Donate
Society and Politics

Markaziy Osiyoda an'anaviylashtirish amaliyotlari

Tarjima va Tanqid13/08/24 14:46212

Kirish

An’ana bir kundalik tushuncha o‘laroq nimani anglatadi? „An’anaviy qadriyatlar“, „milliy an’analar“, „an’anaviy madaniyatimiz“ yoki „o‘zimizning an’anaviy libos, musiqa va urf-odatlar“ deganda nimani nazarda tutamiz? Ilmiy bahslar darajasida-chi? An’anaviylikni zamonaviylikka (modernga) qarama-qarshi qo‘yish haqida ko‘p eshitish mumkin. Zamonaviylik ko‘pincha ayni an’anaviylikni inkor qilish, ba’zi an’anaviy qadriyat va amaliyotlarni eskilik, qaloqlik va hatto bekor qilinishi kerak bo‘lgan unsur o‘laroq tushuniladi (20-asr boshidagi «Hujum» harakatini eslang). Islomshunos olim va antropolog Talal Asad esa, misol uchun, Islomni diskursiv an’ana o‘laroq tahlil qilishga chaqiradi. Bularning barchasi nimani anglatadi? An’ana o‘zi nima?

Umumiy darajada an’anani ko‘pincha autentik, xos bir amaliyotlar o‘laroq tushunish, davr va avlodlar osha, ota-bobolarimizdan bizga meros bo‘lib qolgan qadriyatlar va amaliyotlar yig‘indisi o‘laroq tushunish fikratimizdan chuqur o‘rin olgan, desak, mubolag‘a bo‘lmas. An’analar o‘z legitimligini aynan tarixdan olgani sabab, ya’ni kecha o‘ylab topilgan yangilik emas, balki asrlar o‘ta o‘z „kuchini“ ko‘rsatib kelgani sabab ham an’analarni qadrlaymiz, ularga tayanamiz va ularni kerak bo‘lsa muhofaza qilamiz. Eng muhimi — muayyan an’analarni kanonlashitirish orqali milliy o‘zlikni shakllantiramiz; an’anadan milliy davlatchilik qurishda bir vosita o‘laroq foydalanamiz va shu orqali ramziy darajada hukmron siyosiy birlikni legitimlashtiramiz.

Kengroq oladigan bo’lsak, Markaziy Osiyo mamlakatlari murakkab tarixiy jarayonlardan, xilma-xil madaniyatlarni o‘zida jamlagan keng qamrovli hudud sirasidan. Bu yerda so‘nggi yuz yil ichida sotsialistik o‘zgarishlar va tabaqalashtirilgan jamiyatlarning yuksalishi fonida yangicha an’anaviylashtirish amaliyotlari paydo bo‘ldi. Ammo ularning mualliflari, „egasi“ kim? Kim kimni an’anaviylashtirdi? Shunchaki jamiyat o’zini-o’zimi yoki hokimiyat egalarimi? An’analar qanday o’zgardi va o‘zgartirildi? Bu jarayonlarning mexanikasi qanday? O‘rganik quyi darajada yuz beradimi an’analar o‘zgarishi yoki ular „ixtiro“ qilinadimi, Eric Hobsbawm ta’kidlaganday? Qanday qilib ular "kundaliklashtiriladi" va odamlar (hokimiyat) uning nomidan nimaga erishmoqlikni ko‘zlaydi? Matn boshiga qaytib so’rasak: qachon an’analar ishonchli dalilga aylanadi? Ularni yuzaga chiqarayotgan, undan foydalanayotgan aktorlar kim? Va u qanday qilib aynan moddiy jihatdan namoyon bo‘ladi?

Sizga havola etayotgan “Markaziy Osiyoda an’anaviylashtirish amaliyotlari” (Judith Beyer va Peter Finke) nomli maqolada quyida keltirilgan ba’zi savollarga javob olishingiz, an’ana atrofidagi bugungi kundagi akademik bahslar haqida tushunchaga ega bo‘lishingiz va Markaziy Osiyo davlatlarida an’analarni tadqiq etish qanday yo‘nalishlarda davom etayotgani haqida biroz bilimga ega bo’lishingiz mumkin. Maqola jurnalning an’ana mavzusiga kirish maqolasi bo‘lgani sabab sondagi boshqa maqolalar haqida ham qisqacha ma’lumot berib o‘tadi.

Mualliflar an’anani amaliyot o‘laroq, muayyan institutsional va o‘zaro kontekstlarda paydo bo‘ladigan tirik, doim o’zgaruvchan, yashovchan „kuch“ sifatida tadqiq etishadi. An’anaga zamonaviy va kelajak nuqtayi nazaridan baho berganda, uning siyosiy aktorlar va mahalliy elita uchun legitimlik manbai va muayyan ma’noda manipulyatsiya vositasi bo‘lib qolayotganiga ahamiyat berishadi. Shu ma’noda u zamonaviy hayotning „tepadan“ shakllantirishdagi muhim vositalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Garchi jamiyatning „tepadan tushirilgan“ an’analarni savol ostiga olish, qayta ko‘rib chiqish va hatto kashf qilish qobiliyatini inkor etib bo’lmasa-da. Maqola mualliflari an’anaga aynan shu nuqtayi nazarlardan — ham tepadan pastga, ham pastdan tepaga shakllanishi mumkin bo‘lgan amaliyot o‘laroq yondashishadi.

Bu matn maqolaning birinchi qismi. Ikkinchi qismi yaqin orada chop etiladi.

Muhammad Dovud, Javohir Nematov

Chop etilayotgan maqolaning original nomi: Beyer, Judith, and Peter Finke. "Practices of traditionalization in Central Asia." Central Asian Survey 38.3 (2019): 310-328.

