshlagandaymiz. Ammo bu ibora qanchalik nafis bo’lsa, shunchalik mavhum ham. Nega najot va nimadan najot? Nega aynan ta’lim najot bo’lishi kerak, eng muhimi — qanaqa ta’lim? "Ta’lim" va "najot" deganda biz nimani nazarda tutamiz? Albatta, umumiy, intuitiv darajada hammamiz nimaga ishora qilinayotganini tushunamiz: ma’lum bilim va ko’nikmalarni egallash — va bu insonni, hatto butun jamiyatni sifat jihatidan boshqa darajaga olib chiqishi kerak. Ma’lum bir taraqqiyot yo’li, o’z ustida ishlash — keyinchalik martaba, muvaffaqiyat va farovonlikka aylanashi kerak.

Ammo bularning barchasi yolg’on bo’lsa-chi? Biz ta’limni noto’g'ri tushunayotgan bo’lsak va u aslida najot bo’lmasa-chi? Shunchaki yaxshi o’qish, chet tillarini bilish va dasturlash tillarini egallash yetarli bo’lmasa-chi? "Najot" aslida ma’lum ierarxiyalardan ozod bo’lish emas, balki ularga "moslashish", ular ichiga "joylashish" bo’lsa-chi?

Klassikaga aylangan "Mazlumlar pedagogikasi" kitobini braziliyalik pedagog Pauluda Freire 1968-yilda yozgan. Kitob uning Braziliyadagi savodsiz dehqonlar bilan ishlash tajribasidan tug’ilgan —  Freire kattalarni o’qish va yozishga o’rgatadi, ammo gap faqat harflarda emasligini tezda anglaydi.  Odatda ta’lim ko’pincha insonni ozod qilmaydi, balki uni jim turishga va bo’ysunishga o’rgatadi, degan xulosa keladi u. Kitob tanqidiy pedagogika sohasidagi eng asosiy asarlardan biriga aylandi; u o’nlab tillarga tarjima qilingan, ba’zi mamlakatlarda esa bir vaqtlar hatto taqiqlangan ham.

E’tiboringizga kitobning ikkinchi — eng muhim — bobi tarjimasi havola etilmoqda. Unda Freire o’zi "banking" deb atagan ta’lim modelini tasvirlaydi. Uning mohiyati quyidagicha: o’qituvchi o’quvchiga bilim "qo’yiladigan" bo’sh hisob raqamidek munosabatda bo’ladi. O’quvchi faqat qabul qilishi, yodlashi va takrorlashi kerak — fikrlamasligi, bahslashmasligi, "nega?" deb so’ramasligi lozim. Bunday ta’lim, deydi Freire, bilim emas, balki itoatkorlik ishlab chiqaradi. Va u boshqa yo’lni taklif qiladi — teng muloqot sifatidagi ta’lim, unda o’qituvchi va o’quvchi birgalikda dunyoni anglaydi va birgalikda uni o’zgartiradi.

Bu yilgi turkumimizni aynan shu matndan boshlar ekanmiz, biz bolalikdan, maktab partasidan boshlab bizda shakllanadigan farq haqida suhbat ochmoqchimiz — o’qituvchi bilan o’quvchi o’rtasidagi farq haqida. Biluvchi bilan bilmaydigan; gapiruvchi bilan jim tinglovchi; yuqoridagi bilan quyidagi o’rtasidagi farq haqida. Bu farq biz uni maktab yoki universitet devorlari doirasida o’ylaganimizda juda tabiiy ko’rinadi. Ammo kamida shu darajada ko’zga tashlanmas bo’lib qoladi, qachonki ta’limdan so’ng u bizning ijtimoiy va siyosiy hayotimizga ko’cha boshlasa va o’sha yerda hukmronlik bilan bo’ysunish o’rtasidagi farqni yuzaga keltirsa. 

Tarjimon: Javohir Nematov

Asl manba: Freire, P. (2000). Pedagogy of the oppressed (M. B. Ramos, Trans.; 30th anniversary ed.). Continuum. (Original work published 1968) 

Ikkinchi bob


Maktab ichida bo‘ladimi yoki tashqarisida — har qanday darajadagi o‘qituvchi-talaba munosabatini diqqat bilan tahlil qilsak, uning tub mohiyatini ko‘ramiz: u narrativ (hikoya qiluvchi) tabiatga ega. Bu munosabatda hikoya qiluvchi subyekt (o‘qituvchi) bor, va passiv, faqat tinglovchi obyektlar (talabalar) bor. Mazmun — qadriyatlar bo‘ladimi yoki reallikning empirik tomonlari bo‘ladimi — hikoya qilinish jarayonida jonsiz toshga aylanib qoladi. Ta’lim "hikoya qilish kasalligi"dan (narration sickness) aziyat chekmoqda.

O‘qituvchi reallik haqida go‘yo u harakatsiz, qotib qolgan, bo‘laklarga ajratilgan va oldindan aytib bo‘ladigandek gapiradi. Yoki bo‘lmasa, talabalarning real hayotiy tajribasiga butunlay begona mavzular haqida va’z o‘qiydi. Uning vazifasi — talabalarni o‘z hikoyasining mazmuni bilan "to‘ldirish"; bu mazmun esa reallikdan uzilgan, uni vujudga keltirgan va unga ma’no berishi mumkin bo‘lgan butunlikdan (totality) ajralgan. So‘zlar o‘zining aniq, konkret mazmunidan mahrum bo‘lib, bo‘sh, begonalashgan va begonalashtiruvchi quruq gapga aylanadi.

Demak, bunday narrativ ta’limning eng asosiy belgisi — so‘zlarning jarangdorligi, ammo ularning o‘zgartiruvchi kuchi emas. "To‘rt karra to‘rt — o‘n olti; Paraning poytaxti — Belem." Talaba bu iboralarni yodlaydi, qayd etadi va takrorlaydi — lekin "to‘rt karra to‘rt" aslida nimani anglatishini his qilmaydi, yoki "Paraning poytaxti — Belem" degan gapdagi "poytaxt" so‘zining haqiqiy ma’nosini, ya’ni Belem Para uchun nimani, Para esa Braziliya uchun nimani anglatishini tushunmaydi.

Hikoya qilish (o’qituvchi hikoyachi sifatida) talabalarni hikoya qilingan mazmunni mexanik tarzda yodlashga olib keladi. Bundan ham yomoni — bu ularni "idishlar"ga, o’qituvchi tomonidan "to’ldiriladigan" "qadahlar"ga aylantiradi. O’qituvchi bu idishlarni qanchalik to’liq to’ldirsa, u shunchalik yaxshi o’qituvchi hisoblanadi. Idishlar o’zini qanchalik bo’ysunuvchanlik bilan to’ldirishga yo’l qo’ysa, talabalar shunchalik yaxshi talaba sanaladi.

