Donate
Society and Politics

Millatlar Imperiyasi: Etnografik bilim va Sovet ittifoqining tashkil etilishi

Tarjima va Tanqid09/11/25 11:04243


Quyida sizga taqdim etilayotgan tarjima Francine Hirschning "Millatlar Imperiyasi" kitobidagi ‘’Chegaralarning belgilanishi va Sovet milliy o’zliklarning shakllanishi’’ bobi bo’lib, unda muallif markaziy tezisni ya’ni Sovet Ittifoqi tashkil topishida foydalanilgan etnografik bilimlar va kolonial boshqaruv usullari kesishmasini Markaziy Osiyoda olib borilgan amaliyot orqali tushuntirib berishga urinadi. Hirschning taʼkidlashicha, Sovet milliy siyosati "davlat homiyarligidagi evolyutsionizm" tamoyiliga asoslangan boʻlib, uning maqsadi har bir millatni Marks belgilagan tarixiy bosqichlardan sotsializmga tezlik bilan oʻtkazish edi.

Aynan etnograf, iqtisodchi va davlat ma’murlari bu tizimni amalga oshirishda muhim nazorat mexanizmlarini yaratdilar. Sovet hukumati oʻzining kolonial ishini Gʻarb imperialistlarining kolinizatorstvo (kapitalistik ekspluatatsiya)dan farqlashga urinsa-da, Bernard Cohn va Benedict Anderson nazariyalari asosida Hirsch ularning aholini toifalarga ajratish va nazorat qilish usullarida katta oʻxshashliklar borligini koʻrsatadi.

To’rtinchi bob bevosita Markaziy Osiyodagi 1924-yilgi milliy-hududiy chegaralanishga qaratadi va anʼanaviy adabiyotlarning bu jarayonni Moskva "boʻlib tashla va hukmronlik qil" tamoyili asosida mahalliy ishtiroksiz amalga oshirgan, degan qarashini rad etadi. Arxiv maʼlumotlari chegaralanish faqat markaziy buyruq bilan emas, balki Moskva, mahalliy kommunistik elita (ular millatni modernizatsiya vositasi deb bilgan) va etnografik mutaxassislar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik va muzokaralar mahsuli ekanligini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, Hirsch iqtisodchilar va etnograflar Markaziy Osiyoga nisbatan kompleks etnografik yondashuvni qoʻllash orqali (bu yondashuv Yevropa respublikalari uchun ishlatilgan lingvistik mezonlardan tubdan farq qilardi) siyosiy qarorlarga taʼsir oʻtkazganliklarini aniqlaydi.

Markaziy Osiyo xaritasidagi ‘’dog’lar’’ sifatida ko’riladigan anklav va ekslav hududlarning mavjudligi, ba’zi o’zbek tilli hududlarning qo’shni davlatlar tarkibiga o’tib ketishi kelajakda bu hududlarda muammolar yaratish va shu orqali doimiy ta’sir o’tkazib turish maqsadida emas, balki iqtisodiy omillarni hisobga olib bajarilganligi ushbu bobda ta’kidlanadi.

 

Tarjimon: Bilolxo’ja

Tahrirchi: Ismoil Ilxomzoda

Asl Manba: Hirsch, F. (2005). Empire of Nations: Ethnographic Knowledge and the Making of the Soviet Union. Ithaca, NY: Cornell University Press. 160-187.

 

Содержание
  • Markaziy Osiyoda chegaralarni belgilash
  • Markaziy Osiyoda milliy oʻzlik va ikki martalab assimilyatsiya
  • Ichki hududlashtirish va milliy ozchiliklar muammosi
  • Etnografik bilim va Tojikistonning tashkil topishi

 

Markaziy Osiyoda chegaralarni belgilash

Markaziy Osiyoning milliy-hududiy chegaralanishi haqidagi eski Gʻarb ilmiy adabiyotlarining aksariyati “Moskva” yangi chegaralarni 1924-yilda ham mahalliy ishtiroksiz, ham “etnografik va iqtisodiy tamoyillar”ga asoslanmagan holda chizgan deb taʼkidlaydi. Darhaqiqat, tarixchilar Ukraina va Belorussiya respublikalarining yaratilishini “milliy gʻoya” ifodasi sifatida taʼriflagan boʻlsalar-da, Turkiston, Buxoro va Xorazmni “boʻlib tashla va hukmronlik qil” tamoyili asosida yoʻq qilib, ularning o’rnida bir qator yangi milliy respublikalar qayta tashkil etgan deb ta’kidlaydilar. Biroq, arxiv maʼlumotlari Sovetlarning Markaziy Osiyoga yondashuvi Belorussiya va Ukraina respublikalariga bo’lgan yondashuv bilan mos kelishini koʻrsatadi. Bu holatlarning barchasida Sovet maʼmurlari va mutaxasislari hududni etnografik, iqtisodiy va maʼmuriy mezonlar asosida baholaganlar va shu bilan birga, kattaroq umumittifoq manfaatlariga ustunlik berganlar. Bundan tashqari chegaralash haqidagi arxiv maʼlumotlari Sovet rahbarlari ataylab nizo chiqarish hamda bo’ysundirish maqsadida Markaziy Osiyoni qayta hududlashtirgan degan klassik dalilning xato ekanligini koʻrsatadi.

Birinchidan, chegaralanish faqat Moskva tomonidan boshqarilmagan, balki 1920-yillarning boshlarida bolsheviklar bilan umumiy manfaat yoʻlida birlashgan sobiq Turkiston, Buxoro va Xorazmdan boʻlgan mahalliy (milliy) kommunistik elitaning Moskvadagi rahbarlar bilan hamkorlikdagi saʼy-harakat natijasi boʻlganligi toʻgʻrisida sezilarli dalillar mavjud. Koʻpgina mahalliy kommunistlar, xususan jadidlar, “millat”ni iqtisodiy va madaniy modernizatsiyani ilgari surish vositasi sifatida koʻrganlar. Ularning baʼzilari Markaziy Osiyo Byurosining Hududiy Qoʻmitasidagi ishtiroki orqali 1924-yilgi milliy chegaralanishni shakllantirishga yordam berganlar. Ukraina va Belorussiya ishlaridan saboq olgan holda, ular oʻz talablarini etnografik, iqtisodiy va maʼmuriy jihatdan asoslaganlar. Ukraina va Belorussiya rahbarlari singari, ular ham mahalliy aholini Sovet loyihasi uchun safarbar etganlar, mahalliy yerlar va xalqlarni Sovet Ittifoqiga birlashtirganlar va oxirda milliy-hududiy maqom hamda mahalliy hokimiyat evaziga Moskvaga boʻysunganlar.

Ikkinchidan, iqtisodchilar, etnograflar va boshqa mutaxasis-maslahatchilar 1924-yilgi milliy chegaralanishda bevosita va bilvosita oʻz izlarini qoldirdilar. Qisman, bu mutaxasislar chegaralanishga Markaziy Osiyoni Hududlashtirish Komissiyasi orqali taʼsir koʻrsatdilar, bu komissiya MIQ hududlashtirish komissiyasining bir tarmogʻi boʻlib, u Markaziy Osiyo Byurosi chegaralash maqsadida foydalanishi uchun xaritalar, iqtisodiy ro’yxatlar, aholini roʻyxatga olish maʼlumotlari va boshqa materiallarni toʻpladi. Gosplan va Goskolonit iqtisodchilari komissiyaga Turkistonning hududlar boʻyicha iqtisodiy bahosini taqdim etdilar; KIPS etnograflari komissiyani etnografik xaritalar va hisobotlar bilan taʼminladilar. Bundan tashqari, hatto Markaziy Osiyoni milliy chiziqlar boʻyicha chegaralash boʻyicha aniq reja boʻlmasdan oldin ham, etnograflar Moskvadagi rasmiy shaxslar va mahalliy rahbarlarning mintaqaga boʻlgan nuqtai nazarini shakllantirdilar. 1918-yilda Ivan Zarubin Turkistondagi Sovet maʼmurlari bilan birgalikda mintaqa etnik guruhlari roʻyxatini tuzish ustida ishlagan; 1920-yilda Aleksandr Samoylovich, Vasiliy Bartold va Zarubin Millatlar Ishlari Xalq Komissarligi (Narkomnatz)ni Turkiston va Qirgʻiz choʻlining umumiy, garchi toʻliq boʻlmagan boʻlsa-da, etnografik tahlili bilan taʼminlaganlar. Etnograflar sobiq Rossiya imperiyasining “Osiyo” va “Yevropa” hududlarini xaritalash uchun turli mezonlardan foydalanganlar, bu esa yakunda Sovet chegaralarini belgilashga taʼsir koʻrsatdi. Etnograflar Belorussiya va Ukraina respublikalarining etnografik chegaralarini xaritalash uchun lingvistik maʼlumotlarga tayangan boʻlsalar, Markaziy Osiyoga nisbatan “kompleks” etnografik yondashuvni qoʻllaganlar, ya’ni mahalliy madaniyatlar, dinlar, qarindoshlik tuzilmalari, turmush tarzi va tillarni oʻrganganlar. (Masalan, Bartold Qirgʻiz va Qozoq respublikalarining etnografik chegaralarini ularning turmush tarzi, fizik tip va qarindoshlik tuzilmasi haqidagi etnografik va tarixiy maʼlumotlar asosida taxmin qilgan.)

Uchinchidan, Markaziy Osiyo Byurosi 1924-yildan keyin bahsli chegaralarni qayta baholadi va iqtisodchilar hamda etnograflar maslahatlarini olishda davom etdi. Markaziy Osiyo Byurosidagi Sovet rasmiylari Markaziy Osiyoning yangi milliy-hududiy chegaralari vaqtinchalik boʻlishini boshidanoq tan olishgan. Markaziy Osiyo Byurosining kotibi va uning Hududiy Qoʻmitasi raisi Isaak Zelenskiy 1924-yilda ushbu mintaqa to’g’risida "dastlabki qarorlarni chiqarish uchun yetarli na statistik, na iqtisodiy hamda milliy tarkibi toʻgʻrisida maʼlumotlar va na mahalliy ishchilar haqida yetarli bilimlar borligi" haqida ogohlantirgan. Maʼmurlar va mutaxasislar Zelenskiyning ishonchli maʼlumotlar yetishmasligi haqidagi bayonotlarini tasdiqlab, Turkiston boʻylab aholini roʻyxatga olish maʼlumotlari notoʻgʻri ekanligini, Xorazm hamda Buxoro (Rossiya Imperiyasining sobiq protektoratlari) "millat nuqtai nazaridan" ham, "maʼmuriy va iqtisodiy nuqtai nazardan" ham "mutlaqo boʻsh sahifa" ekanligini qayd etishgan. 1924-yildan keyin Markaziy Osiyo Byurosi yangi Markaziy Osiyo respublikalarining chegaralari "xalqning irodasiga muvofiq" qayta koʻrib chiqilishini va yangi milliy respublikalar ichida zaruratga qarab milliy ozchilik ichki hududlari yaratilishini eʼlon qildi. Markaziy Osiyo hududlashtirish komissiyasi mahalliy jamoalardan, shuningdek, respublika va viloyat darajasidagi hukumatlardan kelgan petitsiyalarni jiddiy koʻrib chiqdi. Ushbu petitsiyalarni baholash uchun komissiya etnograflar va iqtisodchilarning fikrlarini soʻradi va bahsli hududlarning yangi etnografik va iqtisodiy tadqiqotlarini boshladi.