Tarjimon: Muhammad Dovud

Muqaddima

Soʻng ikki asr davomida “anʼana” Oʻrta Osiyoda rus va sovet rejimlari, shuningdek, mahalliy Markaziy Osiyo elitalari tomonidan asosan ikki yoʻnalishda qoʻllanilgan: bartaraf qilinishi kerak bo’lgan kamchilik (ko’pincha orzu qilingan va talpinilgan "zamonaviylik" bilan yonma-yon ravishda) yoki qabul qilinishi kerak bo’lgan sifat oʻlaroq (ko’pincha millatchilik bilan monand ravishda). Ikkalasi bir-birini istisno etuvchi va hatto qat’iy alohida yo‘nalish emas, ammo ularning oʻrtasidagi tafovut an’analar mavzusidagi umumiy masalalar va dinamikalarni belgilash uchun yaxshi xizmat qiladi. Akademik tahlillar va atamaning kundalik foydalanilishi o’rtasidagi aniq farqlarni aniqlash ham qiyin, zotan ular bir-birini boyitib bormoqda. Qolaversa yozish va amaliyotlarning mutlaqo yangi janrlari hali ham paydo bo’lmoqda. Biroq, bugungi Markaziy Osiyoda an’analarning egallagan markaziy o’rinni inkor etib bo’lmaydi.

 Birinchi modallikda — "zamonaviylik"ka qarshi qo’yilish — keng ko’lamli ijtimoiy islohotlar o’zini zamonaviy deb bilgan sovet hokimiyati tomonidan kiritilgan va oqlangan, toki zamonaviylikka qarshi bo’lgan "an’ana" yo’q qilinishi kerak bo’lgan. Markaziy Osiyo oilalariga “feodal-patriarxal” mafkura tashuvchisi sifatida qaralgan (Massell 1975), an’anaviy huquqiy institutlar “qoloq” deya koʻrilgan, (Martin 2001), mintaqada hozir ham uchrab turadigan “kelin o‘g‘irlash” esa "ibtidoiylik" timsoliga aylangan. (Verner 2009). Bu holatlarning barchasida an’ana kurashish va oxir-oqibat yengish kerak bo’lgan konseptual dushman sifatida belgilangan.

 Biroq, Markaziy Osiyoda sotsialistik davlatchilik sharoitida turli modernizatsiya loyihalari amalga oshirilgan sovet davrida millatchilik bilan uygʻunlik ham yo’qolib ketmadi. Xuddi sotsialistik davlatchilikning o’zi o’z-o’ziga doimiy ravishda qayta ma’no berib turishga majbur bo’lgan modern loyiha bo’lgani kabi (Qassymbekova 2017), an’ana ham, xuddi qutbiy, modernga qarama-qarshi tushuncha (Eisenstadt 2000) o’laroq ko’plab yangi ma’nolarga ega bo’ldi. Shunday qilib, an’anani zamonaviylikka (ko’pincha ochiq) qarama-qarshi qo’yish yo’li bilan rad etish qiyinlashdi; buning o’rniga davlat amaldorlari an’analarni o’zlarining milliy qurilish (nation-building) tashabbuslari bilan uyg’unlashtirishni boshladilar, xususan 1991-yilda mintaqa mustaqillikka erishgandan so’ng. Ushbu ikkinchi uygʻunlashish modalligida an’anaviylashtirish amaliyotlari instrumental ma’nolar yaratishning yangi shakllari paydo bo’lishiga imkon berdi va shu bilan elita an’analarni o’zlik va siyosiy qayta qurish markeri sifatida targ’ib qilishi uchun poydevor barpo etdi.

Ammo an’ana hech qachon hokimiyatdagilarning eksklyuziv sohasi bo’lmagan; u har doim e’tiroz va tanqid uchun xalqona vosita ham bo’lib kelgan. Oxirgi o’n yillikda an’analar nomi bilan "bajarish" mumkin bo’lgan va tuzilgan narsalarning xilma-xillashishi kuzatildi. "O’ylab topilgan an’analar" konsepsiyasini tanqid qiluvchi ilmiy adabiyotlarni hisobga olgan holda, ushbu maxsus sonning maqsadi e’tiborni an’anaviylashtirishni pastdan yuqoriga kechuvchi; elita voqealar rivojini har doim ham belgilay olmaydigan (natijalar haqida gapirmasa ham bo’ladi) jarayon o’laroq tushunishga qaratishdir.

 Markaziy Osiyoda an’ana tushunchasi

Zamonaviy Markaziy Osiyoda an’ananing analitik tushuncha sifatida rivojlanishi kapitalistik zamonaviylik (modernity) tushunchasi bilan hamohang o’tdi, xuddi o’tgan o’n yilliklarda sotsialistik maqsadlarga xizmat qilgani kabi. An’anani "yuqoridan" targ’ib qilgan yangi mustaqil milliy davlatlar hokimiyatlari uzoq o’tmish bilan uzviylikka da’vo qilish uchun go’yo "haqiqiy" an’analarga tayandilar va shu orqali maʼlum bir hudud ustidan o’z da’volarini qonuniylashtirishga yordam beradigan milliy/millatchilik narrativlarini o’rnatdilar. "O’ylab topilgan an’analar" sifatida (Hobsbawm va Ranger 1983) bu yangi o’rnatilgan amaliyotlar, institutlar va diskurslar turli xil aholini bir bayroq ostida birlashtirish uchun an’ana konseptiga murojaat qildilar. Oxirgi 30 yilda kechgan mazkur voqealarni o’rganishda tadqiqotchilar vazifasi millatni ifodalash va o’zida mujassam etishi kerak bo’lgan an’analarni kodifikatsiya qilishdan iborat boʻlgan elita va ziyolilarga alohida e’tibor qaratdilar.

 Hozirda bizda bu dinamikaga oid nafaqat ko‘plab ilmiy nashrlar, (masalan, Roy 2000; Tabyshalieva 2000; Hirsch 2005; Morozova 2005; Bergne 2006; Munkh-Erdene 2008; Adams 2010), shuningdek, Markaziy Osiyo elitalari tomonidan yozilgan ko’plab kitoblar va maqolalar ham mavjud. Intellektuallar ijtimoiy legitimlikni oshirish uchun, Xatchinson (1987, 1999) tilida aytganda, “madaniy millatchilik” bilan shug‘ullanishgan. “Anʼana yozish” hozirgi kunga kelib barcha beshta postsovet Oʻrta Osiyo respublikalarining prezidentlari shugʻullangan adabiy janrdir: Turkmanistonning “Ruxnoma” (Nyazov 2005) va "Adamnomasi" (Berdimuhammedov, 2013); Qozog‘istonning "Tinchlik va Qozog‘iston yo‘li epitsentri" (Nazarboyev 2001, 2008);  Qirg‘izistonning "Qirg‘iziston davlatchiligi" va mashhur “Manas” eposi (Akaev 2003); (3) O‘zbekistonning "Yuksak ma’naviyati: yengilmas kuch"i (Karimov 2008; Shuningdek qarang: Kendzior 2014); va Tojikistonning “Tarix ko‘zgusida tojiklar: oriylardan somoniylargacha” kitobi (Rahmon 2009).