Shunday qilib, ta’lim omonat qo’yish (depositing) aktiga aylanadi: talabalar — omonatxonalar, o’qituvchi esa — omonat qo’yuvchi. Muloqot qilish o’rniga o’qituvchi rasmiy xabarlar (communiqués) tarqatadi va omonatlar qo’yadi, talabalar esa ularni sabr bilan qabul qiladi, yodlaydi va takrorlaydi. Bu — ta’limning "banking" (bank-omonat) konsepsiyasi; bunda talabalarga ruxsat etilgan harakat doirasi faqat omonatlarni qabul qilish, saralash va saqlash bilan cheklanadi. To’g'ri, ular o’zlari saqlayotgan narsalarning yig’uvchisi yoki katalogchisi bo’lish imkoniga ega. Ammo oxir-oqibat, bu (yaxshi holatda) noto’g'ri yo’naltirilgan tizimda ijodkorlik, o’zgarish (transformation) va bilimning yo’qligi tufayli aslida saralanib, javonga qo’yiladigan — odamlarning o’zidir. Chunki izlanishdan (inquiry) tashqarida, praksisdan (praxis) tashqarida inson chinakam inson bo’la olmaydi. Bilim faqat ixtiro va qayta ixtiro orqali, insonlar dunyoda, dunyo bilan va bir-biri bilan birga olib boradigan tinimsiz, bezovta, uzluksiz va umidvor izlanish orqali yuzaga keladi.

Ta’limning banking konsepsiyasida bilim — o’zini bilimdon deb hisoblovchilar tomonidan, hech narsa bilmaydi deb hisoblangan kishilarga in’om etiladigan sovg’adir. Boshqalarga mutlaq nodonlikni yuklash — zulm ideologiyasining (ideology of oppression) xos belgisi — ta’lim va bilimni izlanish (inquiry) jarayoni sifatida inkor etadi. O’qituvchi o’zini talabalariga ularning muqarrar qarama-qarshiligi sifatida ko’rsatadi; ularning nodonligini mutlaq deb hisoblash orqali u o’z mavjudligini oqlaydi. Talabalar esa, Hegel dialektikasidagi qul kabi begonalashgan holda, o’z nodonligini o’qituvchining mavjudligini oqlovchi narsa sifatida qabul qiladi — ammo quldan farqli o’laroq, ular hech qachon aslida o’qituvchini ham o’zlari tarbiyalayotganini anglab yetmaydi.

Libertar (libertarian) ta’limning raison d'êtrei (mavjudlik sababi) esa, aksincha, yarashuvga (reconciliation) intilishida yotadi. Ta’lim o’qituvchi-talaba qarama-qarshiligini hal qilishdan boshlanishi kerak: bu qarama-qarshilikning ikki qutbini shunday yarashtirish kerakki, natijada har ikkalasi ham bir vaqtning o’zida ham o’qituvchi, ham talaba bo’lsin.

Bu yechim banking konsepsiyasida topilmaydi (va topilishi ham mumkin emas). Aksincha, banking-ta’lim quyidagi, butun zulmkor jamiyatni (oppressive society) o’zida aks ettiruvchi munosabat va amaliyotlar orqali bu qarama-qarshilikni saqlab qoladi va hatto kuchaytiradi:

(a) o’qituvchi o’qitadi, talabalar esa o’qitiladi;

(b) o’qituvchi hamma narsani biladi, talabalar esa hech narsani bilmaydi;

© o’qituvchi fikr yuritadi, talabalar haqida esa fikr yuritiladi;

(d) o’qituvchi gapiradi, talabalar esa — bo’ysunuvchanlik bilan — tinglaydi;

(e) o’qituvchi intizomga soladi, talabalar esa intizomga solinadi;

(f) o’qituvchi tanlaydi va o’z tanlovini majburan o’tkazadi, talabalar esa unga bo’ysunadi;

(g) o’qituvchi harakat qiladi, talabalarda esa o’qituvchining harakati orqali go’yo o’zlari harakat qilayotgandek tasavvur (illusion) paydo bo’ladi;

(h) o’qituvchi dastur mazmunini tanlaydi, talabalar esa (ular bilan maslahatlashilmagan holda) unga moslashadi;

(i) o’qituvchi bilimning obro'-mavqeini o’zining kasbiy hokimiyati (professional authority) bilan aralashtirib yuboradi va bu hokimiyatni talabalarning erkinligiga qarama-qarshi qo’yadi;

(j) o’qituvchi o’rganish jarayonining subyekti, talabalar esa shunchaki obyektlardir.

Ta’limning banking konsepsiyasi odamlarni moslashuvchan, boshqariladigan mavjudotlar deb qarashi ajablanarli emas. Talabalar o’zlariga ishonib topshirilgan omonatlarni saqlashga qancha ko’p urinsalar, ularda dunyoni o’zgartiruvchilar sifatida unga aralashuvidan kelib chiqishi mumkin bo’lgan tanqidiy ong (critical consciousness) shunchalik kam rivojlanadi. Ularga yuklatilgan passiv rolni qanchalik to’liq qabul qilsalar, ular dunyoga uni bor holicha qabul qilishga va o’zlariga omonat qilib qo’yilgan parchalangan reallik tasavvuriga moslashishga shunchalik moyil bo’ladi.

Banking-ta’limning talabalarning ijodiy kuchini eng kam darajaga keltirish yoki butunlay yo’q qilish va ularning ishonuvchanligini kuchaytirish qobiliyati zolimlarning (oppressors) manfaatlariga xizmat qiladi — zolimlar esa na dunyoning ochib berilishini, na uning o’zgartirilishini istaydi. Zolimlar o’zlarining "insonparvarligi"dan (humanitarianism) foydali holatni saqlab qolish uchun foydalanadi. Shu sababli ular ta’limdagi tanqidiy qobiliyatni rag’batlantiradigan, reallikning qisman tasviri bilan kifoyalanmaydigan, balki bir nuqtani boshqasiga, bir muammoni boshqasiga bog’lovchi aloqalarni doimo izlaydigan har qanday tajribaga deyarli instinktiv ravishda qarshi chiqadi.

