Donate

Musulmon ayollar haqiqatdan ham qutqarilishga muhtojmi? Madaniy relyativizm va uning «boshqalari» haqida antropologik mulohazalar

Tarjima va Tanqid14/09/26 16:42142



Tarjimon nomidan kirish

Ushbu maqola 2001-yil sentabr voqealaridan keyingi urush ritorikasiga javob sifatida yozilgan, ammo uning nishoni shunchaki musulmonlar haqidagi tasavvurlar emas. Muallifni ko‘proq ayollarni «ozod qilish» tilining harbiy aralashuvni oqlash uchun ishlatilishi va siyosiy savolning madaniy savolga aylantirilishi qiziqtiradi. Shu nuqtayi nazardan maqolani faqat 2001-yilning tarixiy kontekstida qoldirib qo‘yish to‘g‘ri emas. 2003-yilda Iroqqa qilingan bosqinda ham ayollar huquqi va ozodligi haqidagi tasavvurlar harbiy aralashuvni oqlash tilining bir qismiga aylandi. Oradan yigirma yildan ko‘proq vaqt o‘tib, 2026-yil 28-fevralda boshlangan AQSh va Isroilning Eronga qarshi hujumlari fonida ham «erkinlik» va «ayollarni ozod qilish» haqidagi tasavvurlar siyosiy ritorikada yana paydo bo‘ldi. Urushning ilk kunida Minobdagi qizlar maktabiga berilgan zarba esa bu ritorikaning ichki ziddiyatini keskin ko‘rsatadi: ayollar va qizlar nomidan gapirish bilan ularning real hayoti o‘rtasida qanday masofa bor?

Qarshi tomonning o‘zi ham ayol tanasini siyosiy dalilga aylantiradigan uslubdan foydalanadi: Eron davlat televideniyesida hijobsiz ayollarni ko‘rsatish mumkin, biroq bunday tasvirlar ular dushmanni qoralayotgan paytdagina siyosiy jihatdan maqbul bo‘ladi. Demak, masala faqat «G‘arb musulmon ayollarini ozod qilmoqchi» degan oddiy qarama-qarshilikdan iborat emas. Turli siyosiy tomonlar ayolning kiyimi, tanasi va «erkinligi»ni o‘z siyosiy pozitsiyasini tasdiqlovchi belgiga aylantirishi mumkin. Ayol tanasi bu holatda siyosiy bahsning subyekti bo‘lishdan ko‘ra, uning daliliga aylanadi.

Kimdir haqida «ularning madaniyatida shunday» deyilsa, aslida nima nazarda tutiladi? Birinchisi, ierarxiya masalasi: biz bir guruhni ma’lum, tanlab olingan xususiyatlar ostida birlashtirganimizda «biz» va «ular» dixotomiyasi yuzaga keladi, chunki guruh o‘zining ichki mantig‘i va xilma-xilligi bilan emas, balki «biz»ga qarama-qarshi qo‘yilishi orqali ta’riflanadi. Bu esa shu ma’noda bir paytlar antropologiya kurashgan irqchilikning davomchisi bo‘lib chiqadi. XX asr boshida antropologiya «irq» tushunchasiga «madaniyat» tushunchasini qarshi qo‘ygan bo‘lsa-da, keyinchalik irq bajargan odamlarni tug‘ma va o‘zgarmas toifalarga ajratish vazifasini ko‘p hollarda «madaniyat» tushunchasi bajaradigan bo‘ldi.

Ikkinchisi, reifikatsiya qilish (muzlatish): bunda «madaniyat» so‘zi o‘zi bilan yaxlitlik va vaqtsizlik kabi tasavvurlarni tashiydi. Jamoa ichida ziddiyat yo‘qdek, hamma bir xil o‘ylaydigandek va bularning barchasi tarixdan tashqarida turgandek tasavvur qilinadi. Natijada bahs va tengsizlik ko‘rinmay qoladi, o‘zgarish esa «an’ananing buzilishi» yoki «tashqi ta’sir» deb izohlanadi, go‘yo ichkaridan kelib chiqadigan o‘zgarish tabiiy emasdek.

Ijtimoiy o‘zgarishlarga bir emas, bir necha yo‘l olib boradi va bu yo‘llarning hammasini ham bir xil tilda ifodalab bo‘lmaydi. Shuning uchun muallif tayyor javoblar o‘rniga, Islom asosida erkinlik mavjud bo‘lishi mumkinmi, ozodlik har bir ayol yoki har bir inson intiladigan yakuniy maqsadmi, emansipatsiya, tenglik va huquqlarni majburiy, universal til sifatida qabul qilishimiz shartmi kabi savollarni qo‘yadi. Agar erkinlikning yagona ta’rifini o‘lchov qilib olsak, boshqacha hayot tarzlarini, masalan, taqvodor bo‘lishga intilishni kamchilik yoki qarshilikning yo‘qligi deb tushunamiz. Holbuki ularning o‘z mantig‘i va o‘zgarishga olib boradigan o‘z yo‘li bo‘lishi mumkin.

Shu nuqtayi nazardan, «musulmon ayol» degan yagona subyekt umuman yo‘q. Sinf, mintaqa, avlod, shahar va qishloq o‘rtasidagi farqlar ko‘pincha din farqidan ancha kuchliroq ishlaydi. Bu farqlar mavjudligini tan olishimiz «birlik» tushunchasini bekor qilmaydi, aksincha, farqni qanday tasavvur qilishimiz qanday siyosat mumkinligini belgilaydi. Shu nuqtada maqola biz haqimizdagi matnga aylana boshlaydi: O‘zbekistonda «yagona vatan» va «umumiy kelajak» deganda, jamiyat ichidagi farqlarni qanday tasavvur qilamiz va kimning hayot tajribasini shu «umumiylik» ichiga kiritamiz? Chunki agar farqni mohiyat sifatida qabul qilsak, bizda faqat ikki variant qoladi: uni o‘zgartirish yoki uzoqdan turib toqat qilish. Agar farqni tarixiy jarayonlar natijasi sifatida ko‘rsak, uchinchi variant ochiladi — bu nima ekanligini muallifning o‘zidan o‘qigan ma’qul, chunki javobning qiymati tayyor xulosada emas, u qanday qo‘lga kiritilishida.

Berishimiz kerak bo’lgan savol — ayolning o‘ziga tegishli bo‘lgan qaror qachon uning siyosiy pozitsiyasini o‘lchaydigan belgiga aylanadi? Shu nuqtadan turib, o‘zbek ayoli uchun «qutqarilgan» bo‘lish nimani anglatadi? 1927-yilda uni kim va nimadan qutqarmoqchi edi? Mustaqillikdan keyin «milliy qadriyatlarga qaytish» nomi bilan unga nimalar qaytarildi va bu qaytish kimning tasavvuridagi «milliylik» asosida amalga oshirildi? Bugungi hijob haqidagi bahslarda uni kim va kimdan himoya qilmoqda? Va eng muhimi, bu savollarning qaysi birida ayolning o‘z ovozi markazda turibdi?

Lila Abu-Lughod — falastin-amerikalik antropolog, musulmon jamiyatlari haqidagi uning shaxsiy va intellektual o‘zligi bilan ham murakkab aloqaga ega tadqiqotlar muallifi. U bu mavzuda mutlaqo betaraf kuzatuvchi emas; uning biografiyasi ham musulmon jamiyatlari, Yaqin Sharq va G‘arb o‘rtasidagi tarixiy munosabatlar kesishmalarida joylashgan.

Quyida tarjimasi taqdim etiladigan maqola dastlab 2002-yilda American Anthropologist jurnalida, 11-sentabrdan keyingi «Ethics Forum» doirasida e’lon qilingan. Keyinchalik undagi fikrlar 2013-yilda shu nomdagi kitob — Do Muslim Women Need Saving? — tarkibida kengaytirildi. Shuning uchun bugun bu matnni faqat Afg‘oniston yoki 2001-yildan keyingi urushlar haqidagi tarixiy hujjat sifatida emas, balki ayollar, madaniyat, farq va «qutqarish» haqida qanday gapirishimizni qayta ko‘rib chiqishga undaydigan antropologik tanqid sifatida o‘qish mumkin.


Tarjimon: Bilolxo’ja

Tahrirchi: Maxfiratbegim Azizi

Asl manba: Abu‐Lughod, L. (2002). Do Muslim women really need saving? Anthropological reflections on cultural relativism and its others. American anthropologist104(3), 783-790.

Содержание
  • ANNOTATSIYA
  • MADANIY IZОHLAR VA AYOLLARNI SAFARBAR ETISH
  • YOPINISH SIYOSATI
  • QUTQARISH RITORIKASIDAN TASHQARIDA
  • IZOHLAR
  • KELTIRILGAN MANBALAR
https://www.artsy.net/artwork/rania-matar-broken-mirror-shatila-refugee-camp-beirut-lebanon
https://www.artsy.net/artwork/rania-matar-broken-mirror-shatila-refugee-camp-beirut-lebanon

