Donate
Society and Politics

Leninizmdan karimovizmga: Gegemoniya, mafkura va avtoritar legitimlashtirish (3-qism)

Tarjima va Tanqid02/12/24 23:28157

Maqolaning birinchi qismi bu yerda. Ikkinchi qismi — bu yerda.

Maqolaning asl nomi: Andrew F. March (2003) From Leninism to Karimovism: Hegemony, Ideology, and Authoritarian Legitimation, Post-Soviet Affairs, 19:4, 307-336

Tarjimon: Nematov Javohir



LINZNI QAYTA KO‘RIB CHIQISH: AVTORITAR REJIMLARNI "TELEOKRATIYA" SIFATIDA TA’RIFLASH TOMON

Islom Karimov davrida postsovet O‘zbekistonda avtoritar hokimiyatning legitimlashuvi faqat bitta tushuncha, dalil, mantiq yoki ramzlar to‘plamidan foydalanishga asoslanmagan. Aksincha, Karimov legitimatsiyaning keng ko‘lamli usul va vositalaridan foydalanib, barcha imkoniyatlarni ishga soladi. Ushbu qonuniylashtirish strategiyasi oddiylikdan murakkablikka qarab yuksaluvchi piramida shaklini oladi. Karimovning o‘zini o‘zi legitimlashtirish strategiyasi piramidasining tagida, birinchidan, avtoritar rejim tomonidan ta’minlanadigan xavfsizlik va barqarorlikka murojaat yotadi. Undan yuqoriroqda Karimov identifikatsiyaga, ya’ni milliy g‘ururga murojaat qilish, hissiy ta’sirchan ramzlardan foydalanish hamda rejim o‘z kuch-qudrati va vakolatini ko‘rsatish uchun qo‘llaydigan urf-odatlar, ramzlar, yodgorliklar, bayramlar va binolarning murakkab tizimiga tayanadi. Piramidaning yanada yuqoriroq qismida qoida va tartibotlar hisobiga umumiy maqsadlarga, ya’ni rivojlanish va "buyuklik"ga qat’iy urg‘u beriladi. Ushbu loyihani yakunlovchi eng yuqori qismda esa mafkura tushunchasi atrofida qurilgan yanada murakkab va nazariy siyosiy mantiq joylashgan bo‘lib, u quyi darajadagi murojaatlarga o‘z vakolati va intellektual legitimligini taqdim etadi. Ushbu maqola asosan ana shu so‘nggi jihatga e’tibor qaratgan.

Zamonaviy O‘zbekiston siyosatining chegaralaridan tashqariga chiqib, ushbu tadqiqotning keng qamrovli nazariy oqibatlariga nazar tashlash maqsadida, avtoritarizmni zamonaviy o‘rganishning yetakchi olimlaridan biri Xuan Linz ilgari surgan klassik argumentga nazar tashlashdan boshlaymiz. Linz avtoritar rejimlarni "batafsil va yo‘naltiruvchi mafkuraga ega bo‘lmagan, ammo o‘ziga xos mentallikka ega" deb ta’riflagan (Linz, 1964, p. Linzning fikricha, mafkuralar va mentalliklar o‘rtasidagi farq shundan iboratki, "mafkuralar ozmi-ko‘pmi darajada intellektual ravishda ishlab chiqilgan va intellektuallar, soxta-intellektuallar yoki ularning yordamida, ko‘pincha yozma shaklda tashkil etilgan tafakkur tizimidir. Mentalliklar esa — bu fikrlash va his qilish usullari bo‘lib, ular ratsional emas, balki ko‘proq hissiy bo‘lib, turli vaziyatlarga munosabat bildirishning kodlanmagan usullarini ta’minlaydi" (Linz, 2000, 162-bet). Aniqroq aytganda, mentallik va mafkuralar o‘rtasidagi tafovut aqliy munosabatning intellektual mazmunga nisbatan, psixik moyillikning refleksiya va o‘z-o‘zini talqin qilishga nisbatan, shaklsizlikning shaklga nisbatan, o‘tmish va hozirgi zamonga urg‘u berishning uzoqni ko‘zlovchi utopizmga nisbatan farqlanishidir.