Eng muhimi, “boʻlib tashla va hukmronlik qil” dalili, Sovetning Markaziy Osiyoga yondashuvi Yevropaning Afrikaga yondashuviga oʻxshash degan maʼnoni anglatishi tufayli Sovet hukmronligining oʻziga xosligini toʻliq aks ettira olmaydi. Shubhasiz, Sovet rejimi Markaziy Osiyoda oʻz hukmronligini mustahkamlashni xohladi. Bu maqsadga erishish uchun u haqiqatan ham anʼanaviy hokimiyatga sadoqat yo’llarini yoʻq qilishga intildi. Ammo uning ambitsiyalari bundan ancha katta edi. Sovet rejimi Markaziy Osiyoni qayta tashkil etish va modernizatsiya qilishga intildi; u mintaqadagi radikal oʻqimishli elitalar bilan ittifoq tuzdi va butun mintaqani dunyoviy, milliy yoʻnalishlar boʻyicha oʻzgartirish maqsadida ularga sobiq diniy rahbarlarni agʻdarishga yordam berdi. Oʻz metropoliyalarini oʻzlarining mustamlaka qilingan periferiyalariga qarshi qoʻygan chor Rossiyasi yoki Yevropa mustamlaka kuchlaridan farqli oʻlaroq, Sovet Ittifoqi oʻzini oʻz qismlarining yigʻindisi sifatida belgiladi. Sovet rahbarlari inqilobning taqdiri oʻz chegaralaridagi barcha yerlar va xalqlarning etnotarixiy rivojlanishiga bogʻliq deb hisoblashdi. Ular Markaziy Osiyoni qabilaviy yoʻnalishlar boʻyicha emas, balki milliy yoʻnalishlar boʻyicha qayta tashkil etishni tanladilar, chunki ular “millat”ni ijtimoiy va iqtisodiy tashkilotning zamonaviy (feodaldan keyingi) shakli deb bildilar. Feodalizm qoldiqlarini yoʻq qilish va odamlarni millatlarga qayta tashkil etish orqali hududlashtirish davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan evolyutsionizm dasturini ilgari surishga ya’ni, aholini marksistik tarixiy vaqt chizigʻi boʻylab tezlik bilan harakatlantirishga hamda sotsializmga oʻtishni osonlashtirishga qaratilgan edi.

Markaziy Osiyoda milliy oʻzlik va ikki martalab assimilyatsiya

Tarix davomida yangi chegaralarning belgilanishi zoʻravonliklar, resurslar ustida kurashlar va irredentistik daʼvolarga olib kelgan. Markaziy Osiyoning milliy chegaralanishi ham bundan farq qilmadi. Sovet hokimiyati paydo boʻlgunigacha hamda “rasmiy” millatlar yer va resurslarni monopollashtirishi mumkin degan gʻoya ommalashgunga qadar, Markaziy Osiyo aholisining aksariyati oʻzlarini milliy atamalar bilan belgilamaganlar. Turli xil xalqlar aralash yashagan; koʻplari bir vaqtlar koʻchmanchi boʻlgan, baʼzilari esa hanuz shunday edi. Etnik, lingvistik, diniy, urugʻchilik va iqtisodiy boʻlinishlar koʻpincha bir-biriga toʻgʻri kelmagan va odamlar bir vaqtning oʻzida bir nechta oʻzlikni daʼvo qilganlar.

Milliy chegaralanish Markaziy Osiyoning siyosiy va ijtimoiy maydonini oʻzgartirdi, manfaatlar hamda oʻzliklarning qayta moslashuviga olib keldi. Yangi hukmron millatlar aʼzolari (masalan, Oʻzbek SSRdagi oʻzbek urugʻlari) mintaqaning ushbu qayta tashkil etilishi natijasida yer, suv manbalari va boshqa muhim resurslar ustidan hukmronlik imkoniyatiga ega boʻldilar va oʻz manfaatlarini hamda tashvishlarini “milliy atamalar” bilan qayta belgilashni boshladilar. Ayni paytda, yangi milliy ozchiliklar aʼzolari (masalan, Oʻzbek SSRdagi qozoq tilida soʻzlashuvchi mahalliy aholi) kamsitish, majburiy assimilyatsiya va yer-mulkdan mahrum boʻlishga duch keldilar. Bu yangi “milliy ozchiliklar” ham oʻz huquqlarini himoya qilish uchun etniklik tilidan foydalanishni boshladilar. Bir qator holatlarda, butun qishloqlar Sovet rahbarlariga jamoaviy xatlar va petitsiyalar yuborib, adolatsizliklardan shikoyat qildilar va chegaralarni qayta chizishni talab qildilar. MIQ ushbu hujjatlarning oʻnlab nusxalarini toʻpladi, ularni rus tiliga tarjima qildi va chegara nizolariga tegishli boshqa materiallar bilan bitta kontekstda baholash uchun Markaziy Osiyo hududlashtirish komissiyasiga yubordi.

Yangi Qirgʻiz va Qozoq avtonom milliy respublikalaridagi oʻzlarini oʻzbek deb bilganlar va yangi Oʻzbek ittifoq respublikasidagi oʻzlarini qozoq va qirgʻiz deb bilganlar deyarli bir xil shikoyatlar bilan petitsiyalar yozdilar — bu esa har bir yangi respublikaning hukmron millatlari oʻz chegaralaridagi ozchiliklarga nisbatan oʻxshash tarzda munosabatda boʻlganligini koʻrsatadi. Oʻzbek SSR, Qirgʻiz ASSR va Qozoq ASSR oʻrtasida boʻlingan Toshkent uezdi bu fikrni yaqqol koʻrsatadi. 1925-yilda Oʻzbek SSRdagi Toshkent uezdi qishloqlaridan oʻzlarini “qozoqlar” deb tanishtirgan petitsiya mualliflari Stalin, Lev Kamenev, Mixail Kalinin va Enukidzega yangi Qozoq ASSR bilan birlashishni soʻrab petitsiyalar yubordilar. Petitsiya mualliflari Oʻzbek hukumatining qozoqlarni kamsitish va ularning iqtisodiy va madaniy rivojlanishiga “yetarli eʼtibor bermaslik” orqali qozoqlarning milliy huquqlarini faol ravishda buzayotganini xabar qildilar. Bahsli qishloqlarni “oʻzbek” emas, balki “qozoq” qiladigan narsani farqlashda, petitsiya mualliflari “qishloqlar aholisining Qozogʻiston bilan yaqin iqtisodiy va madaniy aloqalari, qishloqlarning joylashuvi, ularning milliy tarkibi hamda qozoq urf-odatlari va amaliyotlari bilan umumiyligi”ni taʼkidladilar.

Ayni paytda, Qirgʻiz AVning (koʻp oʻtmay ASSRga aylantirilgan) Toshkent uezdidan boʻlgan oʻzlarini oʻzbek deb tanitgan aholi ham shunga oʻxshash xavotirlarni bildirdilar va ular tarkibiga tushib qolgan respublikaning yangi millatchilik siyosatidan hayratlanganlarini maʼlum qildilar. “Iskandar volostining Oʻttiz ming oʻzbeklari” nomidan (oʻn uch kishi imzolagan) Markaziy Osiyo Byurosi, Millatlar Soveti va Oʻzbek Kommunistik Partiyasiga yuborilgan 1925-yil avgust oyidagi petitsiyada volostdagi katta oʻzbek aholisi turli xil suiisteʼmolliklarga duch kelayotgani aytilgan. Petitsiya mualliflari Iskandar oʻzbeklari dastlab yangi chegaralarning belgilanishidan “xavotirlanmaganlar”, chunki bunday rasmiyatchiliklar “Kommunistik Partiya rahbarligi ostida” ahamiyatga ega boʻlmaydi, deb ishonganlar. Shuning uchun, ularning aytishicha, qirgʻizlar “oʻzbek manfaatlariga qarshi siyosatni joriy etganlarida” va ularni ochiqdan-ochiq haqorat qila boshlaganlarida, oʻzbeklar hayratda qolishgan. Petitsiya mualliflari qirgʻiz rasmiylarining oʻzbeklarni qishloq hayotidan chetlashtirishga va ularni mintaqadan chiqarib yuborishga qanday urinayotganliklarini batafsil bayon etdilar. Oʻzbeklar yuqori soliq toʻlashga majbur boʻlganlar va politsiya taʼqibi hamda adolatsiz sud muomalasiga duch kelganlar. Bundan tashqari, volostdagi barcha adabiyotlar va rasmiy yozishmalar qirgʻiz tilida boʻlgan. Petitsiya mualliflariga koʻra, iqtisodiy va madaniy resurslar xavf ostida boʻlganda, qirgʻiz hukumati ona tilisi oʻzbek tili boʻlganlarni kamsitgan. Hududlashtirishdan oldin volostda toʻqqizta oʻzbek tilidagi maktab mavjud bo’lgan, ammo 1925-yilda ulardan faqat bittasi qolgan. Petitsiya mualliflariga koʻra, qirgʻiz rasmiylari ularga: “Bu qirgʻiz davlati va siz qirgʻiz tilini oʻrganishga majbursiz” deganlar. Ammo qirg’iz tilini o’rganishga urinayotgan oʻzbeklar ham begona sifatida kamsitilgan: qirgʻiz tilini oʻrganayotgan oʻzbek yoshlari ham “ularga ajratilgan oʻrinlar qirgʻizlar bilan toʻlgan” degan sabab bilan qirgʻiz maktablaridan chetlashtirilgan.

Iskandardan yuborilgan petitsiya mualliflari oʻzlarining Sovet muassasalari bilan oʻzaro munosabatlari va adolat izlash uchun takroriy urinishlari haqida soʻzlab berarkan, ular Qirgʻiziyadagi oʻzbek hayoti bilan “tegishli organlarni” tanishtirish uchun Moskvaga vakillar yuborganlar, ammo bu vakillar yoʻlda qirgʻiz hokimiyati tomonidan hibsga olingani, keyingi qasos olish chorasi sifatida, qirgʻiz hokimiyati “yigirma-oʻttiz [oʻzbek] dehqonni” hibsga olishga buyruq bergan. “Biz Toshkentga qochdik va biroq boshqa oʻrtoqlar hanuz tepaliklarda yashirinib yuribdi.” deya ma’lumot beradi. Petitsiya xulosasida, siyosiy notinchlik natijasida hududdagi oʻzbek qishloq xoʻjaligi xarob boʻlish arafasida ekanligi va Qirgʻiziyadagi oʻzbeklar “muqarrar koʻchmanchilikka qaytish”ga duchor boʻlishlari aytilgan. Bunday oqibatning oldini olish uchun petitsiya mualliflari oʻzlarining volostlarining Oʻzbek SSR tarkibiga kiritilishini soʻradilar; bu amalga oshirilmasa, ular rejimdan Iskandar oʻzbeklarini Oʻzbekistonga koʻchirishni soʻradilar. Qasddanmi yoki yoʻqmi, petitsiya mualliflari rejimning davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan evolyutsionizm haqidagi ritorikasiga toʻgʻri kelishardi: ular Sovet rejimi oʻzlarining feodal turmush tarziga qaytishlarini oldini olish uchun yordamga kelishi kerakligini taklif qildilar.