Darhaqiqat, zolimlarning manfaati "mazlumlarni ezuvchi vaziyatni emas, balki ularning ongini o’zgartirish"dadir; chunki mazlumlar o’sha vaziyatga qanchalik moslashtirilsa, ularni shunchalik osongina bo’ysundirish mumkin. Shu maqsadda zolimlar banking-ta’lim konsepsiyasidan paternalistik ijtimoiy yordam apparati bilan birgalikda foydalanadi; bu apparat doirasida mazlumlarga "ijtimoiy yordam oluvchilar" (welfare recipients) degan yumshatuvchi nom beriladi. Ularga alohida holatlar sifatida, "yaxshi, tartibli va adolatli" jamiyatning umumiy tuzilishidan chetga chiqqan marginal kishilar sifatida munosabatda bo’linadi. Mazlumlar sog’lom jamiyatning patologiyasi (kasalligi) deb qaraladi; bu jamiyat esa o’sha "qobiliyatsiz va dangasa" kishilarni mentalitetini o’zgartirish orqali o’z andozalariga moslashtirishi kerak. Bu marginallar o’zlari "tark etgan" sog’lom jamiyatga "integratsiya qilinishi", "qo’shib olinishi" lozim deb hisoblanadi.

Haqiqat esa shundaki, mazlumlar "marginal" emas, jamiyatdan "tashqarida" yashayotgan odamlar emas. Ular doimo "ichkarida" bo’lib kelgan — ularni "boshqalar uchun mavjudotlar"ga aylantirgan tuzilmaning aynan ichida. Yechim ularni zulm tuzilmasiga "integratsiya qilish" emas, balki o’sha tuzilmani o’zgartirishdir — toki ular "o’zi uchun mavjudotlar"ga (beings for themselves) aylana olsin. Albatta, bunday o’zgarish (transformation) zolimlarning maqsadlariga putur yetkazardi; mana shuning uchun ular talabalarning conscientizaçãosi (ong uyg’onishi / tanqidiy anglashi) xavfining oldini olish maqsadida banking-ta’lim konsepsiyasidan foydalanadi.

Masalan, kattalar ta’limiga bo’lgan banking yondashuvi hech qachon talabalarga reallikni tanqidiy ko’rib chiqishni taklif qilmaydi. Buning o’rniga u "Rojer echkiga yashil o’t berdimi?" kabi "muhim" savollar bilan shug’ullanadi va, aksincha, "Rojer quyonga yashil o’t berdi" degan ma’lumotni o’rganishning muhimligini ta’kidlaydi. Banking yondashuvining "insonparvarligi" (humanism) — ayollar va erkaklarni avtomatlarga aylantirishga qaratilgan urinishni niqoblaydi; bu esa ularning yanada to’liqroq inson bo’lish degan ontologik vazifasini (ontological vocation) tamomila inkor etishdir.

Banking yondashuvidan foydalanadiganlar — bilibmi yoki bilmasdanmi (zero o’zlari faqat g’ayriinsoniylashtirishga (dehumanize) xizmat qilayotganini anglamaydigan, niyati xolis son-sanoqsiz "bank-xizmatchi" o’qituvchilar bor) — omonatlarning o’zida reallik haqidagi qarama-qarshiliklar mavjudligini sezmaydi. Ammo ertami-kechmi, bu qarama-qarshiliklar avval passiv bo’lgan talabalarni o’zlarining "xonakilashtirilishi"ga (domestication) va reallikni xonakilashtirishga urinishga qarshi chiqishga olib kelishi mumkin. Ular ekzistensial tajriba orqali hozirgi turmush tarzlari o’zlarining to’liq inson bo’lish vazifasi bilan murosasiz ekanini anglab yetishlari mumkin. Ular reallik bilan munosabatlari orqali reallik aslida doimiy o’zgarishni (transformation) boshdan kechirayotgan jarayon  ekanini fahmlashlari mumkin. Agar erkak va ayollar izlanuvchilar bo’lsa va ularning ontologik vazifasi insoniylashuv (humanization) bo’lsa, ertami-kechmi ular banking-ta’lim ularni saqlab turmoqchi bo’lgan qarama-qarshilikni anglab yetadi va shundan so’ng o’z ozodligi (liberation) uchun kurashga kirishadi.

Ammo insonparvar, inqilobiy o’qituvchi bu imkoniyatning ro’yobga chiqishini kutib o’tira olmaydi. Boshidanoq uning sa’y-harakatlari talabalarning sa’y-harakatlari bilan mos kelishi kerak — toki birgalikda tanqidiy fikrlash va o’zaro insoniylashuv (humanization) izlanishiga kirishsin. Uning sa’y-harakatlari odamlarga va ularning ijodiy kuchiga bo’lgan chuqur ishonch bilan yo’g'rilgan bo’lishi lozim. Buning uchun esa u talabalar bilan munosabatlarida ularning sherigi bo’lishi kerak.

Banking konsepsiyasi bunday sheriklikni tan olmaydi — va u buni tan olishi mumkin ham emas. O’qituvchi-talaba qarama-qarshiligini hal qilish, omonat qo’yuvchi, ko’rsatma beruvchi, xonakilashtiruvchi rolini talabalar orasidagi o’rganuvchi roliga almashtirish — zulm hokimiyatiga putur yetkazardi va ozodlik (liberation) ishiga xizmat qilardi.

Banking konsepsiyasida yashirin bir taxmin yotadi: inson va dunyo o’rtasida dixotomiya (ikkiga bo’linish) borligi haqidagi taxmin. Bunga ko’ra, inson shunchaki dunyo ichida (in the world), lekin dunyo bilan yoki boshqalar bilan birga (with the world) emas; u — tomoshabin, qayta yaratuvchi emas. Bu qarashda inson ongli mavjudot (corpo consciente — ongli tana) emas; balki u shunchaki ongning egasidir: tashqi dunyodan reallik omonatlarini qabul qilishga passiv ravishda ochiq bo’lgan bo’sh "ong". Masalan, mening stolim, kitoblarim, kofe stakanim — mening atrofimdagi dunyoning bo’laklari bo’lgan oldimdagi barcha narsalar — xuddi men hozir o’z ish xonamning ichida bo’lganim kabi, mening "ichimda" bo’lar edi. Bu qarash ongga ochiq (kirib bo’ladigan) bo’lish bilan ongga kirish o’rtasida hech qanday farq qo’ymaydi. Holbuki, bu farq juda muhim: meni o’rab turgan narsalar shunchaki mening ongimga ochiq, lekin uning ichida joylashgan emas. Men ulardan xabardorman, ammo ular mening ichimda emas.