Lins uchun 1960-yillardagi Ispaniya singari avtoritar tuzumlarni o‘rganishdagi eng katta havotir totalitarizm edi (bugungi kunda avtoritarizmni o‘rganishning nazarda tutilmagan konteksti bo‘lmish "demokratik lahza"dan farqli o‘laroq). Undan oldin nototalitar avtoritarizm rejimlarning qoldiq toifasi sifatida qaralgan; Lins esa unga o‘ziga xos, ijobiy mazmun berishga intildi. Bu vazifa asosan avtoritarizm va totalitarizm o‘rtasidagi muhim farqlarni ko‘rsatish va tushuntirishni talab etardi. Lins turli xil rejimlarda "g‘oyalar har xil shaklga, turlicha izchillikka, ifodalanishga, qamrovga, aniqlikka, intellektual ishlanmaga va me’yoriylikka ega bo‘lishini" ko‘rsatishga qiziqish bildirgan edi (Linz, 2000, 163-bet). Ideal tipik totalitar davlat yuqori darajada shakllangan va dogmatik mafkuraga ega bo‘lib, bu mafkura davlatning asl mavjudlik sababini ta’minlaydi hamda nafaqat eng aniq siyosiy, huquqiy va iqtisodiy masalalarda, balki san’at tanqidi, ilmiy fikrlash va shaxsiy hayot kabi sohalarda ham yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Bunga teskari o‘laroq, Linsning ta’kidlashicha, avtoritar rejimlarga xos bo‘lgan tafakkur hukmdorlarni ham, fuqarolarni ham cheklashga va shu bilan qurbonlikka undashga yoki majburlashni oqlashga xizmat qilishini ko‘rish ancha qiyin. Bu kabi fikrlash tarzlarini targ‘ibot va ta’lim orqali tarqatish qiyinroq bo‘lib, ular din, fan yoki madaniyat haqida hech narsa aytmasligi mumkin. Ular totalitar rejimlarga xos g‘oyalarga nisbatan torroq doiradagi masalalarga va kamroq aniqlik bilan javob beradi. Linsning avtoritar tafakkurida, masalan, qonunchilikni yo‘naltiruvchi g‘oyalarni aniqlash qiyinroq bo‘ladi va keng qamrovli mafkuralarga xos bo‘lgan atamalar, tushunchalar va ramzlarning yangi va boy tilini topish ehtimoli kamroq bo‘ladi.

Linz uchun avtoritarizm tabiati va uni qo‘llab-quvvatlovchi tafakkur tabiati o‘rtasida empirik bog‘liqlik mavjud. U avtoritar rejimlarga xos bo‘lgan, keng mafkuraviy ifodalanishga to‘sqinlik qiladigan muayyan hokimiyat tuzilmalari mavjudligini ta’kidlaydi. Xususan, avtoritar tuzumlar turli kuchlar, manfaatlar, an’analar va institutlarning murakkab koalitsiyasiga tayanadi, bu esa hukmdorlarni ularni birlashtiruvchi eng past umumiy nuqtani izlashga majbur qiladi. Bu rejimlarning konservativ va repressiv xususiyati ulardan imkon qadar ko‘proq potensial raqiblarni neytrallashtirish va ijtimoiy elementlarni maksimal darajada siyosatdan chetlashtirish talab etiladi. Shunday qilib, avtoritar tafakkurning tarqoqligi, moslashuvchanligi, zararsizligi va yozilmaganligi bunday rejimlarning tabiiy birikmasidir. Avtokratlar rejim tomonidan cheklanganiga qaramay, uning faoliyati va vakillik xususiyatidan yetarlicha mamnun bo‘lib, norozilik bildirishni ham behuda, ham keraksiz deb hisoblaydigan itoatkor, harakatsiz va siyosatdan chetlashtirilgan aholini izlaydilar. Bu, Linsning fikricha, avtoritar rejimlarning bo‘linishga olib keluvchi mafkuralar o‘rniga millatchilik, ijtimoiy tartib va farovonlik kabi keng qamrovli, noaniq va umumiy tuyg‘ularga murojaat qilish tendentsiyasini tushuntiradi. Natijada ramzlar va tushunchalarning ancha noaniq va tushunarsiz aralashmasi yuzaga keladiki, bu ziddiyatlarni keltirib chiqarmaydi, shu bilan birga ilhomlanish, safarbarlik va hissiy bog‘lanishni ham yaratmaydi.