Garchi mustaqillikka erishgan milliy davlatlar "chet el ta’siridan an’analarni tozalashga" oʻzlari qattiq bel bogʻlagan bo’lishsa-da, (Noyes 2009, 242), millatchilik an’analarining targ’iboti "tashqaridan" ham sezilarli darajada qo’llab-quvvatlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlar o‘zlarining yangi dasturlari va loyihalarini mamlakatlarning “boy tarixiy o‘tmishlari” bilan uyg‘unlashtirmoqdalar va mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari moliyaviy yordam olish yoki chet ellik hamkorlarni jalb qilish uchun ham ko‘pincha mazkur tushunchalar va shoshilinchda o‘rnatilgan an’ana idiomasiga murojaat qilishmoqda. Misol tariqasida sayyohlik tashabbuslari “ko‘chmanchi turmush tarzi”ni reklama qilishini va “mahalliy” (community-based) yondashuvlarni tabiiy ofatlarni boshqarish masalalaridan tortib volontyorlik loyihalarigacha; umumiy ma’noda rivojlanish va muqobil nizolarni hal qilish uslublarida mahalliy tashkilotlar bilan ishlashni rag‘batlantirishni misol qilib keltirish mumkin. Dunyo miqyosida tan olingan “madaniy meros” va “mahalliy aholi huquqlari” ritorikasi turli etnik guruhlar yoki korporativ manfaatlarning turfaxilligini (Eriksen 2007, 10) tashkillashtirish maqsadida Markaziy Osiyo diskurslarida ham tobora ko’proq qo’llanilmoqda.

Postkolonial dekonstruksiya kontekstida, birinchi bo‘lib fanga Erik Xobsbaum va Terens Reynjer (1983) tomonidan kiritilgan “ixtiro qilingan an’ana” atamasi garchi essensiallashtirilmasada, ular "qishloqlar kabi tabiiy jamoalar tomonidan saqlanib qolgan ongsiz urf-odatlar va “g‘ayritabiiy” jamoalar — millatlar va davlatlar — tomonidan ixtiro qilingan "ongli" urf-odatlar o‘rtasida farqlashgani" sababli tanqidqilindii (Jolly 1992, 51). Agar Marshall Sahlins (1999, 399) “ixtiro qilingan an’ana” konsepsiyani "odamlarning madaniy o‘ylikka da’volarini osonlikcha funksional ravishda inkor etish" sifatida rad qilgan bo‘lsa, Maykl Hertsfeld bizga "barcha madaniyatlar bu ma’noda o‘ylab topilgan"ligini (2014, 214) eslatadi va bizni tushunchalar qanday va qaysi kontekstda qo‘llanilishini ko‘rib chiqishga undaydi.

daniy konstruktlarni reprezentatsiya qilishga da’vogarlik qilishadi va bu da’vogarliklarning qaysi biri muvaffaqiyatli bo‘ladi va qaysi biri yo‘q? Jon va Jin Komarofflar Ethnicity, Inc.da (2009) ko‘rsatdiki, "an’analarni ixtiro qilish" amaliyoti mustamlakachilikdan keyingi davrda to‘xtab qoladi, deb ishonish uchun hech qanday asos yo‘q. Aksincha, mustamlakachilikdan keyingi davrda:

 Etnik o‘zlikni kommodifikatsiya (tovarga aylantirish — tahr.) qilish ta’siri ostida "an’ana"ning qayta tiklanishi "madaniyat"ni o‘ziga xos [thing in and of itself] narsa sifatida tushunishni kuchayishiga olib kelishi mumkin. Va, natijada, uning mahsulotlari va amaliyotlari, intellektual mulk sifatida taqdim etilib, u yoki bu darajada bozorga yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkin. Ammo, har doimgidek, bu jarayon kundalik xatti-harakatlarga ham ta’sir qiladi: u qadar obyektlashtirilmagan, amaliyotlarning sezilmaydigan usullariga ta’sir o‘tkazadi (75).

Biz bu sonimizda e’tiborimizni aynan mana shu so‘nggi jihatga, ya’ni an’analarning kundalik hayotga ta’siriga qaratilganmiz. Biz ma’lum "an’anaviy amaliyotlar"ning "haqiqiyligini" taftish qilishdan tashqariga chiqmoqchimiz. An’anani yo‘q qilish uchun dekonstruksiya qilishning o‘rniga, biz bu yerda ahamiyatga va tadqiq qilishga muhtoj maydonni ko‘ramiz. Afrika va Yevropada bo‘lgani kabi Markaziy Osiyoda ham an’ana muhim ahamiyatga ega: u odamlarni birlashtiradi, individual va jamoaviy harakatlarga undaydi, siyosat, ommaviy munozaralar, qonun va reprezentatsiya haqidagi muhokamalarga ta’sir o‘tkazib, ko‘pincha boshlanishida strategik tabiatiga qaramay, affektiv (ehtirosli — tarj.), tez ta’sirchanlik chaqirish kuchiga ega. Shu ma’noda, an’anaviylashtirish jarayonlarini o‘rganish Briggs ta’kidlaganidek, "begonalashtirish" harakati emas, balki biz kuzatayotgan odamlarning hayotida juda real bo‘lgan hodisalarni tadqiq etish va tushunishga urinishdir. Jamiyatning boshqa jabhalari singari, bu jarayonlar ham ixtiro elementlarini o‘z ichiga oladi — bir vaqtlar yaratilib, keyinchalik o‘z hayoti bilan yashab ketgan va juda dolzarb jarayonlar.