Ongning banking tushunchasidan mantiqan kelib chiqadiki, o’qituvchining roli dunyoning talabalarga qanday "kirishi"ni tartibga solishdan iborat. O’qituvchining vazifasi — allaqachon o’z-o’zidan, tabiiy ravishda kechayotgan jarayonni "tashkil etish", o’zi haqiqiy bilim deb hisoblagan ma’lumotlarni omonat qilib qo’yish orqali talabalarni "to’ldirish". Va modomiki odamlar dunyoni passiv mavjudotlar sifatida "qabul qiladi", demak ta’lim ularni yanada passivroq qilishi va dunyoga moslashtirishi kerak. Bilimli inson — moslashgan inson, chunki u dunyoga ko’proq "mos keladi". Amaliyotga ko’chirilganda, bu konsepsiya zolimlarning maqsadlariga juda mos keladi: ularning xotirjamligi odamlar o’zlari yaratgan dunyoga qanchalik moslashishiga va uni qanchalik kam savol ostiga olishiga bog’liq.

Ko’pchilik hukmron ozchilik o’zlariga belgilab bergan maqsadlarga qanchalik to’liq moslashsa (va shu yo’l bilan o’zlarining maqsadlariga ega bo’lish huquqidan mahrum bo’lsa), ozchilik shunchalik osongina belgilashda davom etishi mumkin. Banking-ta’limning nazariyasi va amaliyoti bu maqsadga juda samarali xizmat qiladi. Bo’sh, quruq so’zli darslar, majburiy o’qish ro’yxatlari, "bilim"ni baholash usullari, o’qituvchi bilan o’qitiladigan o’rtasidagi masofa, sinfdan-sinfga o’tkazish mezonlari — bu "tayyor kiyimdek" (ready-to-wear) yondashuvdagi hamma narsa fikrlashning oldini olishga xizmat qiladi.

"Bank-xizmatchi" o’qituvchi shuni anglamaydiki, uning bo’rttirib yuborilgan (gipertrofiyalashgan) rolida hech qanday haqiqiy xavfsizlik yo’q; inson boshqalar bilan birdamlikda, ular bilan birga yashashga intilishi kerak. Inson o’zini majburlab tanitishi mumkin emas, hatto shunchaki talabalari bilan birga yashab qo’ya qolish ham yetarli emas. Birdamlik (solidarity) chinakam muloqotni (communication) talab qiladi; bunday o’qituvchini boshqaradigan konsepsiya esa muloqotdan qo’rqadi va uni man etadi.

Holbuki, inson hayoti faqat muloqot orqaligina ma’no kasb etishi mumkin. O’qituvchining fikrlashi faqat talabalarning fikrlashidagi haqqoniylik (authenticity) orqali tasdiqlanadi. O’qituvchi talabalari o’rniga fikrlay olmaydi, o’z fikrini ularga majburan yuklay ham olmaydi. Haqqoniy fikrlash — reallik (reality) bilan band bo’lgan fikrlash — fil suyagidan yasalgan minoraning (ivory tower) yakkalanishida emas, balki faqat muloqotda yuzaga keladi. Agar fikr faqat dunyoga ta’sir ko’rsatuvchi harakat orqali tug’ilgandagina ma’noga ega bo’lishi rost bo’lsa, unda talabalarning o’qituvchilarga bo’ysundirilishi mumkin bo’lmay qoladi.

Banking-ta’lim erkak va ayollarni obyektlar deb noto’g'ri tushunishdan boshlangani uchun, u Fromm "biofiliya" (biophily — hayotga muhabbat) deb atagan narsaning rivojlanishiga turtki bera olmaydi; aksincha, uning teskarisini — "nekrofiliya"ni (necrophily — o’limga, jonsizlikka moyillik) keltirib chiqaradi.

Hayot tuzilmaviy, funksional tarzda o’sish bilan tavsiflansa, nekrofil inson o’smaydigan hamma narsani, mexanik bo’lgan hamma narsani sevadi. Nekrofil insonni organik narsani noorganik narsaga aylantirish, hayotga mexanik tarzda — go’yo barcha tirik mavjudotlar narsa-buyumdek — yondashish istagi boshqaradi. …U uchun tajriba emas, balki xotira; bo’lish (being) emas, balki ega bo’lish (having) muhimdir. Nekrofil inson biron obyektga — gulgami yoki insongami — faqat unga egalik qilgandagina munosabatda bo’la oladi; shu sababli uning egaligiga tahdid — uning o’ziga tahdiddir; egaligini yo’qotsa, u dunyo bilan aloqasini yo’qotadi. …U nazoratni (control) sevadi, va nazorat qilish jarayonida hayotni o’ldiradi.

Zulm — bostiruvchi, ezg’uvchi nazorat — nekrofildir; uni hayot emas, balki o’limga muhabbat oziqlantiradi. Zulm manfaatlariga xizmat qiladigan banking-ta’lim konsepsiyasi ham nekrofildir. U ongning mexanistik, statik, naturalistik, fazoga joylashtirilgan (spatialized) tasavvuriga asoslangani holda, talabalarni qabul qiluvchi obyektlarga aylantiradi. U fikrlash va harakatni nazorat qilishga urinadi, ayollar va erkaklarni dunyoga moslashishga undaydi, hamda ularning ijodiy kuchini bo’g'adi.

O’zlarini mas’uliyatli tarzda harakat qilishga bo’lgan urinishlari to’sib qo’yilganda, o’z qobiliyatlaridan foydalana olmay qolganlarini ko’rganda, odamlar azob chekadi. "Ojizlik (impotence) tufayli yuzaga keladigan bu azob-uqubat insoniy muvozanatning buzilgani faktining o’zidan kelib chiqadi." Ammo odamlarni iztirobga soladigan harakat qila olmaslik, ayni paytda ularni o’z ojizligini rad etishga ham undaydi — 

…ular o’z harakat qilish qobiliyatini tiklashga urinish orqali ojizligini rad etadi. Ammo ular buni qila oladimi, va qanday qilib? Bir yo’l — hokimiyatga ega bo’lgan inson yoki guruhga bo’ysunish va o’zini u bilan tenglashtirish. Boshqa birovning hayotida bunday ramziy ishtirok etish orqali odamlarda go’yo o’zlari harakat qilayotgandek tasavvur (illusion) paydo bo’ladi, vaholanki, aslida ular faqat harakat qilayotganlarga bo’ysunadi va ularning bir qismiga aylanadi xolos.

Mazlumlarning bunday xatti-harakatini, ehtimol, populistik namoyishlar eng yaxshi tarzda misol qila oladi: ular xarizmatik yetakchilar bilan o’zini tenglashtirib, go’yo o’zlari faol va ta’sirchan ekanini his qila boshlaydi. Tarixiy jarayonda yuzaga chiqayotganda ular ifoda etadigan isyon aynan shu — ta’sirli harakat qilish istagidan kelib chiqadi. Hukmron elitalar esa bunga davo sifatida — erkinlik, tartib va ijtimoiy tinchlik (ya’ni elitalarning tinchligi) nomi bilan amalga oshiriladigan — yanada kuchliroq hukmronlik va repressiyani ko’radi. Shu tariqa ular o’z nuqtai nazaridan mantiqan "ishchilar uyushtirgan ish tashlashning zo’ravonligini" qoralashlari va ayni nafasda davlatni o’sha ish tashlashni bostirish uchun zo’ravonlik ishlatishga chaqirishlari mumkin.