Aslida, mening Karimovizm va leninizm o‘rtasidagi taqqoslashim Linzning avtoritarizm va totalitarizmni farqlash borasidagi asosiy g‘oyasiga aks-sado berganday ko‘rinadi: Sovet Ittifoqida davlat, jamiyat va rejimning muayyan mafkuraviy maqsadlar atrofida to‘liq birlashuvi davlatning totalitar kelib chiqishiga xos xususiyat edi. Uning Stalindan so‘ng partiya xarizmasining odatiy tus olishi bilan posttotalitar davlatga o‘tishi, bu mafkuraviy qorishuvni dahshatli darajada eskirgan ko‘rinishga olib keldi va shu bois Breslauer, Feher, Rigbi va boshqalar tomonidan muhokama qilingan turli qo‘shimcha legitimlashtirish usullarini kiritishni talab qildi. Ushbu tahlil Karimov loyihasining sun’iyligini qisman tushuntiradi: u legitimlashtirishning sovet tuzumiga nafaqat inqilobiy kelib chiqishlarsiz yoki uni izchil qiladigan intilishlarsiz, balki hatto asl kontekstida ham bo‘sh va eskicha bo‘lib qolganidan keyin ham taqlid qilmoqda! Linzning avtoritarizmga bergan ta’rifida postsovet O‘zbekistoni haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, uni leninizm bilan taqqoslashim orqali tasdiqlangan ko‘plab jihatlar mavjud. Linzning avtoritar tafakkurning noaniq, umumiy va tor siyosiy bo‘lishi haqidagi tezislari Karimovning "Milliy istiqlol mafkurasi"ning noaniqligini tahlil qilishimda o‘z aksini topdi. Karimov uchun eng muhimi, o‘zining mafkurasi borligini va uning raqobatli siyosatdan ustunligini ta’kidlay olishidir. Bu ko‘p jihatdan uning ushbu mafkuraning mazmun-mohiyatini haddan tashqari aniqlashtirmasligiga bog‘liq. Shuningdek, leninizm bilan taqqoslashga oid asosiy tezisim shuki, Karimov o‘zining "yo‘naltiruvchi maqsadlari"dan juda ko‘p narsa olishga intiladi. U siyosiy sohani o‘zi belgilagan majburiy jamoaviy maqsadlar orqali oldindan belgilashni, bu maqsadlarni davlatning mavjudlik sababi bilan tenglashtirish va shu orqali o‘z rejimini legitimlashtirishni xohlaydi. Biroq, yuqorida ta’kidlaganimdek, bu maqsadlar bunday urinishni ishonchli va g‘oyaviy jihatdan muvaffaqiyatli qilish uchun yetarlicha aniq yoki keng qamrovli emas. Ushbu maqsad va qadriyatlar qanday aniq siyosatni taklif etishi yoki qaysilarini istisno qilishi ham noaniq, ya’ni ularning siyosiy tizimdagi mustaqilligi qanchalik ekanligi ham mavhum. Xuddi shunday, Karimovning sa’y-harakatlari Linzning avtoritar tuzumlar allaqachon mavjud bo‘lgan qadriyatlar va yo‘nalishlarga murojaat qilib, passiv, siyosatdan chetlashgan jamiyatni izlaydi, degan fikrini tasdiqlayotgandek ko‘rinadi.

Biroq, ushbu maqolada keltirilgan O‘zbekiston misolidan olingan ma’lumotlar Linz nazariyasining boshqa jihatlari bilan uncha muvofiq kelmaydi va men uni to‘liq qo‘llab-quvvatlashga ikkilanaman. Ko‘p narsa Linzning mafkuraga bergan ta’rifini qanchalik erkin qabul qilishiga bog‘liq. (Mafkura qanchalik o‘z-o‘zini anglashi lozim? Qay darajada oqilona? Qanchalik batafsil bo’lishi kerak?). Ammo shu o‘rinda aytish joizki, Linzning avtoritar rejimlarning "tafakkur" tarzini rad etishi ko‘plab avtoritar tuzumlarning o‘zini qanday belgilashini qoniqarsiz ifodalaydi. "Taraqqiyot", "progress" va "buyuk kelajak" kabi maqsadlar Linzga o‘ziga xos mafkuraviy g‘oyalar sifatida ko‘rinmasada, ehtimol "mafkura" deb atalish uchun zarur bo‘lgan minimal darajadagi tafovut, o‘ziga xoslik yoki murakkablikka ham ega bo‘lmasa-da, bunday mezonlar masalaning mohiyatini butunlay chetlab o‘tadi. Birinchidan, avtoritar tuzumlar o‘zini oqlash maqsadida beg‘araz va umumbashariy qadriyatlar hamda tushunchalarga murojaat qilishda yolg‘iz emas. Demokratik siyosiy tizimning siyosatdan tashqari asosi sifatida "bir-birini qoplaydigan konsensus"ning butun mohiyati, shunday poydevorni ta’minlay oladigan darajada keng tarqalgan tushunchalar va e’tiqodlarni aniqlashdan iborat. Spektrning boshqa tomonida totalitar tuzumlar (Linzning ideal tipidagi davlatning mafkurasi) ham o‘zlarining ekstremal e’tiqodlari va chora-tadbirlarini qisman depolitizatsiyalangan, atomlashtirilgan ommaga murojaat qilish uchun mo‘ljallangan maqsadlar asosida legitimlashtiradilar, masalan, leninistik holatda "rivojlanish," fashistik holatlarda "buyuklik," "soflik" va milliy ustunlikning turli shakllari, uchinchi dunyo leninistik rejimlarining ko‘pchiligida esa — "milliy ozodlik." So‘nggi paytlarda "Tolibon"ning Afg‘onistondagi shaxsiy sohadagi hukmronligi va keng qamrovli, utopik mafkurasi tufayli totalitar deb atalishi mumkin bo‘lgan intilishlari va yo‘naltiruvchi mafkurasi orqali o‘zini legitimlashtirdi: o‘nlab yillar davomida barqarorlik va tartib o‘rnatgan birinchi afg‘on hukumati bo‘lganini da’vo qildi. Eng muhimi, totalitar harakat sifatida ta’riflash mumkin bo‘lgan "Al-Qoida" tomonidan ifodalangan global radikal islomiy harakat legitimlashtirish maqsadlarida faqat o‘zining keng qamrovli, utopik mafkurasiga tayanmaydi, balki ancha umuminsoniy, hatto umumiy mavzularga, ya’ni Isroilga, Amerikaga va islom dunyosining korrupsiyalashgan harbiy rejimlariga nafratga tayanadi.