ANNOTATSIYA

Ushbu maqolada bugungi kundagi “Terrorizmga qarshi urush”ning axloqiy jihatlari tahlil qilinadi. Antropologiya — madaniy farqlarni tushunish va ular bilan ishlashga bag‘ishlangan fan. Shunday ekan, Afg‘onistonga Amerika intervensiyasi afg‘on ayollarini ozod qilish yoki qutqarish zarurati bilan oqlashga qaratilgan dalillarni tanqidiy nuqtayi nazardan baholash imkonini bera oladimi, degan savol qo‘yiladi. Avvalo, men madaniyatni yaxlit va o‘zgarmas hodisa sifatida tasavvur qilish, ya’ni uni “reifikatsiya qilish”ning xavf-xatarlariga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bu xavf, masalan, “musulmon ayoli” kabi to’liq va tayyor madaniy obrazlarni murakkab tarixiy va siyosiy jarayonlarning ustiga yopishtirish tendensiyasida yaqqol ko‘rinadi. Shundan so‘ng hozirgi tenglik, erkinlik va huquqlar haqidagi diskurslarning musulmon ayollari to‘g‘risidagi avvalgi mustamlakachilik va missionerlik ritorikasi bilan naqadar mushtarak jihatlarga ega ekaniga e’tibor qaratib, boshqa bir yondashuvni taklif qilaman. Biz, avvalo, dunyoning turli hududlaridagi ayollar o‘rtasidagi farqlarni jiddiy ravishda anglashimiz kerak. Bu farqlar turlicha tarixiy jarayonlarning mahsuli, turli sharoitlarning ifodasi hamda turlicha shakllangan istak va ehtiyojlarning namoyonidir. Bundan tashqari, boshqalarni “qutqarish”ga intilish o‘rniga (bunday yondashuv o‘zida ustunlik da’vosini mujassam etishi va turli zo‘ravonliklarni keltirib chiqarishi mumkin), masalaga quyidagi ikki jihat asosida yondashish ma’qulroq, deb hisoblayman: (1) biz doimo tarixiy o‘zgarishlarga ochiq va ular ta’sirida shakllanib boradigan vaziyatlarda ular bilan birgalikda faoliyat yuritish; (2) ularning hayot kechirayotgan dunyosining kuchli darajada shakllantirayotgan global adolatsizlik shakllariga barham berish borasidagi o‘zimizning kengroq mas’uliyatimiz haqida o‘ylash. Men “madaniy relyativizm”ning chegaralari haqidagi ushbu fikrlarning ko‘pini burqa va musulmon dunyosida yuzni yoki tanani yopish amaliyotining turli ma’nolari misolida yanada rivojlantiraman.

Kalit so‘zlar: madaniy relyativizm, musulmon ayollari, Afg‘onistondagi urush, erkinlik, global adolatsizlik, kolonializm).

O‘zini afg‘on ayollarini ozod qilish yoki qutqarish maqsadini ko‘zlayotgandek ko‘rsatish orqali oqlayotgan bugungi “terrorizmga qarshi urush’’ning axloqiy jihatlari nimalardan iborat? Urushni oqlashning ushbu asosiga nisbatan maqbul pozitsiyani izlash jarayonida antropologiyaning bizga taklif qiladigan biror narsasi bormi?

Maqolam sarlavhasidagi savolni o‘rtaga tashlashimga qisman Afg‘onistondagi AQSh urushiga bildirilgan munosabatni shaxsan qanday boshdan kechirganim sabab bo‘ldi. Yaqin Sharqda ayollar va gender masalalariga bag‘ishlangan tadqiqot olib borgan ko‘plab hamkasblarim singari, men ham nutq so‘zlash uchun takliflarga ko‘milib ketdim, bular nafaqat yangiliklar dasturlaridan, balki turli kollej va universitetlarning bo‘limlaridan, ayniqsa, ayollar tadqiqotlari dasturlaridan ham takliflar oldim. Nega bu holat meni, umrining yigirma yildan ortig‘ini ushbu mavzuga bag‘ishlagan va bu o‘zlik bilan ma’lum darajada murakkab shaxsiy aloqaga ega bo‘lgan olimani, xursand qilmadi? Axir bu o‘z bilimlarimni keng ommaga yetkazish, ularni tarqatish va mavjud noto‘g‘ri tushunchalarni tuzatish uchun bir imkoniyat edi-ku?! Bizning opa-singillarimiz, “yopinchiq ayollari” (women of cover) haqida (Prezident Jorj Bush ularni nihoyatda ta’sirchan tarzda shunday atagan edi) bilishga bo‘lgan bu shoshilinch ehtiyoj tahsinga loyiq [Muallif Jorj Bushning ‘’women of cover’’ iborasini ataylab yasaganiga kinoya qilyapti — tarjimon izohi]. Ayniqsa, hozir “transmilliy feminizm”ga jiddiy e’tibor qaratilayotgan ayollar tadqiqotlari dasturlaridan bunday ehtiyojning kelib chiqishi unga ma’lum darajada samimiylik baxsh etadi (qarang: Safire 2001).

Meni bezovta qilgan bu holat, nega biz, G‘arbda yashaydigan yoki G‘arbdan bo‘lgan feministlar sifatida, yoki shunchaki ayollar hayoti bilan bog‘liq muammolarga befarq bo‘lmagan insonlar sifatida, 2001-yil 11-sentabrdagi voqealar va ulardan keyingi jarayonlarga nisbatan bildirilayotgan bunday munosabatdan ehtiyot bo‘lishimiz kerak, degan masalani o‘ylab ko‘rishga undadi. Men musulmon ayollarining ayanchli ahvoliga bo‘lgan bu haddan tashqari qiziqish ortidagi xavfli nuqtalar — “minalar dalasi”ga e’tibor qaratmoqchiman, — Afg‘oniston kabi aholi jon boshiga hisoblaganda dunyodagi eng ko‘p minalar joylashtirilgan mamlakat uchun, afsuski, bu metafora tom ma’noda ham nihoyatda  o‘rinli. Men madaniy tafovutlarni tushunish va boshqarish vazifasi yuklatilgan fan — antropologiyaning yondashuvlaridan foydalanib, bu xavfli nuqtalar orasidan o‘tishning qandaydir yo‘lini ko‘rsatishga umid qilaman. Shu bilan birga, madaniy tafovutni reifikatsiya qilishdagi antropologiyaning sherikligini tanqidiy ko‘z bilan ko‘rishda davom etmoqchiman.

MADANIY IZОHLAR VA AYOLLARNI SAFARBAR ETISH

Agar tahlilni AQSh jamoatchiligining munosabatidan boshlasak, nega “musulmon ayoli”ga qaratilgan e’tiborga shubha bilan qarash kerakligini anglash osonroq bo‘ladi. Men bu munosabatning ikki ko‘rinishini tahlil qilaman: PBS telekanalining Jim Lehrer bilan olib boriladigan NewsHour dasturi muxbiri bilan bo‘lgan ayrim suhbatlarimni va Birinchi xonim Laura Bushning 2001-yil 17-noyabrda xalqqa qilgan radio murojaatini. NewsHour dasturining boshlovchisi menga ilk bor oktabr oyida murojaat qilib, “Ayollar va islom” mavzusidagi lavha uchun dastlabki ma’lumotlarni berishga tayyorligimni so‘radi. Men hazil aralash undan, dastur o‘sha hududlardagi urushlarni yoritgan paytda Gvatemala, Irlandiya, Falastin yoki Bosniyadagi ayollar haqida ham alohida lavhalar tayyorlaganmi, deya so’radim. Lekin baribir oxir-oqibat bermoqchi bo‘lgan savollarini ko‘rib chiqishga rozi bo‘ldim. Savollar nihoyatda umumiy edi. Musulmon ayollar “x”ga ishonadilarmi? Musulmon ayollar “y”mi? Islom ayollar uchun “z”ga ruxsat beradimi? Men undan, agar “musulmon” so‘zi o‘rniga “xristian” yoki “yahudiy” so‘zlarini qo‘ysangiz, bu savollar mantiqqa to‘g‘ri kelarmidi, deb so’radim. U menga qayta qo‘ng‘iroq qiladi deb o‘ylamagandim. Ammo u ikki marta qayta qo‘ng‘iroq qildi. Bir safar Ramazonning ma’nosi haqida lavha tayyorlash g‘oyasi bilan, ikkinchi safar esa siyosatdagi musulmon ayollar haqida lavha tayyorlash taklifi bilan murojaat qildi. Ulardan biri bombardimonlarga, ikkinchisi esa Laura Bush va Buyuk Britaniya Bosh vazirining rafiqasi Cheri Blerning nutqlariga javoban tayyorlanishi kerak edi.

Yangiliklar dasturlari uchun ilgari surilgan ushbu uch g‘oyaning diqqatga sazovor jihati shundaki, ularda madaniy omilga izchil ravishda murojaat qilingan. Go‘yo ayollar va islom haqida yoki diniy marosimning ma’nosi haqida biror narsa bilish Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi va AQSh Pentagoniga uyushtirilgan fojiali hujumni, Afg‘oniston qanday qilib Tolibon boshqaruvi ostida qolganini, so‘nggi 25 yil davomida AQSh va boshqa davlatlarning mintaqaga aralashuvlarini qanday manfaatlar rag‘batlantirgan bo‘lishi mumkinligini, Sovet Ittifoqiga putur yetkazish uchun moliyalashtirilgan konservativ guruhlarni Amerikaning qo‘llab-quvvatlashi qanday tarixga ega bo‘lganini yoki Prezident Bush televizorda e’lon qilganidek, Bin Ladenni “tirik yoki o‘lik holda tutish” uchun u yashiringan g‘orlar va bunkerlarga nega pul to‘langan va ularni kim qurganini tushunishga yordam beradigandek edi. Holbuki, bu g‘orlar va bunkerlarga pul ajratgan hamda ularni qurgan tashkilot Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) edi.

Boshqacha aytganda, savol shundan iboratki, nima uchun mintaqaning “madaniyati”, xususan, uning diniy e’tiqodlari va ayollarga munosabati haqida ma’lumotga ega bo‘lish mintaqada repressiv tuzumlarning shakllanish tarixini va bu tarixdagi AQSh rolini o‘rganishdan ko‘ra dolzarbroq deb qaraldi? Menimcha, bunday madaniy talqin dunyoning ushbu qismidagi insoniy azob-uqubatlarning ildizlari va mohiyatini jiddiy o‘rganishga to‘sqinlik qildi. Siyosiy va tarixiy izohlar o‘rniga, ekspertlardan diniy-madaniy izohlar berish so‘raldi. Global o‘zaro bog‘liqliklarni o‘rganishga olib kelishi mumkin bo‘lgan savollar o‘rniga esa, dunyoni sun’iy ravishda alohida sohalarga ajratishga xizmat qiladigan savollar ilgari surildi, natijada G‘arb va Sharq, biz va musulmonlar, Birinchi xonimlar nutq so‘zlaydigan madaniyatlar va ayollar paranjida indamay yuradigan boshqa madaniyatlar o‘rtasidagi qarama-qarshilikka asoslangan xayoliy geografiya qayta yaratildi.
 