Toshkent uezdidagi chegara nizolarini baholashda MIQ va Markaziy Osiyo hududlashtirish komissiyasi etnografik, iqtisodiy va maʼmuriy tamoyillardan kelib chiqib tortishishdi. Iskandar misolida, komissiya taqdim etilgan petitsiyalarni koʻrib chiqdi, mutaxasis-maslahatchilar bilan maslahatlashdi va batafsil javob tayyorladi. Birinchidan, u Iskandarning etnografik tarkibini baholadi: 1920-yilgi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlarini tahlil qilib, u mintaqaning 47,3 foizi oʻzbek, 19,8 foizi tojik, 31,6 foizi qora-qirgʻiz va qirgʻiz-qozoq, va 1,3 foizi rus ekanligi haqida xulosa qildi. Keyinchalik, komissiya Iskandarni iqtisodiy nuqtai nazardan baholadi. U Iskandardan Oʻzbek iqtisodiy markaziga borish Qirgʻiz iqtisodiy markaziga borishdan koʻra qulayroq ekanligini aniqladi. Shuningdek, u aksariyat qirgʻiz hududlaridan farqli oʻlaroq, Iskandar oʻtroq dehqonchilik hududi ekanligini: uning iqtisodiy yoʻnalishi Toshkentning oʻzbek qismlariga qaratilganligini qayd etdi.

Biroq, etnografik va iqtisodiy maʼlumotlar Iskandar Oʻzbekistonga oʻtkazilishi kerakligini koʻrsatgan boʻlsa-da, Markaziy Osiyo hududlashtirish komissiyasi boshqacha fikr bildirdi. U bunga kattaroq maʼmuriy tashvishlar asosida kelgandi va bunday chegara oʻzgarishi natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan potentsial ziddiyatlarni sanab o’tdi. Komissiya Iskandar volosti va Oʻzbek SSR oʻrtasida Qozoq ASSRning Qoʻshqoʻrgʻon viloyati joylashganligini, bu viloyat Qirgʻiz va Oʻzbek respublikalari bilan chegaradosh ekanligini tushuntirdi. Agar Iskandar Oʻzbekiston bilan birlashtirilsa, Qoʻshqoʻrgʻon Qozoq ASSRdan uzilib Oʻzbekiston ichiga tushib qolardi. Shunday qilib, ikkita viloyatni Oʻzbekistonga oʻtkazishga to’g’ri kelardi. Komissiya bunday oʻtkazish qozoq rasmiylarini chegaralanish vaqtida (allaqachon ziddiyatli boʻlgan) 1924-yilgi qozoq va oʻzbek hukumatlari oʻrtasidagi kelishuvga amal qilmaslikka undashi mumkinligini taxmin qildi. Shunga qaramay, komissiya oʻzbek petitsiya mualliflarining tashvishlari qonuniy ekanligini va ularni hal qilish kerakligini tan oldi. U murosaga kelishga urinib, Iskandarning Qirgʻiziya tarkibida qolishini, lekin oʻzbek tilidagi muassasalarga ega alohida oʻzbek milliy hududi sifatida qolishini tavsiya qildi. Iskandar misoli shuni koʻrsatadiki, mahalliy va umumittifoq manfaatlari oʻrtasida vositachilik qilishga qaratilgan saʼy-harakatlar vaqt oʻtishi bilan tobora murakkablashib boradigan maʼmuriy-hududiy tizimni keltirib chiqargan.

1924-yildan keyin qizgʻin nizolar kuzatilgan yana bir hudud Fargʻona vodiysi boʻlib, u Oʻzbekiston-Qirgʻiziston chegarasida joylashgan, unumdor paxta yetishtiriladigan va boy tabiiy resurslarga ega mintaqa edi. Bu vodiy ulkan iqtisodiy va madaniy ahamiyatga ega boʻlib, etnografik jihatdan aralash aholiga ega edi. Chegaralanish vaqtida Qirgʻiz va Oʻzbek rahbarlari vodiydagi asosiy shaharlarning ikkalasini ham soʻrashgan. Qirgʻiz rahbarlari bu shaharlarning hech birida qirgʻizlar koʻpchilikni tashkil etmasligini tan olishgan. Ammo, oʻz milliy hududlariga tijorat markazlarini kiritish iqtisodiy nuqtai nazardan muhimligini taʼkidlab, ular qirgʻiz aholi punktlariga yaqin boʻlgan shaharlarni talab qildilar. Markaziy Osiyo Byurosi qirgʻizlarning daliliga xayrixoh boʻlib, chegara hududidagi barcha shaharlarning etnografik tarkibi va iqtisodiy yoʻnalishini baholadi. Yakunda u Jalolobod va Oʻshni qirgʻizlarga, Andijon, Margʻilon va vodiydagi boshqa koʻplab shaharlarni oʻzbeklarga berdi.

Chegaralanishdan koʻp oʻtmay, chegara boʻylab joylashgan har ikki tomondagi jamoalar petitsiya va norozilik xatlarini yoza boshladilar. Bir holatda, Jalolobod ichidagi Aym volostining oltita qishlogʻida yashovchi, oʻzlarini oʻzbek deb tanitgan aholi Oʻzbekiston bilan birlashishni soʻrab, Sovet hokimiyatiga oʻn oltitadan ortiq petitsiya yubordilar yoki shaxsan topshirdilar. Petitsiya mualliflari Qoradaryo daryosi Aymni ikkita alohida milliy hududga ajratganligini tushuntirdilar: oʻng qirgʻoqdagi ikkita qishloq qirgʻiz, chap qirgʻoqdagi oltita qishloq (petitsiya mualliflari yashaydigan joy) esa har biri taxminan 75 foiz oʻzbek va 25 foiz qirgʻiz edi. Biroq, petitsiya mualliflari chap qirgʻoqda yashovchi qirgʻizlar “til, urf-odatlar, madaniyat va iqtisodiy yoʻnalishi boʻyicha qirgʻizlardan koʻra oʻzbeklarga koʻproq bogʻlangan” ekanligini daʼvo qildilar. Petitsiya mualliflari oʻz qishloqdoshlarining qirgʻiz oʻzligi oʻzbeklar bilan madaniy aloqa orqali shakllanganligini taxmin qildilar. Ehtimol, millatning dinamik tabiati haqidagi bunday nuqtai nazar petitsiya mualliflarini yangi Oʻzbek milliy respublikasidan uzilib qolishdan xavotirlanishga majbur qilgan. Agar oʻzbek qishlogʻidagi qirgʻizlar oʻzbekka aylangan boʻlsa, qirgʻiz davlatidagi oʻzbeklar qirgʻizga aylanarmikan?

Petitsiya mualliflari, shuningdek, ularning qishloqlari dehqonchilik bilan shugʻullanishini, shuning uchun iqtisodiy faoliyati chorvachilikka qaratilgan Qirgʻiz ASSR tarkibida qolish ularga iqtisodiy qiyinchilik olib kelishini taʼkidladilar. Ular Oʻzbek hukumati “oʻz aholisini agronomik yordam, traktorlar va inventarlar bilan taʼminlayotganini”, holbuki Qirgʻiz hukumati dehqonchilik bilan shugʻullanadigan oʻzbek dehqonlariga “hech qanday iqtisodiy yordam bermayotganini” qayd etdilar. Petitsiya mualliflari qoʻshimcha ravishda Oʻzbek-Qirgʻiz chegarasi haqiqiy toʻsiqqa aylanganini tushuntirdilar, xususan, chegaralanish Aym va Oʻzbek SSR tarkibiga kirgan qoʻshni Andijon viloyati oʻrtasidagi “yaqin iqtisodiy aloqalar”ni buzganidan shikoyat qildilar.

Aymdan kelgan petitsiya mualliflari oʻz petitsiyalarini Sovet rejimining tilida ifodalashni va ularni tegishli hukumat organlariga qanday yoʻnaltirishni tezda oʻrganib oldilar. Tajribali byurokratlar singari, ular murojaatlarni koʻrib chiqish jarayonini hujjatlashtirdilar. Masalan, 1927-yil bahoridagi Stalinga yuborilgan petitsiyada Sovet rasmiylari bilan boʻlgan barcha oldingi muloqotlar qayd etilgan. Petitsiyaga koʻra, Aymdan kelgan oʻzbek vakillari dastlab oʻz ishlarini Toshkentdagi Markaziy Osiyo hududlashtirish komissiyasi va Markaziy Osiyo Byurosiga taqdim etganlar. Markaziy Osiyo Byurosi ularni Moskvadagi MIQ hududlashtirish komissiyasiga yoʻnaltirgan, vakillar u yerga (ikki marta) petitsiyalar bilan borganlar. 1926-yil fevral oyida MIQ hududlashtirish komissiyasi vakili vaziyatni baholash uchun Aymga kelgan; u Aym va Andijonni birgalikda bir respublikaga — yoki Oʻzbek SSRga, yoki Qirgʻiz ASSRga kiritishni tavsiya qilgan. Bu javobdan norozi boʻlgan petitsiya mualliflari Moskvaga yana bir vakil yuborganlar. Koʻp oʻtmay, Yakov Peters va hududlashtirish kichik komissiyasining yana ikki aʼzosi Aymga kelgan. Peters petitsiya mualliflarini masala ularning foydasiga hal qilinishiga ishontirgan va haqiqatan ham MIQ 1926-yil sentabrda Aymning oltita qishlogʻini Oʻzbekistonga berish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan. Ammo Qirgʻiz hukumatining noroziliklari tufayli MIQ qarori amalga oshirilmagan. Buning oʻrniga, 1927-yil yanvar oyida Beshim Kulbesherov va yangi MIQ Paritet Komissiyasining yana ikki aʼzosi Aymda paydo boʻlgan. Kulbesherov qishloq aholisiga umid bergan. Ammo mart oyida u masala Sovetlar Syezdining navbatdagi yigʻilishigacha hal qilinmasligini eʼlon qilgan.

Aym petitsiya mualliflarining hikoyasidan eng aniq koʻrinib turgan narsa shuki, vaqt oʻtishi bilan xavf darajasi oshgan. Sovet hokimiyati petitsiya mualliflarining qishloqlari taqdiri ustida muzokara qilayotgan bir paytda, Qirgʻiz hukumati oʻzbek dehqonlarini qamoqqa olishni va mahalliy oʻzbek aholisiga qarshi “dushmanlik harakatlarini amalga oshirishni” boshlagan edi. Dastlab, petitsiya mualliflari yer va resurslarni yoʻqotishdan xavotirlanganlar. Keyinchalik esa ular qirgʻiz respublikasida “oʻzbek” sifatida oʻz xavfsizligi va omon qolishidan tashvish bildirganlar. Murojaatlar va fundamental huquqlar uchun kurashning faol jarayoni orqali petitsiya mualliflari Sovet rasmiylari “milliy ong” deb taʼriflagan tushunchani chuqurroq angladilar. Barcha petitsiya mualliflari oʻzlarini alohida oʻzbek millatining aʼzosi deb hisoblaganmi? Buni aytish imkonsiz. Gap shundaki, petitsiya mualliflari davlat bilan muloqotlarida millat tilidan foydalandilar va shu orqali rasmiy millat toifalarini haqiqiy qilishga yordam berdilar. Petitsiya mualliflari “millat” yer va boshqa resurslarga bogʻliq degan rasmiy taxminni shubha ostiga qoʻymadilar. Aksincha, petitsiya mualliflari bunday resurslarga milliy huquqlar masalasi sifatida haqli ekanliklarini taʼkidladilar.