Demak, quyi darajadagi aktorlar ixtirolari va elita ixtirolari orasidagi ehtimoliy strukturaviy farqlarni chetga surib, biz an’analarni kim, nima maqsadda va qanday amaliyotga kiritayotganiga e’tibor qaratamiz. Aksar holatlarda elitaning an’anaviylashtirish loyihalari va oddiy aktorlarning loyihalari bir-biri bilan dialektik tarzda aloqaga kirishadi va shu tarzda bir biriga tayanadi. An’analar nimani o‘z ichiga olishi va nimani olmasligi, jumladan, ixtiro va egalik masalasiga juda ko‘p munozaralar qaratilgan bo‘lsa-da, an’analar qanday kuchga kirishi, amalga oshirilishi, qisqacha aytganda, qanday “amalga oshishini” o‘rganishga kamroq e’tibor berilgan. An’ana qachon bir argument zanjiri sifatida paydo bo‘ladi va bu (moddiy tarzda) qanday namoyon bo‘ladi? Biz, binobarin, qachon an’anaga murojaat qilinishi va qaysi mavzular atrofida bu sodir bo‘lishini tadqiq qilamiz. Davom etayotgan milliy davlatchilik qurilishi jarayonlarida an’analarning ahamiyatini urg‘ulash bilan birga, ushbu maxsus son asosiy e’tiborni an’ananing “kundaliklashuv”iga qaratadi: siyosiy namoyishlar (Beyer va Kojobekova), sanoat ishchilari yig‘inlari (Trevisani), diniy ta’lim muassasalari (Myuller), ozchilik jamoalari (Ptackova), to‘y marosimlari (Kleuziou) va Internet (Kudaibergenova) sohasi kabi maydonlarda an’analarning "kundaliklashuv"iga e’tibor qaratadi. 

 Barcha maqolalarda keltirilgan empirik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, har bir maydonga kamida an’ananing barqaror ta’rifi mavjud va — yuqorida aytib o‘tilganidek, uning ko‘lami va sifatlari haqidagi bahslar an’ananing fenomen o‘laroq ajralmas qismidir. Ushbu matnlar to‘plamida biz faqat kontekstga e’tiborli bo‘lgan tarjimalar bilan ishlaymiz va an’ana tushunchasi o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan xususiyatlar haqidagi o‘z taxminlarimizni shubha ostiga qo‘yamiz. Chunki "an’anaviy amaliyotlar" qadimgi, uzoq vaqtdan beri mavjud va ko‘pincha kodlanmagan tamoyillar sifatida taqdim etilsa-da, ular chuqur o‘zlashtirilgan, jinsga, yoshga bog‘liq va hamma narsani qamrab oluvchi xulq-atvor usullari ekanini yodda tutishimiz zarur. Mold (2005, 268) fikriga ko‘ra, biz an’anaviylik haqida u jamoa tomonidan an’anaviy deb tan olingandagina gapirishimiz mumkin. Kleuziou esa (shu sonda) qanday qilib, “an’ana” nomi ostida, Tojikistondagi to‘y tantanalari ularning ishtirokchilari orqali "an’anaviylik"ni yaratadigan tadbirlarga aylanayotganini ko‘rsatib beradi. Shu zaylda, yangi amaliyotlar va ne’matlar ular muhokamadan o‘tib, ma’qullanib yoki ba’zi hollarda so‘roqsiz yoki e’tirozsiz qabul qilinib, an’ana doirasiga integratsiya qilinishi mumkin.

An’ana, Glassie (1995, 395) ta’biri bilan aytganda, "qo’shni, oʻzaro bog’liq, bir xil darajada ajralmas tushunchalar bilan assotsiatsiyaga kirishadi”. Ushbu topilma, misol uchun, qirg‘iz etnografik lug‘atida qirg‘izcha “salt” atamasi qanday tuzilganiga ham xos: u atamani o‘xshash ma’noga ega bo‘lgan boshqa atamalarga murojaat qilish orqali aniqlaydi. Ushbu holatda ürp-adat, nark, yrym-zhyrym, kaada-salt kabi so’zlar tushuntirish yoki ta’rif sifatida beriladi (Karatayev va Eraliev 2005, 402-403).

Beyer (2016, 6) Qirg‘izistonda “salt” so‘zining o‘zi “adat” (odatda “odat huquqi” deb tarjima qilinadi) va yuqorida tilga olingan barcha atamalar bilan bir qatorda ishlatilishi mumkin, garchi “salt” ancha keng tarqalgan bo‘lsa-da. “Salt” tushunchasi, ushbu maxsus son mualliflari o‘rganuvchi boshqa tushunchalar singari, ham ilmiy, ham emik (subyekt nazari bilan — tarj.) nuqtayi nazardan ataylab noaniq beriladi; chunki kontekstdan yulib olinsa, bu tushunchalarni ajratib ko‘rsatish va tarjima qilish harakatlari muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi.

An’ana amaliyot va institut sifatida

Ushbu maxsus sonda biz an’anaga prakseologik yondashamiz. Shunda aktorlarning an’anani strategik tarzda namoyish etishi, unga taqlid va da’vo qilishi va uning mazmuni borasida taraflarning bahslariga urg‘u beriladi. Shu tarzda tushunilsa, an’ana har doim parchalangan, "haqiqiy yakuni bo‘lmagan suyuq va o‘zgaruvchan agent" bo‘lib qoladi (Hunn 1993, 13). Albatta, an’ana agent emas, garchi uni amaliyotchilar yoki boshqa manfaatdor tomonlar uni ayni shunday taqdim etishi mumkin bo‘lsa-da. Metodologik jihatdan, e’tiborni aktorlar an’ana nomidan nima qilishi, qilayotgan ishi haqida nima deyishi va nima qilishi kerakligi haqida nima deyayotgani kabilarga qaratish va ular o‘rtasida aniqlik kiritib olish kerak. Aktorlar "madaniy ahmoqlar" emas (Garfinkel 1967); ular o‘zlarining va boshqalarning xatti-harakatlari haqida mulohaza yuritishga qodirdirlar. Antropologlar o‘zlarining kundalik hayotlari haqida mulohaza yuritishsa, ular ham o‘zlarining kundalik hayotlari haqida xuddi shunday mulohaza yuritadilar. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqadigan bo‘lsak, an’anaviylashtirish amaliyotini aktorlarning o‘zlari tomonidan bir-biriga nisbatan ma’no yaratishni shakllantirish mashg‘ulotlari sifatida samarali tushunish mumkin (Mold 2005-ga qarang). Analitik nuqtayi nazardan, biz an’anaviylashtirishga madaniy modellar tomonidan ta’sirlangan va ularga ta’sir o‘tkazadigan ijtimoiy amaliyotning institutsionalizatsiyasi sifatida yondashamiz.