Men uchun eng dolzarb savol quyidagicha edi: Nega umuman musulmon, xususan afg‘on ayoli biz barchamiz, ba’zan kutilmagan tarzda bir-birimiz bilan chambarchas bog‘langan murakkab aloqalar ichida ishtirok etayotganimizni e’tibordan chetda qoldiradigan ushbu madaniy izohlash usulida shunchalik muhim o‘rin egalladi. Nega boshqa mojarolarda bunday qilinmagan bo‘lsa-da, ushbu “Terrorizmga qarshi urush”da ayol obrazlari aynan shu tarzda safarbar qilindi? Laura Bushning 17-noyabrdagi radio murojaati bunday safarbarlik qanday siyosiy vazifani bajarishini ochib beradi. Bir tomondan, uning murojaatida bir-biridan ajratib ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan muhim farqlar birlashtirib yuborildi. Tolibon va terrorchilar o‘rtasidagi farq doimiy ravishda yo‘qolib bordi va natijada ular deyarli bitta so‘z — “va’’ bilan bog‘langan yagona dahshatli obraz — “Tolibon-va-terrorchilar”ga aylandi. Shuningdek, Afg‘onistonda ayollarning uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan to‘yib ovqatlanmasligi, qashshoqligi va sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan sabablar bilan Tolibon davrida ularning ish, ta’lim olish va tirnoq bo‘yog‘i surtish kabi oddiy quvonchlardan mahrum etilishi o‘rtasidagi mutlaqo alohida sabablar ham bir-biriga qorishib ketdi. Boshqa tomondan esa, uning nutqi, avvalo, afg‘on ayollari va bolalarining holatidan yuragi ezilayotgan “butun dunyodagi sivilizatsiyalashgan odamlar” bilan, uning ta’biri bilan aytganda, “o‘z dunyosini barchamizga majburan singdirmoqchi bo‘lgan” “Tolibon-va-terrorchilar’’ — madaniy mahluqlar o‘rtasidagi ulkan tafovutlarni yanada kuchaytirdi.

Eng diqqatga sazovor jihati shundaki, bu nutqda Afg‘onistondagi Amerikaning bombardimonlari va aralashuvini oqlash, shuningdek, go‘yoki uning bir qismi bo‘lgan “Terrorizmga qarshi urush”ni asoslash uchun ayollar safarbar qilindi. Laura Bush shunday degan edi: “Afg‘onistonning katta qismida yaqinda qo‘lga kiritgan harbiy yutuqlarimiz tufayli ayollar endi o‘z uylariga qamab qo‘yilmayapti. Ular musiqa tinglashlari va jazolanishdan qo‘rqmasdan qizlariga ta’lim berishlari mumkin… Terrorizmga qarshi kurash, shuningdek, ayollarning huquqlari va qadr-qimmati uchun kurashdir” (AQSh hukumati, 2002).

Mustamlakachilik tarixini o‘rgangan har qanday kishi uchun bu so‘zlar juda tanish aks-sado beradi. Janubiy Osiyodagi Britaniya mustamlakachiligi ustida ishlagan ko‘plab tadqiqotchilar mustamlakachilik siyosatida “ayollar masalasi”dan foydalanilganini qayd etganlar, masalan sati kabi bevalarning o‘zlarini erlarining dafn marosimi chog‘ida gulxanda yoqib yuborish amaliyoti, erta turmush qurish va boshqa amaliyotlarga aralashuv mustamlakachilik hukmronligini oqlash vositasi sifatida qo‘llangan. Gayatri Chakravorti Spivak (1988) buni kinoyali tarzda, oq tanli erkaklar jigarrang tanli ayollarni jigarrang tanli erkaklardan qutqarmoqda, deya ta’riflagan edi. Tarixiy manbalar shunga o‘xshash ko‘plab holatlarga, jumladan, Yaqin Sharqdagi misollarga ham boy. XIX asr oxiri — XX asr boshlaridagi Misrda Leila Ahmad (1992) “mustamlakachilik feminizmi” deb atagan hodisa faol namoyon bo‘lgan. Bu Misr ayollarining ahvoliga nisbatan tanlab olingan munosabat bo‘lib, u zulm belgisi sifatida ro‘molga e’tibor qaratgan, biroq ayollar ta’limini qo‘llab-quvvatlamagan. Eng e’tiborlisi, bu qarashlarni o‘z vatanida ayollarning saylov huquqiga qarshi chiqqan ayni o‘sha ingliz  Lord Kromer tomonidan baland ovozda ilgari surgan.

Sotsiolog Marnia Lazreg (1994) fransuz mustamlakachiligining Jazoirda ayollarni o‘z maqsadlari yo‘lida qanday safarbar qilganini yorqin misollar orqali ko‘rsatib bergan. U shunday yozadi: “Mustamlakachilikning ayollar ovozini o‘zlashtirib olishi va ayol inqilobchilarni o‘zlariga namuna sifatida qabul qila boshlagan, masalan, ro‘mol o‘ramagan ayollarning ovozini bo‘g‘ishining eng yorqin misoli, ehtimol, 1958-yil 16-maydagi voqea bo‘lgan [bu Jazoir uzoq va qonli kurashdan so‘ng Fransiyadan mustaqillikka erishishidan atigi to‘rt yil oldin, ya’ni Fransiyaning 130 yillik hukmronligi nihoyasiga yetishidan to‘rt yil avval sodir bo‘lgan — L.A.]. O‘sha kuni Jazoirda isyonkor fransuz generallari Jazoirni Fransiya tarkibida saqlab qolish qat’iyatini namoyish etish uchun namoyish uyushtirdilar. Jazoirliklar ham ularni qo‘llab-quvvatlayotganini Fransiya hukumatiga ko‘rsatish uchun generallar yaqin qishloqlardan bir necha ming mahalliy erkakni avtobuslarda olib kelishdi, shuningdek, bir necha ayolni ham fransuz ayollari tantanali ravishda ro‘molsizlantirib olib kelishdi… Jazoirliklarni to‘plab, ularni Fransiyaga sadoqat namoyishlariga olib kelish asli mustamlakachilik davrida alohida noodatiy hodisa emas edi. Biroq puxta sahnalashtirilgan marosimda ayollarni ro‘molsizlantirish bu voqeaga ramziy ma’no yukladi va Fransiyaning Jazoirni bosib olishi davrida o‘zgarmay qolgan yagona jihatni, uning ayollarga bo‘lgan haddan tashqari berilib ketishini, dramatik tarzda namoyon etdi.” [Lazreg 1994:135]

Lazreg (1994), shuningdek, fransuzlarning bundan avval arab ayollari va qizlarini qanday o‘zgartirishga intilganini ko‘rsatadigan esda qolarli misollarni ham keltiradi. U 1851- va 1852-yillarda Jazoir shahridagi musulmon qizlar maktabida mukofot topshirish marosimlarida namoyish etilgan kichik sahna ko‘rinishlarini tasvirlaydi. Birinchi sahna ko‘rinishini “Jazoirlik fransuz xonim” yozgan bo‘lib, unda ikki jazoirlik arab qizi Fransiyaga qilgan sayohatini quyidagi so‘zlar bilan eslaydi:

“Ey! Himoyachi Fransiya! Ey! Mehmondo‘st Fransiya! . . .
Men erkinlikni his qilgan olijanob zamin,
Masihiy osmon ostida Xudoyimizga ibodat qildim: . . .
Bizga olib kelayotgan baxting uchun Xudo seni asrasin!
Va sen, bizga
Bu dunyoda bizning ham o‘rnimiz borligini o‘rgatgan
Farzand qilib olgan onamiz,
Biz seni abadiy ardoqlaymiz!” [Lazreg 1994:68–69]

Bu qizlar erkinlik hukm suradigan, bu dunyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lish ne’mati berilgan Masihiy osmon ostidagi dunyoni tilga olishga undaladi. Bu Tolibon-va-terrorchilar “barchamizga majburan singdirmoqchi bo‘lgan” dunyo emas.

Yuqorida soddalashtirilgan madaniy obrazlar murakkabroq tarixiy va siyosiy hikoyatlar ustiga yopishtirilganda shubha bilan qarashimiz kerakligini ta’kidlaganim kabi, Britaniya hukmronligidagi Misrda Lord Kromer, Jazoirda fransuz xonimlari va ularning ortida harbiy qo‘shinlar turgan holda Laura Bush musulmon ayollarni qutqarayotgan yoki ozod qilayotganini da’vo qilganida ham ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak.

YOPINISH SIYOSATI

Endi Laura Bush amerikaliklar tomonidan ozod qilinganidan “quvonayotganini” da’vo qilgan afg‘on ayollariga yaqindan nazar tashlamoqchiman. Buning uchun yopingich yoki burqa masalasini muhokama qilish zarur, chunki u bugungi kunda musulmon ayollari haqidagi munozaralarda markaziy o‘rin tutadi. Bu esa antropologlar, xususan, feminist antropologlar global dunyoda farq muammosiga qanday yondashishlari haqidagi munozara uchun zamin yaratadi. Xulosa qismida musulmon ayollarni qutqarish haqidagi ritorikaga yana qaytib, unga muqobil yondashuvni taklif qilaman.

Ommaviy tasavvurda Tolibon-va-terrorchilar hukmronligi ostida afg‘on ayollarining ezilganligining eng asosiy belgisi ular burqa [burqa bu boshdan oyoqqacha tushadigan, ko’z qismiga to’r tikilgan afg’on ayollari kiyimi; Markaziy Osiyodagi paranji va chachvondan farq qiladi — tarjimon izohi] kiyishga majbur qilinganida namoyon bo‘ladi, degan qarash keng tarqalgan. Liberallar ba’zan Afg‘oniston Tolibondan ozod qilinganiga qaramay, ayollar burqalarini yechishga shoshilmayotgandek ko‘rinayotganidan hayratda ekanliklarini bildiradilar. Musulmon hududlarida ishlagan kishi esa buning nega bunchalik hayratlanarli ekanini so‘rashi kerak. Biz Tolibondan “ozod” bo‘lishlari bilanoq ular “yana” kalta ko‘ylaklar va ko‘k jinsi shimlarga qaytishlarini yoki Chanel kostyumlarini changdan tozalab kiyishlarini kutganmidik? “Yopingan ayollar”ning kiyinish masalasiga yanada oqilona yondashishimiz kerak, shu bois ro‘mol o‘rash haqida ayrim asosiy jihatlarni ta’kidlashga ehtiyoj bor.