Oʻzlarining Qirgʻiz ASSRdagi qishloqlaridan turib, Aym petitsiya mualliflari nega Sovet rahbarlari ularning volosti boʻyicha qarorga kelishlari shunchalik uzoq vaqt talab qilayotganini tushunmadilar. Ammo Moskva va Toshkentda Sovet rasmiylari Oʻzbekiston-Qirgʻiziston, Oʻzbekiston-Turkmaniston, Oʻzbekiston-Qozogʻiston va Oʻzbekiston-Tojikiston chegaralaridagi yoki unga yaqin boʻlgan bahsli hududlarga oid talablar dengiziga gʻarq boʻlishgan edi. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi nizolarda vositachilik qilishga urinayotgan MIQ Paritet Komissiyasi (1926-yil dekabrda tashkil etilgan va har ikki respublika hamda umumittifoq tashkilotlari vakillaridan iborat) bahsli hududlarning uzoq roʻyxatini koʻrib chiqdi. Darhaqiqat, Kulbesherovning 1927-yil yanvar oyidagi Aymga tashrifi Fargʻona vodiysidagi bir qator boshqa bahsli hududlarga sayohatining bir qismi edi. Tashrifidan soʻng, Kulbesherov Aym volostining oltita qishlogʻi Oʻzbek SSRga oʻtkazilishi kerak degan xulosaga kelgan. Ammo u paritet (tenglik) haqidagi xavotirlar tufayli Aym masalasini hal qilishni kechiktirdi; u har ikki tomonni qoniqtiradigan murosaga kelish uchun barcha Oʻzbek-Qirgʻiz hududiy nizolarini bir butun sifatida baholashga intildi.

Kulbesherov Aym masalasini nisbatan oddiy deb hisoblagan boʻlsa-da, Fargʻona vodiysidagi boshqa, murakkabroq hududiy nizolarni qanday hal qilishni kamroq bilardi. Vodiydagi olti mingga yaqin aholiga ega boʻlgan Uchqoʻrgʻon aholi punkti bunga misol boʻla oladi. Qirgʻiz hukumati va Oʻzbek hukumati Uchqoʻrgʻon Tojik ASSRdan uzoqda joylashgan boʻlsa-da, uning milliy tarkibi asosan “tojik”lardan iborat ekanligini tan olishdi. Ammo ular bu hudud bo’yicha bir to’xtamga kelisha olishmasdi. Oʻzbek rahbarlari etnografik asoslarga koʻra Uchqoʻrgʻon tojiklarini talab qilishga urindilar — ular tojiklar “tili, urf-odatlari, madaniyati va iqtisodiy yoʻnalishi” boʻyicha oʻzbeklardan farq qilmasligini va tojiklarni “qirgʻiz koʻchmanchilari” bilan birlashtirish xato boʻlishini taʼkidladilar. Ammo Kulbesherov va Paritet Komissiyasining boshqa aʼzolari bu dalilga shubha bilan qarashdi; ular tojiklar va oʻzbeklar “koʻp umumiy urf-odatlarga ega” ekanligiga rozi boʻlishdi, ammo tojik va oʻzbek tillari ancha farqli ekanligini, qirgʻizlar va tojiklar bir-birlarini huddi oʻzbeklar va tojiklar kabi tushunishlarini taʼkidladilar. Kulbesherov qoʻshimcha ravishda tojiklar Oʻzbekistonda “yomon munosabatda bo’linayotgan” milliy ozchilik ekanligini — bunga katta ehtimol bilan oʻzbeklarning ularni majburan assimilyatsiya qilishga urinishlari sabab boʻlganligini — va ular Qirgʻiz ASSRda yaxshiroq boʻlishlarini taʼkidladi.

Paritet Komissiyasi Uchqoʻrgʻonning iqtisodiy yoʻnalishini ham baholadi. Oʻzbek rahbarlarining taʼkidlashicha, Uchqoʻrgʻonning Qirgʻizistonga oʻtkazilishi oʻzbek paxta yetishtirishiga ziyon yetkazadi, chunki Uchqoʻrgʻon bir qator oʻzbek volostlari foydalanadigan asosiy irrigatsiya kanali joylashgan joy edi. Oʻz navbatida, qirgʻiz rahbarlari Uchqoʻrgʻon Qirgʻiz ASSRdagi yigirma mingga yaqin aholiga ega boʻlgan ikkita muhim volost uchun yagona iqtisodiy markaz ekanligini taʼkidladilar. Uchqoʻrgʻon tojik (va oʻzbek yoki qirgʻiz emas) aholisining koʻp qismiga ega boʻlganligi sababli, Paritet Komissiyasi oʻz qarorini har bir tomonning iqtisodiy daʼvolari asosida qabul qildi. U qirgʻiz tomonining daʼvosini kuchliroq deb eʼlon qildi va Uchqoʻrgʻonning Qirgʻiz ASSRdagi koʻmir konlarini rivojlantirish uchun ham “katta iqtisodiy ahamiyatga” ega ekanligini qayd etdi. Shunga qaramay, komissiya etnografik tamoyilni eʼtiborsiz qoldirmadi, aholi punktida tojik tilidagi maktablar va boshqa tojik muassasalarini tashkil etishni talab qildi. Komissiya, shuningdek, Uchqoʻrgʻonning Qirgʻizistonga oʻtkazilishi maʼmuriy foyda keltirishini, chunki bu bilan Qirgʻiz-Oʻzbek chegarasining bir qismi tekislanishini qayd etdi.

1927-yil bahoriga kelib, MIQ va uning turli komissiyalari Oʻzbek-Qirgʻiz chegarasida yoki unga yaqin joylashgan bahsli hududlarga oid koʻplab murojaatlarni koʻrib chiqqan edi. Yakunda, har ikki respublika ham yutdi, ham yoʻqotishlarga uchradi. Qirgʻiz daʼvolarini baholab, MIQ Uchqoʻrgʻon va bir nechta boshqa aholi punktlari Qirgʻiz ASSRga oʻtkazilishi kerak degan qarorga keldi. Ammo boshqa bir qator bahsli hududlar, ular oʻzbek iqtisodiyotiga yoʻnaltirilgan va oʻzbeklar koʻpchilikni tashkil etgan aholiga ega boʻlganligi sababli, Oʻzbek SSRda qolishi kerak deb qaror qildi. Oʻzbek daʼvolarini baholab, MIQ Aym volostining chap qirgʻogʻi Oʻzbek SSRga oʻtkazilishi kerak deb taʼkidladi; biroq, u etnografik jihatdan aralash boʻlgan boshqa hududlarga nisbatan oʻzbek daʼvolarini rad etdi. (Oʻzbek rahbarlari bu hududlar uchun kurashni davom ettiradilar; koʻp yillar oʻtib ularning baʼzilari, jumladan Iskandar ham, Oʻzbek SSRga oʻtkaziladi.)

Chegaralar oʻzgartiriladimi yoki joyida qoladimi, u keyingi ziddiyatlar uchun zamin yaratardi.  Fargʻona vodiysidagi misollar shuni koʻrsatadiki, bu keskinliklar Sovetning nizolarni hal qilishga urinishlariga qaramay kuchaygan. Sovet rahbarlari “ixtiyoriy” chegara boʻlinishlarini chizish bilan “koʻngil ochganlari” haqida hech qanday dalil yoʻq. Aksincha, Sovet hokimiyati aholini iqtisodiy va maʼmuriy jihatdan yashashga qodir va barqaror boʻlgan milliy-hududiy birliklarga ajratishga faol harakat qilgan. Chegaralar chizilgandan soʻng, ular tadqiqotlar oʻtkazar, mahalliy fikrlarni soʻrar va mahalliy nizolarni hal qilishga urinardilar — zero, agar hal qilinmasa, bu nizolar butun Sovet Ittifoqi uchun salbiy siyosiy va iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Aynan “millat”ni butun Sovet Ittifoqi boʻylab maʼmuriy-hududiy tashkilotning asosiy mezoni sifatida ishlatish qarori mahalliy rahbarlar va aholiga boshqa guruhlarga nisbatan oʻz manfaatlarini ustun qo’yish uchun yangi lugʻat berish orqali “milliy” keskinliklarning oshishiga olib keldi. Va aynan shu manfaatlarni taʼqib qilish jarayoni mahalliy rahbarlarni, ular bilan birga oʻz aholisini ham, oʻzlarining milliy respublikalariga va markaziy Sovet davlatiga yanada yaqinroq bogʻladi.

1927-yil bahorida MIQ hududlashtirish komissiyasi va Paritet komissiyasi yangi “Markaziy Osiyodagi ittifoqdosh respublikalar oʻrtasidagi chegaralar”ni tasvirlaydigan hujjatni ishlab chiqdilar. Yangi xaritalar tuzilishi bilan, MIQ Oʻzbekiston SSR, Qirgʻiziston ASSR va Qozogʻiston ASSRning “oʻzaro hududiy daʼvolari” “uch yil muddatga qatʼiy hal qilingan” deb eʼlon qildi. Rejimning keyingi chegara qayta koʻrib chiqilishini taqiqlash qarori uchun uchta holat sabab boʻlgan koʻrinadi. Birinchidan, Markaziy Statistika Boshqarmasi 1926-yilgi aholi roʻyxatini endigina yakunlagan, millat va ona tili haqidagi yangi maʼlumotlarni tahlil qilish uchun vaqt kerak boʻlardi. Ikkinchidan, chegarani qayta koʻrib chiqish jarayoni bir qator hududlarda qoʻshimcha beqarorlik va nizolarni keltirib chiqarayotgan edi; Sovet rahbarlari doimiy chegara oʻzgarishlari yanada koʻproq tortishuvlarga olib kelishini va barcha tomonlarni qoniqtirishning iloji yoʻqligini tan oldilar. Uchinchidan, Sovet hukumati rayonlashtirish jarayonining keyingi bosqichini amalga oshirish uchun Markaziy Osiyo respublikalarining ichkarisida ham mahalliy darajadagi viloyatlashtirish orqali barqaror chegaralarga muhtoj edi.

Ichki hududlashtirish va milliy ozchiliklar muammosi

Ichki hududlashtirish milliy ozchiliklar muammosini hal qilishga qaratilgan boshqacha yondashuvni ifodalagan — bu milliy respublikalar ichida imkon qadar milliy ozchiliklar uchun milliy quyi birliklar va muassasalar yaratish edi. Amaliyotda bu yondashuv haqiqiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarar va koʻpincha mahalliy keskinliklarni kuchaytirardi. Hatto milliy oʻzliklar siyosiy, demakki, mahalliy ahamiyat kasb etayotgan boʻlsa-da, urugʻ va qabila oʻzliklari Markaziy Osiyoning koʻp qismida saqlanib qolishda davom etdi. Jamoalar koʻpincha turli auditoriyalar yoki vaziyatlar uchun turli xil oʻzliklarni daʼvo qilganlar. Markaziy Osiyo hududlashtirish komissiyasi eʼtiborini respublikalarning ichki hududlashtirishiga qaratganida, u mahalliy jamoalar oʻz-oʻzidan “stixiyali” ichki hududlashtirish jarayonini boshlaganliklarini ma’lum bo’ldi: Toshkent yoki Moskvadan ruxsatsiz, qishloqlar va jamoalar rahbarlari “urugʻ” yoki “qabila” tamoyiliga asoslanib maʼmuriy quyi birliklarni chegaralaganlar. Komissiya bu quyi birliklarni yoʻq qilish va yangilarini yaratishga kirishganida, sezilarli qarshiliklarga duch keldi, Qirgʻiz ASSRdagi qirgʻiz urugʻlari, Turkman SSRdagi turkman qabilalari va “mustaqil birliklar sifatida tashkil etilishni” talab qilgan boshqa guruhlar bilan ziddiyatga kirdi. Vaziyatni yomonlashtirgan narsa shundaki, bir xil qabilaning turli tarmoqlari baʼzan oʻzlarining maʼmuriy quyi birliklarini talab qildilar; masalan, komissiya turkman etnik guruhining Yomut qabilasidan boʻlgan Jafarboyevlar va Ataboyevlar bir-birlarining ashaddiy dushmani ekanliklarini va birga yashay olmasliklarini qayd etdi.