Hukmronlik mashqi sifatidagi ta’lim talabalarning ishonuvchanligini kuchaytiradi; uning mafkuraviy maqsadi (ko’pincha o’qituvchilarning o’zlari buni anglamaydi) — ularni zulm dunyosiga moslashishga ko’niktirishdir. Bu ayblov hukmron elitalar shu sababli bu amaliyotdan shunchaki voz kechadi, degan soddadil umidda aytilayotgani yo’q. Uning maqsadi — chinakam insonparvarlarning (humanists) e’tiborini bir haqiqatga qaratish: ular ozodlik (liberation) yo’lida banking-ta’lim usullaridan foydalana olmaydi, chunki bu faqat o’sha maqsadning o’zini inkor etardi. Inqilobiy jamiyat esa bu usullarni zolim jamiyatdan meros qilib olmasligi kerak. Banking-ta’limni qo’llaydigan inqilobiy jamiyat yo adashgan, yo odamlarga ishonmaydigan jamiyatdir. Har ikki holatda ham unga reaksiya (aks-harakat, ortga qaytish) sharpasi tahdid soladi.

Afsuski, ozodlik (liberation) ishini yoqlovchilarning o’zlari ham banking konsepsiyasini keltirib chiqaradigan muhit bilan o’ralgan va undan ta’sirlangan bo’ladi, hamda ko’pincha uning asl mohiyatini yoki g’ayriinsoniylashtiruvchi (dehumanizing) kuchini sezmaydi. Shunday qilib, paradoksal tarzda, ular ozodlik uchun urinish deb hisoblagan ishlarida aynan shu begonalashtirish qurolidan foydalanadi. Darhaqiqat, ba’zi "inqilobchilar" bu ta’lim amaliyotiga qarshi chiqadiganlarni "soddadil", "xayolparast" yoki hatto "reaksioner" deb tamg’alaydi. Ammo odamlarni begonalashtirish orqali ozod qilib bo’lmaydi. Chinakam ozodlik — insoniylashuv (humanization) jarayoni — bu odamlarga qo’yiladigan yana bir omonat emas. Ozodlik — bu praksis (praxis): erkak va ayollarning o’z dunyosini o’zgartirish (transform) maqsadida unga qaratilgan harakati va mulohazasi. Ozodlik ishiga chinakam sodiq bo’lganlar na ongni to’ldirilishi kerak bo’lgan bo’sh idish deb biluvchi mexanistik konsepsiyani, na ozodlik nomi ostida hukmronlikning banking usullaridan (targ’ibot, shiorlar — omonatlar) foydalanishni qabul qila oladi.

Ozodlikka chinakam sodiq bo’lganlar banking konsepsiyasini butunlay rad etishi, uning o’rniga ayol va erkaklarni ongli mavjudotlar, ongni esa — dunyoga qaratilgan ong sifatida tushunadigan konsepsiyani qabul qilishi shart. Ular omonat qo’yish degan ta’lim maqsadidan voz kechishi va uning o’rniga insonlarning dunyo bilan munosabatlaridagi muammolarini o’rtaga qo’yishlari kerak. Ongning mohiyatiga — intensionallikka (intentionality — yo’nalganlik) javob beradigan "muammo qo’yuvchi" (problem-posing) ta’lim rasmiy xabarlarni (communiqués) rad etadi va muloqotni (communication) o’zida mujassam etadi. U ongning o’ziga xos xususiyatini eng aniq tarzda gavdalantiradi: ongli bo’lish (conscious of) — ya’ni nafaqat obyektlarga qaratilgan bo’lish, balki Yaspers ataganidek o’ziga qarata "ikkiga bo’linish" (split) — ong sifatidagi ong, ong haqidagi ong.

Ozod qiluvchi ta’lim ma’lumot uzatishdan emas, balki idrok (cognition) aktlaridan iborat. Bu shunday o’rganish vaziyatiki, unda idrok etiladigan obyekt (idrok aktining yakuni bo’lishdan yiroq) idrok etuvchi aktyorlar — bir tomondan o’qituvchi, ikkinchi tomondan talabalar — o’rtasida vositachilik qiladi. Shunga ko’ra, muammo qo’yuvchi (problem-posing) ta’lim amaliyoti boshidanoq o’qituvchi-talaba qarama-qarshiligini hal qilishni talab qiladi. Dialog munosabatlari — idrok etuvchi aktorlarning ayni bir idrok obyektini birgalikda anglashda hamkorlik qila olishi uchun zaruriy shart — bo’lmasa, bunga umuman erishib bo’lmaydi.

Darhaqiqat, banking-ta’limga xos vertikal (yuqoridan pastga) andozalarni buzib tashlaydigan muammo qo’yuvchi ta’lim, o’zining erkinlik amaliyoti sifatidagi vazifasini faqat yuqoridagi qarama-qarshilikni yenga olgandagina bajara oladi. Dialog orqali "talabalarning o’qituvchisi" va "o’qituvchining talabalari" tushunchalari mavjud bo’lishdan to’xtaydi, va yangi tushuncha tug’iladi: bir vaqtning o’zida talaba ham bo’lgan o’qituvchi va o’qituvchi ham bo’lgan talabalar. O’qituvchi endi shunchaki "o’qitadigan kishi" emas; u talabalar bilan dialogda o’zi ham o’qiydigan kishidir; talabalar esa o’qitilayotgan bir paytda o’zlari ham o’qitadi. Ular hammasi birgalikda o’sib boradigan jarayon uchun birga mas’ul bo’ladi. Bu jarayonda "obro'-hokimiyat"ga (authority) asoslangan dalillar endi o’z kuchini yo’qotadi; ish yuritishi uchun hokimiyat erkinlikka qarshi emas, balki uning tarafida bo’lishi kerak. Bu yerda hech kim boshqasini o’qitmaydi, hech kim o’zini o’zi ham o’qitmaydi. Odamlar bir-birini o’qitadi — bu jarayonga dunyo, ya’ni banking-ta’limda o’qituvchining "mulki" bo’lgan idrok obyektlari vositachilik qiladi.