Birinchidan, Tolibon burqani o‘ylab topmaganini eslash kerak. Burqa bir hududdagi pushtun ayollari tashqariga chiqqanlarida kiyadigan mahalliy yopinish shakli edi. Pushtunlar Afg‘onistondagi bir nechta etnik guruhlardan biri va burqa Hind yarimoroli hamda Janubi-g‘arbiy Osiyoda ayollarning hayo yoki hurmatga loyiqligini ramziy ifodalash vositasi sifatida urfga aylangan ko‘plab yopinish shakllaridan biri bo‘lgan. Burqa, boshqa ayrim “yopinish” shakllari singari, ko‘plab sharoitlarda erkaklar va ayollar dunyosining ramziy ajratilishini ifodalagan; bu esa ayollarni begona odamlar aralashib yuradigan jamoat makoni bilan emas, balki oila va uy bilan bog‘lashning umumiy tasavvurining bir qismi bo‘lgan.

Yigirma yil avval Pokistonda ishlagan antropolog Xanna Papanek (1982) burqani “ko‘chma yakkalanish” (“portable seclusion”) deb ta’riflagan. U ko‘pchilik burqani ayollar uchun ozodlik beruvchi ixtiro deb bilganini ta’kidlagan, chunki u ayollarga alohida yashash makonlaridan tashqariga chiqish imkonini bergan holda, ayollarni begona erkaklardan ajratish va himoya qilishga oid asosiy axloqiy talablarga rioya qilish imkonini ham bergan. Men uning “ko‘chma yakkalanish” degan iborasiga duch kelganimdan beri, butun tanani o‘rab turuvchi bu liboslarni “ko‘chma uylar” deb o‘ylayman. Umuman olganda, bunday yopinish muayyan jamoaga mansublikni hamda jamoalarni tashkil etishda oila asosiy o‘rin tutadigan va uy ayollarning muqaddasligi bilan bog‘lanadigan axloqiy hayot tarzida ishtirok etishni anglatadi.

Bundan kelib chiqadigan tabiiy savol shuki: agar masala shunday bo‘lsa, nega ayollar birdaniga hayo­siz bo‘lib qolishlari kerak? Nega ular o‘zlarining hurmatga loyiqligini ifodalovchi belgilarni, burqa yoki boshqa yopinish shakllarini, birdaniga yechib tashlashlari kerak? Holbuki, bu belgilar ayollarning jamoat makonida harakatlanayotgan bo‘lsalar ham, ramziy jihatdan hanuzgacha daxlsiz uy makonida ekanliklarini hammaga bildirgan holda, ularni begona erkaklarning bezovta qilishidan himoya qilishi kerak edi. Ayniqsa, bu kiyinish shakllari shu qadar odatiy tus olgan, aksariyat ayollar ularning ma’nosi haqida deyarli o‘ylamagan bir paytda.

Hech biri mukammal bo‘lmasa-da, bir nechta o‘xshatish keltirsak, nega afg‘on ayollari burqalarini yechib tashlamayotganidan hayratlanamiz, axir biz opera tomoshasiga shortik kiyib borish noo‘rin ekanini juda yaxshi bilamiz-ku? Afg‘on ayollarining burqalari haqidagi bahslar avjiga chiqqan paytda, bir dugonam hashamatli to‘yga kostyum-shim kiyib borishni taklif qilgani uchun eri tomonidan tanbeh eshitgan edi: “WASP to‘yiga shim kiyib borilmasligini o‘zing bilasan-ku”, deb eslatgan unga eri [WASP bu oq tanli anglo-sakson protestantlar, AQShning eski elitasi — tarjimon izohi]. Nyu-Yorkliklar qora palto va shlyapa kiyib yuradigan jiddiy ko‘rinishdagi erlari yonida nihoyatda did bilan turmaklangan va zamonaviy ko‘rinadigan hasidiy ayollarning parik kiyib yurishini yaxshi bilishadi [Hasidiylar yahudiylar ichidagi ultra-ortodoksal diniy oqim. Turmushga chiqqan ayollar diniy talabga ko’ra sochini berkitadi, ko’pincha parik (sheytl) yordamida — tarjimon izohi]. Buning sababi diniy e’tiqod va jamoa tomonidan belgilangan odob me’yorlari sochni yopib yurishni talab qilishidir. Ular butiklarda sotiladigan kiyimlarni ham baland yoqali va uzun yengli bo‘lishi uchun o‘zgartiradilar. Antropologlar juda yaxshi bilganidek, odamlar o‘zlarining ijtimoiy jamoalariga mos keladigan kiyinish shaklini tanlaydilar hamda jamiyatda umumiy qabul qilingan me’yorlar, diniy e’tiqodlar va axloqiy ideallar asosida yo‘l tutadilar; faqat biror narsaga ataylab qarshi chiqish orqali o‘z fikrini bildirmoqchi bo‘lganlarida yoki munosib yopinish uchun zarur kiyimni sotib olishga qurbi yetmaganlarida bundan chetga chiqadilar. Agar AQSh ayollari kiyinish masalasida to‘liq tanlov erkinligiga ega dunyoda yashaydi deb o‘ylasak, o‘zimizga “moda zulmi” degan iborani eslatishimizning o‘zi kifoya.

Tolibon hukmronligi davrida Afg‘onistonda sodir bo‘lgan narsa shundan iborat ediki, ilgari turli guruhlar va tabaqalarga xos bo‘lgan, ommaviy yoki an’anaviy tusdagi ko‘plab turli uslublar, ayollarning odobini yoki keyingi davrlarda diniy taqvosini ifodalashning turli shakllari, mavjud bo‘lgan bir paytda, muayyan hurmatga sazovor, biroq elita bo‘lmagan tabaqa bilan bog‘liq bo‘lgan yopinish yoki ro‘mol o‘rashning mintaqaviy uslublaridan biri “diniy jihatdan” munosib kiyinish shakli sifatida barchaga majburan joriy qilindi. Men Afg‘oniston bo‘yicha mutaxassis bo‘lmasam-da, Tolibon hokimiyatni qo‘lga olgan paytga kelib Afg‘onistonda qolgan ayollarning aksariyati qishloqlik yoki kam ma’lumotli, noelita oilalardan bo‘lgan deb tasavvur qilaman. Chunki Afg‘onistonning yaqin tarixiga xos bo‘lgan og‘ir sharoit va zo‘ravonliklardan qochib, mamlakatdan chiqib ketish imkoniga ega bo‘lmaganlar aynan shular edi. Agar burqa kiyishga majburlashdan ozod qilinsa, bu ayollarning aksariyati Tolibon hukmronligi ostida bo‘lmagan va yaqin atrofda yashayotgan boshqa ayollar kabi, boshni kamtarona yopishning boshqa shaklini tanlagan bo‘lardi, masalan, Hindiston shimolidagi ularning qishloqlik hindu hamkasblari kabi (ular boshlarini yopib, yuzlarini berkitadilar) yoki Pokistondagi musulmon opa-singillari kabi.

Hatto The New York Times gazetasi ham Pokistondagi afg‘on ayol-qochqinlar haqida mahalliy xilma-xillik haqida o‘quvchilarga ma’lumot berishga harakat qilgan maqola e’lon qilgan (Fremson 2001). Maqolada pushtun ayoli o‘z jamoasi uchun ko‘z qismida naqshli teshiklari bor, hozir ramziy tus olgan burqadan tortib, ular chodra deb ataydigan katta ro‘mollargacha, kiyuvchilari hijob deb ataydigan yangi islomiy kamtarona kiyinish uslubigacha bo‘lgan barcha kiyinish shakllari munosib kiyim ekanini tushuntirgan. Yangi islomiy kiyinish uslubidagi ayollar, odatda, Misrdan Malayziyagacha bo‘lgan hududlardagi o‘z tengdoshlari singari, kasbiy faoliyatga, ayniqsa tibbiyot sohasidagi kasblarga yo‘l olayotgan talabalar edi. Katta ro‘mol o‘ragan ayollardan biri maktab direktori, ikkinchisi esa kambag‘al ko‘cha sotuvchisi edi. Yosh ko‘cha sotuvchisining quyidagi so‘zlari juda ko‘p narsani anglatadi: “Agar men [burqa] kiysam, qochqinlar meni masxara qilishardi, chunki burqa — uyda qoladigan ‘yaxshi ayollar’ uchun” (Fremson 2001:14). Bu yerda burqa bilan bog‘liq mahalliy maqomni ko‘rish mumkin — burqa ko‘chada savdo qilib tirikchilik qilishga majbur bo‘lmagan, mustahkam oilalardan chiqqan, yaxshi va hurmatga sazovor ayollar uchun mo‘ljallangan.

Britaniyaning The Guardian gazetasi 2002-yil yanvar oyida Afg‘onistonda hurmatga sazovor bo‘lgan jarroh, Afg‘oniston tibbiyot korpusida general-leytenant unvoniga ega doktor Suheyla Siddiqi bilan intervyu e’lon qildi (Goldenberg 2002). Oltmish yoshlar atrofidagi bu ayol elita oilasidan chiqqan va opa-singillari singari ta’lim olgan. O‘z tabaqasidagi aksariyat ayollardan farqli o‘laroq, u muhojirlikka ketmaslikni tanlagan. Maqolada u burqa kiyishdan bosh tortgani uchun “Tolibonga qarshi turgan ayol” sifatida taqdim etiladi. 1996-yilda, sakkiz oy avval uni boshqa ayollar qatori ishdan bo‘shatishgan bo‘lishsa-da, Tolibon yordam so‘rab kelganida, u yirik shifoxonalardan birining rahbari lavozimiga qaytish uchun burqa kiymaslikni shart qilib qo‘ygan edi. Siddiqi ozg‘in, jozibali va o‘ziga ishongan ayol sifatida tasvirlanadi. Biroq maqolaning keyingi qismida uning oqarib borayotgan hajmdor sochlari yupqa ro‘mol bilan yopilgani qayd etiladi. Bu bizga u burqa kiyishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, chodra yoki sharf o‘rashga qarshi emasligini eslatadi.