Jamoalar milliy respublikalar ichida qabila yoki urugʻga asoslangan quyi birliklarni talab qilgan bir paytda, respublika darajasidagi rahbarlar oʻz chegaralaridagi hududlarni “millatlashtirish”ga — xususan, standartlashtirilgan milliy tillarni oʻrnatishga harakat qildilar. Shu sababli, baʼzi turkman qabilalari alohida maqom uchun kurashgan boʻlsa-da, Turkman hukumati va partiya rasmiylari respublika aholisini “turkmanlashtirish”ga kirishdilar va MIQga respublikaning “monolit” etnografik va lingvistik tarkibi bu jarayonni osonlashtirishiga ishontirdilar. Moskvadagi Partiya va hukumat rahbarlari esa, oʻz navbatida, urugʻlar va qabilalarni millatlarga birlashtirishni qoʻllab-quvvatladilar. Axir, bu davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan evolyutsionizm dasturiga mos edi, unda millatning mavjudligi feodal davri qoloqligi tugatishiga ishonilgan. Ammo millatlarni bu tarzda birlashtirishning ham oʻz xavflari bor edi. Birinchidan, iloji boricha koʻproq yerga daʼvo qilishni istagan respublika darajasidagi rahbarlar oʻz respublikalarida yashovchi barcha urugʻ va qabilalarni, shu jumladan boshqa boshqa etnik guruhlarga “tegishli” boʻlganlarni ham oʻzlarining etnik tarkibiga assimilyatsiya qilishga urinardilar. Ikkinchidan, hududlashtirish komissiyasi uchun baʼzi urugʻ va qabilalar qaysi etnik guruhga tegishli ekanligini aniqlash koʻpincha qiyin edi.

Oʻzbek SSR tarkibidagi Tojik hududlari aholisi duch kelgan qiyinchiliklar, ichki hududlashtirish baʼzan milliy ozchiliklar muammosini mahalliy darajada hal qila olmaganligini koʻrsatadi. 1924-yilda Sovet rejimi Tojik ASSRni Oʻzbekiston ichida quyi hudud sifatida tashkil etgan edi. Oʻsha paytda koʻplab tojik tilida soʻzlashuvchi mahalliy aholiga ega bir qancha muhim hududlar (Samarqand, Buxoro, Xoʻjand, Surxondaryo) Tojik ASSRdan tashqarida, Oʻzbekiston tarkibida qolgan edi. Oʻzbekiston bu “tojik masalasi”ni ichki hududlashtirish — tojik quyi hududlari va muassasalarini tashkil etish orqali hal qilishi kerak edi. Buning oʻrniga, oʻzbek hokimiyati tojik tilida soʻzlashuvchi mahalliy aholini oʻzbek etnik tarkibiga assimilyatsiya qilishga urindi. 1924-yilgi milliy chegaralanishdan koʻp oʻtmay, Tojik ASSRdan tashqarida, Oʻzbekistonda yashovchi, oʻzlarini tojik deb tanitganlar Moskva va Toshkentdagi Sovet rahbarlarini majburiy “oʻzbeklashtirish” haqidagi xatlar va petitsiyalar bilan bombardimon qildilar. Petitsiya mualliflari taʼlim va siyosiy hayot oʻzbek tilida olib borilayotganidan va tojik tilida soʻzlashuvchi mahalliy aholi “har bir xalq oʻz ona tilida gaplashish huquqiga ega degan partiya dekreti”ga qaramay, oʻz maktablaridan mahrum qilinganidan shikoyat qilardilar. Bunday petitsiyalarga javoban, oʻzbek rasmiylari bahsli hududlar oʻzbek hududlari ekanligini va u yerda yashovchi odamlar oʻzbek tilida gaplashishlarini taʼkidlardilar.

1920-yillarning oxirida Oʻzbekiston boʻylab (ham Tojik ASSR ichida, ham uning tashqarisida) oʻzlarini tojik deb tanitgan hukumat va partiya rasmiylari tojik milliy huquqlari uchun kampaniya boshladilar. Oʻzbekistondagi tojik tilida soʻzlashuvchi mahalliy aholidan yuborilgan oʻnlab petitsiyalardan ichki hududlashtirishning muvaffaqiyatsizligini koʻrsatish uchun foydalangan holda, bu rasmiylar Sovet hukumati milliy chegaralanishni qayta koʻrib chiqishi, Tojik ASSRga ittifoqdosh respublika (SSR) maqomini berishi va uning tarkibiga Oʻzbekistondagi barcha “asosan tojik” hududlarini kiritishi kerakligini taʼkidladilar. 1929-yilda Tojik ASSR rahbarlari toʻgʻridan-toʻgʻri Siyosiy byurodan “tojik aholisini” oʻzbek zulmidan ozod qilishni soʻradilar. Siyosiy byuro Tojik ASSR “iqtisodiy, milliy va geografik koʻrsatkichlar boʻyicha Oʻzbekistondan ajratilgan” degan asosda ajralib chiqish ishini koʻrib chiqishga rozi boʻldi. U MIQga Oʻzbekiston chegaralarini qayta koʻrib chiqish va uning qaysi hududlari yangi Tojik SSR tarkibiga kiritilishi mumkinligini aniqlash uchun yangi komissiya tayinlashni buyurdi. Baʼzi tarixchilar Sovet rahbarlari bu vaqtda Erondagi “tojik elementlari” eʼtiborini jalb qilish maqsadida Tojik respublikasini kengaytirishga qaror qilganlar, deb taʼkidlaganlar. Ammo chegara masalasini qayta koʻrib chiqish ortidagi asosiy omil iqtisodiy mulohazalar boʻlganligi toʻgʻrisida kuchli dalillar mavjud; aynan shu vaqtda qayta tashkil etilgan Goskolonit davlat rejalashtiruvchilari tojiklar koʻpchilikni tashkil etgan aholiga ega boʻlgan Oʻzbek SSRning bir qismi boʻlgan Xoʻjandni paxta yetishtirish boʻyicha namunali mintaqaga aylantirishni taklif qildilar. Rejalashtiruvchilar rejimning Tojik ASSRning togʻli hududlaridan tojiklarni bu hududdagi paxta yetishtirishga yoʻnaltirilgan yangi kolxozlarga koʻchirishni taklif qildilar. Tojik ASSRning Xoʻjandni oʻz ichiga olishi uchun kengaytirilishi bu koʻchirish operatsiyasi uchun milliy-siyosiy asosni (tojik millatchiligini) taʼminladi.

Etnografik bilim va Tojikistonning tashkil topishi

1929–1930-yillarda Tojik SSRning tashkil topishi Sovet chegaralarini belgilashga aholini roʻyxatga olish maʼlumotlarining taʼsirini oʻrganish uchun ideal kontekst yaratadi. Butunittifoq 1926-yilgi aholini roʻyxatga olishda ishtirok etgan Sovet rahbarlari va ekspertlari yangi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlari chegara nizolarini hal qilish uchun ishlatilishini eʼlon qilishgan edi. Ammo chegaralarni qayta baholashni osonlashtirish oʻrniga, yangi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlari masalalarni yanada murakkablashtirdi. Aholini roʻyxatga olish Markaziy Osiyoda bahsli hududlar va resurslar boʻyicha davom etayotgan munozaralar sharoitida oʻtkazilgan edi. Endi, shuncha narsa xavf ostida boʻlgan bir paytda, yangi maʼlumotlar toʻgʻrimi yoki yoʻqmi degan bahs-munozara boshlandi. Bu esa oʻz navbatida, toʻgʻri etnografik bilim nimadan iborat ekanligi haqida yanada umumiy munozaraga olib keladi. Hududlashtirish komissiyasi mutaxasis bilimiga koʻproq ahamiyat berishi kerakmi yoki mahalliy bilimga, joriy maʼlumotlargami yoki tarixiy maʼlumotlarga, etnik “kelib chiqish”ga asoslangan maʼlumotlargami yoki hozirgi fikr-mulohazani aks ettiruvchi maʼlumotlarga ishonishi kerakmi? Va agar hozirgi fikr-mulohaza assimilyatsiya natijasi boʻlsa-chi? Bu savollarga qanday javob berilishi butun mintaqa boʻylab yangi chegaralarning belgilanishi uchun ulkan oqibatlarga olib kelardi.

Tojik ASSRning Oʻzbekistondan ajralib chiqishi boʻyicha muhokamalar avvalgi chegara nizolariga oʻxshash tarzda davom etdi. 1929-yil iyun oyida MIQ Tojik ASSRni Oʻzbek SSRdan ajratish boʻyicha komissiyani tuzdi va uning tarkibiga MIQ va boshqa umumittifoq muassasalari vakillari, shuningdek, Tojik ASSR va Oʻzbek SSR vakillarini kiritdi. MIQ komissiyaga tojik talablarini saralash va qaysi hududlar yangi Tojik SSR tarkibiga kiritilishi mumkinligini aniqlashni buyurdi. Tojik vakillari Oʻzbek SSRdan bir qator muhim hududlarni, shu jumladan Samarqand, Buxoro va Xoʻjand okruglarini talab qildilar. Komissiya sezilarli tojik va oʻzbek aholisiga ega boʻlgan Xojand okrugini iqtisodiy asoslarga koʻra Tojik ASSR bilan birlashtirilishi kerak, deb qaror qildi. U Buxoro va Samarqandga boʻlgan tojik daʼvolarini rad etdi, ammo bu okruglarning tojiklar koʻpchilikni tashkil etgan qismlari keyinchalik Tojik ASSRga berilishi mumkinligini qayd etdi.

1929-yil dekabr oʻrtalarida Sovet rahbarlari rasman Tojik SSRning tashkil etilganligini eʼlon qildilar. Taxminan shu vaqtda, Oʻzbek va Tojik SSR oʻrtasidagi chegara nizolarini hal qilish boʻyicha yangi MIQ komissiyasi oʻz muhokamalarini boshladi va bir qator yopiq majlislar oʻtkazdi. Bu komissiya ham MIQ, ham boshqa umumittifoq muassasalari, shuningdek, Oʻzbek  va Tojik SSR vakillaridan iborat edi. Komissiyaga Belorussiya SSRni kengaytirishda ishtirok etgan Yakov Petersning raislik qilishi Markaziy Osiyo respublikalari chegaralarini belgilash boʻyicha muhokamalarda muhim rol oʻynagan edi. Bu yangi hududlashtirish komissiyasi bahsli hududlar boʻyicha KIPS, Gosplan, Markaziy Statistika Boshqarmasi va boshqa muassasalardan mutaxasis maʼlumotlarini soʻradi.