Banking konsepsiyasi (hamma narsani dixotomiyaga, ikkiga bo’lishga moyilligi bilan) o’qituvchi faoliyatida ikki bosqichni ajratadi. Birinchi bosqichda u o’z kabineti yoki laboratoriyasida darslarini tayyorlar ekan, idrok etiladigan obyektni o’rganadi; ikkinchi bosqichda esa o’sha obyekt haqida talabalariga ma’ruza qiladi. Talabalar bilishga emas, balki o’qituvchi hikoya qilgan mazmunni yodlashga chaqiriladi. Ular hech qanday idrok (cognition) aktini ham bajarmaydi, chunki bu akt qaratilishi kerak bo’lgan obyekt — o’qituvchi va talabalar ikkalasining ham tanqidiy mulohazasini uyg’otuvchi vosita emas, balki o’qituvchining mulkidir. Shu sababli, "madaniyat va bilimni saqlash" nomi ostida bizda na haqiqiy bilimga, na haqiqiy madaniyatga erishadigan tizim paydo bo’ladi.

Muammo qo’yuvchi (problem-posing) usul esa o’qituvchi-talabaning faoliyatini ikkiga bo’lmaydi: u bir paytda "idrok etuvchi", boshqa paytda "hikoya qiluvchi" emas. U doimo "idrok etuvchi"dir — loyiha tayyorlayotgan bo’ladimi yoki talabalar bilan dialogga kirishayotgan bo’ladimi. U idrok obyektlarini o’zining shaxsiy mulki emas, balki o’zi va talabalarining mulohaza obyekti deb biladi. Shu tariqa, muammo qo’yuvchi o’qituvchi o’z mulohazalarini doimo talabalarning mulohazasida qayta shakllantirib boradi. Talabalar esa — endi itoatkor tinglovchilar emas — o’qituvchi bilan dialogdagi tanqidiy hamkor-tadqiqotchilarga aylanadi. O’qituvchi materialni talabalarga ko’rib chiqishlari uchun taqdim etadi va talabalar o’z fikrlarini bildirar ekan, u o’zining oldingi mulohazalarini qaytadan ko’rib chiqadi. Muammo qo’yuvchi o’qituvchining roli — talabalar bilan birgalikda shunday sharoit yaratishdirki, unda doksa (oddiy fikr, taxmin) darajasidagi bilim logos darajasidagi haqiqiy bilim bilan almashtirilsin.

Agar banking-ta’lim ijodiy kuchni og’riqsizlantirib bo’g'sa (anesthetizes), muammo qo’yuvchi ta’lim reallikni doimiy ravishda ochib borishni o’z ichiga oladi. Birinchisi ongni cho’kib qolgan, botgan holatda (submersion) saqlab turishga urinadi; ikkinchisi esa ongning yuzaga chiqishi (emergence) va reallikka tanqidiy aralashuvi (critical intervention) uchun intiladi. 

Talabalar oldiga o’zlariga, dunyodagi va dunyo bilan munosabatlariga oid muammolar qanchalik ko’p qo’yilsa, ular o’zlarini shunchalik ko’proq da’vat etilgandek his qiladi va o’sha da’vatga javob berishga majbur bo’ladi. Ular bu da’vatni nazariy savol sifatida emas, balki yaxlit kontekst ichidagi boshqa muammolar bilan o’zaro bog’liq narsa sifatida idrok etgani uchun, natijada paydo bo’ladigan tushunish tobora tanqidiyroq va shu bois doimo kamroq begonalashgan bo’lib boradi. Ularning da’vatga bergan javobi yangi da’vatlarni keltirib chiqaradi, ulardan keyin esa yangi tushunchalar tug’iladi; va asta-sekin talabalar o’zlarini ishonib topshirilgan, sodiq (committed) kishilar deb hisoblay boshlaydi.

Erkinlik amaliyoti sifatidagi ta’lim — hukmronlik amaliyoti sifatidagi ta’limdan farqli o’laroq — insonni mavhum, yakkalangan, mustaqil va dunyodan ajralgan mavjudot deb hisoblashni inkor etadi; shuningdek, dunyo odamlardan ayri bir reallik sifatida mavjud ekanini ham inkor etadi. Haqqoniy mulohaza na mavhum insonni, na odamlarsiz dunyoni nazarda tutadi, balki insonlarni dunyo bilan munosabatlarida ko’rib chiqadi. Bu munosabatlarda ong va dunyo bir vaqtning o’zida mavjuddir: ong na dunyodan oldin keladi, na undan keyin.

La conscience et le monde sont donnés d’un même coup: extérieur par essence à la conscience, le monde est, par essence relatif à elle. (Ong va dunyo bir zarbda, bir vaqtda berilgan: mohiyatan ongdan tashqarida bo’lgan dunyo, mohiyatan unga nisbatandir.)

Chilidagi madaniyat to’garaklarimizdan birida guruh (kodifikatsiyaga asoslanib) madaniyatning antropologik tushunchasini muhokama qilayotgandi. Muhokama o’rtasida banking mezonlariga ko’ra mutlaqo savodsiz hisoblangan bir dehqon shunday dedi: "Endi tushundim — inson bo’lmasa, dunyo ham yo’q." O’qituvchi unga: "Aytaylik, faraz uchun, yer yuzidagi barcha odamlar o’lib ketsa-yu, lekin yerning o’zi daraxtlari, qushlari, hayvonlari, daryolari, dengizlari, yulduzlari bilan birga qolaversa… bularning hammasi baribir dunyo bo’lib qolavermaydimi?" deb so’raganda, dehqon qat’iyat bilan: "Yo’q, yo’q", deb javob berdi. "Birorta ham odam bo’lmasdi: 'Mana bu — dunyo, deb aytadigan."

Dehqon shu fikrni ifoda etmoqchi edi: dunyo ongi yetishmasdi, bu esa, o’z navbatida, ong dunyosini muqarrar nazarda tutadi. Men (I) men-emassiz (non-I) mavjud bo’la olmayman. O’z navbatida, men-emas ham o’sha mavjudlikka bog’liq. Ongni mavjudlikka keltiruvchi dunyo o’sha ongning dunyosiga aylanadi. Mana shu sababdan, yuqorida keltirilgan Sartrning gapi: "La conscience et le monde sont donnés d’un même coup" (Ong va dunyo bir vaqtning o’zida, birgalikda berilgan).