Nihoyat, yopinchiq masalasiga oid muhim bir jihatni ta’kidlashim kerak. Nafaqat yopinishning ko‘plab shakllari mavjud bo‘lib, ularning har biri qo‘llanadigan jamoalarda turlicha ma’nolarga ega, balki ro‘mol o‘rashning o‘zini ham insonning o‘z xohish-irodasiga ega emasligi bilan tenglashtirmaslik yoki uning ramzi sifatida talqin qilmaslik kerak. 1970-yillarning oxiri va 1980-yillarda Misrdagi badaviylar jamoasi haqida olib borgan etnografik tadqiqotimda (1986) ta’kidlaganimdek, yoshi ulug‘ va hurmatga sazovor erkaklar oldida qora bosh ro‘molini yuz ustiga tortish axloqiy hayotga chuqur sodiq bo‘lgan va o‘z sha’nini oila bilan bog‘laydigan ayollar tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladigan harakat deb hisoblanadi. Ular o‘zlarining ijtimoiy mavqeini namoyon etish usullaridan biri sifatida muayyan vaziyatlarda yuzlarini yopadilar. Ular kimning oldida ro‘mol o‘rashni ma’qul deb hisoblashlarini o‘zlari hal qiladilar.

Bundan mutlaqo farqli holat sifatida, 1970-yillarning o‘rtalaridan boshlab musulmon dunyosining turli hududlaridagi ko‘plab ma’lumotli ayollar qabul qilgan zamonaviy islomiy kamtarona kiyinish uslubi bugungi kunda jamoat oldida diniy taqvoni ifodalash bilan birga, ma’lumotlilik, shaharga oidlik, zamonaviylikning, ya’ni o‘ziga xos modernlikning belgisi sifatida ham talqin qilinishi mumkin (masalan, Abu-Lughod 1995, 1998; Brenner 1996; El Guindi 1999; MacLeod 1991; Ong 1990). Saba Mahmood (2001) Misrdagi masjidlar harakatida ishtirok etuvchi ayollar haqidagi etnografik tadqiqotida juda yorqin ko‘rsatganidek, bu yangi kiyinish shakli uni qabul qilgan ko‘plab ayollar tomonidan o’z o’zini fazilatli tarbiyalashning tanaga oid vositalaridan biri sifatida ham tushuniladi; bu esa ularning Xudoga yaqin bo‘lish istagini ifodalashining natijasidir.

Zamonaviy musulmon dunyosida o‘ranishning ma’nolari haqidagi ushbu nisbatan asosiy muhokamadan ikki jihat kelib chiqadi. Birinchidan, hatto Erondagi yoki Tolibon hukmronligi ostidagi Afg‘onistondagi kabi bunday kiyinish shaklining davlat tomonidan majburan joriy etilishiga qarshi bo‘lsak ham, ro‘mol o‘rashni ayollarning sayoz yoki yetarlicha rivojlanmaganligining eng asosiy belgisi sifatida talqin qilishga qarshi turishimiz kerak. (Shuni yodda tutish kerakki, Turkiya va Eron kabi modernizatsiyalashayotgan davlatlar asr boshida ro‘mol o‘rashni taqiqlagan va diniy ulamolardan tashqari erkaklardan G‘arbona kiyinishni qabul qilishni talab qilgan). Agar insonni ijtimoiy mavjudot, ya’ni muayyan ijtimoiy va tarixiy sharoitlarda voyaga yetadigan hamda uning istaklari va dunyo haqidagi tasavvurlarini shakllantiradigan muayyan jamoalarga mansub mavjudot sifatida qabul qilsak, unda erkinlik nimani anglatadi? Burqani shunchaki o‘rta asrlarga xos majburlov sifatida qoralash ayollarning o‘zlari qilayotgan ish haqidagi tasavvurlarini qo‘pol ravishda inkor etish bo‘lmaydimi? Ikkinchidan, millionlab musulmon ayollarning turli vaziyatlari va qarashlarini bitta kiyim-kechak turiga toraytirib qo‘ymaslikka e’tibor berishimiz kerak. Ehtimol, G‘arbning o’ranishga haddan tashqari berilib ketishidan voz kechib, feministlar va boshqa kishilar haqiqatan ham e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jiddiy masalalarga e’tibor qaratish vaqti kelgandir.

Oxir-oqibat, burqa ko’taradigan muhim siyosiy-axloqiy muammo — madaniy “boshqalar” bilan qanday munosabatda bo‘lish masalasidir. Antropologlar haqli ravishda mashhur bo‘lgan madaniy relyativizm nazarda tutadigan passivlikni qabul qilmagan holda, farqlar bilan qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak? Ya’ni, “bu ularning madaniyati va uni hukm qilish yoki unga aralashish mening ishim emas, mening vazifam faqat uni tushunishga harakat qilish”, deydigan relyativizmdan qanday qilib voz kechmay turib, farq bilan munosabatda bo‘lish mumkin? Madaniy relyativizm, albatta, etnosentrizm hamda uning negizida yotuvchi irqchilik, madaniy imperializm va o‘zini boshqalardan ustun qo‘yish kabi qarashlarga nisbatan ancha ilg‘or yondashuvdir; muammo shundaki, aralashmaslik uchun allaqachon kech. Biz butun dunyoda uchratayotgan hayot shakllari allaqachon uzoq davom etgan o‘zaro aloqalar tarixining mahsulidir.

Men ayollar, madaniy relyativizm va “farq” muammolarini uch xil nuqtayi nazardan ko‘rib chiqmoqchiman. Avvalo, feminist antropologlar (Strathern [1987] ta’kidlaganidek, ana shu noqulay munosabatlar ichida qolib ketganlar) g‘alati safdoshlar bilan qanday munosabatda bo‘lishlari kerakligi masalasini ko‘rib chiqmoqchiman. So‘nggi bir necha yil davomida Tolibon hukmronligi ostidagi afg‘on ayollarini himoya qilishga qaratilgan va elektron pochta orqali tarqalgan petitsiyalarni olganimda, o‘zimni ikkilanib qolgan holda his qilardim. Men Tolibonning dogmatizmiga xayrixoh emasman; ayollarning zulm ostida qolishini qo‘llab-quvvatlamayman. Ammo bu kampaniyaning kelib chiqishi meni tashvishga solardi. Men odatda Hollivud mashhurlari kabi odamlar bilan bir siyosiy safda bo‘lmayman (qarang: Hirschkind va Mahmood 2002). Men hech qachon bunday ayollardan Falastin ayollarining Isroil bombardimonlari yoki nazorat-o‘tkazish punktlaridagi kundalik tazyiqlardan xavfsiz bo‘lish huquqini himoya qiluvchi, Qo‘shma Shtatlardan ularni o‘z yerlaridan mahrum qilgan, mehnat qilish va fuqarolik huquqlaridan foydalanish imkoniyatlarini cheklagan hamda eng asosiy erkinliklardan mahrum etgan hukumatni qo‘llab-quvvatlash masalasini qayta ko‘rib chiqishni so‘rovchi petitsiya olmaganman. Ehtimol, aynan shu odamlarning ayrimlari afrikalik ayollarni jinsiy a’zolarni kesish amaliyotidan yoki hind ayollarini sep sababli o‘limlardan “qutqarish” uchun petitsiyalarga imzo chekayotgan bo‘lishlari mumkin. Biroq, agar gap musulmon erkaklarning musulmon ayollarini — ular achinishlari mumkin bo‘lgan va ularga nisbatan o‘zlarini mamnuniyat bilan ustun his qilishlari mumkin bo‘lgan yopingan ayollarni — zulm ostida ushlab turishi haqida bo‘lmaganida, shuncha amerikalik va yevropalik ayollarni safarbar qilish bunchalik oson bo‘lmagan bo‘lardi, deb o‘ylayman. Televizion ko’rsatuvda diva Opra Uinfri, Afg‘oniston Ayollarining Inqilobiy Assotsiatsiyasi — RAWAni mehmon qilgani kabi, Isroildagi ayollar tinchlik guruhi bo‘lgan “Qora libosdagi ayollar”ni ham o‘z dasturiga taklif qilgan bo‘larmidi? RAWAga “Glamour” jurnali tomonidan “Yil ayollari” mukofoti ham berilgan edi. 2002-yil mart oyiga “Global Exchange” internetda “Jasorat va matonat: Afg‘onistonga ayollar delegatsiyasi” sarlavhasi ostida e’lon qilgan Tolibondan keyingi “Haqiqiy hayot sayohatlari” kabi tadbirlarga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak? 1 400 dollarlik ushbu sayohatning asoslanishi shundan iboratki, “Tolibon hukumati hokimiyatdan chetlatilgach, afg‘on ayollari so‘nggi o‘n yil ichida birinchi marta o‘zlarining asosiy inson huquqlarini qayta tiklash va mamlakatni qayta qurishda ishtirok etish orqali teng huquqli fuqarolar sifatidagi o‘z rollarini belgilash imkoniyatiga ega bo‘ldilar”. Xalqaro ayollar haftaligini nishonlashga bag‘ishlangan sayohatning maqsadi “afg‘on ayollari duch kelayotgan tashvish va muammolar haqida xabardorlikni oshirish, shuningdek, Afg‘oniston ayollari uchun yangi imkoniyatlarni yaratgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarning o‘zgarishiga guvoh bo‘lish”dan iborat edi (Global Exchange 2002).