 Ikkinchidan, bu keng qamrovli, noaniq va umumiy tushunchalar Linz (va hukmdorlarning o‘zlari!) bizni ishontirishga uringanidek, aniq va bahssiz emas. Avtokratlar aniqlik yoki sog‘lom fikr ko‘rinishini yaratishga va tanlash hamda shakllantirish jarayonini yashirishga intiladilar. Aslida, gegemonlikka bo‘lgan ochiq da’vo jamiyatni tashkil etishning turli muqobil qarashlarini yashiradi. Natijada, bu "umumiy tushunchalar" ko‘pincha ba’zi siyosiy muxolifat taklif qiladigan narsalarga qarama-qarshi ma’noni anglatadi: biz xohlaydigan narsa bu ijobiy narsalardir; agar muxolifat boshqa narsani istasa, ular salbiy va vayronkor bo‘lishi kerak. Bundan ham muhimi, ushbu maqsadlarni ilgari surish, hatto yashirin bo‘lsa ham, odatda ularni rejim foydasiga talqin qilishga olib keladi. O‘zbekiston misolida bu "rivojlanish" va "taraqqiyot" tushunchalarini iqtisodiy rivojlanish va taraqqiyot eng ustuvor vazifa deb ko‘rsatadigan tarzda ishlatilishida yaqqol ko‘rinadi, bu esa islomchilarning ma’naviy maqsadlarini "milliy" maqomga da’vo qilishdan chetlashtiradi. Hatto Linz umumiy deb ataydigan millatchilikdan foydalanishning o‘zi ham islomiy o‘zlik, sodiqlik va siyosiy hamjamiyat tushunchalarini ochiqchasiga rad etishdir. Shunday qilib, garchi Islom Karimov o‘ziga xoslik va chuqur fikrlash jihatidan O‘zbekistonning Fixte, Mill yoki Lenini bo‘lmasa-da, u insonning tabiati, uning ahvoli va ehtiyojlari haqidagi muayyan aniq tasavvurlar asosida ilgarilab bormoqda. Xulosa qilib aytganda, Linsning mentallik tezisining oqibatlaridan biri turli avtoritar rejimlar amalga oshirishi mumkin bo‘lgan mafkuraviy asoslangan jamoaviy maqsadlarning xilma-xilligini yetarlicha baholamaslikdir. Agar avtoritar rejimlar amalga oshirishi mumkin bo‘lgan maqsadlar turlari ko‘p bo‘lsa, bu legitimlashtirish, oqlash va mafkuraviy til shakllarida sezilarli farqlar mavjudligini ko‘rsatadi.

Uchinchidan, Linz avtoritarizmning ta’rifiga uning "mentalliklari"ni kiritmoqchi. Bu mentalliklar garchi mafkuralar bilan bir xil vazifani bajarsa-da, ular "turli vaziyatlarga munosabat bildirishning kodlashtirilmagan usullarini ta’minlovchi, mantiqdan ko‘ra ko‘proq hissiyotga asoslangan fikrlash va his qilish yo‘llari" sifatida tavsiflanadi. Barcha mafkuralar (ayniqsa, totalitar) hissiy, affektiv va kodlashtirilmagan komponentlarni o‘z ichiga olishini unutib turaylik. Nazariy jihatdan, na demokrat, na totalitar bo‘lgan rahbar o‘zining va boshqalarning so‘zlarini yozib, ularni bir necha jildga to‘plab, "mafkura" deb atashiga nima to‘sqinlik qiladi? Bu, shubhasiz, O‘zbekiston, Kemalistik Turkiya, Suharto Indoneziyasi va boshqa davlatlarda kuzatiladi. Bundan ham zararli jihati shuki, Linzning mentalitet tezisi Eron yoki Sudan kabi rejimlar haqida nima deya oladi? Bu rejimlar o‘zlarini "kodlashtirilmagan" deb ayblab bo‘lmaydigan mafkura asosida belgilaydilar, ammo ularni totalitar deb ham atab bo‘lmaydi. Linzning tezisi bizni, barcha jihatdan kuchli va keng qamrovli mafkura ostida faoliyat yurituvchi nodemokratik rejim, aslida yo totalitar tizim ekanligini, yoki umuman mafkuraga ega emasligini ta’kidlashga majbur qiladi. Bu, shubhasiz, rad etib bo‘lmaydigan nazariy cheklov va isbotlab bo‘lmaydigan empirik da’vo.