Sotsialistik tuzum o‘zining ilk yillarida Markaziy Osiyodagi tengsizliklarni legitimatsiya qiladi deb hisoblangan va shu sabab jamiyat taraqqiyotiga zararli deb ko‘rilgan an’analarni yo‘q qilishni aniq maqsad qilgan edi. Bugungi kunda esa, aksincha, xalqaro tashkilotlar va nodavlat notijorat tashkilotlari ko‘pincha rivojlanish loyihalarini amalga oshirish uchun an’anaviy yetakchilar va iyerarxiyalarga tayanishga moyil bo‘lib, ba’zida barqarorlik va umumiy farovonlik nomidan mahalliy tengsizliklarni kuchaytirishmoqda (Heathershow 2009).  Bu urinishlar qay darajada muvaffaqiyatli bo‘lganini Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Mo‘g‘uliston kabi joylarda “an’anaviy” ko‘chmanchi turmush tarzi bugungi kunda qanday qabul qilinayotganini qiyosiy tadqiq etish orqali o‘rganish mumkin.  Uchalasida ham uylar va otliq cho‘ponlarning go‘zal tasvirlari juda ko‘p, ammo Qozog‘istonda bu qanchalik an’anaviy bo‘lmasin, kamida qoloq va umuman sharmandali turmush tarzi sifatida ko‘rilishda davom etmoqda, ayni damda Mo‘g‘ulistonda esa bu jamoatchilik tasavvurining jonli qismi va muhim murojaat va g‘urur nuqtasi sifatida ko‘riladi. (Finke 2004; Vuillemenot 2009)

Biz an’anani aniq tarixning obyekti sifatida emas, balki o‘zlikni shakllantirish jarayonining bir qismi sifatida ko‘rishimiz kerak. Shu tarzda, tushuncha analitik jihatdan temir bilan qoplangan tarixning uzluksiz va davomiy yoki qayta tiklanish davrida qayta amaliyotga kiritiladigan paradoksal obyekt sifatida tasniflanishdan ozod etiladi. Muayyan amaliyot turi sifatida, binobarin doimo o‘zining aniq institutsional va interaksion kontekstiga ega an’ana faqat hozirgi kunga qarab baholanishi mumkin. U deskriptiv tushuncha emas, balki interpretativ tushunchadir. Shuning uchun an’ana uzluksizlik va o‘zgarish yoki bashorat qilolish va moslashuvchanlik o‘rtasidagi tortishuvlarni aks ettiradi. Biroq, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan jamiyatlarda an’analarni talqin qilish va qabul qilishda (yoki rad etishda) ko‘proq o‘zgarishlar yuzaga kelishini taxmin qilish mumkin. Bu “madaniy tadbirkorlarga” o‘z talqinlari yoyish uchun keng imkoniyatlar beradi. Yangi to‘y marosimlari, qarindosh-urug‘chilik yoki qishloq oqsoqollarining roli, diniy taqvodorlik yoki ayol iffati zarurati — bularning barchasi ularga intilayotgan aktorlarning manfaatlariga xizmat qiladigan holatlardir. Diskursiv darajada bu modernizatorlar va konservatorlar o‘rtasidagi dixotomiya o‘laroq tasvirlanadi, biroq kundalik hayotda spektrning ikki keskinliklari o‘rtasida juda ko‘p xosliklarni topish mumkin. Siyosiy darajada esa, ko‘pgina qayta an’anaviylashtirish holatlarini kuchli mahalliy va milliy aktorlar o‘z manfaatlari yo‘lida ijtimoiy tartibni qayta ko‘rib chiqishga va atrofdagilarga shunga mos o‘yin qoidalarini o‘rnatishga harakat qiladigan yo‘llar sifatida talqin qilish mumkin. Xullas, biz asosiy e’tiborimizni vaziyatni o‘z foydasiga qayta ko‘rib chiqish uchun vositalariga ega bo‘lgan aktorlarga qaratishimiz kerak (Bailey 1969).

Turli xil aktorlar guruhlari o‘rtasida doimiy bahs jarayonining natijasi sifatida —  an’ana doim “suyuq” va o‘zgaruvchan. Shu bilan birga, ma’no-mazmun kasb etishi uchun an’anaviylashtirish chidamlilik va bashorat qila olish darajasiga ega bo‘lishi kerak. Aks holda, institutsional tuzilmalar sifatida ular ham mafkuraviy nuqtayi nazardan, ham o‘zaro kutilgan harakat namunalari uchun ko‘rsatmalar sifatida ishonchni boy beradi (Ensminger 1992).  Qolaversa, empirik jihatdan aytganda, qoidalarga rioya qilishning keng doirasi mavjud bo‘ladi. Ba’zi an’analar faqat "qog‘ozda" mavjud bo‘lib, kundalik hayotda juda oz ahamiyatga ega bo‘ladi (masalan, milliy raqslar yoki faqat o‘tmishda keng tarqalgan yoki tarqalmagan va maxsus holatlarda kiyiladigan liboslar). Boshqalari esa chuqurroq o‘rnashgan bo‘lib ko‘rinadi, masalan, ayollar yoki keksalarga nisbatan nomaqbul xatti-harakatlarga qarshi qattiq taqiqlar va ularga behurmatlik ko‘rsatish jiddiy tortishuvlarga va oxir-oqibat majburiy tuzatish harakatlariga olib kelishi mumkin.  Qo‘llanilgan taqiqlar norasmiy bo‘lsa ham, ular og‘ir stress va ijtimoiy chetlanishga olib kelishi mumkin.