Afg‘onistonda ayollar huquqlarining bunday nishonlanishiga tanqidiy munosabat bildirish, RAWA kabi mahalliy ayollar tashkilotlari haqida hukm chiqarish degani emas. Ularning a’zolari 1977-yildan buyon ayollarning inson huquqlari hurmat qilinadigan demokratik va dunyoviy Afg‘oniston uchun jasorat bilan kurashib kelmoqdalar; ular Sovet Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan rejimlarga, shuningdek, AQSh, Saudiya Arabistoni va Pokiston tomonidan qo‘llab-quvvatlangan konservativ kuchlarga qarshi faoliyat olib bordilar. Ularning zo‘ravonlik holatlarini hujjatlashtirishdagi faoliyati hamda klinikalar va maktablar orqali olib borgan ishlari nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.

Bu, shuningdek, Tolibon ayollarni duchor qilgan dahshatli sharoitlarni fosh etgan kampaniyalarni ayblash degani ham emas. “Feminist Majority” kampaniyasi Tolibon va AQShning transmilliy kompaniyasi “Unocal” o‘rtasida tuzilayotgan, AQSh ma’muriyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan maxfiy neft quvuri kelishuvining to‘xtatilishiga yordam berdi. G‘arb feministlarining kampaniyalarini feminist masalalardagi ilg‘or pozitsiyasi uchun saylanmagan respublikachi prezidentning yangi mustamlakachilik feminizmi bilan yoki AQShning Shimoliy Ittifoqdagi ittifoqchilari tomonidan ayollarga nisbatan sodir etilgan huquqbuzarliklarning dahshatli tarixini — Human Rights Watch va Amnesty International kabi tashkilotlar tomonidan hujjatlashtirilgan holatlarni — kichraytirib ko‘rsatgan ma’muriyatlarning ikkiyuzlamachiligi bilan aralashtirib yubormaslik kerak. Tolibon tartib o‘rnatish uchun hokimiyatga kelishidan oldin Afg‘onistonni vayron qilgan ichki kurashlar davrida zo‘rlashlar va tajovuzlar keng tarqalgan edi.

Biroq bu biz nimani qo‘llab-quvvatlayotganimizga (va nimani qo‘llab-quvvatlamayotganimizga) diqqat bilan nazar tashlashimiz va nima sababdan shunday qilayotganimiz haqida yaxshilab o‘ylashimiz kerakligini anglatadi. Odatda kelishmaydigan kishilarimiz bilan bir masalada kelishib qolganimizda yuzaga keladigan murakkab siyosiy va axloqiy vaziyatni qanday boshqarishimiz kerak? Tolibondan afg‘on ayollarini “qutqarish”dan mamnun bo‘lgan feministlarning qanchasi ayni paytda boylikni global miqyosda qayta taqsimlashni talab qilayotganini yoki afrikalik yoki afg‘on ayollari menimcha universal inson huquqi bo‘lishi kerak deb hisoblaydigan narsaga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun o‘zlarining iste’molini keskin kamaytirishga tayyor ekanliklari haqida o‘ylayotganini bilmayman, ya’ni global tengsizlikning tarkibiy zo‘ravonligidan va urush vayronagarchiliklaridan xoli bo‘lish huquqi; yetarlicha oziq-ovqatga ega bo‘lish, oilalari bilan yashab, farovon hayot kechirishi uchun uy-joyga ega bo‘lish, farzandlari ulg‘ayishi uchun munosib daromad topish imkoniyatlariga ega bo‘lish, shuningdek, o‘z jamoalari doirasida va o‘zlari xohlagan har qanday ittifoqlar bilan birgalikda yaxshi hayot kechirish yo‘lini belgilash uchun kuch va xavfsizlikka ega bo‘lish huquqi. Bu esa, ehtimol, o‘sha jamoalarning qanday tashkil etilganini o‘zgartirishni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

Siyosiy ittifoqchilar masalasidagi shubha faqat birinchi qadamdir; u bizga nima qilish yoki qayerda turish haqida ijobiyroq fikrlash yo‘lini bermaydi. Buning uchun yana ikkita katta masalaga yuz tutishimiz kerak. Birinchisi — farqning mavjud bo‘lishi mumkinligini qabul qilish. Biz afg‘on ayollarini faqat bizga o‘xshash bo‘lishlari uchun ozod qila olamizmi yoki Tolibondan “ozod qilinganidan” keyin ham ular biz ular uchun istagan narsalardan farqli narsalarni xohlashlari mumkinligini tan olishimiz kerakmi? Bunday vaziyatda nima qilishimiz kerak? Ikkinchidan, odamlarni “qutqarish” haqidagi ritorikaga nisbatan hushyor bo‘lishimiz kerak, chunki u bizning munosabatlarimiz haqida muhim narsalarni anglatadi.

Yana bir bor ta’kidlayman: men farqni qabul qilish haqida gapirganimda, boshqa joylarda sodir bo‘layotgan har qanday narsani “bu shunchaki ularning madaniyati” deya hurmat qiladigan madaniy relyativist bo‘lib qolishga rozi bo‘lishimiz kerak, demoqchi emasman. Men “madaniy” izohlarning xavf-xatarlarini allaqachon muhokama qilganman; “ularning” madaniyatlari ham xuddi biznikidek tarixning va o‘zaro bog‘langan dunyoning bir qismidir. Men ilgari surayotgan narsa — farqlarni tan olish va hurmat qilish bilan bog‘liq mashaqqatli ishdir; aynan turlicha tarixlarning mahsuli, turli sharoitlarning ifodasi va turlicha shakllangan istaklarning namoyon bo‘lishi sifatida. Biz ayollar uchun adolatni xohlashimiz mumkin, ammo adolat haqida turlicha tasavvurlar bo‘lishi mumkinligini va turli ayollar biz eng maqbul deb tasavvur qilgan kelajakdan farqli kelajaklarni xohlashlari yoki tanlashlari mumkinligini qabul qila olamizmi? (qarang: Ong 1988) Ular, ta’bir joiz bo‘lsa, shaxs sifatida tan olinishi yoki shaxs maqomiga ega bo‘lishga boshqa tilda da’vat etilayotgan bo‘lishi mumkinligini hisobga olishimiz kerak.

Noyabr oyining oxirida Afg‘onistonni qayta qurish masalasini muhokama qilish uchun o‘tkazilgan Bonn tinchlik konferensiyasi haqidagi xabarlarda unda ishtirok etgan oz sonli afg‘on ayol feministlar va faollar o‘rtasida sezilarli tafovutlar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. RAWAning pozitsiyasi islomiy boshqaruvga nisbatan har qanday murosaga asoslangan yondashuvni rad etishdan iborat edi. Men o‘qigan xabarlardan biriga ko‘ra, aksariyat ayol faollar, ayniqsa Afg‘onistonda yashaydigan va joylardagi real vaziyatdan xabardor bo‘lganlar, islohotlar uchun boshlang‘ich nuqta sifatida islomni olish kerak, degan fikrga qo‘shilgan. Delegatsiyalardan birining AQShda istiqomat qiluvchi maslahatchisi Fotima G‘ayloniy shunday degan deb keltiriladi: “Agar men bugun Afg‘onistonga borib, ayollardan ularga dunyoviylikni olib kelish va’dasi evaziga ovoz berishlarini so‘rasam, ular menga do‘zaxga borishimni aytishadi.” Buning o‘rniga, xabarlardan biriga ko‘ra, bu ayollarning aksariyati tenglik uchun qanday kurashish borasida ilhomni kutilmagan bo‘lib ko‘rinishi mumkin bo‘lgan bir joydan izlaganlar. Ular Eron tomon qaradilar: bu mamlakatda ayollar islomiy doira ichida, qisman adolatsizliklarga qarshi chiqayotgan va diniy an’anani qayta talqin qilayotgan islomiy yo‘nalishdagi feminist harakat orqali sezilarli yutuqlarga erishayotganini ko‘rdilar.

Eronning o‘zidagi vaziyat ham feministlar doiralarida, ayniqsa G‘arbdagi eronlik feministlar orasida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda (masalan, Mir-Hosseini 1999; Moghissi 1999; Najmabadi 1998, 2000). Ayollar qanday va qay darajada yutuqlarga erishgani, shuningdek, savodxonlikning keskin oshishi, tug‘ilish darajasining pasayishi, ayollarning kasblar va davlat boshqaruvidagi ishtiroki hamda yozuvchilik va kino san’ati kabi madaniy sohalarda feminizmning rivojlanishi “Islomiy Respublika” deb ataluvchi tuzumning barpo etilishi natijasimi yoki unga qaramay yuz bergan hodisalarmi — bu masala aniq emas. Islomiy feminizm tushunchasining o‘zi ham bahsli. Bu oksimoronmi yoki uchinchi yo‘lni izlayotgan jasur ayollar tomonidan shakllantirilgan amaliy va hayotiy harakatni anglatadimi?

Uchinchi dunyodi feminizm va musulmon dunyosining turli qismlaridagi feminizm haqida fikr yuritganda eng ehtiyot bo‘lishimiz kerak bo‘lgan jihatlardan biri — feminizmni G‘arb tomoniga qo‘yadigan qarama-qarshiliklarga tushib qolmaslikdir. G‘arb feministlari mahalliy konservativ kuchlarning turli ko‘rinishdagi — islomiy yoki millatchi — ayblovlariga, ya’ni xoinlikda ayblanishiga duchor bo‘ladigan vaziyatlarni yuzaga keltiruvchi kampaniyalarni boshlaganlarida, arab feministlari duch keladigan dilem­malar haqida yozganman (Abu-Lughod 2001). Afsaneh Najmabadi kabi ayrim olimalar hozir ta’kidlayotganidek, tarixni islom va G‘arb o‘rtasidagi taxminiy qarama-qarshilik nuqtayi nazaridan soddalashtirib talqin qilish noto‘g‘ri (hozir AQShda shunday qilinmoqda va bunga parallel ravishda musulmon dunyosida ham shunday bo‘lgan), balki islom va G‘arb, fundamentalizm va feminizm o‘rtasidagi bunday madaniy qarama-qarshilikni qabul qilish strategik jihatdan ham xavflidir. Chunki musulmon mamlakatlarida mavjud adolatsizliklarga muqobil yo‘llarni izlayotgan, bu bo‘linishni rad etishni va turli tarixlar hamda madaniyatlardan foydalanishni istashi mumkin bo‘lgan, feminist bo‘lish G‘arbona bo‘lish degani ekanini qabul qilmaydigan ko‘plab odamlar xuddi biz kabi tanlov qilishga majbur bo‘ladilar: “Siz biz tomondasizmi yoki bizga qarshimisiz?”