Linzning klassik asaridagi eng murakkab tushunchalarni e’tirof etgan holda, men zamonaviy avtoritar rejimlarni "teleokratiya" deb ta’riflashni taklif qilaman. Muhimi shundaki, bu ta’rif ham avtoritar, ham totalitar rejimlarni bir toifaga kiritadi; ularning ikkalasi ham muayyan muqaddas maqsadlarni ro‘yobga chiqarish asosida tashkil etilgan va legitimlashgan rejimlardir. Avtoritarizm va totalitarizm o‘rtasidagi eng muhim farqlarni biz boshqa joydan — totalitarizmning nafaqat davlat, balki xususiy soha ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishga intilishi, uning haqiqiy utopikligi va ommaviy safarbarlikning kelib chiqishidan izlashimiz kerak.

Teleokratiyalar — bu milliy xarakter, davlat va maqsadning kvaziontologik uyg‘unligini qidiradigan rejimlardir. Garchi izchil maqsadlarni ishlab chiqishga deyarli harakat qilmaydigan ko‘plab "sultonlik" tuzumlari mavjud bo‘lsa-da (Mobutuning Zairi va Niyozovning Turkmanistoni yodga tushadi), va ko‘plab avtokratlar "buyuk maqsad"ni shakllantirishda ancha surbetlik yoki nosamimiylik qilishlari mumkin bo‘lsa-da (nima uchundir, Karimov xayolga keldi) o‘zini o‘z fuqarolari ko‘z o‘ngida legitimlashtirishga jiddiy yondashadigan har qanday tuzum milliy maqsadga erishishni "avtokratlar yaxshiroq eplaydi" degan (odatda implitsit) empirik da’voga tayanadi. Bu nima uchun avtoritarizmning yagona "tamoyilli" legitimatsiyasi vasiylik yoki "maxsus bilim" dalilidan iborat degan an’anaviy qarashdan ko‘ra fundamental hisoblanadi (Dahl, 1989 va Valzer, 1995 ga qarang)? Sinchiklab o‘rganilganda, vasiylik aslida telosni himoya qilishdan kelib chiqadigan hosilaviy dalil ekanligi ayon bo‘ladi, chunki eng bilimdon kishilar hukmronligi haqidagi mulohazalar umumiy telosga murojaat qilmasdan tushunarsiz bo‘lib qoladi. Hukmdor nima haqida o‘ziga xos bilimga ega ekanligini da’vo qiladi? X ga erishish haqidami? Bu X sof kommunizm bo‘ladimi, shariat qonunlarini joriy etishmi, irqiy tozalikmi, milliy ulug‘vorlikmi, turmush darajasini oshirishmi yoki hatto Platonning g‘oyalariga qaytadigan bo‘lsak, eudaimoniyaga erishish uchun jamiyatni to‘g‘ri tartibga solishmi — farqi yo’q. Qiziq tomoni shundaki, "vasiylik argumenti" odatda avtoritarizmni yoqlovchi "qo‘pol konsekvensialist" argumentlar bilan qarama-qarshi qo‘yilsa-da, ular o‘rtasida hech qanday mantiqiy farq yo‘q: xavfsizlik va barqarorlikning afzalliklari va demokratik siyosatdan boshqa himoyalarga murojaat qilish "prinsipli, vasiylikka asoslangan" argumentlarga aylantiriladi. Bu dalillar bo‘yicha, xavfsizlik va barqarorlik haqida eng ko‘p bilimga ega bo‘lgan (yoki ularga erishish qobiliyatiga ega bo‘lgan) shaxs boshqarishi kerak, degan g‘oya ilgari suriladi. Shu ma’noda, vasiylik avtoritarizmni oqlash emas, balki uning sinonimidek gap.