Ayol va erkaklar ham o’zlari, ham dunyo ustida bir vaqtda mulohaza yuritar ekan, idrok doirasini kengaytirib boradi va o’z kuzatuvlarini ilgari ko’zga tashlanmagan hodisalarga qarata boshlaydi:

[Husserldan keltirilgan iqtibos]: Aniq ma’nodagi idrokda — ya’ni ochiq-oydin anglashda (Gewahren) — men obyektga, masalan, qog’ozga yuzlanganman. Men uni shu yerda va hozir mavjud narsa sifatida idrok etaman. Idrok etish — bu ajratib olishdir; har bir obyektning tajribada o’z foni bor. Qog’oz atrofida kitoblar, qalamlar, siyohdon va hokazolar yotibdi, va bularning hammasi ma’lum ma’noda "idrok etilgan", "idrok jihatdan o’sha yerda", "intuitsiya maydonida" mavjud; ammo men qog’ozga yuzlanganimda, men ularning tomoniga burilmaganman, ularni hatto ikkilamchi ma’noda ham idrok etmaganman. Ular ko’rinib turardi-yu, lekin o’zicha alohida ajratilmagan, o’z holicha qabul qilinmagan edi. Narsaning har bir idroki ana shunday fon-intuitsiyalari yoki fon-anglashi zonasiga ega — agar "intuitsiya qilish" allaqachon biror narsaga yuzlangan holatni o’z ichiga olsa; va bu ham "ongli tajriba"dir, yoki qisqaroq aytganda aslida birgalikda idrok etilgan obyektiv fonda yotgan hamma narsaning "ongi"dir.

Obyektiv ravishda mavjud bo’lib turgan, ammo o’zining chuqurroq ma’no-mohiyatida idrok etilmagan narsa (agar umuman idrok etilgan bo’lsa) endi "ko’zga tashlana" boshlaydi, muammo va shu sababli da’vat tusini oladi. Shu tariqa, erkak va ayollar o’zlarining "fon-anglashi"dan ayrim unsurlarni ajratib ola boshlaydi va ular ustida mulohaza yuritadi. Bu unsurlar endi ularning ko’rib chiqish obyektiga, shunday ekan, harakati va idroki obyektiga aylanadi.

Muammo qo’yuvchi (problem-posing) ta’limda odamlar o’zlari bilan (with which) va ichida (in which) yashayotgan dunyoda o’z mavjudlik tarzini tanqidiy idrok etish qobiliyatini rivojlantiradi; ular dunyoni statik (qotib qolgan) reallik sifatida emas, balki jarayondagi, o’zgarish (transformation) holatidagi reallik sifatida ko’ra boshlaydi. Garchi ayol va erkaklarning dunyo bilan dialektik munosabatlari bu munosabatlar qanday idrok etilishidan (yoki umuman idrok etilishi-etilmasligidan) mustaqil ravishda mavjud bo’lsa-da, shu narsa ham rost: ular qabul qiladigan harakat shakli ko’p jihatdan o’zlarini dunyoda qanday idrok etishlariga bog’liq. Shu sababli, o’qituvchi-talaba va talaba-o’qituvchilar o’zlari va dunyo ustida bir vaqtning o’zida mulohaza yuritadi, bu mulohazani harakatdan ajratib (dixotomiyaga solib) qo’ymaydi, va shu tariqa haqqoniy fikrlash hamda harakat shaklini o’rnatadi.

Yana bir bor, tahlil qilinayotgan ikki ta’lim konsepsiyasi va amaliyoti to’qnash keladi. Banking-ta’lim (aniq sabablarga ko’ra) reallikni miflashtirish (mythicizing) orqali insonning dunyoda qanday mavjud bo’lishini tushuntiruvchi ayrim faktlarni yashirishga urinadi; muammo qo’yuvchi ta’lim esa o’z oldiga miflardan xalos qilish (demythologizing) vazifasini qo’yadi. Banking-ta’lim dialogga qarshilik ko’rsatadi; muammo qo’yuvchi ta’lim esa dialogni idrok aktining muqarrar sharti deb biladi, bu esa odamlarni tanqidiy fikrlovchilarga aylantiradi. Banking-ta’lim ijodkorlikni bo’g'adi va ongni dunyodan ajratib qo’yish orqali ongning intensionalligini (intentionality — yo’nalganlik) xonakilashtiradi (garchi uni butunlay yo’q qila olmasa ham) va shu tariqa odamlarni yanada to’liqroq inson bo’lish degan ontologik va tarixiy vazifasidan mahrum qiladi. Muammo qo’yuvchi (problem-posing) ta’lim esa o’zini ijodkorlikka asoslaydi va reallik ustida chinakam mulohaza hamda harakatni rag’batlantiradi, shu yo’l bilan insonning vazifasiga javob beradi: inson faqat izlanish (inquiry) va ijodiy o’zgarish (creative transformation) bilan band bo’lgandagina haqiqiy mavjudotdir. Xulosa qilib aytganda: banking nazariyasi va amaliyoti, harakatsizlantiruvchi va qotirib qo’yuvchi kuchlar sifatida, erkak va ayollarni tarixiy mavjudotlar (historical beings) deb tan olmaydi; muammo qo’yuvchi nazariya va amaliyot esa odamlarning tarixiyligini (historicity) o’zining boshlang’ich nuqtasi qilib oladi.

Muammo qo’yuvchi ta’lim erkak va ayollarni shakllanish (becoming) jarayonidagi mavjudotlar — xuddi shunday tugallanmagan reallik ichida va u bilan birga bo’lgan tugallanmagan, yakuniga yetmagan mavjudotlar — sifatida tasdiqlaydi. Darhaqiqat, tugallanmagan, ammo tarixiy bo’lmagan boshqa hayvonlardan farqli o’laroq, odamlar o’zlarining tugallanmaganligini biladi; ular o’z nomukammalligidan xabardor. Mana shu tugallanmaganlikda va shu anglashda ta’limning ildizlari — sof insoniy ko’rinish sifatida — yotadi. Insonning tugallanmagan tabiati va reallikning o’zgaruvchan (transformational) tabiati ta’limning uzluksiz faoliyat bo’lishini taqozo qiladi.

Shunday qilib, ta’lim praksisda (praxis) doimo qaytadan yaratiladi. Mavjud bo’lish (be) uchun u bo’lib borishi (become) kerak. Uning "davomiyligi" (Bergson ma’nosidagi "duration") qarama-qarshi ikki narsa — barqarorlik (permanence) va o’zgarish (change) — o’rtasidagi o’zaro ta’sirda topiladi. Banking usuli barqarorlikni ta’kidlaydi va reaksion (ortga tortuvchi) bo’lib qoladi; muammo qo’yuvchi (problem-posing) ta’lim esa — na "yaxshi tarbiyalangan" (itoatkor) hozirni, na oldindan belgilab qo’yilgan kelajakni qabul qilgani holda — o’z ildizlarini dinamik hozirga otadi va inqilobiy bo’ladi.