Mening maqsadim — farqlar mavjudligidan xabardor bo‘lishimizni va ayollarga yaxshiroq hayot kechirish imkonini berishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy o‘zgarishlarga olib boradigan boshqa yo‘llarini hurmat qilishimiz kerakligini eslatishdir. Islomiy bo‘lgan ozodlik mavjud bo‘lishi mumkinmi? Bundan tashqari, ozodlikning o‘zi barcha ayollar yoki insonlar intiladigan maqsadmi? Emansipatsiya, tenglik va huquqlar biz foydalanishimiz shart bo‘lgan universal tilning bir qismimi? Misrda taqvodor musulmon bo‘lishga intilayotgan ayollar haqida yozgan Saba Mahmoodning so‘zlari bilan aytganda: “Erkinlik va ozodlikka intilish — tarixiy jihatdan muayyan sharoitda shakllangan istak; uning harakatlantiruvchi kuchini o’z-o’zidan berilgan deb (a priori) qabul qilib bo’lmaydi, aksincha, uni madaniy va tarixiy jihatdan muayyan o’rinda turgan subyektga xos boshqa istaklar, intilishlar va qobiliyatlar nuqtayi nazaridan qayta ko’rib chiqish kerak. ” (2001:223). Boshqacha aytganda, turli guruhlarga mansub odamlar uchun boshqa istaklar muhimroq bo‘lishi mumkinmi? Yaqin oilalar bag‘rida yashashmi? Xudoga muvofiq hayot kechirishmi? Urushsiz yashashmi? Men Misrda yigirma yildan ortiq vaqt davomida dala tadqiqotlari olib bordim va eng kambag‘al qishloq ayollaridan tortib, eng ma’lumotli kosmopolit ayollargacha, tanigan ayollarim orasida AQSh ayollariga hech qachon havas qilgan birorta ayolni ham eslay olmayman. Ular AQSh ayollarini odatda jamoaviy hayotdan mahrum, jinsiy zo‘ravonlik va ijtimoiy anomiyaga nisbatan himoyasiz, axloqdan ko‘ra individual muvaffaqiyatga intiluvchi yoki Xudoga nisbatan g‘alati tarzda hurmatsiz deb tasavvur qiladilar.

Mahmood (2001) boshqa an’analarni hurmat qilishni yoqlab chiqilganda yuz beradigan tashvishli bir holatga e’tibor qaratgan. Uning ta’kidlashicha, musulmonlar va islomiy harakatlarni o‘rganuvchi yoki tushunishga intiluvchi kishilarga qo‘yiladigan siyosiy talablar bilan dunyoviy-gumanistik loyihalar ustida ishlovchi kishilarga qo‘yiladigan talablar o‘rtasida farq mavjudga o‘xshaydi. Misrdagi taqvodorlik harakatini o‘rganuvchi olima sifatida undan butun dunyodagi islomiy harakatlar tomonidan sodir etilgan barcha zararli ishlarni qoralash doimiy ravishda talab qilinadi — aks holda u bunday harakatlarni oqlovchi shaxs bo‘lishda ayblanadi. Biroq dunyoviy gumanizm va uning loyihalarini o‘rganuvchilarga nisbatan bunday parallel talab deyarli hech qachon qo‘yilmaydi, holbuki so‘nggi ikki asr davomida u bilan bog‘liq bo‘lgan dahshatli zo‘ravonliklar mavjud: jahon urushlaridan mustamlakachilikka, genotsidlardan qullikkacha. Biz dunyoviy gumanizmga ham, islomiylikka bo‘lganimiz kabi, dogmatik ishonchni imkon qadar kam namoyon etishimiz va bir an’ana doirasida amalga oshiriladigan insoniy loyihalarning murakkab imkoniyatlariga qanday ochiq fikr bilan qarasak, boshqasiga ham shunday ochiq fikr bilan qarashimiz kerak.

QUTQARISH RITORIKASIDAN TASHQARIDA

Nihoyat, “Musulmon ayollar qutqarilishga muhtojmi?” degan sarlavhamga qaytaylik. Madaniyat, yopinish va madaniy farqlar girdobida qanday yo‘l topish mumkinligi haqidagi muhokama Laura Bushning Amerika qo‘shinlari tomonidan ozod qilingan afg‘on ayollarining quvonchini olqishlab, o‘zidan mamnun tarzda bildirgan fikrlariga boshqacha nuqtayi nazardan qarashimizga yordam berishi kerak. Afg‘on ayolini qutqarilishga muhtoj bo‘lgan shaxs sifatida tasavvur qilish jiddiy muammolarga ega. Kimnidir qutqarayotganingizda, uni nimadandir qutqarayotganingizni nazarda tutasiz. Shu bilan birga, uni biror narsaga yetaklash yoki biror holatga olib chiqishni ham nazarda tutasiz. Bu o‘zgarish qanday zo‘ravonliklarni o‘z ichiga oladi va siz uni olib chiqayotgan narsangizning ustunligi haqida qanday taxminlar ilgari surilmoqda? Boshqa ayollarni “qutqarish” loyihalari G‘arb odamlari orasidagi ustunlik tuyg‘usiga tayanadi va uni yanada mustahkamlaydi; bu esa shubha ostiga olinishi kerak bo‘lgan kibrning bir ko‘rinishidir. Ayollarni “qutqarish” haqidagi ritorikaning homiylarcha munosabatini anglash uchun uni bugungi kunda Qo‘shma Shtatlarda afroamerikalik ayollar yoki ishchi sinfiga mansub ayollar kabi imkoniyatlari cheklangan guruhlarga nisbatan qo‘llayotganimizni tasavvur qilishning o‘zi kifoya. Biz endi ularning tarkibiy zo‘ravonlikdan aziyat chekayotganini tushunamiz. Biz irq va sinf masalalarida siyosiy jihatdan xabardor bo‘lib qoldik, ammo madaniyat masalasida emas.

Antropologlar, feministlar yoki befarq bo‘lmagan fuqarolar sifatida biz o‘z hayotlarini musulmon opa-singillarini “qutqarish”ga bag‘ishlagan XIX asrdagi xristian missioner ayollarning mavqeini egallashdan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. O‘sha davrga oid eng sevimli hujjatlarimdan biri “Our Moslem Sisters” nomli to‘plam bo‘lib, u 1906-yilda Qohirada bo‘lib o‘tgan missioner ayollar konferensiyasi materiallaridan iborat (Van Sommer va Zwemer 1907). Kitobning kichik sarlavhasi “Zulmat o‘lkalaridan kelayotgan ehtiyoj faryodi: uni eshitganlar tomonidan talqin etilgan” deb ataladi. Musulmon dunyosining turli hududlarida ayollar hayotini izdan chiqargan jaholat, yakkalanish, ko‘pxotinlilik va yuzni yopish haqida gapirar ekanlar, missioner ayollar bu ayollarning ovozlarini eshittirish o‘zlarining mas’uliyati ekanini ta’kidlaganlar. Kirish qismida shunday deyiladi: “Ular hech qachon o‘zlari uchun faryod qilmaydilar, chunki ular asrlar davom etgan zulm bo‘yinturug‘i ostida qolganlar” (Van Sommer va Zwemer 1907:15). “Ushbu kitob, — deb boshlanadi u, — xato va zulm haqidagi qayg‘uli, takror-takror bayon etilgan hikoyasi bilan ayblov va da’vatdir… Bu nasroniy ayollarni bu xatolarni tuzatishga va fidoyilik hamda xizmat orqali bu zulmatni yoritishga chaqiruvchi da’vatdir” (Van Sommer va Zwemer 1907:5).

Bugungi kunda, garchi til dunyoviylashgan, da’vatlar Iso Masihga emas, balki inson huquqlari yoki liberal G‘arbga qaratilgan bo‘lsa-da, ularning ezgu maqsadlarining g‘alati aks-sadosini eshitish mumkin. Bunday tasvirlar va qarashlarning hanuzgacha muomalada ekanini ularning mutlaqo ezgu gumanitar maqsadlarda qo‘llanayotganidan ham ko‘rish mumkin. 2002-yil fevral oyida men “Médecins du Monde/Doctors of the World” (MdM) deb nomlangan xalqaro tibbiy gumanitar tarmoqni sharaflashga bag‘ishlangan qabul marosimiga taklifnoma oldim. AQShdagi Fransiya elchisi, Yevropa Komissiyasining Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi delegatsiyasi rahbari va Yevropa Parlamenti a’zosi homiyligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan qabul marosimida “Afg‘on ayollari: Yopinchiq ortida” degan qolipga tushib qolgan sarlavha ostidagi fotosuratlar ko‘rgazmasi namoyish etilishi kerak edi.

Taklifnoma nafaqat Afg‘onistonning huvillagan tog‘lari bo‘ylab burqalari hilpirab turgan ayollar tasvirlangan rang-barang surati, balki matni bilan ham diqqatga sazovor edi. Uning bir qismini keltiraman:

“MdM 20 yildan beri eng himoyasiz insonlarga yordam berish uchun tinimsiz kurashib kelmoqda. Ammo tobora qalin yopinchiqlar urush qurbonlarini qoplamoqda. 1996-yilda Tolibon hokimiyatga kelganida, afg‘on ayollari yuzsiz bo‘lib qoldilar. Tibbiy yordam olayotganda yuzini ochish o‘ziga xos yaqinlikka erishish, qisqa muddatga yashirin erkinlik makonini topish va o‘z qadr-qimmatining ozgina qismini qayta tiklash demak edi. Ayollar oddiy tibbiy yordamdan foydalana olmaydigan, chunki ularning jamoat oldida ko‘rinish huquqi bo‘lmagan; ayollar tibbiyot bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan mamlakatda MdM dasturi inson huquqlarining qat’iy eslatmasi bo‘lib xizmat qildi… Iltimos, yopinchiqni ko‘tarishga yordam berish uchun bizga qo‘shiling.”