Buning "zamonaviyligi" nimada? An’anaviy (o‘rta asr) avtoritet maqsadga nisbatan samaradorlikka unchalik bog‘liq emasdek tuyuldi. "Siz menga bo‘ysunishingiz kerak, chunki ajdodlaringiz doimo mening ajdodlarimga bo‘ysunib kelgan" degan dalil hukmdorni o‘z mavqeini doimiy ravishda isbotlash majburiyatidan ozod qilish vazifasini bajaradi. "Qirollarning ilohiy huquqi" esa muayyan shaxsning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishidan qat’i nazar, itoat talab qilish huquqiga yanada ko‘proq urg‘u beradi. Shu ma’noda, u siyosiy tuzum haqida biz anaxronik tarzda "protsessual konsensus" deb atashimiz mumkin bo‘lgan narsani o‘rnatadi, chunki u "Qachon qaror qabul qilish qonuniy?" degan savollarga emas, balki "Kim qaror qabul qiladi?" va "Qachon qaror qabul qilish qonuniy?" degan savollarga javob beradi. Ma’lum ma’noda, XVIII asrdan boshlab monarxiya foydasiga keltirilgan paternalistik dalillarning ba’zilari oqibatga asoslangan xususiyatga ega bo‘ldi (aprés moi…), biroq oqibatlar har doim an’anani rad etish va bo‘ysunish majburiyatidan voz kechish natijasida yuzaga keladigan tartibsizlik va uyg‘unlikning yo‘qolishidan iborat bo‘lgan.

Insonlarning tabiiy tengligi g‘oyasi qirollarning boshqalar ustidan ularning roziligisiz hukmronlik qilishini noqonuniy qiladi. Ba’zilar esa, tabiiy huquqlar g‘oyasi, shuningdek "mutlaq haqiqatlar" va utopiyalarga shubha bilan qarash g‘oyasi, hatto odamlarning roziligi bilan bo‘lsa ham, boshqalar ustidan o‘zboshimchalik yoki mutlaq hokimiyat o‘rnatishni noqonuniy qiladi, deb ta’kidladilar. Zamonaviy avtokratlar duch keladigan muammo shundan iboratki, endi tug‘ma tengsizlik asosida boshqarish huquqini asoslash mumkin emas. Darhaqiqat, ba’zilar rozilik olish muqarrar deb hisoblaydi. Biroq, rozilikni doimiy ravishda qayta olish shart emas. Lenindan Karimovgacha bo‘lgan avtokratlar qo‘llagan "bo‘shliq" shundan iboratki, "xalq haqiqatan ham nimani xohlayotganini" amalga oshirish uchun bir marta rozilik olinsa yoki rejim o‘zini xalq irodasining mukammal ifodasidek ko‘rsatib, rozilik mavjudligini ta’kidlasa, har qanday shaklda "jarayonni soddalashtirish" deb atalishi mumkin bo‘lgan usullarni qo‘llash mumkin bo‘ladi. Bu tuzumlarning asl mohiyati va ularning demokratiya bilan kelishmovchiligining asosiy sababi qadimgi axloqiy tamoyil — konsekventializm va deontologiya, ya’ni maqsad vositani oqlashi haqidagi qarashlarga borib taqaladi. Liberal, konstitutsiyaviy demokratiyalar barcha maqsadlarni yaxshi hayotning bir qismi deb hisoblab, ularga faqat huquq va qoidalarga rioya qilgan holda siyosiy yo‘l bilan intilishlari lozim. Roulschi liberallar utilitar liberallarni huquqlarni himoya qilishda zaiflik ko‘rsatganlikda ayblashdi, chunki ular bunday farqlanishni qo‘llamaydilar. Shubhasiz, bu tanqid telosni (ya’ni "yaxshilik"ni) butun davlatning asosiy toshi qilib qo‘yadigan avtoritar rejimlarga yanada ko‘proq taalluqlidir, ayniqsa telos jamoaviy, umumiy va oldindan belgilangan bo‘lsa.