Muammo qo’yuvchi ta’lim — bu inqilobiy kelajaklilikdir (futurity). Shu sababli u bashoratchidir (va, shunday ekan, umidvor). Shu sababli u insoniyatning tarixiy tabiatiga mos keladi. Shu sababli u ayol va erkaklarni o’zidan oshib-oshuvchi (transcend), oldinga intiluvchi va oldinga qarovchi mavjudotlar sifatida tasdiqlaydi — ular uchun harakatsizlik halokatli tahdid bo’lib, ular uchun o’tmishga qarash faqat o’zlari kim va nima ekanini aniqroq tushunishning, shu orqali kelajakni donoroq qurishning bir vositasi bo’lishi kerak. Shu sababli u odamlarni o’z tugallanmaganligidan xabardor mavjudotlar sifatida jalb etadigan harakat bilan tenglashadi — bu o’zining jo’nash nuqtasiga, o’z subyektlariga va o’z maqsadiga ega bo’lgan tarixiy harakatdir.

Harakatning jo’nash nuqtasi odamlarning o’zlarida yotadi. Ammo odamlar dunyodan, reallikdan ayri holda mavjud bo’lmagani uchun, harakat inson-dunyo munosabatidan boshlanishi kerak. Shunga ko’ra, jo’nash nuqtasi doimo erkak va ayollar bilan, ularning "shu yerda va hozir"ida (here and now) bo’lishi shart; aynan shu nuqta ular cho’kib turgan, undan yuzaga chiqadigan va unga aralashadigan vaziyatni tashkil etadi. Faqat shu vaziyatdan — uni qanday idrok etishlarini belgilaydigan vaziyatdan — boshlabgina ular harakatga kelishi mumkin. Buni haqqoniy tarzda amalga oshirish uchun esa ular o’z holatlarini taqdir tomonidan belgilangan va o’zgartirib bo’lmaydigan narsa sifatida emas, balki shunchaki cheklovchi (limiting) — shu bois da’vat etuvchi (challenging) — narsa sifatida idrok etishlari kerak.

Banking usuli odamlarning o’z holatiga bo’lgan fatalistik (taqdirga tan beruvchi) qarashini bevosita yoki bilvosita mustahkamlasa, muammo qo’yuvchi (problem-posing) usul aynan shu vaziyatni ularga muammo sifatida taqdim etadi. Vaziyat ularning idrok obyektiga aylangani sayin, ularning fatalizmini keltirib chiqargan soddadil yoki sehrli (magical) idrok o’rnini shunday idrok egallaydiki, u reallikni idrok etish bilan birga o’z-o’zini ham idrok eta oladi, va shu tariqa o’sha reallikka nisbatan tanqidiy-obyektiv bo’la oladi.

O’z holatiga bo’lgan chuqurlashgan ong odamlarni o’sha vaziyatni o’zgarishga (transformation) moyil tarixiy reallik sifatida anglab yetishga olib keladi. Taslimchilik (resignation) o’rnini o’zgartirish va izlanishga (inquiry) bo’lgan intilish egallaydi — odamlar bu intilish ustidan o’zlarini nazoratga ega deb his qiladi. Agar odamlar — boshqa odamlar bilan birga izlanish harakatida muqarrar ravishda ishtirok etuvchi tarixiy mavjudotlar sifatida — o’sha harakatni nazorat qila olmasalar, bu ularning insoniyligiga qarshi qilingan tajovuz bo’lar edi (va shundaydir). Ayrim shaxslar boshqalarni izlanish jarayonida ishtirok etishdan to’sib turadigan har qanday vaziyat — zo’ravonlikdir. Bunda qo’llanilgan vositalar muhim emas; odamlarni o’z qaror qabul qilishidan begonalashtirish — ularni obyektlarga aylantirish demakdir.

Bu izlanish harakati insoniylashuvga (humanization) — odamlarning tarixiy vazifasiga — yo’naltirilgan bo’lishi kerak. Ammo to’liq insoniylikka intilish yakkalikda yoki individualizmda amalga oshmaydi, balki faqat birodarlik (fellowship) va birdamlikda (solidarity) ro’yobga chiqadi; demak, u zolimlar (oppressors) bilan mazlumlar (oppressed) o’rtasidagi antagonistik (murosasiz) munosabatlarda yoyila olmaydi. Birovning o’zi boshqalarning inson bo’lishiga to’sqinlik qilarkan, u haqqoniy ravishda inson bo’la olmaydi. Individualistik tarzda "ko’proq inson bo’lish"ga urinish — egoistik tarzda "ko’proq narsaga ega bo’lish"ga, ya’ni g’ayriinsoniylashuvning (dehumanization) bir shakliga olib keladi.

Bu inson bo’lish uchun "ega bo’lish" muhim emas, degani emas. Aynan u zarur bo’lgani uchun, ayrim kishilarning "ega bo’lishi" boshqalarning "ega bo’lishi"ga to’siq bo’lishiga yo’l qo’ymaslik kerak; birinchilarning kuchini ikkinchilarni ezish darajasida mustahkamlashga yo’l qo’yib bo’lmaydi.

Muammo qo’yuvchi (problem-posing) ta’lim, insonparvar va ozod qiluvchi praksis (praxis) sifatida, bir narsani asosiy deb e’lon qiladi: hukmronlikka bo’ysundirilgan odamlar o’z ozodligi (emancipation) uchun kurashishi shart. Shu maqsadda u o’qituvchilar va talabalarga ta’lim jarayonining Subyektlariga aylanish imkonini beradi — avtoritarizm va begonalashtiruvchi intellektualizmni yengib o’tish orqali; shuningdek, u odamlarga reallikka bo’lgan soxta idrokini yengish imkonini beradi. Dunyo — endi aldamchi so’zlar bilan tasvirlanadigan narsa emas — erkak va ayollarning o’zgartiruvchi harakati obyektiga aylanadi, bu harakat esa ularning insoniylashuvi (humanization) bilan yakunlanadi.

Muammo qo’yuvchi ta’lim zolimning (oppressor) manfaatlariga xizmat qilmaydi va qila olmaydi ham. Hech qanday zulm tartibi mazlumlarning (oppressed) "Nega?" deb savol bera boshlashiga yo’l qo’ymas edi. Bu ta’limni tizimli ravishda faqat inqilobiy jamiyatgina amalga oshira oladigan bo’lsa-da, inqilobiy yetakchilar bu usuldan foydalanish uchun to’liq hokimiyatni qo’lga olishlari shart emas. Inqilobiy jarayonda yetakchilar banking usulidan vaqtinchalik chora sifatida — maqsadga muvofiqlik (expediency) asosida oqlanib — keyinchalik chinakam inqilobiy tarzda harakat qilish niyatida foydalanishi mumkin. Ammo ular boshidanoq inqilobiy — ya’ni dialogik (dialog asosidagi) — bo’lishlari shart.


Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About