Komissiyaning muhokamalari keskin bahslar bilan o’tdi, chunki tojiklar Samarqand va Buxoro okruglarini talab qilishda davom etdilar, shuningdek, Surxondaryo okrugining bir qismini ham soʻradilar. Bu daʼvolardan norozi boʻlgan oʻzbek vakillari majlislarga kech kelishdi va dastlab komissiya bilan umuman hamkorlik qilishdan bosh tortishdi. Oʻzbek vakillarining soʻzlariga koʻra, Oʻzbek SSR “Tojikistonga yordam berish” uchun Xoʻjand okrugidan voz kechishga rozi boʻlgan, ammo tojik rahbarlari buni qadrlamaganlar. Oʻzbek vakillari Petersdan tojik rahbarlari Tojik SSRga kiritilishni soʻrab jamoalardan taqdim etgan petitsiyalarni eʼtiborsiz qoldirishni chunki “Bizda Tojikistondagi oʻzbek hududlaridan petitsiyalar bor”, “Yagona farq shundaki, tojiklar bu materialni [komissiyaga] taqdim etishdi, oʻzbeklar esa yoʻq.” deya daʼvo qilishdi. Peters komissiya hududlarni “savdo qilmasligi” yoki “kompensatsiya siyosati” bilan shugʻullanmasligini, balki bahsli hududlar taqdirini ularning etnografik tarkibi va iqtisodiy yoʻnalishi asosida hal qilishini taʼkidladi.

Tojik va oʻzbek vakillari komissiyaga qilgan taqdimotlarida birinchi navbatda etnografik tamoyilga eʼtibor qaratdilar. Har bir tomon oʻz etnik tarkibi bahsli hududlarda ustunlik qilishini isbotlash uchun aholini roʻyxatga olish maʼlumotlaridan foydalanardi. Tojik vakillari Sovetgacha boʻlgan va ilk Sovet aholisini roʻyxatga olish maʼlumotlarini taqdim etdilar va 1926-yilgi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlari “adolatsiz va xolis emas”ligini taʼkidladilar. Bu strategik harakat edi, chunki avvalgi aholi hisob-kitoblari (masalan, 1897 va 1917-yillardagi aholini roʻyxatga olish) Samarqand, Buxoro va Surxondaryo okruglarida 1926-yilgi aholini roʻyxatga olishga qaraganda ancha katta foizda “tojiklar” mavjudligini koʻrsatgan edi. Oʻzbek Kommunistik Partiyasi Tojik Viloyat Qoʻmitasining bosh kotibi Shirinsho Shotemor 1926-yilgi aholi roʻyxatini butunlay obroʻsizlantirishga urindi va uni oʻzbeklashtirish vositasi deb taʼrifladi. Shotemorning soʻzlariga koʻra, 1924-yilgi chegaralanishdan koʻp oʻtmay, oʻzbek gazetalari tojiklarni faqat Pomirda (Tojik ASSRda) topilishi mumkinligini va “Markaziy Osiyoning qolgan qismida tojiklar bor deb hisoblagan odamlar aqldan ozgan”ligini daʼvo qilgan. Shotemor oʻzbeklar tojiklar va tojik tilini qanday qilib muntazam “taʼqib qilish” bilan shugʻullanganliklarini tasvirladi. Vaziyat shunchalik yomonlashdiki, u 1926-yilgi aholini roʻyxatga olish vaqtida “Oʻzbekistonda tojiklar mavjudligini aytish uchun oldinga chiqishning iloji boʻlmaganini”, roʻyxatga oluvchiga oʻzingizni tojik deb aytishni-ku gapirmasa ham boʻlaverishini taʼkidladi. Boshqa tojik rahbarlari ham shunday sharoitda aholini roʻyxatga olish natijalarining notoʻgʻri boʻlishi aniq ekanligini ta’kidlardi. Buxoro va Samarqand butun Sharqda tojik shaharlari sifatida mashhur edi, ammo 1926-yilgi aholini roʻyxatga olish ularni oʻzbek shaharlari ekanligini koʻrsatardi. “Barcha tojiklar oʻlib ketdimi?”,“Agar shunday boʻlsa, bu Sovetga xos boʻlmagan siyosat natijasi boʻlishi kerak” deb deb ta’kidladi Abdurahim Xoʻjibaev.

Aksincha, oʻzbek vakillari 1926-yilgi aholini roʻyxatga olish — bu bahsli hududlarning aksariyatida oʻzbeklar koʻpchilik ekanligini koʻrsatgan — oldingi aholi hisob-kitoblariga qaraganda aniqroq ekanligini taʼkidladilar. Ular 1926-yilgi maʼlumotlarda baʼzi xatolar borligini tan oldilar, ammo bular qasddan qilinmaganligini va, qolaversa, xatolar har ikki tomonga ham taʼsir qilganligini taʼkidladilar. “Nima uchun Markaziy Statistika Boshqarmasi xodimi tojikni oʻzbek deb roʻyxatdan oʻtkazadi?” deb soʻradi oʻzbek vakili va rahbari Rustam Islomov. “Bizda bu ish uchun safarbar qilinishi mumkin boʻlgan ziyolilar yoʻq edi.” Islomov butun Oʻzbekiston boʻylab roʻyxatga oluvchi sifatida rus talabalari (aholini oʻzbeklashtirishga qiziqishi boʻlmagan) xizmat qilganligini qayd etdi. Oʻzbek vakillarining soʻzlariga koʻra, etniklik haqidagi maʼlumotlarni ona tili asosida hisoblagan Sovetgacha boʻlgan aholini roʻyxatga olish yolgʻon natijalar bergan. Oʻzbek rahbari Oxunboboyevning tushuntirishicha, garchi “Buxoro amiri oʻzbek boʻlgan boʻlsa-da, ” u aholini “tojiklashtirish” siyosatini olib borgan — shu sababli uning hukmronligi ostidagi “hamma joyda” tojik tilida soʻzlashilgan. Shunday qilib, odamlarning tojik tilida gaplashishi ularning tojik ekanligini anglatmas edi. Oʻzbek vakillarining fikriga koʻra, Sovet rejimi oʻtmishdagi xatolarni tuzatishga yordam bergan, chunki avvalgi aholini roʻyxatga olishda tojik deb qayd etilgan odamlar “oʻzbek boʻlib chiqdilar”.

Bahsli chegaralar boʻyicha muhokamalarda tojik vakillari tarixiy dalillarni keltirgan bo’lsa, oʻzbek vakillari ko’proq hozirgi holatga eʼtibor qaratdilar. Tojik vakillarining soʻzlariga koʻra, tojiklar Samarqand, Surxondaryo va Buxoroning “tub aholisi” boʻlib, qadimgi Eron qabilalaridan kelib chiqqanlar. Ular bu hududlarni ixtiyoriy ravishda tark etmaganlar, balki bir necha yuz yil oldin oʻzbek bosqinchilari tojiklarni togʻlarga majburlab haydaganlar, qolganlarini esa “turklashtirishgan”. Tojik pozitsiyasi ikkita nuqtaga asoslangan edi. Birinchidan: “Eroniy kelib chiqishi”ga ega boʻlgan odamlar bu bahsli hududlarda “turklar kelishidan oldin oʻn besh asrdan koʻproq vaqt” yashaganlar. Ikkinchidan: “Bu eronliklar hozirgi tojiklarining uzoq oʻtmishdagi ajdodlari”dir. Aksincha, oʻzbek vakillari bahsli hududlarda hozirda tojiklar emas, balki oʻzbeklar ustunlik qilishini taʼkidladilar. Bahsli hududlar boshidan beri oʻzbek boʻlganmi yoki migratsiya yoki assimilyatsiya natijasida oʻzbekka aylanganmi, buning ahamiyati yoʻq, chunki agar tojik oʻzining tojikona “fikrlash tarzini” yoʻqotsa va oʻzbekka aylansa, rejim uni oʻzini tojik deb atashga majburlay olmaydi, Samarqand kabi baʼzi hududlar uch yuz yoki toʻrt yuz yil oldin tojik hududlari boʻlgan boʻlishi mumkin, ammo “oʻtmishga qaytish uchun hech qanday asos yoʻq” deb taʼkidladi Islomov.

Tojik vakillari oʻzbeklarning “tojiklarni oʻzbeklarga assimilyatsiya qilishga” urinishda ayblardilar. Biroq, oʻzbek vakillari bir qancha tojik rahbarlarini, shu jumladan Xoʻjibaevni ham sobiq oʻzbek millatchilari deb ayblaganliklari sababli, majburiy oʻzbeklashtirish haqidagi daʼvolar murakkablashdi. 1929-yil dekabr oyining oxirida Tojik hukumatining yetakchi aʼzosi Nisor Muhammedov bu masalaga oydinlik kiritishga urindi. Muhamedov komissiyaga rasmiy bayonotida “tarixiy sharoitlar” “tojik ziyolilari”ni 1924-yilgi milliy chegaralanish vaqtida hozirda bahsli boʻlgan hududlarning “tojik aholisini” oʻzbek etnikligiga assimilyatsiya qilishda oʻzbek rahbarlariga yordam berishga undaganini bayon qildi. Muhammedovning hikoya qilishicha, Birinchi jahon urushi boshlanishida tojik va boshqa turkiy boʻlmagan rahbarlar “gʻarb” kuchlariga qarshi “sharq” xalqlarining yagona frontini tuzishga va Yevropa hukmronligiga chek qoʻyishga intilgan panturkiy harakatni qoʻllab-quvvatlaganlar. Bolsheviklar inqilobidan soʻng, panturkiy kuchlar sovetlarga qarshi bo’lganlar (bosmachilar) bilan birlashdilar va “Sovetning Turkistonga kirib kelishiga qarshilik koʻrsatdilar.” Ammo Turkiston Sovet Ittifoqining bir qismiga aylanishi aniq boʻlgach, mahalliy turkiy rahbarlar (jadidlar) ittifoqlarini oʻzgartirdilar va Sovet rejimi bilan hamkorlik qilishni boshladilar. Mahalliy panturkiy harakat pan-oʻzbek harakatiga aylandi: turkiy rahbarlar “Sovet niqobini kiyib” oldilar va Sovet federatsiyasi ichida avtonom oʻzbek millati gʻoyasini ilgari surdilar. “Tojik ziyolilari”ning aʼzolari oʻzbek harakatini qoʻllab-quvvatladilar, “oʻzlarini oʻzbek deb qayta nomladilar” va boshqa tojiklarni ham shunday qilishga undadilar.