XULOSA

Yakuniy xulosa sifatida demokratik tizimlar doirasidagi avtoritarizm haqida so‘z yuritamiz. Mening avtoritarizmning asosiy xususiyati sifatida teleologiyaga urg‘u berishim, go‘yo demokratiya nazariyasi va qonuniylikni to‘liq protsedural kelishuvga va siyosatning huquqiy tushunchasiga keltirish mumkin, degan fikrni uyg‘otishi mumkin. Darhaqiqat, Roulzdan keyingi liberalizmning kommunitarian tanqidining katta qismi "umumiy maqsad va intilishlar" g‘oyasini (masalan, Makintayr, 1988 va Sandel, 1982-yillarga qarang) jamiyat hayotidagi ma’no manbai va "protsedural respublika" liberalizmida jiddiy e’tibordan chetda qolgan narsa sifatida ilgari surdi (Sandel, 1996). Shubhasiz, ushbu konsepsiya tarafdorlari ta’kidlashadiki, liberallarning tartib-qoidalar, huquqlar va betaraflikka bo‘lgan e’tibori umumiy maqsad va intilishlarga to‘sqinlik qilmaydi, xuddi futbol qoidalari shaxsiy va jamoaviy fazilatlar hamda ezgu ishlarga intilishga to‘sqinlik qilmaganidek (Kymlicka, 1989ga qarang). Kant va Roulz ta’biri bilan aytganda, "huquq" "yaxshilik"ka intilishni cheklaydi va shakllantiradi, biroq uni butunlay yo‘q qilmaydi. Liberallar va kommunitarlar uchun bir xil haqiqat mavjud: faqatgina huquqni himoya qilish uchun yashash, xuddi qoidalarni buzmaslik maqsadida sport bilan shug‘ullanish kabi (bunga eng oson yo‘l umuman o‘ynamaslikdir) befoyda va zerikarlidir.

Xo‘sh, umumiy maqsadlarga avtoritar e’tibor berishning o‘ziga xos yoki diqqatga sazovor tomoni nimada? Aniqroq qilib aytganda, unda qanday avtoritarlik bor? Eng avvalo, bunday teleokratiyalarning avtoritar jihati shundaki, umumiy maqsadlarni elita belgilaydi, ular siyosiy tizim uchun majburiy hisoblanadi va bu maqsadlarga qarshi chiqishni bostirish uchun turli vositalar qo‘llaniladi. Bundan ham muhimroq jihati shundaki, bunday rejimlar siyosiy hayotning butun mohiyatini shu maqsadlar bilan izohlash mumkin, degan asossiz da’voni ilgari suradilar. Bu shunchaki Karimov, misol uchun, iqtisodiy rivojlanishni avtoritar tarzda amalga oshirish haqida "konsensus" mavjudligini ta’kidlash yoki iqtisodiy rivojlanish uchun qanday siyosat zarurligini yolg‘iz o‘zi belgilash huquqiga ega ekanligini bildirish emas. Aksincha, u cheklangan maqsadlar atrofida mavjud bo‘lgan "tabiiy, siyosatdan oldingi konsensus" jamiyat siyosiy jihatdan hal qilishi mumkin bo‘lgan barcha masalalarni oldindan belgilab berishga etarli deb ta’kidlaydi. Mohiyatan, ritorik strategiya milliy birlik mavjud bo‘lgan ma’lum masalalardan (bu erda hukmdor xalq konsensusiga ega) barcha ijtimoiy masalalar bo‘yicha to‘liq siyosiy birlikka (bu erda konsensus bo‘lmasligi mumkin) o‘tishdan iborat.

Aksincha, liberalizmning doimiy tushunchasi shuki, shaxslarning ham individual, ham jamoaviy maqsadlari ko‘p, ular bir-biriga tenglashtirib bo‘lmasligi mumkin va ular obyektiv bilimning emas, balki afzallikning predmetidir. Liberallar nafaqat avtoritarizmning siyosiy jihatlari (yopiq siyosiy tizim, siyosatni belgilashda elitaning imtiyozi, fuqarolik va inson huquqlarining yo‘qligi) bilan, balki jamoaviy hayot qachonlardir yagona maqsad (yoki maqsadlar to‘plami) ga intilish bilan belgilanishi mumkinligi haqidagi mafkuraviy g‘oya bilan ham muammoga duch kelishlari muqarrar. Shuningdek, ular avtoritarizmning siyosiy mantig‘ida bo‘lgani kabi, ushbu maqsadlar atrofida konsensus mavjud bo‘lsa, jamoat hayoti mutaxassislar boshqaruviga aylanishi mumkinligi g‘oyasiga ham qarshi chiqadilar. Bu degani, demokratik tizimlarda avtoritarizm cho‘ntaklari yo‘q degani emas. Bunday cho‘ntaklar odatda ijro etuvchi byurokratiyalar (shu jumladan harbiylar) va ekspert organlari, masalan, markaziy banklarning boshqaruv kengashlari shaklida bo‘ladi. Bunday organlarda avtoritar tuzilmalar nafaqat korporativ samaradorlikning pragmatik asoslari bilan, balki ularning mavjudligi bilan sinonim bo‘lgan yagona sababi (yagona telos) mavjudligi va ushbu telosning amalga oshishi ekspert bilimlari va tajribasi uchun masala ekanligi bilan ham asoslanadi. Korporatsiyalar, harbiylar, tashqi ishlar vazirliklari, markaziy banklar, siyosiy kampaniyalar va futbol jamoalari — bular avtoritar tuzilmalar bo‘lib, faqat norozilik va bahs-munozara (ya’ni demokratiya) tartibsiz va ishlamaydigan bo‘lishi uchungina emas, shuningdek, yuqori lavozimdagilar maxsus ekspert bilimlariga ega bo‘lgani uchun ham emas, balki bahsli masalalar doirasi juda kichik bo‘lgani uchun hamdir. Yuqorida sanab o‘tilgan har qanday institutning yakuniy maqsadi haqida qanday e’tiroz bo‘lishi mumkin? Institutlar va ularning yakuniy maqsadlari bir-birini tashkil qiladi. E’tiroz bildirish mumkin bo‘lgan yagona masala — bu vasiylik mantig‘iga mos keladigan siyosat va ijro masalalari.