An’analar qachon va qanday o‘zgaradi? Bunga oddiy, ammo tushunarli iqtisodiy javoblardan biri — nisbiy narxlar va turli ishtirokchilarning tegishli savdolashish qobiliyati o‘zgarganida (Ensminger 1992; Knight 1992). Bu qarash qaysidir darajada kuchga ega. 1990-yillarning boshlarida, Markaziy Osiyoning aksariyat qismi chuqur inqirozlarni boshdan kechirib turgan va odamlar bir kundayoq ularning tirikchiligi abgorlashganiga guvoh bo‘lishgan vaqtlarda, to‘y xarajatlari uy xo‘jaliklari byudjetlari uchun katta qiyinchilik tug‘dirgan. Bu bilan kurashishning turli strategiyalari aniqlangan va ularning barchasi an’analarni tushunishni aks ettirar edi.  Mo‘g‘ulistondagi, shuningdek, mintaqaning boshqa qismlaridagi qozoqlar ichida to‘y marosimlarining hajmi va xarajatlarini cheklashning bir usuli —  kelin o‘g‘irlash marosim shakliga ko‘chishi edi: hamma nima bo‘lishini oldindan bilar edi, lekin baribir qizning oilasi bu jarayonda ishtirok etmasdi va shu orqali to‘y ishtirokchilari yarmiga qisqarar edi (Finke 2004). So‘nggi yillarda iqtisodiy tiklanish bilan to‘ylar Markaziy Osiyoning barcha qismlarida bo‘lgani kabi oilaning ijtimoiy mavqeyini namoyish qilish uchun muhim vositaga aylandi va iloji boricha hashamdor tarzda nishonlanadigan bo‘ldi. Bugun marosim bir necha oy oldin e’lon qilinadi va ot poygalari va kurash musobaqalariga tayyorgarlik kelin o‘g‘irlash uchun hech qanday o‘rin qoldirmaydi. Qirg‘izistonda esa vaziyat boshqacharoq: kelinlarni o‘g‘irlash sovetdan oldingi davrlardan beri jazoga tortiladigan xatti-harakat bo‘lishiga, 2013-yilda Jinoyat kodeksida maksimal qamoq jazosi ko‘paytirilganiga va mahalliy va xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari bu amaliyotga qarshi intensiv lobbichilik qilishiga qaramay, kelin o‘g‘irlash hali hanuz davom etmoqda. Tojikistonda, aksincha, marosimlar kamdan-kam hollardagina avvaldan e’lon qilinadi, chunki bu yerda toylar ko‘pincha qachon qaytib kelishini bilish qiyin bo‘lgan Rossiyaga mehnat migratsiyasidan qaytgan erkaklarga va ular olib keladigan pul o‘tkazmalariga bog‘liq (shu sondagi Cleuziouga qarang).

An’anaga murojaat qilish aholi ichidagi muayyan qoidalarning teng bo‘lmagan taqsimot ta’sirini berkitishga xizmat qilishi mumkin. Yuqorida tavsiflangan nikoh shakllari bunga misoldir: Qozog‘istonning ba’zi hududlarida bo‘lgani kabi, eng ko‘zga ko‘ringan marosimlar va boylikni namoyish qilish tendensiyasi, aftidan, jamoalar ichidagi yetakchi oilalar o‘rtasida raqobat sifatida boshlangan. Bir-biridan ustun chiqish harakatlari ortidan boylik va maqomni namoyish qilish uchun yangi maydonlar va imkoniyatlar paydo bo‘ldi. An’analarning ko‘zga tashlanadigan namoyishi oxir-oqibat boshqalarni, shu jumladan, moddiy ta’minoti pastroq bo‘lganlarni elitalar bilan raqobat qilishga undadi. Bu esa oxir oqibat ularni qarzdorlik va moddiy beqarorlik holatiga olib keldi.  An’anaviylashtirishning zamonaviy amaliyotlari bilan niqoblangan kuch nomutanosibligining yana bir misoli, barcha manfaatdor tomonlarga foyda keltiradigan keng oilaviy aloqalar sifatida taqdim etilgan patronaj tarmoqlarining tiklanishidir. Kelin o‘g‘irlash kabi, bu tarmoqlar an’anaviy madaniyatning ajralmas qismi sifatida tasvirlanmoqda (Ismailbekova 2017). Egalitar ideallarning bir ko‘rinishi o‘laroq tasvirlanib, ammo amalda iyerarxiyalarning bunday niqoblanishi Markaziy Osiyodagi an’analar mavjud tengsizliklarni yashirishi yoki qonuniylashtirishi mumkinligini ko‘rsatadi. Kuchli aktorlar o‘z maqsadlari yo‘lida yoki, patronaj tarmoqlarida bo‘lgani kabi, institutsional qoidalar xarajatlar va imtiyozlarni qanday taqsimlashini oqlab berish uchun an’anaviy tushunchalardan foydalanishlari yoki ba’zan ularni ixtiro qilishlari mumkin. Ya’ni, qo‘llab-quvvatlash tarmoqlarida an’analarga murojaat qilish kishining jamiyatdagi (yuqori) mavqeyini ta’minlashi yoki hatto oshirishi mumkin.

An’ana madaniy model sifatida

Biz har qanday muayyan sharoitda an’ana deb hisoblanishi kerak bo‘lgan narsani belgilab beruvchi yagona nufuzli nuqtayi nazar yo‘q deb hisoblaymiz. Bundan shu kelib chiqadiki, an’anaga nisbatan muayyan monopoliya mavjud emas, ko‘plab aktorlar foydalanadigan atamaning kuchli naturalistik va unitar konsepti bo‘lishiga qaramay. Shu bilan birga, an’analarni qanday talqin qilish va vositalashtirish bo‘yicha cheklovlar mavjud bo‘lib, ular mahalliy madaniy me’yorlar va kim nimani an’anaviy deb hisoblash vakolatiga ega ekanligi va bundagi kuch iyerarxiyasiga bog‘liq. Bu odamlar odatiy tarzda harakat qilmaydi, degani emas, balki "an’ana" kabi madaniy modellarning joriy etilishini aniqlash faol intervensiya, haqiqiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi maqsadli ramka qo‘yishni anglatadi.