Hali chegaralar oʻrnatilmagan vaqtda, “oʻzbeklar” va “tojiklar” umumiy maqsadlar yoʻlida birlasha oldilar. Ammo 1924-yilgi milliy chegaralanish millat, resurslarga erishish va siyosiy hokimiyat oʻrtasida yangi munosabatni yaratdi. Muhammedovning taʼkidlashicha, chegaralanishdan soʻng oʻzbek rahbarlari Oʻzbekistonda “faqat oʻzbeklarga joy bor”ligini va ona tilini tojik tili deb hisoblagan yoki “oʻzlarini tojik deb bilgan” odamlar Tojik ASSRga borib yashashlari kerakligini taʼkidlay boshladilar. Hali ham Sovet kuchlari va bosmachilar oʻrtasidagi janglar kechayotgan Tojik ASSR shu qadar dahshatli tarzda tasvirlanganki, u “inqilobdan oldingi Sibir” bilan sinonimga aylangan. Shu bilan birga, “oʻzbek tilini rasmiy til sifatida qabul qilmagan” maʼmurlar, shuningdek, oʻqituvchilar, shifokorlar va boshqa mutaxassislar ishdan boʻshatildi va mayda ishlarga oʻtkazildi. Muhammedovning soʻzlariga koʻra, “Sovet va partiya xodimlari hamda oʻqituvchilar” Oʻzbekistondagi ishlarini saqlab qolish va Tojik ASSRga yuborilishdan qochish uchun “oʻzlarini oʻzbek deb atay boshladilar”, tojik ommasi bunday xatti-harakatni koʻrib “oʻz millatini yashirishni boshladi”, deydi Muhammedov. Shuningdek, uning yana taʼkidlashicha, bu “oʻzbeklashtirish” kampaniyasi 1926-yilgi aholini roʻyxatga olish natijalarida aks etgan, chunki bu roʻyxatga olish oʻzlarini “tojik” deb taʼriflaganlarga yoki tojik tilida soʻzlashuvchi mahalliy aholiga milliy-hududiy quyi birliklar yoki ona tilidagi maktablar va muassasalarni taqdim etishni istamagan “oʻzbek shovinistlari taʼsiri ostida oʻtkazilgan” edi.

MIQ chegara nizolari komissiyasi tojik va oʻzbek dalillarini koʻrib chiqayotgan bir paytda, bahsli hududlarga borib, mahalliy aholidan ularning milliy oʻzliklari haqida soʻrov oʻtkazish uchun maxsus kichik komissiya yuborish masalasini muhokama qildi. Petersning fikricha, bunday dala ishlari hozirgi siyosiy sharoitda aniq xulosa chiqara olmasdi. Petersning qayd etishicha, Belorussiya ishida ham Sovetgacha boʻlgan va Sovet statistikasi oʻrtasida sezilarli tafovut boʻlgan. Ammo MIQ vakillari Gomel guberniyasi va boshqa bahsli hududlarga borganlarida, jamoalar “belorus yoki rus” ekanligini aniqlash qiyin boʻlib chiqqan, chunki odamlar bilan suhbatda ular “bir nechta ruscha soʻzlar, bir nechta beloruscha soʻzlar” ishlatganlar. Peters, bu hududlar aholisidan Belorussiya bilan birlashishni xohlaysizmi deb soʻraganida, ular qatʼiy yoʻq javobini berganlarini tushuntirdi. “Nima uchun men belorus tilini oʻrganishim kerak?”, “Men rus tili bilan yer yuzining oltidan bir qismini kezishim mumkin” deya ta’kidlaganlar. Petersning soʻzlariga koʻra, bu odamlar oʻzlarining “belorus” kelib chiqishlarini yashirgan holda, “moddiy manfaatlar” asosida javob berishgan. MIQ va Siyosiy byuro bu hududlarning aksariyatini milliy ong asosida emas, balki etnografik maʼlumotlar asosida Belorussiya SSR bilan birlashtirishga qaror qilganligini qayd etib, Peters Tojikistonga nisbatan ham shunga oʻxshash yondashuvni tavsiya qildi.

Aholini roʻyxatga olish maʼlumotlari va oʻzini oʻzi tasniflash tamoyili shubha ostiga olingan bir paytda, Peters komissiyasi aholi haqidagi boshqa maʼlumot manbalariga murojaat qildi. Tojik chegaralari boʻyicha muhokamalar dekabr oʻrtalarida boshlanganida, Peters komissiyasi mutaxasislardan bahsli hududlarning etnografik tarkibi haqida maʼlumot yuborishni soʻragan edi. Muhokamalar davom etar ekan, komissiya KIPSga bir nechta shoshilinch rasmiy talabnoma yuborib, etnograflardan oʻz tahlillarini iloji boricha tezroq yuborishni soʻradi. Ularda tushuntirilishicha, “Oʻzbek va Tojik SSR oʻrtasidagi chegaralarni aniqlash” uchun komissiyaga Surxondaryo, Samarqand va Buxoro okruglarining “asosiy millatlari (natsional’nostilari) — oʻzbeklar va tojiklar oʻrtasidagi munosabatlar” haqida nafaqat oxirgi aholini roʻyxatga olish vaqtidagi, balki tarixiy nuqtai nazardan ham maʼlumot kerak edi. MIQ etnograflardan bu ikki millatdan qaysi biri “har bir okrug uchun tub aholi” ekanligini xabar qilishni va “tojik va oʻzbeklarning joylashish shakllari” haqida umumiy tarixiy maʼlumot berishni soʻradi.

Shunday qilib, 1929-yil dekabr oyida — Partiya Fanlar akademiyasini tekshirishni boshlaganidan va matbuot KIPSni “yopiq korrupsiyalashgan oila” deb tanqid qilganidan koʻp oʻtmay — Peters komissiyasi yana KIPSga shoshilinch yordam soʻrab murojaat qildi. Mixail Xudyakov (KIPSning yangi doimiy kotibi, u yaqinda Sergey Rudenko oʻrniga tayinlangan edi) Petersni KIPSning hamkorlik qilishiga ishontirdi. U MIQ komissiyasiga Surxondaryo, Samarqand va Buxoro boʻyicha Sovetgacha boʻlgan va Sovet etnografik dala ishlari va aholini roʻyxatga olishga asoslangan etnografik hisobotlar va xaritalarni yuborishni boshladi. Boshqa materiallar qatorida, Xudyakov Butunittifoq aholini roʻyxatga olishdan oldin Zarubin yozgan Turkistonning etnografik tahlillarini, Markaziy Osiyo hududlashtirish komissiyasining 1924-yilgi hisobotini va MIQning soʻroviga javoban Bartold tayyorlagan Oʻzbek-Tojik munosabatlarining tarixiy bahosini yubordi.

KIPS tomonidan taqdim etilgan etnografik hisobotlar va xaritalar oʻzbek va tojik rahbarlarining raqobatlashayotgan daʼvolarini koʻrib chiqish uchun yana bir nuqtai nazarni taqdim etdi. Surxondaryodagi bahsli hududlarga oid Sovetgacha boʻlgan va Sovet aholini roʻyxatga olish maʼlumotlari bir-biriga mos kelmaganida — chunki avval “tojik” sifatida tasniflangan jamoalar 1926-yilda “oʻzbek” deb roʻyxatdan oʻtkazilgan — tojik rahbarlari oʻzbek shovinizmi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlarini soxtalashtirishga sabab boʻlgan, deb taʼkidladilar. Ammo Xudyakov oʻz hisobotida yangi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlarining nomuvofiqligi respondentlarning katta qismi Sovet rejimining taʼrifiy jadvaliga mos kelmaganligi sabab bo’lganligini taxmin qildi. Oʻz fikrini qoʻllab-quvvatlash uchun Xudyakov “Chigʻatoylar” misolini keltirdi — ular tojik tilida gaplashgan, oʻzbek urugʻining ichki guruhiga mansub boʻlgan va baʼzan oʻzlarini “tojik-chigʻatoy” deb ataganlar. Katta chigʻatoy aholisiga ega boʻlgan hududlar (Surxondaryodagi Qashqadaryo kabi) 1926-yilgacha boʻlgan aholini roʻyxatga olishda “tojik” yoki “chigʻatoy” sifatida tasniflangan, ammo 1926-yilgi aholini roʻyxatga olish natijalarida “oʻzbek” deb berilgan. (Chigʻatoylar “SSSR millatlari roʻyxati”ga kiritilmagan edi.) Xudyakov chigʻatoylar na toʻliq oʻzbek, na toʻliq tojik emasligini, balki ehtimol “turklashishning u yoki bu bosqichidagi tojik qabilalari” yoki “tojik tilini oʻzlashtirgan oʻzbeklar” boʻlishi mumkinligini taxmin qildi.

Zarubinning Turkiston boʻyicha materiallari ham tojiklar va oʻzbeklar oʻrtasidagi munosabatlar aniq etnik, lingvistik yoki diniy boʻlinishlarni aks ettirmasligini taʼkidladi. Zarubinning soʻzlariga koʻra, oʻzbeklar “yagona va alohida etnik guruh” emas, balki turkiy xalqlarning xilma-xil aralashmasini oʻz ichiga olgan. Uning taʼkidlashicha, tojiklar ham, yagona yaxlitlikni tashkil etmaganlar. Tojik atamasi baʼzan tildan qatʼi nazar, koʻchmanchi boʻlmagan musulmonni, baʼzan esa dindan qatʼi nazar, fors tilining dialektida gaplashadigan shaxsni nazarda tutgan. Zarubin oʻtroq tojiklarning “togʻ tojiklari” bilan, umumiy asosiy tildan tashqari, kam oʻxshashliklarga ega ekanligini taʼkidladi. Uning fikricha, oʻtroq tojiklar mintaqadagi “urugʻ aloqalari yoʻq boʻlgan, sartlar sifatida tanilgan va hozirda oʻzbek etnik tarkibining asosiy oʻzagini tashkil etuvchi” oʻtroq turkiy aholining bir qismi bilan koʻproq oʻxshashliklarga ega edi.

Zarubinning fikricha, sart oʻzligi masalasi yanada murakkabroq edi. Zarubin sartlarni oʻzbek-tojik aralashmasi sifatida, madaniyati oʻzbek, kelib chiqishi eroniy — va boshqa tojiklar bilan bir xil eroniy qabilalardan kelib chiqqan deya tavsiflaydi. Zarubinning tushuntirishicha, “turklashgan eroniylar madaniy jihatdan ulardan farq qilmaydigan va uzoq vaqtdan beri oʻtroq boʻlgan oʻzbeklar tomonidan katta miqdorda oʻrab olinganida, ”  baʼzan ularning nomini olgan, ammo urugʻ tuzilmasidan tashqarida qolib ketgan. Boshqa holatlarda, turklashgan eroniylar oʻzlarini turklar deb ataganlar yoki qoʻshnilari koʻpincha ularni ataydigan “sart” nomini qabul qilganlar. “Sart masalasi” tojik-oʻzbek chegara nizolarida asosiy bahs-munozara nuqtasiga aylangan edi. Samarqand, Buxoro va Surxondaryoning bahsli qismlarida oʻzlarini sart deb tanitganlar sezilarli aholi qismini tashkil etganligi sababli, va sart etnikligi rasman mavjud boʻlmaganligi sababli, oʻzbek va tojik rahbarlarining ikkalasi ham sartlarni — va sartlar yashagan hududlarni — oʻziniki deb daʼvo qilishga urindilar.

KIPSning MIQga taqdim etgan materiallari KIPS etnograflarining oʻzlari fikrlarida qat’iy emasligini va aholiga nisbatan hamda chegaralanishga umuman boshqacha yondashuvlarni qoʻllab-quvvatlaganliklarini koʻrsatdi. Ehtiyotkorlik va ogohlantirishga chaqirgan Zarubinning oʻzi baʼzi hamkasblarini sartlarning oʻzbeklarga assimilyatsiyasini “tezlashtirganliklari” uchun tanqid qildi. Zarubinning soʻzlariga koʻra, 1924-yilda Oʻzbek SSRning tashkil etilishi oʻzbek millatini shakllantirish uchun katalizator vazifasini oʻtagan; chegaralanishdan soʻng, sart jamoalari “sart nomini tashlab” oʻzlarini oʻzbeklar deb atay boshlaganlar. U baʼzi etnograflar, masalan, uning hamkasbi Samoilovich, bu jarayonni tezlashtirishga intilganini qayd etdi. Samoilovich etnografik tadqiqotlar va statistik hisobotlardan sart atamasini olib tashlashni va uni oʻzbek bilan almashtirishni yoqlagan edi. Bu etnograflar 1926-yilgi aholini roʻyxatga olish uchun millatlar roʻyxatini tayyorlayotganlarida bahs-munozara nuqtasiga aylangan edi. Oxir-oqibat, etnograflar sartlarni roʻyxatdan chiqarib tashlaganlar; aholini roʻyxatga olish koʻrsatmalarida roʻyxatga oluvchilarga oʻzlarini sart deb tanitgan va oʻzbek tilida gaplashadiganlarni “sart atamasini qavs ichida qoʻshgan holda” oʻzbek etnik tarkibining aʼzosi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish tavsiya qilingan edi.