Garchi bu yerda yuzni ochish bilan bog‘liq yaqinlik haqidagi xayollarni — Alloulaning “The Colonial Harem” (1986) asarida mahorat bilan fosh etilgan fransuz mustamlakachilarining xayollarini eslatuvchi tasavvurlarni — muhokama qila olmasam-da, XXI asrda gumanitar loyihalar va inson huquqlari diskursi nega musulmon ayollarini aynan shunday tasvirlashlarga tayanishi kerakligini so‘rashim mumkin.

Nega biz yopinchiqlar va boshqalarni qutqarish da’vatlarini ortda qoldirib, buning o‘rniga dunyoni yanada adolatliroq joyga aylantirish yo‘llariga e’tiborimizni qaratmasligimiz kerak? Farqni hurmat qilishni madaniy relyativizm bilan adashtirmaslik kerakligining sababi shundaki, bu bizga dunyoning imtiyozli va qudratli qismida yashayotgan insonlar sifatida uzoq joylarda yashayotgan boshqalarning qanday vaziyatga tushib qolganida o‘z mas’uliyatimizni ko‘rib chiqishimizga to‘sqinlik qilmaydi. Biz dunyoning tashqarisida turib, kambag‘allikda dunyoga kelgan, zulmkor madaniyatlarning soyasi — yoki yopinchiqlari — ostida yashayotgan odamlarning bu dengiziga qarab turganimiz yo‘q; biz o‘sha dunyoning bir qismimiz. Islomiy harakatlarning o‘zi Yaqin Sharqdagi insonlar hayotiga G‘arb kuchlarining kuchli aralashuvi natijasida shakllangan dunyoda vujudga kelgan.

Menimcha, yanada samarali yondashuv — dunyoni qanday qilib yanada adolatliroq joyga aylantirishga hissa qo‘shishimiz mumkinligini so‘rashdir. Strategik harbiy va iqtisodiy talablar atrofida tashkil etilmagan dunyo; biz hanuz muhim deb hisoblashimiz mumkin bo‘lgan muayyan kuchlar va qadriyatlar jozibador bo‘lishi mumkin bo‘lgan hamda jamoalar ichida muhokamalar, bahslar va o‘zgarishlar yuz berishi uchun zarur bo‘lgan tinchlik mavjud bo‘lgan makon. Biz o‘zimizga shunday savol berishimiz kerak: global adolatsizlikning turli shakllari qarshisidagi haddan tashqari ojizlik tuyg‘usi odamlarning istaklarini haddan tashqari belgilab qo‘ymaydigan dunyo sharoitlarini yaratishga qanday hissa qo‘sha olamiz? Uzoq joylarning ishlariga faol aralashishga intilganimizda, buni o‘sha jamoalar ichida ayollar (va erkaklar) hayotini yaxshilashni maqsad qilgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash ruhida amalga oshira olamizmi? (Walley Afrikadagi jinsiy a’zolarni kesish amaliyotlariga munosabat yuzasidan shuni ta’kidlagan [1997]) “Najot” o‘rniga ittifoqlar, koalitsiyalar va birdamlikning yanada tenglikka asoslangan tilidan foydalana olamizmi?

Hatto hozir mashhur bo‘lgan Afg‘oniston Ayollarining Inqilobiy Assotsiatsiyasi — RAWA ham, Tolibonning haddan oshish holatlarini AQSh ayollarining e’tiboriga yetkazishda shunchalik muhim rol o‘ynaganiga qaramay, boshidanoq AQSh bombardimoniga qarshi chiqqan. Ular bombardimonda afg‘on ayollarining najotini emas, balki qiyinchilik va yo‘qotishlarning yanada ortishini ko‘radilar. Ular uzoq vaqtdan beri qurolsizlanish va tinchlikparvar kuchlarni yuborishga chaqirib kelmoqdalar. Ularning vakillari hukumatlarni xalq bilan, Tolibonni esa bundan eng ko‘p zarar ko‘radigan begunoh afg‘onlar bilan adashtirish xavfiga e’tibor qaratadilar. Ular siyosatlarning neft manfaatlari, qurol-yarog‘ sanoati va xalqaro narkotik savdosi atrofida qanday tashkil etilayotganiga sinchiklab qarashni auditoriyaga muntazam ravishda eslatib turadilar. Garchi ular dunyoviy-demokratik Afg‘oniston uchun kurashayotgan eng radikal feministlar bo‘lsalar ham, ular yopinchiq bilan mashg‘ul emaslar. Afsuski, Afg‘onistondagi hokimiyat egalari haqidagi tanqidlari avvalgi rejimlarni ham qamrab olganiga qaramay, faqat ularning Tolibonning haddan oshish holatlari haqidagi xabarlari eshitildi. Ularning kengroq xabarini eshitishning birinchi qadami — begona madaniyatlar tilidan, ularni tushunish yoki yo‘q qilish maqsadida foydalanishdan voz kechishdir. Missionerlik faoliyati va mustamlakachilik feminizmining o‘rni o‘tmishda qolgan. Bizning vazifamiz “madaniyatli dunyodagi insonlarning yuraklari ezilayotgan” o‘sha bechora afg‘on ayollari xavfsiz va munosib hayot kechira oladigan dunyoni yaratishga yordam berish uchun nimalar qila olishimizni tanqidiy jihatdan o‘rganishdir.

LILA ABU-LUGHOD
Kolumbiya universiteti, Antropologiya bo‘limi, Nyu-York, NY 10027

IZOHLAR

Minnatdorchilik. Foydali fikr-mulohazalari, manbalari, gazeta-jurnal qirqimlari va qo‘llab-quvvatlovlari uchun Page Jackson, Fran Mascia-Lees, Tim Mitchell, Rosalind Morris, Anupama Rao hamda Kolumbiya universitetining Ayollar va Genderni tadqiq qilish instituti tomonidan tashkil etilgan “Urushga javob berish” simpoziumi tinglovchilariga (men ushbu asarning avvalgi variantini o‘sha yerda taqdim etgan edim) minnatdorchilik bildirmoqchiman.

KELTIRILGAN MANBALAR

Abu-Lughod, Lila
1986 Veiled Sentiments: Honor and Poetry in a Bedouin Society. Berkeley: University of California Press.
1995 Movie Stars and Islamic Moralism in Egypt. Social Text 42:53–67.
1998 Remaking Women: Feminism and Modernity in the Middle East. Princeton: Princeton University Press.
2001 Orientalism and Middle East Feminist Studies. Feminist Studies 27(1): 101–113.

Ahmed, Leila
1992 Women and Gender in Islam. New Haven, CT: Yale University Press.

Alloula, Malek
1986 The Colonial Harem. Minneapolis: University of Minnesota Press.

Brenner, Suzanne
1996 Reconstructing Self and Society: Japanese Muslim Women and "the Veil." American Ethnologist 23(4): 673–697.

El Guindi, Fadwa
1999 Veil: Modesty, Privacy and Resistance. Oxford: Berg.

Fremson, Ruth
2001 Allure Must Be Covered. Individuality Peeks Through. New York Times, November 4: 14.

Global Exchange
2002 Courage and Tenacity: A Women’s Delegation to Afghanistan. Electronic document, http://www.globalexchange.org/tours/auto/2002-03-05_CourageandTenacityAWomensDele.html. Accessed February 11.

Goldenberg, Suzanne
2002 The Woman Who Stood Up to the Taliban. The Guardian, January 24. Electronic document, http://222.guardian.co.uk/afghanistan/story/0,1284,63840.

Hirschkind, Charles, and Saba Mahmood
2002 Feminism, the Taliban, and the Politics of Counter-Insurgency. Anthropological Quarterly, Volume 75(2): 107–122.

Lazreg, Marnia
1994 The Eloquence of Silence: Algerian Women in Question. New York: Routledge.

MacLeod, Arlene
1991 Accommodating Protest. New York: Columbia University Press.

Mahmood, Saba
2001 Feminist Theory, Embodiment, and the Docile Agent: Some Reflections on the Egyptian Islamic Revival. Cultural Anthropology 16(2): 202–235.

Mir-Hosseini, Ziba
1999 Islam and Gender: The Religious Debate in Contemporary Iran. Princeton: Princeton University Press.

Moghissi, Haideh
1999 Feminism and Islamic Fundamentalism. London: Zed Books.

Najmabadi, Afsaneh
1998 Feminism in an Islamic Republic. In Islam, Gender and Social Change. Yvonne Haddad and John Esposito, eds. Pp. 59–84. New York: Oxford University Press.
2000 (Un)Veiling Feminism. Social Text 64: 29–45.

Ong, Aihwa
1988 Colonialism and Modernity: Feminist Re-Presentations of Women in Non-Western Societies. Inscriptions 3–4:79–93.
1990 State Versus Islam: Malay Families, Women’s Bodies, and the Body Politic in Malaysia. American Ethnologist 17(2): 258–276.

Papanek, Hanna
1982 Purdah in Pakistan: Seclusion and Modern Occupations for Women. In Separate Worlds. Hanna Papanek and Gail Minault, eds. Pp. 190–216. Columbus, MO: South Asia Books.

Safire, William
2001 "On Language." New York Times Magazine, October 28: 22.

Spivak, Gayatri Chakravorty
1988 Can the Subaltern Speak? In Marxism and the Interpretation of Culture. Cary Nelson and Lawrence Grossberg, eds. Pp. 271–313. Urbana: University of Illinois Press.

Strathern, Marilyn
1987 An Awkward Relationship: The Case of Feminism and Anthropology. Signs 12:276–292.

U.S. Government
1907 Our Moslem Sisters: A Cry of Need from Lands of Darkness Interpreted by Those Who Heard It. New York: Fleming H. Revell Co.
2002 Electronic document, http://www.whitehouse.gov/news/releases/2001/11/20011117. Accessed January 10.

Walley, Christine
1997 Searching for "Voices": Feminism, Anthropology, and the Global Debate over Female Genital Operations. Cultural Anthropology 12(3): 405–438.

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About