 Madaniy modellar yoki sxemalarga murojaat qilish, dunyodagi narsalar kuzatilgan xatti-harakatlar bilan qanday bog’liqligi to’g'risida ma’lum umumiy tushunchalarni shakllantirish imkonini beradi va bu samarali ekanligini tan oladi. Ammo bunday madaniy modellar har doim populyatsiyada notekis taqsimlanadi va biz hech qachon bunday model qarorga (ongli yoki ongsiz ravishda) ta’sir o’tkazganini isbotlay olmaymiz. Xobsbaum va Reynjerning dastlabki tanqidiga qaytsak (yuqoriga qarang), biz ongsiz odatlar va ongli an’analar" o’rtasidagi qat’iy farqni qo’llab-quvvatlamaymiz. Aksincha, biz empirik yondashamiz: ba’zi modellar osonroq ifodalanadi, boshqalari esa yoʻq; qanday bo’lmasin, biz aktorlar prinsipial jihatdan bunday modellarni aniqlash va ulardan foydalanish uchun zarur bo’lgan refleksiyaga qodir deb taxmin qilamiz. Nafaqat amaliy balki axloqiy komponentga ham ega — masalan, oqsoqollarga hurmat — madaniy modellar ommaviy artikulyatsiya uchun ayniqsa qulaydir. Madaniy modellarga murojaat qilganda, odamlar narsalarni qanday qilib to’g'ri bajarish kerakligi va ma’lum bir kontekstda maqbul xatti-harakatlar doirasi qanchalik keng ekanligi haqida bayonotlar qilishadi. Ular, shuningdek, o’z ifodalarini maqollar, axloqiy ertaklar va keksalar donoligida an’analarning markaziy elementlarini topishadi. Ba’zi madaniy modellar, masalan, din yoki gender munosabatlari bilan bog’liqlari, moslashuvchanlik va muqobillik uchun deyarli joy qoldirmasligi mumkin; boshqalari esa nisbatan kamroq talabchan boʻlishi mumkin. "An’anaviy" va "to’g'ri" turmush tarzlari haqidagi bunday g’oyalar mafkuraviy o’lchamga ega bo’lishadi — dunyoni haqli iyerarxiyalar tilida tushuntirib beradi — yoki ularni savol ostiga oladi.

An’analarning madaniy modellari mahalliy ijtimoiylashuv va davlat siyosati orqali avloddan avlodga o‘tib boradi. Ular, biroq, o‘z qiymatini yo‘qotishi mumkin. Kognitiv antropologiyadagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ilk bolalik davrida berilgan g‘oyalar odamlarning dunyoni tushunishiga ayniqsa kuchli va doimiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu tariqa madaniy modellar odamlarga an’analar haqidagi umumiy tushunchalarni osonroq o‘zlashtirish imkonini beradi, garchi individual tajriba orqali bunga ta’sir o‘tkazish imkoni saqlanib qolinsada; Strauss va Quinn (1997) ta’kidlaganidek, ular umr mobaynida ham davomiy, ham o‘zgaruvchan bo‘lib qoladi. Ushbu modellarning aksariyati faqat qisman ongli va shu sabab ularni anglash qiyin kechadi. Garchi har qanday modelni madaniy deb atash uchun qanday mezon va o‘lchovlar zarur ekanligi borasida bahslar mavjud bo‘lsa-da, an’anani tashkil etuvchi sxemalarning ko‘pchiligi shu darajada ichga olinganki, ular juda o‘z-o‘zidan ayon va amal qilishning yagona mumkin bo‘lgan usuli bo‘lib ko‘rinadi. Bu biror narsani an’ana deb e’lon qiladigan, unga haqiqiylik, abadiylik va hatto muqaddaslik aurasini beradigan terminologiya bilan yanada kuchaytiriladi. Bunga misol qilib, butun Markaziy Osiyo bo‘ylab Navro‘z bayramining nishonlanishini keltirish mumkin. Ba’zi amaliyotlar, shubhasiz, yangi bo‘lishiga qaramay juda tezlik bilan e’tirof qozonishi mumkin. Bunga misol qilib Markaziy Osiyoning har bir yangi davlatidagi mustaqillik kunini keltirish mumkin.

 Ijtimoiy munosabatlarga taalluqli madaniy modellar stereotiplarga aylanib qolish tendensiyasiga ega (Brubaker, Loveman, va Stamatov 2004). Bu an’analar nuqtayi nazardan odamlar o‘zlari targ‘ib qilayotgan tengsiz munosabatlarda noto‘g‘ri qarashlar va nosimmetrikliklarni yaxshi tushunishlari mumkin, ammo madaniy asos haqida unchalik xabardor bo‘lmasliklarini anglatadi. Kognitiv tadqiqotlar shuni ko‘rsatadi-ki, turli sxemalar yoki modellar bir-biri bilan shunday usullar orqali bog‘lanib ketadiki, ularni ongli ravishda idrok etish juda qiyin kechadi. Masalan, Ptackova ushbu sonda ko‘rsatib berganiday, Xitoydagi ozchiliklar orasida “zamonaviylik”ning yo‘qligi emik (subyektning nazari bilan — tarj.) tartiblangan etnik (hatto “irqiy”) iyerarxiyaning bir qismi bo‘lib, uni yengib o‘tish ayniqsa qiyin bo‘lib qolgan. Chunki hatto ushbu taksonomiya (tavsiflash — tarj.) salbiy ta’sir ko‘rsatgan odamlar ham uni muayyan darajada qabul qilishadi.