Demokratik fikrlashni avtoritar fikrlashdan farqlaydigan narsa shundaki, jamiyatlar va siyosiy birlashmalar korporatsiyalar va futbol jamoalariga o‘xshamaydi, degan oddiy empirik fikrdir. Ya’ni, ularning yagona mavjudlik sababi yoki yakuniy maqsadi yo‘q, bu maqsad esa jamiyatning sinonimi yoki uning asosiy qismi bo‘lolmaydi. Jamiyatlar o‘z-o‘zi uchun mavjud va ular qanday maqsadlarni ko‘zlashi kerakligini bilish emas (bu obyektivlik yoki epistemologik realizm vasiylik uchun zaruriy shart hisoblanadi), balki faqat his qilish mumkin. Shuning uchun, barcha turdagi jamiyatlarda aniqlikka intilish kuchli bo‘lsa-da, hukumat korporatsiya, armiya yoki futbol jamoasi kabi ishlashga qonuniy ravishda taqlid qila olmaydi. Jamoa va siyosiy hayotning umumiyligi bu uyushmalarning asosiy maqsadlariga o‘xshamaydi. Demokratik jamiyatda hokimiyatni qonuniylashtira oladigan yagona "maxsus bilim" siyosiy jamiyat a’zolari chin dildan nimani xohlashini chuqur anglashdir. Axloqiy majburlash va paternalizmning qonuniyligiga qarshi keng qamrovli me’yoriy va axloqiy dalil yana bir tajribaviy fikr bilan mustahkamlanadi. Ya’ni, harbiy qismlar, korporatsiyalar yoki siyosiy harakatlar kabi uyushmalardan farqli o‘laroq, jamiyatga a’zolik ixtiyoriy emas va biron-bir siyosiy kelishuvga qo‘shilmagan kishilardan jamiyatni tark etishni talab qilish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Bu demokratik jamiyatlardagi siyosatchilar avtoritar rahbarlarning ritorik strategiyalaridan foydalanmaydi, degani emas. Men avtoritar legitimlikning asosan kuchli ijobiy va salbiy hissiy ta’sirga ega siyosiy tilni o‘zlashtirish orqali amalga oshirilishini ko‘rsatishga harakat qildim. Hatto demokratik jamiyatlarda ham ijobiy ma’noga ega bo‘lgan tushunchalar katta avtoritar imkoniyatlarga ega: masalan, "birlik", "konsensus", "haqiqiylik", "milliy manfaat", "barqarorlik", "xavfsizlik" va "sog‘lom fikr" — bularning bir qismi, xolos. Xuddi shunday, ba’zi tushunchalar jamiyatning ko‘plab turlarida, jumladan "norozilik", "bo‘linish" va, eng muhimi, "siyosat"da o‘z-o‘zidan salbiy ma’noga ega. O‘z siyosatlari atrofida "milliy konsensus" mavjudligini ta’kidlash, muayyan masala (masalan, terrorizmga qarshi kurash) bo‘yicha "milliy birlik" va barcha masalalar (masalan, soliq yoki ekologiya siyosati) bo‘yicha siyosiy birlik o‘rtasidagi farqni yo‘q qilish, norozilikni eng yaxshi holatda milliy manfaatlarga sodiqlik yo‘qligi va eng yomon holatda xoinlik bilan tenglashtirish yoki o‘z siyosatining (raqiblarnikidan farqli o‘laroq) "siyosatdan ustun" ekanligini ta’kidlash kabi avtoritar taktikalar 11 sentyabr voqealaridan keyingi amerikaliklarga SSSRdan keyingi o‘zbeklar kabi tanish bo‘lishi kerak. Avtoritarizmning ritorik taktikalarini tushunish faqatgina avtoritar davlatlarda yashovchilar uchun muhim emas, balki biz uchun ham shunchaki nazariy mashg‘ulot emas.

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About