Samoilovich oʻzbek millatini shakllantirish ishini qoʻllab-quvvatlagan va Zarubin oʻzbek millatining birlashishini muqarrar deb bilgan boʻlsa-da, Bartold koʻproq tanqidiy fikrda edi — bu uning MIQga yozgan hisobotida yaqqol namoyon boʻladi. Birinchidan, Bartold “togʻlarga intilish” “tojiklarning xarakterli milliy xususiyati” deya daʼvo qilganlarning soddaligini tanqid qildi. U turklar “oʻtroq eroniy dehqon aholisini” — “tojiklarning ajdodlari”ni — “tekisliklardan siqib chiqarib, togʻlarga chiqib ketishga majburlaganlar” deb taʼkidladi. Bartold bu fikrni mintaqa boʻyicha nashr etilgan tadqiqotlarida koʻp marotaba aytgan edi. Aslida, tojik rahbarlari Peters komissiyasiga qilgan oʻz murojaatlarida Bartoldning asarlaridan iqtibos keltirib, tojiklar Oʻzbekistonning bahsli hududlaridagi tub aholi boʻlgan eroniy qabilalarning avlodlari ekanligini taʼkidladilar. Ikkinchidan, Bartold milliy chegaralanishni yanada umumiyroq tarzda tanqid qildi — u chegaralanish “mintaqaga butunlay yot boʻlgan” “oʻn toʻqqizinchi asr Gʻarbiy Yevropa” gʻoyasiga, yaʼni milliy gʻoyaga asoslanganligini taʼkidladi. U Xorazm kabi mavjud siyosiy birliklarning yoʻq qilinganidan ayniqsa afsuslandi.

Eng muhimi, Bartold tojik va oʻzbek rahbarlari tan olishni istamagan yana bir fikrni taʼkidladi: tojiklar va oʻzbeklar etnografik jihatdan shunchalik aralashib ketganki, baʼzi hududlarda hatto mahalliy aholi uchun ham ularni farqlash qiyin edi. Bartoldning soʻzlariga koʻra, ham “oʻzbeklar”, ham “tojiklar” turkiy-eroniy aralashmasi boʻlib: bir necha asrlik migratsiya, istilo va madaniy aloqa mahsuli edi. U “turklarning Islom va eron-musulmon moddiy va maʼnaviy madaniyati taʼsiri ostida boʻysunishi” va “eroniyalarning turkiy til taʼsiri ostida boʻlishi”ni tasvirladi; u keyinchalik turkiy davlat oʻzining rasmiy maʼmuriy va madaniy tili sifatida “eroniy” tilini qabul qilganini va eroniyalar turkiy siyosiy institutlarni qabul qilishga majbur boʻlganini tushuntirdi. Bartold tahlilining maʼnosi shundaki, sartlar va chigʻatoylar kabi na toʻliq tojik, na toʻliq oʻzbek deb aniq tasniflanishi mumkin boʻlmagan xalqlar mavjudligi istisno emas, balki qoida edi.

Etnograflar hamda tojik-oʻzbek elitalari, oʻzaro farqlariga qaramay, etnografik mezonga eʼtibor qaratdilar. Ammo Peters komissiyasi 1930-yil yanvar oyida tojik talablari boʻyicha qarorga kelishga uringanida, unda oʻziga tanish formatda davom etdi. U bahsli hududlarni etnografik, iqtisodiy va maʼmuriy mulohazalar nuqtai nazaridan qayta baholadi va kattaroq umumittifoq tashvishlariga birlamchi ahamiyat berdi. Samarqand va Buxoro ishlarini koʻrib chiqib, komissiya tojik daʼvolari “iqtisodiy, milliy, geografik yoki boshqa har qanday nuqtai nazardan asossiz” degan xulosaga keldi. Komissiya aʼzolari tojik rahbarlari (va Bartold) bilan tojiklar “oʻtmishdagi voqealar” natijasida togʻli hududlar va shaharlarda qolganiga rozi boʻldilar. Ammo komissiya tojik daʼvolarini baribir “asoslab boʻlmasligini” taʼkidladi: Sovetgacha boʻlgan aholini roʻyxatga olish va etnografik maʼlumotlar tojiklar Samarqand va Buxoro shaharlarida koʻp va “ehtimol ustun” ekanligini koʻrsatgan boʻlsa-da, xuddi shu materiallar “okruglarda umuman olganda oʻzbeklar ustunlik qilishini” koʻrsatgan. Komissiya shuningdek, “Oʻzbekistonning eng yirik shaharlari”ni Tojikiston bilan birlashtirish natijasida  bir o’zbek hududidan ikkinchi o’zbek hududiga o’tish murakkablashishini va maʼmuriy-iqtisodiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarishini qayd etdi. Natijada yuzaga keladigan “xaos va tartibsizlik” “tojiklarni ham qoʻshgan holda, hech kimga foyda keltirmas edi”.

Biroq, komissiya Surxondaryo boʻyicha boshqacha xulosaga keldi — butun okrug “tarixiy, etnografik, fizik-geografik va iqtisodiy maʼlumotlar hamda siyosiy mulohazalar asosida” Tojik SSRga oʻtkazilishi kerakligini taʼkidladi. Komissiya etnograflar bilan etnografik maʼlumotlar yakuniy emasligiga rozi boʻldi — tojiklar va oʻzbeklar oʻrtasidagi “oʻzaro madaniy va maishiy taʼsir jarayoni” shunchalik “chuqur” ediki, okrugning maʼlum bir hududining “milliy mansubligi”ni aniqlash koʻpincha imkonsiz edi. Surxondaryo ishini Samarqand va Buxoro ishlaridan eng koʻp farqlantirgan narsa komissiyaning uning Tojik SSRga oʻtkazilishi iqtisodiy va maʼmuriy foyda keltirishi haqidagi xulosasi boʻldi. Komissiya Surxondaryoning Tojikiston bilan kuchli iqtisodiy aloqasi borligini qayd etdi — qisman umumiy daryo tizimi orqali. Komissiya, shuningdek, Surxondaryoning Tojik SSR bilan birlashishining “siyosiy ahamiyati”ni muhokama qildi; u okrug Afgʻonistonning shimoliy qismi bilan chegaradosh ekanligini, u yerda asosiy aholi “tojiklar yoki tojik tilida soʻzlashuvchilar”dan iborat ekanligini qayd etdi.

1930-yil fevral oyining boshida komissiya Surxondaryo okrugi “hozirgi chegaralarida” keyingi ikki oy ichida Tojik SSRga oʻtkazilishi kerak degan qarorga keldi. Bu qaror rasman eʼlon qilinmasdan oldin ham, oʻzbek rahbarlari komissiya “etnografik va iqtisodiy maʼlumotlarni toʻliq hisobga olmadi” deb norozilik kampaniyasini boshladilar. Oxir-oqibat, Surxondaryo oʻtkazilmadi. Bu, albatta, savolni tugʻdiradi: Nima uchun? Mavjud arxiv materiallari bunga javob bermasa-da, taxmin qilish mumkin. Rahim Masov oʻzining Tojikiston tarixiga oid asarida Sovet rahbarlari maʼmuriy sabablar tufayli Surxondaryoni oʻtkazish qarorini qayta koʻrib chiqqan boʻlishlari mumkinligini taklif qiladi: Sovet qonunlariga muvofiq, Oʻzbek SSR oʻzining ittifoqdosh respublika maqomini saqlab qolishi uchun u “xorijiy davlatlar bilan chegaraga ega boʻlishi” kerak edi. Masovning taʼkidlashicha, “Oʻzbekiston xorijiy davlat bilan faqat Surxondaryo okrugida joylashgan Termiz shahri orqali chegaraga ega boʻlishi mumkin edi.” Surxondaryoning Oʻzbek SSRda qoldirilishi qarori uchun qoʻshimcha sabablar ham boʻlishi mumkin. Birinchidan, okrugning asosan “tojik” aholisiga ega ekanligi aniq emas edi; aholini roʻyxatga olish maʼlumotlari va etnograflar hisobotlariga asoslanib, okrugni ikkala respublikadan biriga kiritish uchun ham dalil keltirish mumkin edi. Ikkinchidan, MIQ bu masalani 1930-yilda baholayotgan bir paytda, partiya allaqachon Xoʻjandda kolxozlar tashkil etish kampaniyasini boshlagan edi — va sezilarli qiyinchiliklarga duch kelayotgan edi. Sovet rahbarlari Tojikiston oʻzining mavjud resurslarini rivojlantirishi kerakligini va yangi yerlar va odamlarni birlashtirish bilan shugʻullanmasligi kerakligini ta’kidladilar.

Tojik va Oʻzbek milliy respublikalari misoli shuni koʻrsatadiki, hatto chegaralarni oʻzgartirish boʻyicha muvaffaqiyatsiz yoki qisman muvaffaqiyatli kampaniya ham uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Moskvadagi rasmiylar va partiya elitasining aʼzolari bahsli hududlar boʻyicha yakuniy qarorlarni qabul qilgan boʻlsalar ham, Oʻzbek va Tojik hukumatlari oʻrtasidagi dushmanlik tugamadi. Bundan tashqari, har ikki tomon rahbarlari “bu masalaning choʻzilishi” Oʻzbek va Tojik aholisi oʻrtasidagi “antagonizmni kuchaytirayotganini” qayd etdilar. Eng muhimi, mahalliy elitalar bahsli hududlarda yashovchi “aralash xalqlar”ning milliy oʻzliklari haqida bahslashganlarida, bu “aralash xalqlar” kundalik oʻzaro munosabatlarida oʻzlarini “oʻzbeklar” yoki “tojiklar” deb belgilash uchun kuchayib borayotgan bosim ostida qoldilar. Urugʻlar va qabilalar mavjud boʻlishda davom etdi, ammo mahalliy nizolar milliy chiziqlar boʻylab — Sovet davlati tilida qayta shakllantirildi.

1930-yilga kelib, MIQ va partiya Sovet Ittifoqining milliy-hududiy birliklari chegaralarini etnografik, iqtisodiy va maʼmuriy mezonlar asosida koʻrib chiqdi va oʻzgartirdi. Sovet Ittifoqi boʻylab odamlar resurslar uchun kurashish va oʻz huquqlarini himoya qilish uchun Sovet davlati tilidan — xususan, millat lugʻatidan foydalanardilar. Ikki martalab assimilyatsiya jarayoni orqali sobiq Rossiya imperiyasining urugʻlari, qabilalari va etnik guruhlari Sovet milliy oʻzliklarini qabul qilib, Sovet Ittifoqiga integratsiyalashib bordilar. Biroq, keyingi bob koʻrsatib oʻtganidek, sovetlashtirish jarayoni endigina boshlanayotgan edi.

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About