Uning jamoaviy fitratdagi asosi (biz bu yerda "modellar" deb atayotgan) an’analarning moslashuvchanligiga va shu orqali uning manipulyatsiyaga moyilligiga ma’lum cheklovlar qo‘yadi. Yangi model aktorlar uchun mantiqiy bo‘lishi kerak: u hukmron g‘oyalardan qanchalik uzoq bo‘lsa, uni amalga oshirish uchun shunchalik ko‘p harakat qilish kerak bo‘ladi (va muvaffaqiyatsizlik xavfi ham shunchalik katta bo‘ladi; qarang: Vagner 1975). Bu shuni anglatadiki, an’analarning ixtirosi yoki o‘zgarishi ko‘pincha keskin emas, balki sekin astalik bilan, radikal emas, balki bosqichma-bosqich yuz beradi. Mavjud modellarni tubdan o‘zgartirish, masalan, agar kimdir to‘satdan qirg‘izlar qadimdan chorvachilik bilan shug‘ullanmasdan, o‘troq dehqonchilik bilan shug‘ullangan, deb e’lon qilishga urinsa, katta, masalan, moliyaviy hamda ritorik resurslarni jalb qilishga to‘g‘ri keladi. Hatto 1990-yillarning boshlarida ba’zi ziyolilar tomonidan ilgari surilgan, shamanlik qozoqlarning asl dini bo‘lganligi va shu tarzda qayta tiklanishi kerakligi haqidagi mutlaq asossiz bo‘lmagan da’volar ham befoyda edi, zotan ularni odamlarning tasavvurlari bilan yarashtirib bo‘lmasdi. Shunday ekan, an’ana qanday o‘zgarishini yoki uni ixtiro qilish yoki qayta o‘rnatishga qaratilgan urinishlar muvaffaqiyatli bo‘lishini har doim ham oldindan aytib bo‘lmaydi.

 Shunga qaramay, amaliyot haqida gap ketganda, an’analar ularning ma’no-mazmunlari ustida doimiy kurash olib borilishini va muttasil ravishda muhokamalar bo‘lishini taqozo qiladi. Buni mazkur maxsus sonda nashr chop etilgan ishlarda ko‘rish mumkin. Bu qisman an’ananing o‘z targ‘ibotchilari xohlaganidan ko‘ra noaniq va “xira” ekanligi bilan bog‘liq. O‘rta Osiyoda yaxshi tomir otgan deb ko‘rilgan ba’zi amaliyotlar, masalan, bolalarni yoshligidan unashtirib qo‘yish va levirat (kishining akasi yo ukasi vafot etsa uning bevasiga uylanish majburiyati) aholining katta qismi tomonidan amaliyotda rad etilgan; ba’zi bir boshqalari uncha hush ko‘rilmasa-da, baribir haqiqat sifatida qabul qilinadi. Qiziq holat esa Markaziy Osiyo musulmonlarining aksariyatida spirtli ichimliklarga bo‘lgan munosabat bilan bog‘liq. Spirtli ichimliklarni iste’mol qilish diniy qoidalarni buzish ekanini deyarli hamma biladi, lekin iste’mol qilish tartibi doimiy ravishda yuqoriligicha qolaveradi va to‘ylar, sunnat to‘ylari va milliy bayramlar kabi an’anaviy tadbirlarni o‘tkazishda ularni iste’mol qilish patterni saqlanib qolaveradi. Ko‘pgina bunday noaniq amaliyotlar, garchi ular nisbatan yaqinda paydo bo‘lgan bid’atlar (innovatsiyalar) sifatida tushunilsa ham, aksar hollarda "o‘zimizning uslubimiz" sifatida an’ana turi o‘laroq nomlanadi (Zanca 2003; Finke 2014).

Beyer (2016) amaliyotlarni an’anaviy deb belgilash odamlarning ijtimoiy o’zgarishlarga munosabat bildirish usullaridan biri ekanligini ko’rsatdi; an’ana unga ko’ra hech qachon o’tmishda emas, balki har doim hozirda yashaydi (shuningdek, Eyzenshtadt, 1973-ga qarang). Jolly (1992, 63) olimlar “haqiqiy tarixiy voqealar”ni oddiy shaxslarning talqinidan farqlashga urinishdan ko’ra, o’tmish-bugun munosabatlarini an’analarning turli ramziy qomuslarda kodlashni qiyosiy va sinchkovlik bilan o’rganishni taklif qiladi. Yanada batafsil tahlilda, Mold (2005, 257) biz "an’anaviylashtirish sa’y-harakatlarining ongli va ochiq ko’rinishi va an’anani oziqlantiradigan yoki mustahkamlaydigan o’ziga xos yashirin omillarni" bir-biridan farqlashimiz mumkinligini eslatadi. Bundan tashqari, "o’tmish" endi, Hobsbawm va Reynjerda bo’lgani kabi, asosiy manba emas, balki o’zi va boshqalar haqida hikoya qiluvchi juda koʻp manbalar orasidagi faqat bittasi, xolos.

 Xulosa qilib aytganda, an’anaviylashtirish amaliyoti ham inklyuziv, ham eksklyuziv; ham integrativ, ham bo‘linuvchi bo‘lishi mumkin (Cocq 2014). Elita o‘z qarashlari va manfaatlarini o‘rnatishi va boshqalarni ularni o‘yinning (yangi) qoidalari sifatida qabul qilishga majburlashi mumkin bo‘lsa-da, demotik (quyi — tahr.) aktorlar hamma vaqt ma’lum darajada yuqoridan pastga qaratilgan (top-down) modellarni qayta talqin qilishlari va ularga e’tiroz bildirishlari mumkin. An’anani amaliyot sifatida o‘rganish nafaqat an’ananing birinchi navbatda qanday paydo bo‘lishi va legitimlashtirilganligini, balki unga qanday e’tiroz bildirilishi va u rad etilishini ham o‘rganish imkonini taqdim qiladi. Qotib qolgan va savol ostiga olib bo‘lmaydigan bo‘lib tuyulishiga qaramay, an’analar har doim munozaraga ochiq va “noto‘liq” deb qaralishi kerak. Aktorlar faqat muayyan aniq vaziyatlarda tushuncha nimani anglatishi kerakligi bo‘yicha umumiy fikrga kela oladilar.

An’analarni mazkur nazariy nuqtayi nazar orqali o‘rganar ekanmiz, biz ushbu maxsus sonning maqolalarida mazmunli o‘zaro tekshirishni ta’minlaydigan uchta asosiy mavzuni o‘rganishga e’tibor qaratamiz: gender, hokimiyat va din.

Davomi bor.

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About